background
logotype
image1 image2 image3

Tun va uyqu oldi odoblari

Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qildilar:

“Kech kirgach, bolalari­ngizni (uyda) ushlab turing. Chunki bu paytda shayton (jin)lar izg‘iydi. Bir soat o‘tgach, bolalaringizni erkin qo‘ying. Allohning nomini zikr etib eshik­laringizni yoping. Zero, shayton ber­ki­tilgan eshikni ochmaydi. Allohning nomini zikr etib meshlaringiz (og‘zi)ni bog‘langiz. Alloh­ning nomini zikr etib idishlaringiz ustiga biron narsa bo‘lsa-da, tashlab qo‘ying. Chiroqlaringizni o‘chirib (yoting)(Muttafaqun alayh).

Alloh taolo tunni bandalari orom olishi uchun yaratgan. Qur’oni karimda bu haqda ko‘p oyatlar kelgan. Jumladan, Yunus surasining 67-oyatida bunday deyiladi:

“U sizlarga orom olishlaringiz uchun kechani yaratgan Zotdir”. Kunduzi ko‘rinmaydigan sichqon, kalamush, suvarak singari zarar keltiruvchi hasharot va jonivor­lar kech­asi izg‘iydi. Sichqon va kalamush tekkan idishni poklamay turib foydalanish esa makruhdir. Shunday ekan, ularning ziyonidan, shayton va uning zararlaridan saqlanish hamda tunning bizlarga taskin bo‘lishi uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ushbu ko‘rsatmalariga rioya etishimiz lozim:

  1. “Kech kirgach, bolalari­ngizni (uyda) ushlab turing”. Ya’ni, quyosh botgach, farzandlaringizni uydan chiqarmang, tashqarida yurgan bo‘lishsa, uyga kirgizib kerakli mashg‘ulotlar bilan band qiling. “Chunki bu paytda shayton (jin)lar izg‘iydi”. Tun shaytonlar qo‘zg‘alishi uchun qulay fursatdir. Ular bu vaqtda tashqarida yurgan bolalarga ziyon yetkazishi mumkin.
  2. “Bir soat o‘tgach, bolalaringizni erkin qo‘ying”. Ularning uyga kirib-chiqishida to‘sqinlik qilmang.
  3. “Allohning nomini zikr etib eshik­laringizni berkiting”. Xayrli har bir ishda Allohni zikr qilish – “Bismillahir Rohmanir Rohim” deyish, lozim, hatto eshikni yopganda ham. Eshikni berkitish bilan har xil zararli hasharotlar, hayvonlarning ziyon yet­ka­zishi, o‘g‘ri kirishi, nomah­ramlar nazari tushi­shi yoki oila a’zolarining sog‘lig‘iga zarar yetishining oldi olinadi. “Zero, shayton ber­ki­tilgan eshikni ochmaydi”. Faqat “Bismilloh” deb yopilgan eshiklarni shaytonlar ocholmaydi. O‘sha kecha iblis yomonligidan omonda bo‘linadi. Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar:

«Kim uyiga kirayotganida va taomlanayotganida Allohni zikr qilsa, shayton (askarlariga) sizlarga yotoq ham, kechki ovqat ham yo‘q, deydi. Mabodo uyiga kirayotganida Allohni zikr qilmasa, shayton (sheriklariga) yotoqqa ega bo‘ldingiz, deydi. Agar taomlanayotganida ham Allohni zikr etmasa, shayton (askarlariga) ham yotoqqa, ham kechki ovqatga ega bo‘ldingiz, deydi» (Imom Buxoriy rivoyati).

  1. “Allohning nomini zikr etib meshlaringiz (og‘zi)ni bog‘langiz”. Yegulik saqlanadigan mesh, qop, sanoch singari idishlar og‘zini bog‘lashda ham “Bismilloh”ni aytish zarur. Shundagina shayton ularni yecholmas. Mabodo Allohning ismi zikr qilinmasdan, idishlar qanchalik mustahkam berkitilmasin, shayton undagi taom va ichimliklardan nasibasini oladi. Shunday ekan, doimo oziq-ovqat va ichimliklar saqlanadigan idishlarni berk tutishimiz lozim. Og‘zi ochiq idishlarga hasharot, mikrob va zararli narsalar hamda vabo tushishi oqibatida turli kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam):

“Idishlar (usti)ni yoping, meshkoblar (og‘zi)ni bog‘lang. Chunki yilda shunday bir kecha borki, unda vabo tushadi. U (vabo) yopqichi yo‘q idish va bog‘ichi bo‘lmagan meshkob oldidan o‘tganida, albatta, unga tushadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

  1. “Alloh­ning nomini zikr etib idishlaringiz ustiga biron narsa bo‘lsa-da, tashlab qo‘ying”. Idishlar ustini yopganda ham “Bismilloh”ni aytish darkor. Shundagina shayton ularni ocholmas. Oziq-ovqat va ichimliklar saqlanadigan idishlar ustini yopish ularga najosat, zararli va shubhali narsalar tushishidan to‘sadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) boshqa hadisi shariflarida idish ustini bir cho‘pni ko‘ndalang qilib bo‘lsa ham yopish kerakligini ta’kidlaganlar.
  2. “Chiroqlaringizni o‘chirib (yoting)”. Zero, chiroqlarni o‘chirmay uxlashda ko‘pgina zararlar bor. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi:

“Sichqon kelib, pilikni sudray boshladi. Xodima uni haydadi. Shunda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Qo‘yaver uni”, dedilar. Sichqon pilikni u zot o‘tirgan xamra (joynamozcha) ustiga tashladi. Uning dirhamdek joyi kuydi. Shunda u zot: “Qachon uxlasangiz, chiroqlaringizni o‘chiring. Chunki shayton mana bunga o‘xshaganga amr qilsa, kuyib qolishingiz mumkin”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

To‘g‘ri, bugungi kunda pilikli chiroq bo‘lmasa-da, elektr chiroqlarning kechasi behuda yoniq qolishi ham oila, ham davlat iqtisodiga zarar. Qolaversa, chiroq yorug‘ligida uxlash uzoqni ko‘ra olmaslik kabi xastaliklarga sababdir.

Abu Muso (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Kechasi Madinada bir uy yonib ahli zarar ko‘rdi. Bu haqda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga aytildi. U zot:

“Albatta, olov sizga dushmandir. Qachon uxlasangiz, uni o‘chiring”, dedi­lar” (Muttafaqun alayh).

To‘g‘ri, sovuq kunlarda pechka kabi isitkich asbob­laridan foydalanmaslikning iloji yo‘q. Ayniqsa, qish oylarida ulardan istifoda etishda har doimgidan ham hushyorroq bo‘lishimiz kerak. Chunki yong‘inga qarshi kurash birgina yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarining emas, balki barchamizning burchimizdir.

Ulamolar: “Hadisi sharifda zikr qilingan holatlar sabab, xolos. Qo‘rish esa, Allohning himoyasi bilan bo‘ladi”, deganlar. Ushbu Nabaviy odoblarga har birimiz ­rioya etishimiz va oila a’zolarimizga ham o‘rgatishimiz lozim. Shunda, ikki dunyo saodatiga erishamiz, inshoalloh.

Tolibjon Qodirov tayyorladi | Muslim.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.