background
logotype
image1 image2 image3

Duo

Alloh taolo Baqara surasining 186-oyatida shunday marhamat qiladi: «Bandalarim Sizdan (ey Muhammad) Men haqimda so‘rasalar, Men ularga yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarning duosini ijobat qilaman. Bas, haq yo‘liga yurishlari uchun (ular ham) mening (da’vatimga) javob qilsinlar va menga imon keltirsinlar».

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom duo ham ibodat ekanini marhamat qiladilar. Binobarin, namoz so‘ngida Payg‘ambarimiz tomonlaridan tavsiya qilingan ushbu duolarni o‘qish maqsadga muvofiqdir:

* Ey Robbimiz, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do‘zax olovi azobidan saqlagin.

* Iloho, men Sendan hidoyat, taqvo, iffat va g‘ino (birovga muhtoj bo‘lmaslik holatini) so‘rayman.

* Allohim, meni afu et, yorlaqa, to‘g‘ri yo‘ldan boshla, menga ofiyat ber, haloldan rizqlantir.

* Qalblarimizni rizoligingga uyg‘un bo‘lgan amal va ibodatga tomon yo‘naltir.

* Parvardigoro, dosh berib bo‘lmaydigan balodan, insonni o‘limga qadar sudrab boruvchi (mol, jon, oilaga taalluqli) mushkulotga duch kelishdan, (mol, jon, oilaga taalluqli) balo-qazodan va dushmanlarni quvontiradigan bir musibatga ro‘baro‘ bo‘lishdan Sening panohingga sig‘inaman.

* Iloho, ojiz qolishdan, dangasalikdan, qo‘rqoqlikdan, aljiratib qo‘yuvchi qarilikdan, xastalikdan, qabr azobidan, hayot va mamot fitnasidan Sening panohingga sig‘inaman.

* Yo Robbim! Men o‘z nafsimga ko‘p zulm qildim. Sendan o‘zga gunohlarni kechirguvchi yo‘q. Meni yorlaqa va afu et. G‘ofur, Rohiym yolg‘iz Sensan.

* Iloho, foydasi tegmaydigan ilmdan, qo‘rqmaydigan qalbdan, to‘ymaydigan nafsdan, qabul bo‘lmaydigan duolardan panoh ber.

* Allohim! Do‘zax o‘tida yonishimga sabab bo‘ladigan fitnadan, do‘zax olovidan, boylik va faqirlikning yomonligidan meni asragin.

* Allohim! Yomon fe’l-atvor va amallardan, nafsoniy orzulardan asragin.

* Allohim! Qulog‘imning, ko‘zimning, tilimning, qalbimning, farjimning yomonligidan asragin.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.