background
logotype
image1 image2 image3

Sevgi nima?

 Eng so‘nggi maktubni jo‘natganimga ham bir oydan oshgan edi. Kecha kutubxonaga kirsam, javob xati kelganini aytishdi. Oldim...
Maktubda butunlay boshqa bir Xulyoga duch keldim. Uning qalbidagi g‘am-g‘ussalar o‘rnini sekin-asta hayajonlar egallayotgani satrlaridan ochiq sezilib turardi. Maktubda qalam kuchi ifoda eta olmaydigan bir ruh hukmron edi. Bu ruh haqiqatni majburan emas, balki hayajon bilan izlagan ruh edi. O‘tgan vaqt mobaynida Xulyoning ancha kitob o‘qiganini angladim. Uning hayajonlari jumlalarga sig‘may to‘lib-toshmoqda edi. Maktub oxirida bunday debdi: “Suhbatlarim asosan ayollar bilan o‘tmoqda. Turli hayotiy fikr-lar va ayollarga xos qarashlar bilan yuzma-yuz kelmoqdaman. Ularga nimalarnidir anglatishni xohlayman, ammo ko‘pincha bunga hali ojiz ekanimni sezaman.
Maktublaringizdan tushunishimcha, bu fikrlarning faqat bittasigina to‘g‘ri, u ham bo‘lsa, bizlarni ayol qilib yaratgan va bizga hayot bergan Robbimizning hukmidir. Bu haqiqatga butun ruhim bilan ishon-yapman. Ammo bu haqiqatni boshqalarga o‘zim anglagandek anglatolmayapman. Balki bunga biz ayollarning nasihat tinglash borasida erkaklardan ancha sabrsiz ekanimiz sababchidir. Nima bo‘lganida ham natija o‘zgarmasdir. Sizdan bu mavzuda yana bir maktub yozishingizni iltimos qilaman”.
Maktubning javobini yozishga unchalik shoshilmadim. Chunki uning haqiqatni izlab topish yo‘lida jiddiy harakat qilayotgani sezilib turardi. Men uning yana ham ko‘proq o‘qishini, izlanishini, bilimini oshirishini istardim.
Oradan bir oycha vaqt o‘tdi. Unga shunday maktub yozdim:


BESHINCHI MAKTUB

«Haqiqatni izlayotgan Xulyo!
Kutubxonaga tashlab ketgan xatlaringni oldim. Avvalgisida ayollarga oid faqat birgina savol so‘rabsan, u ham bo‘lsa erkak-ayol tengligi masalasi ekan. Keyingi xatingda bu masalaga unchalik jiddiy yondashmaganing meni hayron qoldirdi. Demak, “Erkaklar bilan teng huquqlimizmi, yo‘qmi?!” degan savolni miyangdan haydabsan. Uning o‘rniga: “Ayollarga nimalarni anglata olaman; ularga qanday qilsam foydam tegadi?” degan fikrni yuklabsan. Seni tabriklayman. Bu ifodalarimdan “teng huquqlilik” haqida yozmas ekan-da, deb o‘ylama. Bu haqda yana bir oz fikr bildirib o‘taman, xolos.
Xulyo, bu olamga bir qaragin-a... Koinot tinimsiz harakatda. Quyosh o‘ziga xos tezlikda harakat qilmoqda. Sayyoralar Quyosh atrofida aylanmoqdalar. Quyosh sistemasining o‘zi yaxlit holida ma’lum bir tomonga harakat qilmoqda. Bir nech-ta quyosh sistemalarini o‘z ichiga olgan “Somonyo‘li” galaktikasi ham yana bosh-qacha faoliyat ichidadir. Bularning hammasi bilan bizning bevosita aloqamiz bor. Yerning o‘z o‘qi hamda Quyosh atrofida aylanishini tasavvur etib ko‘r! Xar ikki harakat har xil tezlikda amalga oshadi. Avtobusning katta tezlik bilan burilishi natijasida oshqozoni chayqalib, bezovtalangan ojiz inson, bu ikki jarayonning dahshatliligiga qaramay, xotirjam va beshikast yashayapti. Yer ham yo‘lidan zarracha chetlamasdan sayohatini davom ettiryapti.
Nima uchun? Har holda inson rohat-farog‘atda o‘ynab-kulishi, g‘aflat ichida yashab, haqiqatni inkor qilishi uchun emas, albattta!
Koinotdagi tinimsiz harakat jarayoni har jismda o‘ziga xos bir shaklda namoyon bo‘ladi, shu jumladan, inson vujudida ham. Yurak doimo ishlamoqda, tomirlarimizda qon tinimsiz harakatlanmoqda, hujayralarimiz uzluksiz yangilanmoqda. Bu faoliyatlarning hech biri insonni behuzur qilmaydi, qiynamaydi. Nima uchun? Har holda buning hikmatini, haqiqatini anglamasdan yashashimiz uchun emas!..
Koinotda va tanamizda uzluksiz davom etayotgan bu jarayonning ruhimizda aks etgan tomoni doimo o‘ylash, fikrlashdir. Inson hatto uyqusida ham o‘ylaydi. Shunday ekan, butun masala bir tushunchada, ya’ni, “o‘ylash”da markazlashmoqda. Bu jihat masalaning bir tomoni.
Inson o‘ylasin deb quyosh tinimsiz nur taratmoqda. Inson o‘ylasin deb Yer to‘xtamay aylanmoqda. Nimani o‘ylasin? Har holda, faqat nafsini va shahvatini emas...
“Insonlar uyqudadirlar, o‘l-gandan keyin uyg‘onadilar!” hadisi sharifi qanchalar hikmatli, shunday emasmi?! Ammo eng muhimi, Xulyo, o‘lmasdan avval uyg‘onishdir. “O‘lmasdan avval o‘linglar!” hadisi sharifi ma’nolarining bittasi ham shu bo‘lsa kerak...
So‘zimning shu joyida senga bir hodisani aytishni lozim topdim. Necha yildirki, bu voqea xotiramdan ketmaydi. Bir qabriston bor edi. Shaharni kengaytirishni istagan rahbarlar, afsuski, ko‘chmas mulk hukmida bo‘lgan bu joyni bir xotira, bir ogohlantiruvchi bo‘lgan bu sokin, jimjit makonni yo‘qotishga qaror qilishdi va buni har tarafga e’lon qilishdi: “Falon qabriston shu vaqtda buziladi, xohlagan kishilar o‘zlariga tegishli jasadlarni falon qabristonga ko‘chirishlari mumkin...”
E’longa e’tibor bergan kishi deyarli topilmadi. Chunki ancha paytdan beri vafot qilganlar yangi qabristonga dafn qilinmoqda edi. Eski qabristondagi qabrlardan ko‘piga ega ham chiqmadi.
Shunday qilib o‘sha aytilgan kun ham yetib keldi. Ekskavatirlar qabristonni ostin-ustin qilib tekisladi. Qabrlarda jasadning asari ham qolmagan edi. Hali chirib ulgurmagan suyaklarni ekskavatir cho‘michi bir-biriga aralashtirib, yuk mashinalariga yukladi. Mashinalar nav-batma-navbat yo‘lga tushdi. Bu g‘arib manzara hech ko‘z oldimdan ketmaydi. O‘sha kuni suyaklari mashinaga yuklangan insonlar yaqin o‘tgan kunlarda ham shu shaharning aholisi edi. Oralarida boyi, kambag‘ali bor edi. Bir-birining mol-mulkini ko‘ra olmagan, bir-biri bilan qattiq janjallar qilgan raqiblar endilikda bir joyda, yonma-yon, aralash-quralash bo‘lib, bir mashinada shaharni tark etishmoqda edi. Oralarida oshiq-ma’shuq bo‘lganlari ham bor edi. Hozir esa hammasining tuproqlari bir mashinada bir joyga to‘planib, yangi g‘ofillar in qurgan bu shaharni tark etishmoqda edi...
O‘lim xususida mana bu hadisi sharif bandalar uchun buyuk bir ogohdir: “Lazzatlarni achchiq qilguvchi o‘limni ko‘p eslanglar!”
O‘limni unutish uchun xilma-xil chora izlagan insonlar go‘yo qabrga orqa o‘girib ketayotganday, aslida esa, oldilaridagi kayfu safo bog‘larini tomosha qil-qila, qabr chohiga qulashayotir.
Xulyo, shuni yaxshi bilginki, ertani o‘ylamaslik dardga davo bo‘la olmaydi. Ko‘z yumgan bilan haqiqat yashirinib qolmaydi, jumladan, o‘lim ham.
Imtihonlarni unutish talabaga o‘tkinchi bir xotirjamlik baxsh etishi mumkin. Ammo bu g‘aflatning natijasi unutilmas tashvishlar, azob va iztiroblardan iboratdir. Sarmoyasini o‘lchovsiz sarf qilgan savdogar vaqtinchalik kayf-safo surishi mumkin, ammo buning natijasi juda achchiq va og‘ir bo‘ladi. Kelajakni o‘ylamaslik, bugun uchungina yashash insonlarga xos hayot tarzi bo‘lmasa kerak...
O‘limni unutishga harakat qilganlarning holatini bunga o‘xshataman:
Deylik, xonangda yoki bir bog‘da dam olib o‘tirib, o‘rmalab ketayotgan bir hashoratga ko‘zing tushdi. Vaqt o‘tkazish va ermak uchun unga egilib, qulingni cho‘zding. Haligi hashorat qo‘rqib, orqasiga qayrildi va katta tezlik bilan qocha boshladi. Hashorat qochib, sal naridagi o‘zidan kattaroq bo‘lgan, masalan, bir gugurt qutisining orqasiga yashirindi. Bo‘yingni sal cho‘zib, uni tomosha qilishda davom etyapsan. Atrof nafas olish eshitiladigan darajada jimjit. Aytaylik, boshqa bir hashorat uning yoniga bordi. Sendan qochgan hashorat haligi sherigiga: “Bir oz oldin juda katta tahlikaga tushdim. Qarshimdan bir qora sharpa chiqdi. Shart burilib qochdim. Xayriyat, zo‘rg‘a qutuldim”, deganini eshitgandek bo‘lasan go‘yo.
Bizning o‘lim farishtasi oldidagi holatimiz ham bundan farq qilmaydi. Qaerga bormaylik, nimaningdir orqasiga yashirinmaylik, uni unutish uchun maishatga cho‘mib, qandaydir choralar ko‘rmaylik, natija hech o‘zgarmaydi. U bizni har on kuzatib turibdi va jonimizni olish uchun Allohdan buyruq kutmoqda... Shunday ekan, o‘limdan qochish aqllilikmi yoki o‘limni sevib, ruhimizni o‘lim farishtasiga dog‘siz, pok-pokiza holida topshirishga harakat qilganimizmi?
Maktubingda har xil hayotiy tushunchalarga duch kelganingni aytibsan. Bir oz bu mavzu ustida to‘xtaylik...
Dunyo hayotining asl mohiyati bir hadisi sharifda shunday bayon etiladi: “Dunyo oxirat uchun bir ekinzor-(dala) kabidir”. Aqlimizda jonlangan har bir tushuncha, miyamizga o‘rnashgan har bir xotira, ko‘zimizga tashlangan har bir sahna, qulog‘imizga kirgan har bir so‘z, og‘zimizdan chiqqan har bir jumla, tashlangan har bir qadam va, eng muhimi, qalbimizda uyg‘ongan har bir sevgi, bu dalaga ekilgan urug‘dir... Bu sanab o‘tganlarimning orasida to‘g‘risi bilan birga egrisi ham, yaxshisi yonida yomoni ham mavjud. Har bir insonning umri alohida bir dala, va har bir inson yetishtirgan mahsulotiga ko‘ra nom oladi. Bir dalaga arpa ekilgan bo‘lsa, uni “arpa dalasi” deymiz. Dala chetidagi boshqa o‘t-o‘lanlar bu nomni o‘zgartirolmaydi: “Arpa dalasi!” Gul ekilgan maydonni “gulzor” deymiz. Ba’zi begona o‘tlar chiqib qolsa ham, baribir u yer gulzordir. Shunga o‘xshash har bir inson hayotda qilgan ishlariga qarab nom oladi. Faqat bu kunning insonlariga qanday nom berishni ham bilmaysan kishi. Bir qilgan ishi ikkinchisiga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Umr dalalarida foydali va zararli o‘tlar, gul va tikanlar aralashib ketgan. Ko‘p insonlar tushunchalaridan tortib to qiyofalarigacha, ko‘rganlarni shubhalantiradigan darajada bir jumboq holiga kelgan (hatto ba’zan erkak bilan ayol farq qilinmas holidadir).
Ko‘rganingdek, mana shu o‘tgan umr, hadisi sharifdan anglashilishicha, yo xayr-savob (yaxshilik) dalasi, yoxud sharr-gunoh (yomonlik) dalasi bo‘ladi. Birining hosili sevinch, ikkinchisining hosili esa pushaymonlik, nadomatdir.
Ha, Xulyo! Shunday ekan, hammasi imtihonda hisob-kitob qilinishga mahkum, ojiz va haqir, bechora va faqir bu insonlarning u-bu gaplarini bir chetga surib, umrimizni gulu gulzorga, mahshar hayotimizni esa saodat xirmoniga aylantirish yo‘llarini qidiraylik. Bu ishda g‘ayrat ko‘rsataylik...
Qara, Xulyo! Bu dunyoda nafsimizni qanchalik hisob-kitob qilib tergasak, u dunyoda hisobimiz shunchalik oson bo‘ladi. Hayoti dunyoda shar’iy halol bo‘lmagan ishlarning o‘tkinchi lazzatidan qay darajada voz kechsak, sirot ko‘prigidan o‘tishimiz shunchalik osonlashadi. Lekin o‘zimizni qanchalik bo‘sh qo‘yib yuborsak, oxiratda shunchalik xoru zorlikka duch kelamiz.
Bugun Allohdan qanchalik qo‘rq-sak, u kunda shunchalik rohat qilamiz. U kunda Abadiyat diyori qisqa hayotning ranglari bilan jilolantiriladi va uning jannat va jahannami esa bu dunyo mahsullari bilan to‘lib-toshadi. U dahshatli mahshar maydoni bu dunyoning osiy va itoatgo‘ylarini kutmoqda...
Qisqasi, Xulyo, oldimizda hali ko‘p manzillar, to‘g‘rirog‘i bekatlar bor. Bulardan eson-omon o‘tib olish va qahr o‘rniga lutfga erishish ma’lum bir nuqtada o‘zimizning ham qo‘limizdadir. Bu masalalarni unutib, dunyoning o‘tkinchi lazzatlaridan zavqlanib yurgan, bir kun kelib hammasi tuproqqa aylanadigan shu insonlarning riyokor so‘zlariga aldanish, ularning samimiyatsiz, shahvatparast madhiyalari ta’siri ostida qolib, nihoyat o‘lim kelganida osiy holida o‘lish qanchalik achchiq sharmandalikdir.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Bu dunyo hayoti faqat bir nafaslik o‘yin, ermakdir, xolos. Albatta Allohdan qo‘rqadigan kishilar uchun oxirat diyori yaxshiroqdir. Aql yurgizmaysizlarmi?!” (An’om, 32).
Aslida, dunyo ham Allohning mulki, oxirat ham. U zotdan boshqa kimniki ham bo‘la oladi?! Va bizni Uning mulki bo‘lgan bu olamga Undan boshqa kim ham keltira olardi?!
Oxirat Uning boshqa bir diyoridir. Va yana bizni u yerga faqat Uning o‘zigina olib boradi. Xohlasak-xohlamasak, o‘lim bekatidan o‘tib, u diyorga borajakmiz.
Modomiki u yerga borib hisob-kitobga tortilar ekanmiz, aqlli insonlar qilishi kerak bo‘lgan narsa nima ekanini bilasanmi?! O‘z shaxsiy dunyoqarashlaringni bir chetga surib, Allohning “Siz uchun xayrlidir” degan tarafiga yuz tutishdir. Bu dunyo hayotini yashayotganimizda, oxirat yo‘lovchisi ekanimizni ham unutmasligimiz kerak. Uni bir onga ham aqldan uzoqlashtirib bo‘lmaydi...
Zotan, oyatning oxirida: “Aql yurgizmaysizlarmi?!” deyilmoqda. Bu oyat dunyo hayotini “bir nafaslik o‘yin”, deb ta’riflayotgan bo‘lsa, bir hadisi sharif dunyo hayotini “safar”, o‘zimizni “musofir” deb bilishimizni buyuradi.
Biz safardagi musofirmiz. Irodamizdan tashqari Yer kurasiga chiqib sayohat qilmoqdamiz. Ya’ni, dunyoga o‘z xohishimiz bilan kelganimiz yo‘q. Dunyoning sohibi va bizning Xoliqimiz bu safarning so‘ngi oxiratga olib chiqishidan xabar bermoqda. Shunday ekan, Xulyo, oxiratni unutib, zavq va kayfu safo bilan umr o‘tkazganlarni “safarda ekanini unutib qo‘ygan musofirlar” deb bil. Ularga havas qilma. Ammo dushman bo‘lma. Agar qo‘lingdan kelsa, ularga achinib, yordam berishga harakat qil. Ularga Allohning quli ekanlarini, yaratilganlarini va dunyo safarida musofir ekanlarini eslat. Ularga bu koinot kitobini o‘qitishga harakat qil. Daraxtning meva, tuproqning don berishi va onaning farzand ko‘rishi o‘rtasidagi o‘xshashliklarni ko‘rsat. Bu jarayonlarning hammasini boshqarib, kuzatib turgan zot borligini anglat. Yer yuzi bir dasturxon ekanini eslat. O‘zlarini mehmon, daraxtlarni fabrika, mevalarni ozuqa holida yaratgan Xoliqlariga shukr qilishlari kerakligini ularga yaxshilab o‘rgat. Bu ne’matlarga javoban Allohga isyon etmaslik kerakligini vijdonlariga havola et. Va ularga bu oyatni o‘qi: “Osmonlardagi va yerda bor narsa Allohnikidir. Biz sizlardan ilgari kitob berilgan zotlarga ham, sizlarga ham, Allohdan qo‘rqinglar, deb amr qildik. Agar kofir bo‘lib ketsangizlar, Allohga hech bir zarar yetkaza olmaysizlar. Zero, osmonlardagi va yerdagi bor narsa Allohnikidir. Va Alloh behojat, maqtovga sazovor zotdir (Niso, 131). Ba’zi nafslar: “Nima uchun Janobi Haq bizni o‘zidan qo‘rqishimizni ta’kidlamoqda?” degan vasvasaga tushmasinlar, deb oyatning davomida javobni ham bermoqda: “Osmonlardagi va yerdagi bor narsa Allohnikidir”. Bu “bor narsa”ning biri insondir. Uni Samo va Yerdan yaratgan zot Allohdir. Inson yashashi uchun zarur shart-sharoitni u hali yaratilmasidan turib, tayyorlagan ham Uning o‘zidir. Insonning butun ehtiyojlarini qiyomatga qadar qondiruvchi ham Allohdir.
Xulyo!
Shu ko‘m-ko‘k osmonga, ko‘zlarni qamashtirayotgan shu quyoshga, shu yam-yashil o‘rmon va qirlarga, shu moviy dengizlarga sinchiklab nazar sol... Masalan, butun go‘zalliklardan bebahra ko‘r bir inson birdan ko‘zi ochilsayu go‘zal manzaralarni hayronu lol bo‘lib tomosha qilsa, o‘sha go‘zalliklarning go‘zalliklarida bir ko‘payish, ortish sodir bo‘ladimi?!
Albatta, sodir bo‘lmaydi! Ya’ni, u odamning ko‘zi ochilishi bilan na quyosh porloqlashadi va na osmon musaffolashadi! Bu yerda faqat o‘sha odam yutadi. Hidoyatga erishgan, ha-qiqatga yetishgan insonning ruhidagi inkishof va qalbidagi halovat o‘sha ko‘r odamning sevinchidan bir n echa bor yuksakdir. Ammo Alloh uning imoniga, ibodatiga aslo muhtoj emas. Bu yerda yutgan faqat o‘sha odamdir. Masalaning yana bir tomoni bor: Allohning yomonlikka emas, yaxshilikka rizosi bor. Allohni sevish ham, Undan qo‘rqish ham bir xayrdir, yaxshilikdir. Birinchisi insonni yax-shi, solih amallar qilishga, ikkinchisi gunohlardan saqlanishga undaydi. Abadiy saodat shular bilangina qo‘lga kiritiladi va saodat go‘shasi bo‘lmish jannatga faqat o‘sha insongina muyassar bo‘la oladi. Jahannamda azob tortadigan ham inson bo‘lgani kabi. Shunday ekan, biz Allohni sevishimiz va Undan qo‘rqishimiz faqat o‘zimiz uchundir. Alloh bularning hech biriga muhtoj emas.
Do‘stlaringga bularning hammasini bir-bir tushuntir. Ularga Allohning quli ekanlarini tez-tez eslatib tur. Har bir mavjudotning bu olamda o‘ziga yarasha vazifasi borligini, demakki, aqlli, shuurli bo‘lmish inson aslo vazifasiz, g‘oyasiz bo‘la olmasligini, bu dunyoga bekorga kelmaganini ularga yaxshilab tushuntir. Bu masalada bir muncha shaxsiy fikrlarini o‘rtaga tashlashlari ham mumkin. Insonning asl vazifasi nima ekani xususida ba’zi yanglish fikrlarga ham duch kelarsan. Lekin sen ularga asl haqiqatning ta’rifini yaxshilab yetkaz. Insonning qul, banda ekanini, o‘z vazifasini istak va kayfiga ko‘ra tayin eta olmasligini, qolaversa, bunday ish «vazifa» deyilmasligini anglat ularga.
Inson xususida so‘z egasi faqat Alloh ekanini, U insonni nima uchun yaratgan bo‘lsa, insonning asl vazifasi ham o‘sha ekanini izohlashga harakat qil va ularga shu ilohiy farmonni o‘qi: “Men jin va insonlarni faqat O‘zimga ibodat (qullik) qilishlari uchungina yaratdim” (Vaz-zoriyot, 56).
Ularga shunday deb savol ber: “Qaysi ishchi boshlig‘ining ko‘rsatmalarini bir chetga surib quyib, o‘z or-zu-istaklari bo‘yicha ishlayapti?! Qaysi o‘quvchi muallimining darsini tinglamay, o‘z xohishiga ko‘ra o‘zi bilgan kitobni o‘qib o‘rganyapti?! Yoki bo‘lmasa, qaysi askar qo‘mondonining buyrug‘iga quloq solmay, o‘z bilganicha askarlik ta’limini o‘rganyapti? Shularni bilaturib, yana qanday qilib qullik vazifangizni o‘zingiz belgilashga harakat qilasiz?!” Oyatdagi “ibodat“ so‘zini ba’zi mufassirlar “ma’rifat”, ya’ni “Allohni anglash, tanish” deb ham izohlashgan.
“Xalqni meni bilsinlar deb yaratdim” hadisi qudsiyida ham Alloh taolo bunga dalil va hujjat keltirmoqda. Yana tafsirchilar biz anglagan ma’nodagi ibodatni ma’rifatning bir natijasi deb ham tushunishgan va “Allohni tanigan albatta unga itoat qiladi, amrlarini bajarib, man qilgan ishlaridan qochadi ”, deyishgan. O‘rtoqlaring-ga bu gaplarning hammasini tushuntir. Ularga mendan ham salom ayt. Mana bu gaplarni mening nomimdan ularga yetkaz:
“Siz bu dunyoga na o‘zingizni boqib katta qilish uchun, na bir sayyoh kabi bu olamni bir-bir sayr qilish uchun va na siz kabi ojiz, foniy bo‘lgan boshqa bir insonning muhabbati va iltifotiga noil bo‘lish uchun yuborildingiz. Insoniyligingizni unutgan holda, aqlingizni butun hayvonlar olamiga ham mansub bo‘lgan “jinsiyat qonuni”da bug‘mang. Bu olamga faqatgina qarshi jinsdagi bir insonni sevish va uni mamnun qilish uchun kelmagansiz. Sizning asl vazifangiz va hayotingizning haqiqiy ma’nosi-g‘oyasi sizni va barcha yaqin kishilaringizni yaratgan Rabbimizni tanish, Unga imon keltirishdir, Uning san’atlarini ibrat bilan tafakkur qilishingiz, qalbingizni Uning ishqi bilan to‘ldirib, harakatlaringizni ham Uning rizosi doirasida tartibga keltirib yashashingizdir. Sizlarga bu yo‘lda omadlar tilayman”.
Ha, Xulyo! Senga ham omadlar tilab, xatimni yakunlayman. Nasib qilsa, keyingi maktubimda “jinsiyat” mavzui ustida yanada kengroq suhbat qilish niyatim bor. Salom bilan...”


OLTINCHI MAKTUB


Bir haftadan keyin quyidagi maktubni yozdim:
“Haqiqatni izlagan Xulyo!
Bugungi kundagi hayotiy tushunchalarning ko‘pi “jinsiyat” tushunchasini xato qo‘llanilishidan kelib chiqmoqda. Senga bu mavzuda bir nimalarni tushuntirishga harakat qilaman. O‘ylaymanki, do‘stlaringga ham buning foydasi tegadi.
Jinsiyat nima o‘zi? Haddimizdan oshmaslik uchun uni qanday bilishimiz, unga qanday amal qilishimiz kerak? Bu masalani faqat shahvat ma’nosida tushunish, albatta, o‘ta tor qarashdir. Hech bo‘lmaganda shuni aniq ayta olamanki, bunday bir tushuncha ham insonning umr sarmoyasini yanglish sarflashga, ham bilib-bilmay ba’zi kimsalarning o‘yinchog‘i bo‘lib qolishga olib boradi.
Erkaklarimizdan shaxsiyat, izzat va ulug‘likni, ayollarimizdan esa iffat va nazokatni yo‘q qilib tashlashni istagan qora niyatli kuchlarning ta’sirli va og‘uli quroli axloqsizlikdir. Dunyoni jinsiyat derazasidan tomosha qildirgan va bu tabiiy qonunni insonning yagona g‘oyasidek ko‘rsatayotgan katta va tahlikali o‘yin... Jinsiyat mavzui tushuntirilar ekan, masalani eng keng doirada nazarga olish zarur. Bir chaqmoq chaqmoqda, bug‘dan nur paydo bo‘lmoqda. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, ota-onasi musbat va manfiy qutblardir. Hamma bulut birday musbat (yoki manfiy) bo‘lsa, chaqmoq ham paydo bo‘lmaydi.
Samo va Yer kurasi... Ular o‘zaro ajoyib bir ittifoq paydo qilishgan. “Ona yer” tushunchasidan ilhomlangan holda, shunday deya olamiz: “Yer yuzidagi barcha narsalar Samo bilan Yerning o‘rtoqlik mahsulidir...” Shuningdek, Yer kurasi ham ikki qismga ayriladi: suvlik va quruqlik.
Misollarda davom etaylik. O‘simlik va hayvonot navlarining barchasida ikki xil jins mavjudligi hammaga ma’lum. Ya’ni, erkak va urg‘ochi. Va nihoyat, oilalarning boshlanishi ham ikki kishiga borib taqalmoqda. Ya’ni, erkak va ayolga...
Buni shunday izohlash mumkin: Insonlardagi jinsiyat “juft yaratish” ilohiy qonunning faqatgina bir halqasi, xolos. Bu holni shundayligicha qabul etishimiz va shu o‘lchamda baholashimiz kerak.
Qur’oni Karim ham shunday deydi: “Yer undirib o‘stiradigan narsalardan, (odamlarning) o‘zlaridan va yana ular bilmaydigan narsalardan iborat barcha juftlarni yaratgan (Alloh har qanday aybu nuqsondan) pok zotdir” (Yosin, 36).
Yana bir oyatda esa: “Sizlar eslatma-ibrat olishlaringiz uchun biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik” (Vaz-zoriyot, 49).
Mana, Xulyo! Bu oyatlarda ishorat qilingan juftliklardan faqatgina bir-ikkitasini sanab o‘tdik. Bularni shunday qilib yaratgan bir Zot bor. U ham bo‘lsa, hamma juftlarning yagona yaratuvchisi, Parvardigori bo‘lmish Allohdir (jalla jalalahu). Shunday ekan, “haqiqat” uchun keltirilgan ta’rifni bu masalaga ham tatbiq qilib, shunday deya olamiz: “Jinsiyat nima uchun taqdir qilingan bo‘lsa, uni shunday tushungan inson haqiqatgo‘y bo‘ladi. Aks holda, shahvatparast bir ahmoq holiga tushadi”.
Osmon Allohning irodasi bilan ko‘tarib quyilgandir. Yer esa Alloh istaganidek harakat qilib, insonlar, hayvon va o‘simliklar uchun beshik holiga keltirilgan. Boshqa juftlarning vazifasi ham o‘zlariga yarasha...
Binobarin, erkak va ayol juftligi ham bu qonun doirasidan tashqarida emas. Insonlar bu juftlikni Alloh taolo ular uchun joriy qilgan qonungagina amal qildirish bilan yuksaladilar va Uning roziligiga muyassar bo‘ladilar. Bu qonundan tuban orzu-havaslari yo‘lida foydalanishga jinsiyat qonuniga tobe’ hech bir erkak-ayolning haqqi yo‘qdir.
Jinsiyat mavzuida yana bir oyati karima juda ibratlidir: "Ular (ayollaringiz) sizlar uchun bir libosdir, siz ham ular uchun bir libosdirsizlar" (Baqara, 187, mazmuni).
Libos, ya’ni, kiyim... Erkak va ayol bir-birini himoya qiluvchi libos... Bir-birini yomon yo‘llardan asraydigan to‘siq... Bu qisqa dunyo hayotida nomus imtihonini topshirishlari uchun har ikki taraf bir-biriga ne’matdir. Boshqalarning nomusiga ko‘z olaytirmaslik uchun katta bir bog‘lanish... Nikoh nomus xususida har ikki tarafning bir-biriga qilgan ahdu paymonidir. Ya’ni, oilaviy masalada ayolni erkakka omonat qilgan va ro‘zg‘orni boshqarish yukini erkakning zimmasiga yuklagan bir shartnomadir. Hozir esa yoshlarning ongiga bu haqiqatlarni "qoloqlik" deb singdirishga harakat qilayotgan, manbai tashkarida bo‘lgan ba’zi mafkura, jamiyat va guruhlar bor. Ularning tuzog‘iga tushmaslik, nog‘orasiga o‘ynamaslik uchun g‘oyat diqqatli va sergak bo‘lish kerak. Aks holda, hayotning asl g‘oyasi ikki jins o‘rtasidagi noshar’iy munosabatlardan iborat deb tushunuvchi yoshlarning soni ko‘payib ketishi ehtimoli bor. Bu esa ularning uxroviy (oxirat) hayotlarini uvol qilishi bilan birga mamlakatimiz taraqqiyotiga ham katta zarar yetkazishi mumkin.
Qara, Xulyo! Agar boshqa bir maxluq bilan ovunish yaratilish jihatidan joiz bo‘lganida, bu imkon faqat hayvonlarga berilgan bo‘lardi. Chunki "koinot kitobini o‘qishdan maxrum bu ojiz va bechoralar bir-birlari bilan ovunsinlar, toki berilmagan ne’matlarning iztirobini tortmasinlar," deyish mumkin bo‘lar edi. Ammo bu holat gunoh hisoblanmagan taqdirda ham, insonning tabiatiga aslo yarashmaydi.
Axloqsiz yoshlarni ko‘rgan paytimda hayolimga bir voqea keladi:
Qurbon hayiti edi. Bir qarindoshimni tabriklash uchun ketayotgan edim. Ko‘chaning ikki chetida ikki guruh bolalar to‘planib turishgan ekan. Qiziqsinib ularning bir guruhiga yaqinlashdim. Bolalar qurbonlik uchun so‘yilgan hayvonning qornidan chiqqan o‘lik bolasini tomosha qilishmoqda edi. Ikkinchi guruh boshqa bir qurbonlikni tomosha qilardi.
Qarindoshimni ziyorat qildim va bayram bilan tabriklab izimga qaytdim. Bir do‘stimni ham ziyorat qilishim kerak edi. Bekat tomon yura boshladim. Avtobus kelmagach, taksiga chiqdim. Taksida har doimgidek yana "o‘ldim-kuydim" qo‘shiqlari yangramoqda. Bir vaqt haligi ikki o‘lik hayvon bolalari hayolimga keldi. Ularning onalari qurbon qilinmagan, o‘zlari esa vaqti yetib, dunyoga kelgan deb tasavvur qildim. O‘sib ulg‘aydilar. Biri sigir, ikkinchisi ho‘kiz bo‘ldi. Yana o‘zim bilmagan holda bir his bilan, ular bir-biriga oshiq-ma’shuq bo‘ldi va taksida yangrayotgan axloqsiz ashulalarni o‘shalar aytyapti, deb hayol qildim.... har ikkisi ham asl vazifasini unutib, bir-birlariga bo‘lar-bo‘lmas madhiyalar aytib, axloqsiz iltifotlar ko‘rsatib, nafslarini qondirishga harakat qilmoqdalar.
Ko‘zimni chirt yumib, hayolimdan bu bema’ni o‘ylarni chiqarib tashlashga urindim. Bunday pastkash hayotni, axloqsizlikni chorasiz-gunohsiz hayvonlarga hech bog‘lay olmadim. Garchi u hayoldan qutuldim, ammo endi insoniylik his-tuyg‘ularim bilan o‘z hamjinslarim bo‘lgan ba’zi kishilarning parishon ahvollarini ko‘rib ich-ichimdan achinib, ezilib, ruhan azob cheka boshladim. "Bu insonlar bunchalik past ketmasliklari kerak edi! - dedim o‘zimga o‘zim ichimda. — Allohga qullik vazifalarini, dunyoga kelish xikmatlarini, o‘lim va oxiratni bir chetga surib qo‘yib, shaxvat balosiga mubtalo bo‘lgan axloqsizlar darajasiga tushmasliklari lozim edi... Esiz...
Senga yana bir xotiramni aytib beray.
O‘rta maktabda bitiruvchi sinf o‘quvchisi edim. Bir kuni muallim xonaga kirib, taxtadagi axloqsiz, uyatsiz rasm va yozuvlarga ko‘zi tushdi. Rangi bir oz o‘zgardi. Hech narsa demay lattani oldi-da, taxtani arta boshladi. Yuzidan achchiqlanib, jahli chiqqani ma’lum edi. Balki shunday qilib xovuridan tushmoqchi edi. Keyin u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Va nihoyat bizga qarab:
— Bolalar, uzoqni ko‘ra oladigan bo‘linglar, — dedi. Biz hech narsani tushunmadik. Nima demoqchi edi? Bu so‘zning rasmga qanday aloqasi bor?! O‘rtaga jimlik cho‘kdi. Keyin yana o‘zi izohladi: —Ha, uzoqni ko‘ra oladigan bo‘linglar. Faqatgina hozirgi kunni, hozirgi mavsumni va yilni o‘ylamanglar. Hech bo‘lmasa, hayolan besh-o‘n yil keyingi hayotga sayohat qilinglar. Bugun shunday narsalar yozing, chizing, gapiringki, kelajakda o‘g‘il yoki qizingizga or-nomus darsi berganingizda yuzingiz qizarmasin..."
Sinfda churq etgan tovush yo‘q edi. Rasmni chizgan bolaning yuzi cho‘g‘ kabi qizargan edi. Muallim gapida davom etdi:
— Bugun shunday yashangki, ertaga umr yo‘ldoshingizning yuziga uyalmay qaray oling va o‘zingizga o‘zingiz: "Bu ham meni nazar-pisand qilmay, yechib-almashtirib ketsa bo‘laveradigan tufli deb o‘ylayapti-ku", demang.
Bu gaplar hammamizning qulog‘imizga qo‘rg‘oshinday quyilib qoldi...
Muallimning shu gaplari bilan men ham maktubimni yakunlayman. O‘lim va undan keyingi hayotni aslo esingdan chiqarmay, xayrli, yaxshi umr o‘tkazishingni tilayman. Keyingi xatimda bu mavzuni albatta davom ettiraman, inshaalloh... Salom bilan..."
Birin-ketin yuborgan ikki maktubimga Xulyodan shu javoblarni oldim:
«Hurmatli ustoz! Yuborgan maktublaringiz uchun katta rahmat. Endi o‘zimni sizning qarshingizda avvalgidek tushkun, jur’atsiz his qilmayapman. Chunki siz bu maktublarni mengagina emas, balki maktabdagi o‘qituvchi dugonalarimga ham yozayotirsiz. Tortgan qiyinchiliklaringiz ham faqat men uchun emas... Tavsiyalaringizga amal qilgan holda, doimo o‘zimni yetishtirishga, ko‘p bilimli, ma’lumotli va madaniyatli bo‘lishga g‘ayrat qilyapman. Umuman olganda, avvalgi chekkan iztiroblarimdan asar ham qolmadi. Ammo to‘liq huzur-halovatga erishdim ham deya olmayman.
Bu safar boshqa bir huzursizlik ichida qoldim. Ruhim bir qarorda emas. Ba’zan shavq va hayajon bilan to‘lib, bir nimalar qilishga harakat qilaman. Ba’zan esa ichimni bir ma’yuslik qoplaydi. «Sen ham odamsan-ku?! Shu axloqsizlik to‘fonini to‘xtatish sening bo‘yningdami? hamda, shu holing bilan-a?" deyman o‘zimga o‘zim. Keyin yana hushimga kelib: «Sen vazifangni bajar. Bir nimalar qilishning huzurini ko‘r. Hech bo‘lmasa, vijdoning xotirjam bo‘lsin", deyman. Ishqilib, oxiri yaxshilik bilan tugasin. Bu ruhiy holat ham uzoq davom etmaydi. Biror-bir dugonamga haqiqatlarni tushuntirar ekanman, undan kutilgan natija ololmasam juda xafa bo‘lib, ruxiy tushkunlikka tushyapman. Qisqasi, bir tajriba davrini yashayapman. Sizga bu gaplarni bir dardlashgim kelgani uchun, ichimni to‘kish uchun yozyapman. Bezovta qilgan bo‘lsam, uzr..."
Maktub juda uzun edi. Har xil mavzularni, bahslarni, suhbatlarni, ba’zan o‘zini xursand qilgan voqealarni jo‘shib hikoya qilibdi.
Men ham unga kechiktirmai javob yozishga kirishdim:


YETTINCHI MAKTUB


«Xulyo, senga bu xatimda «sevgi» haqida bir nimalar yozmoqchiman. Faqat, oldin sening «ich iztiroblaringga» qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman. Keyin yana asl mavzuga qaytaman.
G‘am-tashvishlar, dard-alamlar rohat-farog‘atga olib chiqadigan yo‘llardir. Agar danak daraxt bo‘lmoqchi bo‘lsa, tuproqqa aralashmog‘i, yer tagida siqilmog‘i, chirimog‘i zarurdir. O‘quvchi sinfdan sinfga o‘tmoqchi bo‘lsa, o‘zini uy yoki kutubxonaga qamashi kerak... «Kulfatsiz ne’mat yo‘qdir», so‘zi bu haqiqatni anglatadi. Sen qanday baxtlisan! Qanchadan-qancha odamlar, dugonalaring: "Mening unaqa ko‘ylagim yo‘q, bunaka uyim yoki mashinam yo‘q", deb dard chekayotgan bir paytda sen, biron-bir insonga ba’zi haqiqatlarni tushuntira olarmikanman, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata olarmikanman", deb iztirob chekyapsan. Bu holingni eng buyuk ne’mat bil.
O‘tgan maktublarimda ham ishorat qilganimdek, biz har on nihoyatsiz bir faoliyatda harakat etayotgan olamda yashayapmiz. Elektrondan tortib to sayyoralargacha bo‘lgan butun olam bir on bo‘lsa ham qarorini o‘zgartirgani yo‘q. Shunday ekan, sen ham ruh, va qalbingni to‘liq bir huzur-halovatga erishadi deb o‘ylama. Chunki sen bu olam bilan bog‘liqsan. Uning yozi seni isitar ekan, qishi sovuri bilan joningni achitadi. Ochiq havoda ichingning yorishganini, bulutli kunlar esa iching siqilganini his qilasan. Insoniyat olamidagi har xil kurashlar yana boshqacha bir beqarorlik namunasidir. Qalbingda ba’zan umid, ba’zan sarosima paydo bo‘lishini bu olamdagi faoliyatlarning kichik bir misoli deb tushungin. Shoir shunday ifoda etadi: "Bekorga kezibman, yo‘q emish tabiatda ichimdagi qadar chiqish va tushish..." Zotan, "qalb"ning lug‘aviy ma’nosi «o‘zgarish» demak. Uning ismida bu haqiqat yashiringan. Jumladan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir hadisi shariflarida qalbdagi o‘zgarishga shunday ishorat qiladilar:
"Qalb qirga tashlangan bir qush qanoti kabidir. Shamol u qanotni u yoqqa-bu yoqqa qanday uchirsa, qalb ham shunday o‘zgaradi». Qalbingni shunday tanib va olamni shu shaklda idrok eta olsang, rohat va huzur-halovat yo‘lini topgan bo‘lasan.
Ya’ni, bu dunyo huzur-halovat yeri emas, balki imtihon yeri ekanini, Haq taoloning saodat va azob manzili boshqa diyorda ekanini bilasan. Dunyodagi butun zavqu shavqlari va barcha go‘zallliklari jannatdan, butun g‘am-tashvish, alam, iztiroblar esa jahannamdan xabar beruvchi bir ishorat ekanini yaxshilab tushunib yetasan. Abadiy olamga nomzod ekaningni va bu foniy dunyo mehmonxonasida o‘sha boqiy diyor uchun kerakli bo‘lgan narsalarni tayyorlash lozimligini unutmaysan. Agar shunday o‘ylasang, bu axloqsiz jamiyatda yanglish tarbiya qarshisida chekkan iztiroblaring ham o‘sha boqiy diyor uchun bir sarmoya holiga keladi. Sening shu onda chekayotgan iztiroblaringni uch-to‘rt baravar ko‘prog‘ini ancha yil oldin bir voqea sababli men ham tortganman.
Urush yillari edi. Ish joyimdagi bir yigit aynan bunday degan edi: «Askarlikka chaqirsalar, bor-mayman. Agar ketsam... Urushga borib bekordan-bekorga o‘lib ketaveradigan anoyi emasman. Biz urushga ketaylig-u, bu yerda kazo-kazo akaxonlarning o‘g‘illari mayxonayu choyxonalarda ko‘ngilxushlik qilib yursinlar. Bekorchi axmoqlari yo‘q...»
Uning gapini bir do‘stimga aytgan edim, u shunday dedi: "Bunday fikr bir kishining qanoati emas. Bu gap vatan va millatiga nisbatan ichida ozmi-ko‘pmi xiyonat fikri bo‘lgan kishilarning og‘zidagi saqichdir. Sen bulardan faqat bittasiga duch kelibsan...»
Bu javob meni yana xafa qildi. Demakki, axloqsizlik bir gunoh va isyon emas, balki mamlakatning istiqbolini ham taxlikaga tushiradigan, yoshlardagi vatan sevgisi, mardlik, jasorat tuyg‘ulari o‘rniga shaxvatparastlikni ustun qo‘yadigan qo‘rqinchli (dahshatli) bir og‘u ekan.
Oradan yillar o‘tdi. Sening xatlaring mendagi bu eski iztirobli xotiralarni yana bir bor qalamga olishga majbur qildi. Bu xususda senga minnatdorlik bildiraman».
Mavzuni bir oz cho‘zib yubordim shekilli. Asl maqsadimizga kelaylik.
O’tgan maktublarimda jinsiyat mavzuida bir oz suhbat qilgan edik, bugun ham o‘sha mavzuning boshqa bir tarafini gaplashsak-da, yana sevgi to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tsak. Ilk boqishda mavzuimizga aloqasi yo‘qdek ko‘ringan bir hadisga e’tiboringni tortmoqchiman: «Islom dinini qabul qilgan bir kishi biron-bir shaxsga boyligi uchun hurmat ko‘rsatsa, dinining uchdan ikkisi ketadi».
Islom tavhid dinidir. Bu koinotning sohibi va moliki yagona Allohdir. Har qanday xayrli ish Uning xazinasidadir.
Islomiyat nur uchun quyoshga, bug‘doy uchun dalaga va davlati uchun boyga ular loyiq bo‘lmagan darajada minnatdor bo‘lmaslikni o‘rgatadi. Hamma va xar narsa faqatgina bir sabab, xolos. Butun ne’matlar Yer va Samoning Rabbi bo‘lgan Allohdandir. Bu darsni olgan bir kambag‘al-faqir rizq-nasibasini xuddi u berayotganday biron boyga hurmat ko‘rsatsa, tavhid ishonchi, ya’ni, Allohni bir deb qabul qilish e’tiqodi zararlangan bo‘ladi.
Boy-badavlat bo‘lsin, kambag‘al-faqir bo‘lsin, har bir inson avvalo imon, keyin esa axloq, fazilat, ilm, irfon, durustlik kabi yaxshi sifatlari uchungina sevilishi kerak. Boylik sevgiga sabab bo‘la olmaydi. Biron boy kishi bu hadisni o‘qisa, hech kimni minnatga qo‘ymaydi. Chunki u o‘zi ko‘rsatgan yaxshi-liklari, qilgan ehsonlari uchun haddan tashqari hurmat kutmaydi. Aks holda, qarshi tomonning sharaf va nomusi yonida dini bilan ham o‘ynashgan bo‘ladi.
Bularni nima uchun yozayotganimni ozmi-ko‘pmi taxmin qilgandirsan. Mayli, masalani yana ham ravshanlatay: bir yosh qiz vijdon, qalb va aql jihatidan bo‘lmasa ham, his olamida bir yigitning faqat uni o‘ylashini, uning aqlu xayolida doim o‘zi bo‘lishini, hatto o‘ziga yolvorishini istaydi. Nafsi bu holdan lazzat oladi, rohatlanadi. Kuch va quvvat tarafidan undan ustun bo‘lgan yigitning unga yolvorishidan, u yigitta o‘z hukmini o‘tkaza olinshdan nafsoniy zavq oladi. Ammo u o‘zini (Alloh saqlasin) bir «sherik», qarshisidagi yigitni esa «mushrik» holiga keltirish yo‘liga kirganini bilmaydi. Bunda qabohat u bechoraning o‘zidagina emas. Uni bu holga kel-tirgan ham erkaklardir; erkakligini unutgan, bandaligidan g‘ofil, ermak uchun bir bahona qidirgan va eng ta’sirli g‘aflat vositasi o‘laroq shaxvat va ayolni tanlagan shahvatparast erkaklar...
Uzoq yillar shu qanoatda bo‘lib keldim. Ammo bu qanoatim ichida bir sayul ham bor edi: «Ajabo, haqiqatan ham bularshshg bariga erkaklar sababchimikan?" O’tgan kunlarda buyuk bir olimning kitobidan o‘qiganim ushbu satrlar qanoatimni yanada quvvatlantirdi: «Erkaklarning xotinlashishi ayollarning erkaklashishi natijasini berdi», deydi olim. Shular xaqida bosh qotirib yurgan qunlarim bir oyati karima ma’nosining tarjimasiga duch keldim. Niso surasining 117-oyati (tarjimasi)da bunday deyiladi: «Ular Allohni qo‘yib, faqat sanamlarga sig‘inadilar va faqat itoatsiz shaytonga sig‘inadilar».
Oyatning tafsirida Allohga sherik keltirgan bir kimsaning ruhida eng buyuk g‘oya bo‘lib «ayol» joy olgani ko‘rsatilibdi va bunday deyilibdi: «Ba’zi erkaklar ayollarga qiymatidan ham baland bir maqom beradilar. Natijada insonning dunyoga kelish g‘oyasini «Allohga ibodat qilish" emas, balki (Alloh saqlasin) «ayolga sig‘inish» deb gumon qiladilar".
Bunga arab mushriklari sanamlariga ayol ismlarini qo‘yganlarini ochiq dalil desa bo‘ladi. Va yana, yunon va shunga o‘xshash bir qancha butparast xalqlarning but-sanamlari ayol ekani ma’lumdir.
Bu holat ayolga haqiqatan ham qiymat berganlaridan emas, aksincha, masalaning ichida Alloh huzuridan qochish, Unga ibodat qilishdan yuz o‘girish yotibdi. Agar bunday bo‘lmaganida edi, ayollardan butlar yasab, ularga sig‘ingan o‘sha qavmlar ayni zamonda ayol zotiga eng buyuk zulmlarni qilmagan bo‘lardilar. Tafsirlardan birida yozilgan "Iddioga qarasang, ayol har narsadir, amalda esa, o‘yinchoqlarning eng tubanidir», degan jumlalar ularning ayolga asl munosabatlarini qanday go‘zal ifoda etibdi!
Ayolning asl maqomidan (darajasidan) tushirib, unga sig‘inadigan darajada bog‘langan insonlar aslida shaytonning nayrangiga uchayotganlarini va bu hollari bilan shaytonga sig‘inayotganlarini oyati karima juda to‘g‘ri ifodalab qo‘ygan.
Oradan qancha yillar, qancha asrlar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, shayton yana o‘sha shaytondir, nafs yana o‘sha nafsdir. Hamma zamonlarda bo‘lganidek, bugun ham nafsiga asir va shaytonga o‘yinchoq ko‘pchilik erkaklar eng qulay g‘aflat vositasi qilib yana ayolni tanlashgan...
Ruhlarda yara ochuvchi bu holatni hozir izohlash mavridi emas, deb o‘ylayman. Bahsni shu yerda to‘xtatib, senga sevgi haqida ham bir-ikki satr yozmoqchiman.
Ajabo, sevgi nima o‘zi, deb hech o‘ylab ko‘rdingmi? Inson qalbiga bu oliy sifatni kim va nima uchun joylashtirgan? Inson kimni qay darajada sevsa, bu oliy hissini o‘z yerida ishlatgan va isrof qilmagan bo‘ladi?
Shu cheklangan inson taniga sevgisi va qo‘rquvi, umid va orzulari cheksiz bo‘lgan ma’naviy bir qalb joylashtirilgan. Bu qalbni ma’naviy qalb deganimiz, har holda, qaerda joylashgan degan savol tug‘dirmas, albatta. Bordiyu shunday savol so‘ralsa, aql miyaning qaerida ishlayotgan bo‘lsa, ma’naviy qalb ham badanning o‘sha joyida ish ko‘ryapti, deb javob berarsan.
Ko‘rish, eshitish, hidlash va hatto tushunish har biri ayri bir kanaldir. Bularning eng sof mevalari, ya’ni, so‘ng mahsullari qalbga to‘planishdadir. Masalan, go‘zal bir manzarani ko‘rgan inson uni darrov sevadi. Bu sevgi uchun u aqliga murojaat qilmaydi. Ya’ni,  «Bu manzara go‘zaldir,   sevishga loyiqdir. Shunday ekan, uni sevishim kerak!" degan qarorga kelib olib keyin sevishga boshlamaydi. Manzarani ko‘rgan zahotiyoq unga yoqib tushib va qalbi o‘sha tomon yo‘naladi. Bunda sevgi ko‘z orqali qalbda porladi. Inson bulbulning xush ovozini ham sevadi. Bunda sevgi quloq vositasida qalbga kirib keldi. Xuddi shunday, anglash (idrok etish) ham sevgi vasilasidir. Masalan: yaxshi bir kitob o‘qisak, uning yozuvchisiga nisbatan qalbimizda bir bog‘liqlik, bir muhabbat hosil bo‘ladi. Bunda sevgiga anglash, ya’ni, akl yusita bo‘lmoqda. Demak, qalb aqldan ham kengroq bir doira, hatto uning qo‘mondonidir...
Inson ruhi kamolotdan, ehsondan, go‘zallikdan xabardor, tomosha haqqini bera oladigan bir ruhdir. Qalbi esa, bularning hammasini seva oladigan qalbdir. Shunday ekan, buni bunday tushunishimiz kerak emasmi: ya’ni, bizga ko‘z ne’matini bergan zot olamni sevdirib, Uni bilishimiz va Unga (Allohga) muhabbat qo‘yishimiz uchun koinotni go‘zalliklar bilan to‘ldirdi. Bizga quloq ne’matini baxsh etgan Rabbimiz tinglab, tafakkur qilishimiz va u xushovoz-sadolar olamining yaratuvchisini topishimiz va sevishimiz uchun bu olamni har xil go‘zal oyuzlarga to‘ldirdi. Ayni zamonda, bizlarga aql ne’matini lugf etgan Xoliqimiz bu koinot kitobini o‘qishimiz va undagi narsalarning yaratuvchisini topib, unga muhabbat qo‘yishimiz uchun shu koinotni atomidan hujayrasigacha, maysalardan yulduzlargacha bo‘lgan nihoyasiz ma’nolarga to‘ldirdi. Bularning hammasini bir chetga surib qo‘yib, bular haqida o‘ylashni ham o‘ziga loyiq ko‘rmay, qarshi jinsdagi bir insonning sevgisi bilan qalbini to‘ldirish esli-hushli inson zotiga hech yarashmasa kerak.
Ayolga bo‘lgan sevgining ham bu olamda o‘rni bor, albatta, Ammo har bir narsasi joy-joyiga qo‘yilgan bu dunyoda har a’zosi, har his-tuyg‘usi joy-joyiga qo‘yilgan bu inson o‘ziga ehson qilingan bu sevish ne’matini ham o‘rnida ishlatishga majburdir.
Men bu keng mavzuning eshigidan qaytgan holda so‘zimni sevgi haqida davom ettiraman.
Inson bu qiymatli hissini isrof qilmasligi kerak. Kim qanchalik sevgiga loyiq bo‘lsa, uni o‘sha darajada sevishi kerak. Inson yulduzlarni sevadi, ammo o‘z bog‘idagi daraxtlarchalik emas... Daraxt shoxlaridagi mevalarni sevadi, ammo o‘z barmoqlarichalik emas... Qo‘lini, oyog‘ini, ko‘zini, qulog‘ini sevadi, ammo aqlichalik emas. Qo‘shnisining farzandini sevadi, ammo o‘z farzandichalik emas.
Bugun bu muhabbat sabablariga inson ruhi «labbay» deb javob beradi. Ya’ni, hammasini yetarlicha seva oladi va u qalbda joy torligi yo‘qdir. Xuddi mana shu hol bizlarga mana bu haqiqatdan saboq bermoqda:
Qalblardagi nihoyatsiz muhabbat qobiliyati faqat muqaddas zoti kabi butun sifat va fe’lllari ham nihoyatda barkamol bo‘lgan Alloh uchundir. Bu olamdagi bugun go‘zalliklar Uning go‘zal ismlarining bir tajalliyidir. Bu mavzuda yana bir buyuk haqiqatni ham aytmasdan o‘ta olmayman.
"Qalb botini Somad oynasidir". Ma’lumki, «Somad» Janobi Haqning bir ismi bo‘lib, har bir narsa unga muhtoj va U hech narsaga muhtoj emas, deganidir. Inson qalbining eng buyuk ehtiyoji o‘zini yaratgan va eng go‘zal shaklda tarbiyat qilgan Rabbiga imon keltirishidir. Uni sevishi va Undan qo‘rqishidir. Badanidan tortib to quyosh-yulduzlargacha bo‘lgan barcha narsalarni o‘zining amriga bo‘ysundirgan Sultonlar Sultoniga shukr va hamd aytishdir. Inson qalbi faqatgina bu imon, ma’rifat va muhabbat bilangina huzur topadi, tatmin bo‘ladi. Sevgi hissini o‘z o‘rnida ishlatmoqchi bo‘lgan har bir inson, avvalo va eng ko‘p o‘z Rabbini, Xoliqini sevishi kerak va keyin boshqa narsalarni ham yana Alloh uchun sevishi kerak.
Bugun "sevgi" va "ishq" deganda aqlimizga darhol ayol va shahvat keladigan bo‘lsa, buni bir kasallik, tubanlik va parishonlik deb bilishimiz lozim...
Shuni ham yaxshi bilishimiz kerakki, har narsani va har bir zavqni, jumladan, ayolga (yoki erkakka) bo‘lgan sevgini ham, Alloh soyasida seza olamiz. U bizni juft-juft qilib yaratmaganida, ayol (yoki erkak) sevgisini qaerdan bilar edik? Bu haqiqat haqida Qur’oni karim bunday dars beradi: "Uning oyatlaridan (yana biri) — U zotning sizlar hamdam bo‘lishlaringiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratishi va o‘rtalaringizda sevgi va mehr-muhabbat paydo qilishidir. Shubhasiz, bunda tafakkur kiladigan qavm uchun (ibratlar olinadigan) alomatlar (oyatlar) bordir» (Rum, 21-oyat).
Ko‘rganingdek, «oyat» so‘zi bu yerda "dalil", "alomat" ma’nosida kelmoqda. Koinotga qarasak, hamma narsa joy-joyiga qo‘yilganini, u narsalar mukammal bir nizom ostida harakat qilayotganini ko‘ramiz. Mana shu hol ularga nizom beruvchi bir Zot bor ekaniga dalil-hujjatdir. Ongsiz narsalarning ongli vazifalar bajarayotgani yana bir dalildir. Koinotdagi go‘zalliklar, Go‘zallashtiruvchining, butun ne’matlar esa bir Ne’mat Beruvchining bor ekaniga dalildir. Qur’oni karim oyatlarining har biri alohida-alohida haqiqatlarga dalil va alomatdir... Ushbu oyati karima bizga ko‘pincha biz unutib qo‘yadigan boshqa bir dalilni — insonlarga o‘z turlaridan juftlar yaratilgani va oralarida sevgi-marhamat hissining qo‘yilganini eslatmoqda...
Insonga biron hayvon turidan emas, balki o‘z turidan zavjalar yaratilishi haqiqatan ham katta bir ne’matdir. Yana, erkak va ayol o‘rtasidagi mehr-muhabbat ham qanchalik buyuk bir lutf! Shunday bir xayol qilaylik: U ko‘rsatmasa edi, biz nimani ham ko‘ra olardik?! Shundoq ham hali biz ko‘ra olmaydigan qanchadan-qancha borliqlar bor. Masalan, ruh, aql, farishtalar, elektromagnit to‘lqinlari kabi... U eshittirmasa edi, biz nimani ham eshita olardik?! Hali ham biz eshita olmagan ko‘p ovozlar bor. Ma’lum chastota oralig‘idan tashqaridagi ovozlarni eshitmaymiz.
U sevdirmasa edi, biz nimani seva olardik?! Hali ham biz xazar qiladigan, hayvonlar esa yoqimli ishtaha bilan yeydigan qancha ne’matlar, biz jirkanadigan, ammo ular buyuk zavq bilan tomosha qiladigan qancha mavjudotlar bor. Pashshaga axlatlarni bol kabi sevdirgan, mushukka sichqonni maftun ettirgan bir hikmat bizga ham shunga o‘xshash yomon narsalarni-da sevdira olardi. Biz ham mamnuniyat bilan sevardik...
Demak, bizlarga berilgan sevgi va marhamat faqat Allohning ehsonidir. Bu ehson bo‘lmaganida edi, hech bir erkak daromadiga sherik va ustiga yuk bo‘ladigan bir ayolni va bir necha farzandni boqishdek mashaqqatni zimmasiga olarmidi?!
Masalaning boshqa bir jihati ayolga ham tegishlidir.
Inson naslining ko‘payishini ayol va erkak orasidagi munosabatga bog‘lagan Alloh bu vazifaning bajarilishi, amalga oshirilishi uchun bu ikki jins orasida sevgi va marhamat hissini ijod etgandir.
Oyatning so‘ngida bayon qilinganidek, "Shubhasiz, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun (ibrat olinadigan) alomatlar (oyatlar) bor".
Erkak va ayol bir turga mansub bo‘lganlari holda oralarida qanchadan-qancha badaniy va ruhiy farqliliklar mavjud. Bularning hammasi inson naslining davomiga xizmat qiladi. Har ikki jins xam bu xizmatga eng uygun holda yaratilgan va tarbiyat etilgandir. 
Asrimizning eng yomon tahlikasi ayolga bo‘lgan sevgining yanglish tushunilishidadir. Modomiki har narsaning ham eng yaxshisi halol doirada bo‘lgani ekan, halol yemoq, halol topmoq, to‘g‘ri so‘zlamoq kabi halollikni er-xotin o‘rtasidagi sevgiga ham tatbiq qilmog‘imiz darkor.
"Ayol nima uchun seviladi?" savolining javobini, afsuski, aksariyat yoshlarimiz bilmaydilar. Oyatdan olgan sabog‘imizga ko‘ra, masalani ushbu shaklda anglashimiz lozim: ayolni erkakka Alloh sevdirgan, erkakni ham ayolga Alloh sevdirgan; Allohning bu sevdirishi albatta halol doirada va haq uchun, yaxshilik uchun, jannat uchundir... G’ayri mashru’ (halol bo‘lmagan) "sevgi"lar bu sevdirishga kirmaydi. Unday "sevgi"lar Rahmoniy emas, shaytoniydir. "Ayollar shaytonning tuzog‘idir" hadisi sharifida shunga o‘xshash "sevgi" tuzog‘iga ilinganlarning achchiq va alamli oqibati yuyat aniq bir shakdda bayon qilingan.
Bir ayol AYoL o‘laroq faqat eri tarafidan sevilishi mumkin, xolos... Bundan tashqaridagi butun "sevgi"larni shaytonga tuzoq sifatida ta’riflasa bo‘ladi. Agar bir qiz ertaga kim bilan turmush qurishini bilmagani holda (zotan, oldida turgan uzun bir imtihon hayoti davomida kimning o‘lib, kimning qolishi ma’lum emas ekan) atrofdagi yuzlarcha insonning diqqatini o‘ziga jalb qilib, yoshlarning shahvat hirslarini qo‘zg‘atib, biroq shu yuzlarcha insonlardan faqatgina bittasi bilan turmush qurishini bilaturib o‘zini o‘lchovsiz darajada ochiq-chochiq bezab yurgan bo‘lsa, bu qiz sevgining haqiqatiga erishmagan, tushunib yetmagan va bilmasdan shaytonga to‘r-tuzoq bo‘lgan bo‘ladi.
Shayton esa u to‘r-tuzoq bilan qanchadan-qancha yoshlarning iffatini, hayosini va, qolaversa, imonini ovlaydi.
Qanchalarining xayollarini buzib, ichki dunyolarini xarob qilganidan keyin ulardan birisi bilan oila qurgan yosh qiz u bilan nikohlanadigan kungacha halol bo‘lmagan bir hayotni yashaydi. Bunday hayotining oxiri nikoh bilan ta’minlansa ham, orqasida gunoh va isyon to‘la kattakon bir zamon bo‘lagi qoladi. Yoxud, ko‘pincha bo‘lganidek, arzimas bahonalar bilan bu turmush buzilsa, oxiratdagi dahshatli azob yonida dunyoda ham har ikki taraf uchun umr bo‘yi davom etadigan vijdon azobi meros qoladi.
Bir oz mavzu tashqarisiga chiqqanday bo‘ldim. Maqsadga yaqinlashaylik. 
Ayolni "shaytonning tuzog‘i" deb ta’riflagan hadisi sharif ham ayollarni diqqatli bo‘lishga chaqirmoqda, ham shahvat asiri erkaklarning aslida kimning tuzog‘iga ilinganlaridan xabar bermoqda va ularni tergamoqda. Ya’ni, hadis shahvatiga asir erkakni shayton to‘riga ilingan baliq kabi tasvirlayapti.
Xulyo, juda yaxshi bilasanki, imon kufrning ziddi bo‘lganidek, itoat isyonning va, nihoyat, dunyo ham oxiratning zidlidir. Bulardan biriga qay nisbatda yaqinlashsang, narigisidan o‘sha nisbatda uzoqlashasan. Qanchalik itoat etsang, isyon bilan munosabating shunchalik kesiladi. Imoning ne chog‘li kuchli bo‘lsa, kufr va isyondan shu daraja uzoq bo‘lasan. Shunday ekan, dunyoga qanchalik e’tibor bersang, oxirating shunchalik yuzaki bo‘ladi. Dunyo zavklarini qanchalik oldinga qo‘ysang, abadiy saodatingdan shunchalik uzoqlashsan. Bu yerdagi "dunyo"dan maqsad oxiratga parda bo‘lgan dunyodir. Bir hadisi sharifda dunyoning bu tomoniga ishorat qilinib: "Dunyo sevgisi har xatoning boshidir!" deb marhamat qilingan. Men bu masalaning ayolga oid bo‘lgan tomonlari ustida bir oz to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Dunyo sevgisida eng katta qism ayolga oiddir. Zero, u dunyo tushunchasining eng jonli ifodasidir.
Sarvat, mansab, martaba, obro‘ kabi narsalar insonni hol tili bilan o‘zlariga tortsa, ayolda bu chaqiriq jonli va ovozli holga keladi, Ya’ni, ayol gapiradigan, kuladigan, nozlanadigan, ishvalanadigan, hiyla va nayranglari ko‘p bo‘lgan jonli bir dunyodir... Shuningdek, oxirat saodatini qozonishga katta mone’ va to‘siqdir...
Bugun fikru zikrini bir ayolni rozi qilishga sarflagan inson bora-bora ilohiy rizoni o‘ylamaydigan holga keladi. Bularni ayollarni yomonlash uchun emas, balki seni va dugonalaringni shundayin shaytoniy bir vazifani ado etishdan qat’iyyan qaytarish uchun yozyapman...
Alloh insonlarni O’zini bilishlari va sevishlari, rizosiga noil bo‘lishlari va ma’rifatida martabalarga erishishlari, natijada jannatga loyiq bir qiymatga ega bo‘lishlari uchun yaratgan. Bu haqiqatdan g‘aflatda qolib, borlig‘ingni faqat jinsiy aloqaga bag‘ishlashing, albatta, shaytoniy va nafsiy bo‘lishdan nariga o‘tmaydi. Va nihoyat, yon daftarchamdan bir purma’no so‘z havola etaman:
"Bir qadah bilan sarxush bo‘lgandan keyin dengizni qanday icha olasan?!" Kunimizdagi yoshlar tomchiga oshiq va u bilan mast-sarxush bo‘lish payida... Dengizni ichishdan maqsad qalbga ilohiy muhabbatni joylashtirishdir.
Butun borliqlar faqat Alloh uchungina sevilishi kerak. Erkak va ayolning halol doiradagi sevgisi zotan U qalblarga joylashtirgan bir aloqa hissidir. Uni sevishga mone’ emasdir. Sevgi hissini o‘z o‘rnida ishlatishingni tilab, maktubimni yakunlayman. Salom bilan..."

Bir oydan keyin Xulyodan javob keldi. Yozgan maktubi meni ham sevintirdi, ham o‘ylantirdi. Bu safar uning ruhi yana bir pog‘ona yuksalgan edi. Maktubida yoshlarning bugungi hol-ahvolidan qayg‘u, iztirob va andishalarini ifoda etibdi. Ilk maktublarida o‘z holini tasvirlar ekan, ich tuyg‘ularini ifodalash uchun ishlatgan so‘zlarini bu safar umumiy o‘laroq yoshlarning axloqiy inqirozini ifodalashga sarf qilmoqda, ularga ich-ichidan achinmoqda, ammo qo‘lidan ham hech narsa kelmayotganini qayg‘urib yozmoqda edi.
Maktubning bir yerida mendan shunday ahvolga tushganida nimalar qilishi kerakligani so‘rabdi. Unga javob yozdim:


SAKKIZINCHI MAKTUB


"Haqiqatni izlagan Xulyo! Maktubingda seni farzandlari dardida yonayotgan bir ona psixologiyasi ichida ko‘rdim. Bu yoshingda shunday bir kamolotga erishganing uchun seni tabriklayman. Yoshlarning holini qanday talqin qilishimga kelsak, bu mavzuda nima deb yozishga ham hayronman. Hodisalar hammaning ko‘z o‘ngida kechyapti. Bo‘yiga yetgan yoki, boshqa bir ifoda bilan aytganda, turmush qurish yoshiga yetgan yoshlarning bolalarcha xatti-harakat qilayotganlariga tez-tez shohid bo‘lamiz. Na qiz "onalik"ka nomzod bo‘lganini his qiladi, na yigit bo‘lajak otaga yarashadigan bir vaziyat ichida. Qizlarimiz yigitlar bilan gaplashishar ekan, shunchaki tabassum qilinadigan oddiy bir hazil uchun ovozlari boricha qahqaha otib kulishadi. Yigitlar ham samimiyatsiz va sun’iy kulishlari bilan bunga javob qaytaradilar.
Bu ifodalarimdan zinhor bu odamda yoshlarga nisbatan nafrat va dushmanlik hissi bor ekan deb o‘ylama. Men ularning o‘zlariga emas, yanglish harakatlariga qarshiman. Ularning o‘ziga qalban achinib, mehr-shafqat nazari bilan qarayman. Gunoh yo‘llardan qutulishlarini jon-jon deb orzu qilaman va bu xususda umidim hali ham so‘ngan emas. Zamonamizning ishtiyoqsiz, maqsadsiz, qahqahachi, tanbal, tentaknamo, qoni qaynoq yoshlarining haqiqatda ichlarida ruhiy bir bo‘shliq borligini va bu bo‘shliqni moddiy narsalar bilan to‘ldirish payida ovora ekanlarini ham yaxshi bilaman. Dardlarining davosini boshqa yerdan qidirayotganlarini xam tushunib turibman. Modomiki senda ham bu yoshlarga nisbatan bir achinish hissi paydo bo‘lgan ekan, bu hisni to‘g‘ri qo‘llash kerak. Masalaga jahl bilan emas, shafqat bilan yondash. Bu mavzuda senga bir voqea aytib beray. Bu voqea qalbimni tubdan yaralagan ibratli hodisadir. Zamon va makonini aytib gapni cho‘zib o‘tirmay, qisqacha qilib tushuntiraman...
Bir yosh qiz universitetda o‘qish uchun bir shaharga keldi va shahvat savdogarlarining qo‘liga tushdi. Tez aldanuvchan zaif qalbi, tez hayajonlanadigan hissiyoti unga kelajakni unuttirgani uchun "hamma shu-ku" deya boshladi. Mehnat o‘rnini kayfu safo, dars o‘rnini mayxona, kafe va restoranlar egalladi. Bu ketish nihoyat kutilgan natijani berdi. Oqshomlari yotoqxonaga kech kela boshladi va yotoqhonadan xam haydalish darajasiga bordi. Ahvolini otasiga xabar qilishdi. Bechora ota qizini u shaxardagi iflos muhitdan qutqarish uchun orqasidan keldi. Qizi bilan ko‘rishganidan va, kech bo‘lsa ham, otalik nasihatlarini aytganidan keyin: "Bu shaharda qismating shu ekan, narsalaringai yig‘ishtir, ketamiz", dedi. Nima qilarini bilmay qolgan qiz "mayli" deb xonasiga kirib ketdi. Hammasi orada kechgan bir-ikki daqiqa ichida ro‘y berdi. O’sha onda vijdonini qanday hisob-kitob qilganini, nimalarni o‘ylaganini bilolmaymiz, ammo biz bilgan bir narsa shuki, bir darbadar ko‘ngil chirog‘i so‘ndi. Nima bo‘ldiykan, deb yugurgan hammaning ketidan ota ham yugurdi va olomon o‘rtasida qizining jonsiz jasadini ko‘rdi...
Menimcha, bu qiz otasini rad qilish o‘rniga, o‘zini yotoqxona derazasidan tashlash bilan, ruhida hali tamoman so‘nib ulgurmagan bir uyalish tuyg‘usining borligini u yerga to‘plangan olomonga jasadi bilan ko‘rsatmoqchi va jonsiz boqishlari bilan ularga: "Meni bu holga sizlar keltirdingiz!" demoqchi edi.
Ha, bu qizcha shunchaki ma’lum kimsalarning shahvat tuzog‘iga tushib qolgan emas. U bugun bir jamiyatning qurboni edi. Hamma "sevgi" deb esini yegan, gazit-jo‘rnollar eng bosh sahifalarini ayol uchun ajratgan, radio-televidenie dasturlari, kuy va qo‘shiqlar "ayol, ayol" deb baqirib jar solayotgan bir jamiyatda o‘sib ulg‘aydi. Hammani domiga tortib, jamiyatni bezovta qilayotgan bu iflos havo nihoyat qizni ham zaharlagan edi. Bu bechora qiz va unga o‘xshash yuzlab, minglab yoshlar to‘xtovsiz tashviqotlar bilan shunday bir xayot falsafasini majburan qabul qilishga rozi bo‘lishgan va bo‘lishmoqda. Bundayin razil hayotni go‘yoki hech kimning ta’siri ostida emas, balki o‘zlari tanlaganlariga ishonishardi. Uzoq yillardan beri ularga or, nomus va hayo kabi tushunchalar "eskicha", "qoloqlik" deb singdirildi, zamonaviy, madaniyatli yosh avlod bunaqa to‘siqlarga muglaqo parvo qilmasligi kerak, deb uqdirib kelindi. Nafslari silab-siypalandi, o‘zlari esa xunuk bir o‘yinga qurbon qilindi. "Yig‘ishtir shu hayo degan narsalarni, oshib o‘t bunday to‘siqlardan", degan davomli va makkorona talqinlarga duch keldi yoshlar. Ularni ovlash payida bo‘lgan ba’zi qora niyatli guruhlar "Hech o‘zingni yo‘qotma"; "Sen ham hammaga o‘xshagan odamsan-da"; "Hozir zamon shunaqa"; "O’tmish va kelajakni unut, kunlik kayfu safoga, o‘yin-kulgiga boq, yoshligingda o‘ynab qol", deb shaytoniy yo‘l-yo‘riqlar bilan yo‘ldan adashtirib, oxir-oqibat o‘ziga o‘t qo‘yishdek, osib o‘ldirishdek yoxud suvga, poezdlar tagiga o‘zini tashlashdek mash’um natijalarga sabab bo‘lishdi.
Sog‘lom aql, uyg‘oq vijdon bilan idrok etilsa, hech bir shaxsning rozi bo‘lmasligi aniq bo‘lgan bu buzuq hayot falsafasini, afsuski, hozirgi kunda aldangan ba’zi yoshlar qabul etmoqda. Natijada o‘ylashdan, fikrlashdan qochadigan, aldamchi nayranglarga jon deb yopishadigan, g‘aflatga oshiq, ayshu ishratga maftun, faqat maishatu o‘yin-kulgi bilan umrguzaronlik qiladigan g‘alati bir nasl yetishib chiqdi.
Bu o‘rinda bir mutafakkirning so‘zini ham aytib o‘tish lozimdir: "Missionerlar islohotlar davridan beri musulmon dunyosida muqaddas tuyg‘uni, ya’ni, islomiyatni o‘ldirish payidan chopmoqda. Bu muqaddas tuyg‘u o‘rniga o‘zlarining buzuq e’tiqodlarini singdira olishmasligi aniq edi. Chunki missionerning asl maqsadi xristianlashtirish emas, balki azaliy raqibi bo‘lgan musulmonlarni etnik jihatdan parchalab tashlashdir. Xohlagan qolipiga sola oladigan, ongsiz va irodasiz bir loy holiga keltirish..."
Yoshlarni qanday qilib bu holatga olib kelishdi?!
Bu masala katgakon bir tadqiqot mavzuidir. Bitta yoki bir nechta maktub bilan hal bo‘ladigan masala emas bu. Faqat bu qadarini aytay: gazit va jo‘rnollardan ro‘mon va hikoyalargacha, kinofilmlardan radio-televidenielargacha jami nashr organlari ustida, zamon omillari ham hisobga olingan holda, bir tadqiqot qilinsa, bugungi bir qancha ijtimoiy kasalliklar, xuddi vabo kasalligi kabi birdan paydo bo‘lmagani, balki juda ham ongli va rejali bir g‘ayratning mahsuli ekani ravshan bo‘lar edi. Kechagina ajdodlarimizdan dars olgan Ovrupa bugun, masalan, "Go‘zallik musobaqasi" ostida qizlarimizni huzuriga jalb etib, eng xunuk bir shaklda imtihon qila olayotgan bo‘lsa va biz bunga parvo qilmaydigan holga kelgan bo‘lsak, buning tasodif emasligi oydinlashadi.
Tadqiqot davomida ashula, qo‘shiq va musiqalarning matnlarigacha sinchiklab, bularning o‘z madaniyatimizga, qadriyatlarimizga qanchalik to‘g‘ri kelishi ham tahlil qilinmog‘i lozim bo‘ladi. Bozorlarda, ulovlarda, tog‘larda, ko‘cha-ko‘yda, uylarda magnitofonlar, karnaylar bir-biri bilan musobaqalashib: "Nihoyat sen menikisan", "Bir kun yana qaytib kelasan", "Biz baribir birga bo‘lamiz" kabi shilta qo‘shiqlarni yuzlarimizga sachratyapti, ularni tinglagan yoshlarning, o‘zlari bilmagan holda, aqllarini olib, xayollarini parishon qilyapti. Va bu yoshlar aql bobida bo‘lmasa ham, his bobida o‘ziga bo‘lajak umr yo‘ldoshi deb tanlagan qizning boshqalar bilan xohlagancha yurib, nima qilsa ham, eng muhimi, oxirida yana o‘ziga qaytib kelishini g‘alaba deb o‘ylaydigan holga tushishdi.
Bunday tuyg‘u yosh qiz uchun yana ham xavflidir. Boshqa shunga o‘xshash shahvat nag‘malarini ham bunga qiyoslashing mumkin.
Bulardan tashqari, "sevgi" haqidagi ro‘mon yoki hikoya jamiyatga yozuvchining hayot tushunchasini asar qahramonlari orqali taqdim etishidan boshqa narsa emas. Bir yozuvchini haqiqiy ma’noda tanimasang, nomus va oila haqida uning fikrlaridan xabarsiz bo‘lsang, uning asarini o‘qishing tog‘u toshda yo dalada begona erkak bilan yolg‘iz holda sayohat qilishdek tahlikalidir. U seni yolg‘iz uchratishdek imkoniyatni qo‘lga kiritsa, darhol butun qora niyati va axloqsiz o‘gitlarini oldishta to‘kib soladi. Ammo u bu ishni asaridagi voqealarga burkab, qahramonlari orqali, o‘zi hodisalar orqasida yashiringan holda ustakorlik bilan amalga oshiradi. Ro‘mon qahramonlari go‘yo bir mikrofon karnayi, ammo gapirayotgan har doim yozuvchining o‘zidir. "Suhbatda bog‘lanish bordir" haqiqatidan ham kelib chiqib, toza qalbli bir o‘smir bunday asarlarni o‘qiy-o‘qiy oxiri hayotga o‘sha ro‘mon (asar) qahramonlari kabi qarab, koinot va insonlarni ularning ko‘zi bilan idrok eta boshlaydi. Aslida la’natlanishi kerak bo‘lgan bir fikr ro‘mon qahramonlari orqali o‘quvchiga g‘oyat tabiiy holda sevdirilishi mumkin. Hozirgi kunda dunyoning har tarafiga yoyilgan axloqsiz nashr, kino va videolar oldida ro‘monlar ham orqada qolib ketdi. Ovrupa yoshlarini shahvat botqog‘iga botirgan ham shu hayosiz nashrlarning "beminnat" xizmatlaridir. Natijada bugun fohishabozlik bugun dunyoda katta bir tahlika sifatida qabul etilmoqda. G’arb dunyosi bu masalada o‘z yog‘iga o‘zi qovrulmoqda. Yengiltak, hayosiz va natijada narkotik og‘u mubtalosi bo‘lgan yoshlarni qutqarish tashvishida boshi qotgan. Bir tomondan esa, bizga ham ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bizning yoshlarimizni ham domiga tortmoqda. Bir gazitda bunday bir ma’lumotga duch keldim: "Amriqoda to‘rtta shtatda 1200 ayol orasida o‘tkazilgan tekshirish ulardan 43 foizi erlariga xiyonat qilib, aldaganlarini ko‘rsatdi". Amriqo shunday bo‘lsa, Fransani, Shvetsani o‘zing tasavvur qilaver.
O’lkamizda G’arb bunday axloqsizliklarni yoyishi ba’zi mutasaddilarning ruxsati bilan yanada tezlashmoqda. Agar yoshlarimiz G’arbga maftun bo‘lib, g‘arblashish payiga tushsa, natija juda yomon bo‘ladi...
Ammo shunisiga ham shukr qilib ayta olamanki, millatimiz va oilaviy ahvolimiz hali bunday ayanchli holatga tushgani yo‘q. Yana bir bor chuqur o‘ylab ko‘rishga imkonimiz bor. Zotan, bir asrga yaqin chekkan iztirob va yaralarimiz hali bitganicha yo‘q. Bu yaralarni davolash sizlardek nomusli va g‘ayratli, vatani, millati va dini haqida qayg‘uradigan, imonli nasllarning harakatlari va g‘ayratlari bilan amalga oshajakdir, inshaalloh...
Salom bilan..."

Muallif: Alouddin Bashar
Tarjimon: Davron Qobil
"Hidoyat" jurnalidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.