background
logotype
image1 image2 image3

Telefon odoblari

Ilm-fan va texnika taraqqiyoti tufayli erishilayotgan qulayliklar bilan birga, muammolar ham paydo bo‘lmoqda. Ularni hal etish yangi ixtiro etilgan uskunalardan foydalanish odoblariga rioya etishimizga bog‘liq. Bu maqola beminnat xizmatchimiz bo‘lib qolgan uyali telefondan foydalanish odoblari haqidadir:
1. Uyali telefonda sababsiz ko‘p gaplashmaslik kerak. Bu sog‘liqqa zararli bo‘lishi bilan birga isrof hamdir. Shariatimiz isrofning barcha ko‘rinishlaridan qaytargani ma’lum.
2. Masjidga kirganda telefonning o‘zini yoki ovozini o‘chirish. Shunda namozdagi xushu’ga xalaqit qilmaydi va namozxonlar xayoli chalg‘imaydi.
3. Ilm majlislari va mo‘‘tabar insonlar huzurida telefonni umuman ishlatmaslik. Bunday qilish majlis haybatini saqlashga, ta’lim foydasining mukammal bo‘lishiga va obro‘li insonlar hurmatini joyiga qo‘yishga xizmat etadi. Agar so‘zlashuvga qattiq zarurat bo‘lsa, uzr so‘rab tashqari chiqib so‘zlashish kerak.
4. So‘zlashuvni suhbatdoshga bildirmay yozmaslik yoki boshqalar oldida telefon ovoz kuchaytirgichini yoqib qo‘ymaslik. Bunday qilish oqil kishiga xos ish emas, ayniqsa, suhbat xos va maxfiy bo‘lsa. Chunki bu ham omonatga xiyonat yoki chaqimchilikning bir ko‘rinishidir.
5. Telefonni umumiy joylarga tashlab qo‘ymaslik. Bunday qilinsa telefonidan kimdir qing‘ir yo‘lda foydalanishi yoki birov ko‘rishi mumkin bo‘lmagan xatlar o‘qilishi, ayniqsa buzuq suratlar tarqab ketishi mumkin. Natijada bugun o‘tkir muammo bo‘lib turgan noxush holatlar yuzaga keladi.
6. Telefonda tasvirga olishda ehtiyot bo‘lish. Ommaviy tadbirlarda, to‘y-ziyofatlarda keraksiz holatlarni tasvirga tushirish obro‘ to‘kilishiga, oilalar buzilishiga hamda boshqa ko‘pgina xunuk holatlar va fitnalarga sabab bo‘ladi.
7.Boshqalar telefonini tekshirmaslik, maktublarini o‘qimaslik, suratlariga nazar solmaslik. Bunday qilinsa, birovning shaxsiy hayotiga aralashish, aybini ochish bo‘ladi, xiyonat va yomon gumon kabi og‘ir gunohlarga yo‘l ochadi. Aslida-ku, telefon egasi o‘zini xunuk ahvolga soladigan ma’lumot, xat va suratlarni telefonidan o‘chirib tashlashi lozim. Chunki telefoni yo‘qolib qolsa, unutib qoldirsa yoki birovning qo‘liga tushsa, o‘zi qiyin vaziyatda tushib qoladi.
8. Odamlar orasida telefonning musiqa va qo‘ng‘iroqlarini yoqib-o‘chirib o‘ynayvermaslik. Bu ish odobdan emas.
9. Telefondan turli fitnalar, tuhmat-qabihliklarda foydalanmaslik. Chunki telefon ko‘p qulaylik keltirishi bilan birga yomon niyatli kishilarga birovlarni laqillatish, obro‘sini to‘kish yo‘llarini ham osonlashtirib qo‘ydi.
10. Raqamni aniq terganiga ishonch hosil qilish. Aks holda begona kishiga xat jo‘natib, qiyin ahvolga tushib qolish, tanimagan odamga ozor berib qo‘yish mumkin. Birovga ozor berish dinimizda qoralangan.
11. So‘zlashuv va yozishuvlar o‘ziga yaqin, mahram kishilar bilan bo‘lishi, nomahramlar bilan faqat zarurat yuzasidangina gaplashish kerak. Bunday qoidaga amal qilmagan odam shubha-gumonlarga, janjallar, hatto fojialarga sababchi bo‘lishi, gunohga qolishi mumkin.
“Yaxshi xulqlarni kamolga yetkazish uchun yuborildim”, deganlar sevimli Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam). U zotga munosib ummat bo‘lish istagidagi har bir insonga yuqorida sanalgan odoblarga amal qilishi, har bir harakat va amalida Islom ta’limotlariga muvofiq ish tutishi lozim. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Mo‘minlarning imoni komillari xulqi chiroyli bo‘lganlaridir”, deganlarini unutmaylik.

Sherali Ahmad
“Hidoyat” jurnalining 2010 yil, 2-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.