background
logotype
image1 image2 image3

Janoza namozi

JANOZA NAMOZI

Niyat: «Alloh rizoligi uchun janoza namozini o'qishni niyat qildim. Ushbu imomga iqtido qildim».
Imom bilan birga takbir tushirilgach, Sano duosi o'qiladi: «Subhanakallohumma va bihamdik. Va tabarokasmuk va taa'la jadduk va jalla sanauk va la ilaha g'oyruk».
So'ng imom ovoz chiqarib, «Allohu akbar» deb takbir aytadi. Bu takbirda qo'llar ko'tarilmaydi. Qovushtirilgan holida «Salovot» duosi o'qiladi. Yana qo'lni ko'tarmasdan «Allohu akbar» deb takbir aytiladi va janoza duosi o'qiladi.
Duodan so'ng yana qo'llar qovushtirilgan holda «Allohu akbar», deyilib, o'ng va chap tomonlarga salom beriladi.

JANOZA DUOLARI

Har bir janozada dastlab quyidagi duo o'qiladi:
Allohummag'fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g'oibina va sog'iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi 'alal Islam. Va man tavaffaytu minna fatavaffahu 'alal iyman.
Ma'nosi:
«Ey Rabbim! Tirigimizni va o'ligimizni, bu yerda bo'lganlarni va bo'lmaganlarni, kichiklarimizni va kattalarimizni, erkak va ayollarimizni kechirgin. Allohim, Bizdan tug'ilajak yangi nasllarni Islom dinida dunyoga keltir. Ajali yetib hayotdan ko'z yumadiganlarning jonlarini imonli hollarida olgin».
Janozasi o'qilayotgan mayyit balog'atga yetmagan o'g'il bola bo'lsa, mana bu duo o'qiladi:
Allohummaj'alhu lana farotav-vaj'al hu lana ajrov-va zuxrov-vaj'alhu lana shafi'am-mushaffa'an.
Mazmuni:
«Allohim! Bu bolani jannatda bizni qarshilab oluvchi va oxirat armug'oni qil... Allohim! Bu bolani biz uchun shafoatchi qil va shafoatini maqbul ayla».
Janoza balog'atga yetmagan qiz bola uchun o'qilayotgan bo'lsa, quyidagi duo o'qiladi:
Allohummaj'alha lana farotav-vaj-'alha lana ajrov-va zuxrov-vaj'alha lana shafi'atam-mushaffa'ah.
Ma'nosi: Allohim! Shu qiz bolani jannatda bizni qarshilab oluvchi va oxirat armug'oni qil... Allohim! Bu qizni biz uchun shafoatchi qil va shafoatini maqbul ayla.
Bu duolarni bilmaganlar «Allohummag'fir liy va lahu va lil-mu'miniyna val mu'minat».
Ya'ni, Allohim, meni va uni, erkak va ayol barcha imon keltirganlarni mag'firat ayla», deya duo qilsalar yoki «Robbana...» duosini o'qisalar ham bo'ladi.
Janoza namozining boshlanishiga ulgurmagan kishi jamoatga tezda qo'shilib iftitoh takbirini aytadi va imomga iqtido qiladi. Imom salom berganidan keyin, lekin hali tobut ko'tarilmasdan avval qolgan takbirlarni o'zi aytadi.
Tushgan, o'lik tug'ilgan bolaga janoza o'qilmaydi. Bir ism qo'yilib yuviladi va matoga o'rab, ko'miladi. Tirik tug'ilib o'lgan bola yuvilib, janozasi o'qiladi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.