background
logotype
image1 image2 image3

Zarraga berkitilgan ulkan kuch

Cheksiz qudrat sohibi Alloh subhonahu va taolo borliqdagi eng ulkan kuchni olamning eng kichik bo‘lagi — atomga joylagan. Allohning Xoliq ismiga bir dalil, Yaratuvchilik san’atining bir namunasi atom mo‘jizasidir.XIX asrning birinchi yarmidan boshlab yuzlab olim atomga yashiringan buyuk sirni ochish uchun tinimsiz izlanishlar olib bordi.

Bu tadqiqotlar natijasi o‘laroq, atomning shakli, uning harakati, tuzilishi va yana bir qancha noyob xususiyatlari kashf etildi. Jumladan, qadimgi fizikachi olimlarning “materiyaning mohiyati bebosh va oxiri yo‘q” degan farazlari noto‘g‘ri ekani isbotlandi. Atom ustida olib borilgan izlanishlar haqiqiy fizikaning tamal toshini qo‘ydi.
Ko‘p olimlar bu mavzudagi savollarga javob izlash davomida yana bir haqiqatning guvohi bo‘lishdi: butun borliqda bo‘lganidek, uning eng kichik bo‘lagi atomda ham benuqson tartib, aniq muvozanat va yuqori darajada aniqlik bilan ishlab chiqilgan reja mavjud.
Bu ko‘zga ko‘rinmas zarra ichiga mukammal tizim joylangan. Ammo, atomning g‘aroyib xususiyatlari bu bilan chegaralanmaydi, unda juda katta manbai mavjud.
Atomda saqlangan kuch shu qadar qudratliki, insoniyat bu kuch yordamida ummonlarni bir-biri bilan birlashtira oladigan ulkan kanallarni qurishi, yer yuzida sun’iy iqlimni hosil qilishi va yana ko‘p kashfiyotlarni amalga oshirishi mumkin. Lekin bu foydali, qudratli kuchning butun mavjudot uchun xavfli ekanini ham unutmaslik lozim. Ikkinchi Jahon urushida atom kuchidan harbiy maqsadda foydalanish oqibatida Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlarida o‘nminglab odam bir necha soniya ichida hayotdan ko‘z yumgani bizga ma’lum. Chernobil atom stansasining portlashi natijasida qancha-qancha insonlar nobud bo‘lishdi va nogiron bo‘lib qolishdi.

 

YADROGA YASHIRINGAN KUCH

 

Atomning yadrosida proton va neytronlarni o‘zida birlashtirib turuvchi juda katta kuch yashiringan. Agar bu kuchga tashqaridan ta’sir etilmasa, u hech qanday ziyon yetkazmaydi. Ammo insonnning aralashuvi bilan u milyonlab kishilarning halokatiga sabab bo‘lishi mumkin. Atom yadrosida saqlangan va milyonlab insonlarning hayotiga zomin bo‘luvchi juda katta quvvat zaryadi atomning ichida “yadro parchalanishi” va “yadro sintezi” kabi reaksiyalar zanjiri natijasida hosil bo‘ladi.
Bir qarashda, bu jarayon faqat atom yadrosida sodir bo‘layotgandek tuyuladi, aslida, reaksiya atomning butun ichki tuzilishida amalga oshadi. “Yadroning parchalanish” reaksiyasi yadroning bo‘linishini, “yadro sintezi” esa ikki yadroning ulkan kuch yordamida birlashuvini ko‘rsatadi. Ikkala reaksiyada ham juda ko‘p miqdorda quvvat ajralib chiqadi.

 

YADRONING PARCHALANISHI

 

Yadroning parchalanish reaksiyasi natijasi bo‘lgan yadroning bo‘linish jarayoni “yadroning qudratli kuchi” deb nomlanuvchi borliqdagi eng shiddatli kuch orqali amalga oshadi.
Uran tajriba sharoitida atom yadrosini parchalovchi asosiy unsur hisoblanadi. Tajriba davomida uran yadrosi tomon neytronlarni yo‘naltirgan olimlar juda qiziq ma’lumotlarni qo‘lga kiritishdi. Uran yadrosi neytronlarni “yutib yuborgani”dan keyin, yadroda yuzaga kelgan ichki muvozanatsizlikni proton va neytronlar miqdoridagi tafovut paydo qiladi va u “beqaror” holatga tushib qoladi.
Muvozanatsizlikni yo‘qotish uchun yadro quvvatini muayyan hajmda kengaytirib, bo‘laklarga bo‘lina boshlaydi. Hosil bo‘layotgan quvvat ta’sirida yadro o‘zida birlashtirgan zarralarni tash-qariga chiqaradi.
“Reaktor” deb nomlangan maxsus sharoitda o‘tkazilgan tajribada neytronlarning katta tezlikda uran tomon yo‘nalishi kuzatilgan. Mo‘ljal aniq bo‘lishi uchun mavjud uran miqdoridagi atom yadrolari “bombardimon” qilinadi. Bu jarayon amalga oshishi uchun uran tarkibidagi barcha atomlar kamida ikkiga bo‘linadi. Natijada har bir yadrodan o‘rtacha ikkita-uchtadan neytron ajralib chiqadi. Ushbu neytronlar yana shuncha miqdordagi uran yadrolari bilan to‘qnashadi va shu tarzda reaksiya zanjiri hosil bo‘ladi. Yangi bo‘lingan har bir yadro o‘zida uranning birinchi holatini aks ettiradi. Reaksiya zanjiri natijasida katta miqdordagi uran yadrosi parchalanadi va nihoyatda ko‘p quvvat ajralib chiqadi.
Borliqni ko‘zga ko‘rinmas zarralargacha mukammal muvozanatda yaratgan Alloh taolo O‘zining cheksiz qudrati bilan atomni yaratib, unga ulkan kuchni joylagan va olamda eng mayda bo‘lmish bu zarrada yuz beruvchi jarayonlarni bosh-qarib turadi.

 

YADRO SINTEZI

 

Yadro sintezi reaksiyasida hosil bo‘ladigan quvvat parchalanish reaksiyasidagidan farq qi-lib, ikkita yengil yadroning birlashib yanada og‘irroq bo‘lishi bilan paydo bo‘ladi. Lekin yadrolar o‘zida faqat musbat elektr zaryadlarini tashigani uchun ularni yaqinlashtirishga harakat qilinganida bir-birlarini shiddat bilan itargani sababli sintez reaksiyasini tajriba yo‘li bilan amalga oshirish imkoni yo‘q. Ikkita musbat zaryadli atomni birlashtirish va ular o‘rtasidagi ikkitomonlama qarshilikni yo‘qotish uchun 20-30 milyon darajadagi ekvivalent haroratli kinetik energiya (harakat quvvati) lozim bo‘ladi. Lekin bunday haroratni yer sharoitidagi tajribalarda hosil qilib bo‘lmaydi. Hosil qilingan taqdirda ham reaksiya o‘tkazish uskunalarining birortasi bunday yuqori darajali haroratga chidash berolmaydi. Yadroning sintez reaksiyasini zamonaviy ilm-fan tajriba yo‘li bilan amalga oshirish imkoniyatiga ega emas.
Biroq, ajablanarli tomoni shundaki, sintez reaksiyasi tabiiy yo‘l bilan har soniyada sodir bo‘ladi. Quyoshdan bizgacha yetib keladigan yorug‘lik va issiqlik moddalarning o‘zgarishi va vodorod yadrolarining birlashib, geliyga aylanish jarayonida yo‘qolgan moddalardan ajralgan quvvat hisobiga hosil bo‘ladi. Quyosh har soniyada besh yuz oltmish to‘rt milyon tonna vodorodni besh yuz oltmish milyon tonna geliyga aylantiradi. Qolgan to‘rt milyon tonnasi gazsimon modda —quvvatga aylanadi. Quyosh ishlab chiqarayotgan quvvat yerdagi barcha jonli mavjudotlarning hayot kechirishlari uchun juda katta ahamiyatga ega. Mana, milyon yildan beri bu jarayon har soniyada takrorlanib turibdi. Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: agar Quyosh har soniyada to‘rt mil-yon tonna moddani yo‘qotayotgan bo‘lsa, bir kun kelib Quyoshdagi moddalar zahirasi tugaydi, u holda nima bo‘ladi?
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Quyosh har soniyada o‘z og‘irligidan to‘rt milyon tonnasini yo‘qotadi. Agar Quyosh uch milyard yildan beri doimiy ravishda shuncha miqdordan modda yo‘qotayotganini va juda tez suratda katta quvvat ishlab chiqarayotganini hisobga olsak, o‘tgan vaqt davomida Quyoshning besh mingdan bir qismini tashkil qiluvchi to‘rt yuz milyardning milyardga ko‘paytirilgan miqdoricha tonna modda sarf bo‘lgani aniqlanadi. Bu esa uch milyard yil davomida besh kilogrammlik toshdan sarf bo‘lgan qum zarrasi miqdoriga teng. Demak, Quyosh hajmining butunlay yonib bitishi uchun juda uzoq vaqt kerak bo‘ladi.
Ushbu ma’lumotlardan biz Alloh taoloning har bir atomga va undan ham mayda proton va neytronlarga joylashgan cheksiz qudratining guvohi bo‘lamiz. Bu qudrat va mo‘’jiza haqida Haq subhonahu va taolo O‘zining kalomi Qur’oni karimda shunday buyuradi:
“(Ey Muhammad alayhissalom), siz qanday ish (bilan) mashg‘ul bo‘lmang va u (ish) haqida Qur’ondan biron oyat o‘qimang, (ey insonlar), sizlar qanday amalni qilmanglar, o‘sha ishlarga kirishgan paytingizda, albatta, Biz sizlarning ustingizda guvoh bo‘lurmiz. Yeru osmondagi bir zarra misolichalik, undan ham kichikroq (yoki) kattaroq biron narsa Parvardigoringizdan maxfiy bo‘lmas — albatta ochiq Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) mavjud bo‘lur” (Yunus, 61).

 

Mahmud MAHKAM tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 5-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.