background
logotype
image1 image2 image3

Namozning vojib, sunnat va mustahablari

NAMOZNING VOJIBLARI

1. Qiyomda Fotiha surasini o'qish.
2. Farz namozlarining avvalgi ikki rakati, vitr va nafl namozlarining har rakatida Fotihadan keyin zam sura o'qish.
3. Uch va to'rt rakatli namozlarda ikkinchi rakatdan ke-yin o'tirish.
4. Imomning bomdod, hayit, juma namozlarida, shom, xufton namozlarining avvalgi ikki rakatida Fotiha va zam surani ovoz chiqarib o'qishi. Peshin va asr namozlarida esa, imomning ham, yakka o'zi o'qiyotgan namozxonning ham ovoz chiqarmay o'qishi.
5. Vitr namozida Qunut duosini o'qish.

NAMOZNING SUNNATLARI

1. «Allohu akbar» deb namoz boshlagandan keyin Sanoni o'qish.
2. Sanodan keyin ichida «A'uzubillah» va «Bismillah»ni aytish.
3. Fotihani o'qigandan keyin maxfiy tarzda «omin» deyish.
4. Imom rukudan keyin «Sami'allohu liman hamidah» deb turganida «Robbana lakal hamd» deyish. Namozni yolg'iz o'qiganlar uchun esa, ikkalasini ham aytish.
5. Farzlarning biridan ikkinchisiga o'tayotganda «Allohu akbar» deyish.
6. Namozda boshni juda egib ham, juda tikka ham tutmaslik, o'rtamiyona ushlash.
7. Rukuda qo'l barmoqlari orasini ochib ikki tizzani mahkam changallash, kamida uch marta «Subhana robbiyal 'aziym» deyish. Ayollar barmoqlarini tizza ustida, jips holda tutishadi, tizzalarini bir oz bukishadi.
8. Sajdada peshonani qo'llar orasiga olish, qo'l barmoqlarini jips tutish. Bunda bosh barmoq qosh to'g'risiga qo'yiladi.
9. Sajdada erkaklar oyoqlari, qo'llari, burni va peshonasi yerga tegib turishi, boshi ikki qo'li orasida bo'lishi, bilaklarini yerga ham, qobirg'asiga ham tekkizmasdan tutishi hamda oyoqlarining barmoqlarini qiblaga qaratib turishi. Ayollar esa, qo'llarini yonlariga jips etgan holda yerga tekkizib, sajda qiladilar.
10. Erkaklar o'tirganda chap oyog'i ustiga o'tirib, o'ng oyog'i qadamini tik tutib, barmoqlarini qiblaga qaratib o'tirishi, ayollarning esa ikki oyoqlarini o'ng tomonga qaratib, chap quymichiga o'tirishi.
11. Tik turganda ikki oyoq orasini to'rt barmoq kengligida ochiq ushlash. Ayollar oyoqlarini jips tutishadi.
12. «Tashahhud» (Attahiyot), «Salovot», «Robbana» duolarini o'qish.
13. Avval o'ng, keyin chap tomonga salom berish.

NAMOZNING MUSTAHABLARI

1. Ko'cha-ko'yda yoki dalalarda, umuman ochiq joylarda namoz o'qimoqchi bo'lsa, oldidan biror hayvon yoki inson o'tmasligi uchun bir to'siq — sutra qo'yish.
2. Namoz boshlayotganda «Allohu akbar» deb bosh barmoqlarini quloq yumshog'iga, kaftini esa qiblaga qaratish. Ayollar esa, qo'llarini ko'krak barobarida ko'tarib, siynalari ustiga qo'yadilar.
3. Muazzin takbirda «Hayya 'alas-solah» deyishi bilan o'rnidan turish, «Qod-qomatis-solah» deganida, «Allohu akbar» deb namozni boshlash.
4. Qiyomda sajda qiladigan yerga, rukuda oyoq ustlariga, sajdada burnining yumshog'iga, qa'dada ko'kraklari o'rtasiga, salomda esa yelkasiga qarash.
5. Sajdaga borishda avval tizzalarini, keyin qo'llarini yerga qo'yish.
6. Namozda esnoq kelsa, og'izni ochmaslik. Agar bunga kuchi yetmasa, chap qo'lining orqasi yoki o'ng qo'l kafti bilan og'izni yopish.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.