background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 21-kun

Assalomu alaykum aziz dindoshim!
Bugun Ramazonning yigirma birinchi kuni. Ayyomingiz xayrli o'tsin!

Bismillahir rohmanir rohiym.

Muborak kun Oyati

Imon keltirgan va ezgu ishlarni qilganlarni esa imonlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur, ne'mati mo'l jannat (bog'lari)da ostilaridan anhorlar oqib turur.
U yerdagi duolari: "Ey, Alloh! Senga tasbeh aytamiz" deyishlik va u yerdagi so'rashishlari "Salom-alik"dir. Duolarining oxiri esa: "Olamlar Parvardigori – Allohga hamd!" deyishlikdir.
(Yunus surasi, 9-10-oyat)
 

Muborak kun Hadisi

Mo'minlarning hammasi bir-birlariga birodardirlar. Ularning biri ikkinchisidan ortiq emas, balki ortiq-kamlik taqvoga qarab belgilnadi.
Imom al-Buxoriy rivoyati

Kimki yolg'on so'zlamoqni tark etmasa va Alloh qaytargan narsalardan qaytmasa, ro'za tutib, yemay-ichmay qo'ygani birlan ro'zasi qabul bo'lmag'aydir. Alloh unga rahmat nazarini tashlamag'aydir.
Imom al-Buxoriy rivoyati
  

Muborak kun Hikmati

Baxillarning baxili o'zining baxtli bo'lishiga baxillik qilgan kishidir. Zulmlarning kattasi esa, Allohga gunoh qilish bilan kishining o'z nafsiga zulm berishidir. Chunki kim gunoh qilsa, o'zini halok qilgan bo'ladi.
Abu Lays Samarqandiy
  

Muborak kun Hikoyati

Zayd ibn Savhonning ozod etilgan quli Solim hikoya qiladi: «Xo'jayinim Zayd ibn Savhon bilan birga bozorda edik. Salmoni Forsiy yonimizdan o'tdi. Ancha-muncha oziq-ovqat ko'tarib olibdi. Xo'jayinim unga: — Sen Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, sahobasisan. Buncha ko'p zahira to'plashga ehtiyoj sezmasliging kerak-ku, — dedi. — Yanglishyapsan. Kishi o'zini bunday narsalar bilan ta'minlab qo'ysa, ham xotirjam bo'ladi, ham ibodat uchun ko'p vaqt topadi, shayton ham uni vasvasa qilishdan umidini uzadi, — deb javob berdi Salmoni Forsiy».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.