background
logotype
image1 image2 image3

So‘nggi so‘z

Birinchi voqea. Qo‘shni bola hovliqib chiqib, bobosining ahvoli og‘irlashganini, uyda hech kim yo‘qligini aytdi. Ortidan yugurdim. Kirsam, to‘qsonga yaqinlashib qolgan Qurbon ota ko‘zini shiftga qadab, xirillab og‘ir nafas olib yotibdi. U ko‘pdan buyon bemor: bir qo‘l-oyog‘i shol, qon bosimi baland, yuragi xasta edi. “Do‘xtir chaqiraymi?” deb so‘radim.

U sog‘ qo‘lini majolsiz siltadi. Bemorning rangi har qachongidan oqargan, ko‘zlaridan nur ketgan. Ahvolni tushunib, asta imon kalimalarini ayta boshladim. U esa parvo qilmay, yutoqib nafas olar, orada tinmay “bemehr”, “noqobil” o‘g‘illarini qarg‘ab so‘kinar edi.
Qurbon otaning badfe’lligi, toshbag‘irligi, og‘zi shaloqligi tufayli farzandlarning kirib-chiqishi kamaygani to‘g‘ri. Umr bo‘yi goh mol bozorida dallol, goh qassobchilik qilgan Qurbon ota qariganida ham o‘nglanmadi. Peshonasi sajda ko‘rmadi. Allohni faqat boshiga mushkulot tushganida esladi. Hozir ham ko‘z o‘ngimda jon taslim qilarkan, og‘zidan chiqqan oxirgi so‘zi “ko‘rnamaklar, ablahlar” bo‘ldi...

Ikkinchi voqea. Shahar ko‘chalaridan birida avtomobil falokati ro‘y berdi. Yoshgina haydovchi yigit biror narsaga chalg‘ib qolganmi yoki mashinani boshqarolmay qolganmi, yo‘l chetidagi beton ustunga borib urilibdi. Yo‘lovchilar darrov yordamga shoshilishdi. Qisib qolgan rul orasidan bemajol tanani arang sug‘urib olishdi. Nimalardir deb pichirlayotgan haydovchini yerga yotqizishlari bilan joni uzildi. Uning so‘nggi so‘zi magnitafondan berilayotgan ashulaning “Qaylardasan, sanamginam?” degan jumlalari bo‘ldi...

Bu dunyoda barchamiz mehmonmiz. Hammamiz bir kuni bu olamdan ko‘chamiz. Hech kimga: “Sen falon kuni, falon holatda o‘lasan”, deb hujjat berilmagan. Hech kim boshqa olamga qanday ketishini oldindan bilmaydi. Shunday ekan, o‘lim soati yaqinlashganida tillarimiz “La ilaha illalloh” kalimasini aytib turmog‘i uchun bu dunyo- da Allohning zikri bilan mashg‘ul bo‘lmog‘imiz lozim. Aks holda, umrimiz yuqoridagi voqealar kabi yomon xotimalanib qolishi mumkin, Alloh saqlasin. Qur’oni karimda Alloh taolo:
“Bas, Meni eslangiz, Men ham sizlarni eslayman va Menga shukr qilingiz va Meni inkor etmangiz” (Baqara, 152), deya amr etgan.
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinishicha, Rasululloh (s.a.v.): “O‘lim farishtasi o‘layotgan kishining oldida hozir bo‘lib, uning qalbiga nazar soladi. Qalbidan hech narsa topmaydi. So‘ngra uning ikkala jag‘ini ochib, tilining “La ilaha illalloh” degan holda tanglayiga yopishib qolganini ko‘radi. Ixlos kalimasi tufayli bu banda mag‘firat qilinadi”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati).
Hazrati Umar ibn Xattob (r.a.): “O‘limi yaqinlashgan kishilaringizdan ogoh bo‘lib turing, ularga Allohni zikr qiling. Chunki ular siz ko‘rmayotgan narsalarni ko‘rishadi. “La ilaha illalloh”ni ularga takrorlang”, deganlar.
Payg‘ambarimizning (alayhissalom), ashobi kirom (roziyallohu anhum) va solih salaflarimizning tillari hamisha Allohning zikri bilan band bo‘lgan. Shuning uchun ham u zotlarning o‘lim oldidan aytgan oxirgi so‘zlari Allohga iltijo, tazarru, hamd-shukrona bo‘ldi.
Sarvari Koinot (s.a.v.) o‘lim oldidagi so‘nggi nafaslarida: “Al-Rafiq ul-a’lo” (Eng oliy Rafiqim Alloh) dedilar, so‘ngra “namoz, namoz” deya ummatni ibodatga chaqirib, jonni Rafiq ul-a’loga topshirdilar.
Birinchi xalifa Abu Bakr Siddiqning (r.a.) oxirgi so‘zlari “Mutlaq kuch va qudrat O‘zinggagina xosdir, Allohim!” bo‘ldi.
Hazrati Usmon ibn Affonning (r.a.) jon chiqar paytdagi so‘zlariga e’tibor qiling: “Ka’baning Parvardigoriga qasamki, bular mening shahidligimga guvohdir!”
Muhammad ibn Alidan rivoyat qilinishicha, jonlariga xavorijlar qasd qilganidan keyin Hazrati Ali (k.v.) oxirgi nafaslarigacha “La ilaha illalloh”dan o‘zga so‘zni tilga olmadilar.
Xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon o‘lim onlarida: “Koshkiydi oddiy qurayshlik kishilardan bo‘lib qolsam, koshki bu vazifada ishlamasam edi”, deb o‘z mansab-mavqelaridan iztirob chekkanlar.
Xalifa Umar ibn Abdulaziz o‘lim onida: “Allohim, diydoringni Umarga xayrli qil! La ilaha illalloh”, deb turib jon taslim qilganlar.
Ulug‘larning so‘nggi damdagi so‘nggi kalomlari faqat Allohning zikri, tavhid kalimasi bo‘lgan. Xotimalari, oqibatlari shunday bo‘lishi uchun umr bo‘yi tayyorgarlik ko‘rishgan. Har qadamda, har bir holatda — yotganda va turganda, yurganda va o‘tirganda ham tillaridan tahlil, takbir tushmagan. Chunki umrlari poyonidagi oxirgi so‘z jannat bog‘lariga bir ochqich, Alloh huzuridagi savol-javoblarida jonga ora kiruvchi bir hujjat bo‘lishini yaxshi anglashgan.
Bizlar-chi?!
Bizlar g‘aflatdamiz. Kun bo‘yi bekor o‘tiramiz, zerikamiz, esnaymiz, mudraymiz. Qancha-qancha vaqtlarimizni tilvuzur qarshisida yoki musiqa tinglab, maza-matrasiz bahs va gurunglarda, tomoshaxonalarda, shaxmat-narda taxtalari ustida sovurib yuboramiz. Qanchalab qimmatli soatlarimiz behuda amallar, kimnidir-nimanidir kutishlar, noma’qul yumushlarga qurbon bo‘lib ketadi. Ammo Allohni eslashga, Uning zikrini qilishga, Unga hamd-shukrona aytishga tillarimiz erinadi. Oxiratga tayyorgarlik qilmaymiz, bahonalar qidiramiz, shaytoniy vasvasaga uchamiz, vaqtning ziqligi, sog‘liqning yomonligi, toqatning yetmayotganidan zorlanamiz. Vaholanki, oqibat juda yomon va ayanchli — so‘nggi so‘zlarimiz fisq-fujur, shirkona kalom, ba’zan esa shaytoniy nag‘ma bo‘lib qolishi mumkin. Alloh asrasin!
Shuning uchun tillarimizni ko‘proq Allohning zikriga o‘rgataylik! Qalblarimizga tasbih (“Subhanalloh”), tahmid (“Alhamdulillah”), tahlil (“La ilaha illalloh”), takbir (“Allohu akbar”)ni ko‘proq muhrlaylik! Makkai mukarramaga va Madinai munavvaraga boradigan yo‘llarning ikki chetiga “Zikr et”: “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” kalimalari yozilgan taxtalar bejiz o‘rnatilmagan. Ko‘plab musulmon mamalakatlarining radio-televidenasi ana shu zikrlarni har ko‘rsatuv-eshittirish oralig‘ida bekorga eslatib turmaydi. Faxri Koinot (s.a.v.) bekorga ummatlarini zikrullohni ko‘paytirishga chaqirmaganlar.
Abu Sa’id al-Xudriy va Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): “Bir qavm o‘tirib Allohni zikr qilsa, ularni maloikalar o‘rab oladi va rahmat qoplaydi. Ustlariga xotirjamlik tushiradi. Alloh ularni O‘zining huzuridagilar bilan eslaydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Muso al-Ash’ariydan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bunday deganlar: “Allohni zikr qiladigan kishi bilan zikr qilmaydigan kishining misoli xuddi tirik bilan o‘likning misoli kabidir”(Imom Buxoriy rivoyati).
“Vaqt topolmayapman yoki toqatim yetmaydi”, degan bahonalar bilan umrimizning eng yaxshi damlarini g‘aflatda o‘tkazmaylik! Alloh huzurida qanday savob-mukofotlar kutayotganini bilganimizda biror nafasni zikrsiz olib, zikrsiz chiqarmasdik. Bunga Janobi Rasulullohdan (s.a.v.) rivoyat qilingan o‘nlab hadisi shariflar dalil bo‘lib turibdi.
Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar: “Zikrlarning afzali “La ilaha illalloh”-dir (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyati).
Samura ibn Jundubdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): “So‘zlarning Alloh taologa eng yaxshisi to‘rttadir: “Subhanallohi valhamdu lillahi va ilaha illallohu vallohu akbar”. Ularning qaysi biridan boshlasang, zarari yo‘q”, deb aytdilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Zarr (r.a) rivoyat qiladi: “Rasululloh (s.a.v.) menga: “Alloh taologa eng mahbub bo‘lgan so‘zni aytaymi? Alloh taolo uchun so‘zlarning eng yaxshisi “Subhanallohi va bihamdihi”, deb aytishingdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Yana shu zotdan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): “Sizlarning har bitta a’zoingizga sadaqa vojibdir. Har bir tasbehingiz sadaqa, har bir tahmidingiz sadaqa, har bir tahlilingiz sadaqa, har bir takbiringiz sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz sadaqa, yomonlikdan qaytarishingiz sadaqa”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Endi Allohni eslashga kirisharsiz? Umringiz Alloh zikri bilan xotimalanishini istarsiz? So‘nggi kalomingiz “La ilaha illalloh” bo‘lishi uchun bugundan harakatni boshlarsiz?

Ahmad AHSIKATIY
“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 5-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.