background
logotype
image1 image2 image3

Ismi A'zam duosi

Anas ibn Molikdan, roziyallohu anhu: «Hazrati Pay-g‘ambarimiz huzurlarida bir odam namoz o‘qir edi. Odam namozdan so‘ng duo qilib, shunday dedi:«Allohumma inniy as'aluka bi anna lakal-hamdu la ilaha illa Antal Mannanu badi’us-samavati val-arzi, ya zal-jalali val-ikrom, ya Hayyu ya Qoyyum».

«Allohim, Sendan ushbular hurmatiga so‘raymanki, hamd Senga xosdir. Sendan O‘zga hech bir iloh yo‘qdir. Sen Mannonsan: mo‘l-ko‘l beruvchisan, osmonlaru yerni bemisl yaratgan Sensan. Ey jalol va ikrom egasi! Ey mavjudotga hayot berguvchi, ularning hayotini davom ettirguvchi Allohim! Duoyimni qabul ayla!»

Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, bu duoni eshitib, shunday marhamat qildilar:

«Alloh taologa ismi a’zami bilan duo qildi. Alloh, u ismining haqqi-hurmati, istasa, duoni qabul qiladi». 

* * *

Sa’d ibn Abi Vaqqosdan (r.a) rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, shunday deganlar: «Zunnun (Yunus) alayhissalom baliq qornida bunday duo qilgan: «La ilaha illa anta subhanaka inniy kuntu minaz-zolimiyn».

«Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen barcha nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim» (Anbiyo, 87).

Shunisi aniqki, bir musulmon biror narsa istab, bu bilan duo qilsa, Alloh qisqa paytda uning duosini qabul qiladi» (Termiziy. «Da’vat», 3505-hadis).

Hazrati Oyisha (r.a.): «Bir kuni Alloh Rasulining, sollallohu alayhi va sallam, bunday duo qilayotganlarini eshitdim: «Allohumma inniy asaluka bismikat-tohirit-toyyibil-mubarokil-ahabbi ilaykal-laziy iza du’iyta bihi ajabta va iza suilta bihi a’toyta va izas-turhimta bihi rohimta va izas-tufrijta bihi farrojta».

«Allohim, Sening pok, chiroyli, muborak va Sen uchun eng sevimli va go‘zal bo‘lgan isming haqqi-hurmatiga Sendan so‘rayman. U isming-la duo qilinsa, qabul etasan. Uning hurmatidan Sendan bir narsa so‘ralsa, berasan. Uning hurmatidan marhamat istalsa, marhamat etasan. Uning hurmatidan Sendan qiyinchiliklardan xolos bo‘lish so‘ralsa, qutqarasan. G‘am-anduhlarni ketkazasan» (Ibn Moja. «Duo», 3859-hadis).

Asmo binti Yaziddan (r.a.): «Janob Payg‘ambarimiz shunday marhamat qilganlar: Ismi A’zam ushbu ikki oyatdadir: «Va ilahukum ilahun vahid, la ilaha illa huvar-rohmanir-rohiym».

«Sizning ilohingiz yakkayu yagona Tangridir. U mehribon va rahmli bo‘lib, Undan boshqa iloh yo‘qdir». (Abu Dovud. «Solat», 1496-hadis).

Ikkinchisi «Ol-i Imron» surasining ilk oyatlaridir: «Alif, lam, mim. Allohu la ilaha illa huval-hayyul-qoy-yum».

«Alif, lom, mim. Alloh — Undan o‘zga iloh yo‘qdir. U tirik va abadiy turuvchidir» (Abu Dovud. «Solat», 1496-hadis).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.