background
logotype
image1 image2 image3

Til mas‘uliyati

Alloh taolo biz bandalariga yer ostida, ummonlar bag‘rida juda ko‘p ne’matlarni ato etganki, ularning hisobiga yetish mushkul. Alloh taolo aytadi: “...So‘ngra o‘sha kunda, albatta (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida so‘roq qilinursizlar” (Takosur, 7, mazmuni).

Demak, har bir a’zoimiz — bizga Alloh taolo bergan barcha ne’matlar to‘g‘risida hisob etilsak, unda hamisha ularning shukrini qilishimiz, bu ne’matlardan faqat Alloh yo‘lida, Uning roziligi uchungina foydalanishimiz kerak bo‘ladi. Ayniqsa, bandalarga ato etilgan ne’matlar ichida eng ulug‘i va mas’uliyati kattasi — tildir.

Alloh taolo insonlarga tilni O‘zini zikr qilish, jamiyatda muomala-munosabatlar yuritish uchun bergan. Til to‘g‘ri so‘z aytish va Allohni yodlash vositasi bo‘lgani uchun ham ko‘z, qalb kabi ibodatning asosiy ustunlaridan sanaladi. Shuning uchun mo‘min-musulmon tili uchun ham mas’ul ekanini yoddan chiqarmay, uni faqat Allohga ibodat qilish, yaxshi so‘zlar, amri ma’ruf, nahyi munkar uchun xizmat qildirishi lozim. Tilimizni har xil yomon so‘zlardan, so‘kish-haqoratlardan, g‘iybat-ig‘volardan saqlamasak, u bilan boshqalarga aziyat bersak, dinimizga futur yetkazgan bo‘lamiz. Payg‘ambarimizdan, sollallohu alayhi va sallam, “Musulmon kim?” deb so‘ralganida u zoti bobarakot: “Musulmon shuki, uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonlar salomat bo‘lgan (ya’ni, ularga ozor yetmagan) kishidir”, dedilar. Tilni Allohga shukr, Uni zikr uchun ishlatmay, g‘iybat, tuhmat, shikoyat, yolg‘on, fahsh so‘zlarga buraversak, gunohga botamiz.
Xoja Ali Rometaniy aytganlar:

Ul Allohkim, tanu jonni yaratdi,
Har azoni bir xizmatga qaratdi.
Tilda illat ko‘rdiyu etdi tutqun,
Og‘iz — zindon, tilni anda qamatdi.


Goho tilimizga erk berib yuboramiz, kimnidir haqorat qilamiz, ahli oilamizga o‘shqiramiz, o‘zga bir kishining diliga til bilan ozor beramiz, eng yomoni yolg‘on gapirishdan, yolg‘on guvohlik berishdan ham hazar qilmaymiz. Vaholanki, oxiratda tilimizdan chiqqan har bir kalom uchun, befoyda har bir so‘z uchun hisob-kitob qilinishimiz aniq. Ko‘cha-ko‘ylarda, davralarda qanchalab soatlarni befoyda valaqlab o‘tkazadigan, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadigan, yolg‘on-g‘iybatlardan yayraydigan ayrim kimsalar oxiratda Alloh taolo huzurida qanday javob berishlarini o‘ylab ko‘rmasmikinlar? Yoki o‘zlarini bilimdon ko‘rsatish yoxud yolg‘onlarini tasdiqlatish uchun: “Qur’onda bundoq deyilgan, hadisda undoq deyilgan, shariat bunga ruxsat bergan, falonchi imomdan eshitganman,” deb yolg‘on guvohlik berayotganlar o‘zlarini qanchalik ulkan gunohga, cheksiz azoblarga giriftor qilayotganlarini bilmasmikinlar? Mana shunday yolg‘on so‘zlardan Alloh taolodan panoh tilaylik!

Har bir mo‘min-musulmon oxiratda tili tufayli azoblanishidan, behuda, yolg‘on so‘zlar tufayli amallari habata bo‘lishidan qo‘rqishi kerak. Chunki tilimizdan chiqqan har bir so‘z, har bir gapni farishtalar yozib turishadi. “Zotan, o‘ng va chap (tomon)da o‘tirgan ikki qabul qiluvchi (yozib turguvchi farishta insonning aytgan va qilgan barcha yaxshi-yomon so‘z-amallarini) qabul qilib yozib tururlar. U biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)” (Qof, 17-18, mazmuni).

Ayniqsa, Ramazon oyida tilimizga ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Ro‘za faqat yeyish-ichishdan tiyilish emas, balki tilimizni turli yomon, fahsh so‘zlardan saqlash, odamlar bilan xushmuomalada bo‘lish, til bilan o‘zgalarga ozor yetkazmaslik hamdir. Bu oyda Allohning zikrini yanada ko‘paytirish, ko‘pko‘p shukronalar, hamdlar aytish lozim bo‘ladi.

Rasuli Akram, sollalllohu alayhi va sallam, Muoz ibn Jabalni Yamanga jo‘natayotganlarida Muoz: “Ey Allohning payg‘ambari, menga vasiyat qiling”, dedi. Shunda Payg‘ambar, alayhissalom, tillariga ishora qildilar (ya’ni, tilingni saqlagil, degandek). Muoz ibn Jabal buni oson sanab: “Ey Allohning rasuli, vasiyat qiling”, dedi. Shunda Rasulluloh, sollalllohu alayhi va sallam: “Onang seni yo‘qotib qo‘ygur, Muoz, odamlarning yuzlari bilan do‘zaxga tushishlariga sabab tillarining yomonligidandir”, dedilar (Imom Termiziy, Ahmad, Ibn Mojja rivoyati).

Demak, insonni jannatga yetaklovchi ham, do‘zaxga olib boruvchi ham tildir. Tillarimizni fisq va fahsh so‘zlardan tiysak, Alloh zikrini va shukrini ko‘paytirsak, inshaalloh, jannat ne’matiga musharraf bo‘lurmiz. Aksincha, behuda, shaloq so‘zlar tilimizga uya qursa, yomon, tahqir kalomlardan tiyilmasak, qalbimiz qorayib ketishi muqarrar. Haq taolo barchalarimizni tilimiz tufayli boshga keladigan musibatlardan asrasin, Kur’on tilovatida, zikru ibodatda bardavom qilsin, O‘zining visolidan benasib etmasin, omin!

Ibrohim UZOQOV,
Toshkentdagi «Imom at-Termiziy» jome’ masjidi imom-xatibi
«Hidoyat» jurnalining 2003 yil 10-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.