background
logotype
image1 image2 image3

Salom berish sunnatdir

Ikki mo‘min bir-biriga duch kelganida, xoh tanish va xoh notanish bo‘lsin, salom berishlari kerak. Salomlashish sunnatdir. Bir kishiga salom berilsa, javobi farzi ayndir, ko‘p kishiga salom berilganida, bir kishi javob qaytarsa, kifoya.

Salomni “Assalomu alaykum!” yo “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!” deb to‘liq aytish kerak. Javobda “Va alaykum assalom!” yo “Va alaykumus-salamu va rohmatullohi va barokatuh!” deyiladi. Javob albatta to‘liq aytiladi, qisqa qilib aytilmaydi. Javob kechiktirilsa, salom beruvchiga eshittirilmasa, farz gardandan tushmaydi.

Bir kishi ko‘pchilik mo‘minlarning oldiga kirsa, bir kishini emas, barchani qasd qilib salom beradi. Ammo ko‘chada va bozorda bir kishini xoslab salom bersa ham bo‘ladi. Agar bir kishi boshqa kishiga birovdan salom aytib yuborsa, o‘rtadagi odam salomni yetkizsa, darhol javob berish vojib. Agar maktubda salom bitilsa, u holda ham javob lozim bo‘ladi.

Salom berishda qo‘l, kaft, bosh bilan ishora qilinmaydi. Bunday qilish makruhdir.

Baland ovozda salom beriladi va javob ham salom beruvchiga eshitgiriladi. Agar karga yo gungga salom berilsa, ham ovoz chiqariladi, ham qo‘l bilan ishora qilinadi. Agar kar yo gung salom bersa, javobda ham talaffuz, ham ishora bo‘lishi kerak.

Katta kichikka, otliq (har qanday ulovdagi odam) piyodaga, yurgan o‘tirganga, boy kambag‘alga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi.

Begona kishi chiroyli xotinga salom bermaydi, agar u salom bersa, javob olmaydi. Xotinlarning ham bir-birlariga salom berishlari sunnatdir va javobi shartdir.

O‘n bir holatda salom berish makruh, javobi ham lozim emas:
— hojatxonadagi kishiga;
— junub holatdagi kishiga;
— uxlagan odamga;
— hammomdagi yuvuqsiz kishiga;
— taom yeb turgan kishiga (agar taom og‘zida bo‘lsa, salom bermaydi, taom og‘zida bo‘lmasa, salom joiz va javobi lozim);
— xutba o‘qiyotgan imomga;
— azon yo takbir aytib turgan muazzinga;
— namoz o‘qiyotgan kishiga;
— Qur’on o‘qiyotgan odamga;
— duo qilib turgan kishiga;
— hajga ihrom bog‘lagan odam “Labbayka” aytib turganida.

Musulmon kishi o‘zga dindagi odamga salom bermoqchi bo‘lsa, “Assalomu ‘ala manittaba’al huda — to‘g‘ri yo‘lda yuruvchiga salom!” deydi, undaylarga xat yuborilsa, maktub oxirida ham salomni shu tariqada yo‘llaydi, ammo “Assalomu alaykum” demaydi.

Agar g‘ayridin muslimga salom bersa, javobida “Va alaykum”dan boshqa so‘z aytilmaydi.

Xayrlashish vaqtida ham salom sunnatdir.

Muhammad Sodiq Rushdiy
«Yaxshi kishilar odobi» kitobidan olindi.
«Hidoyat» jurnalining 2003 yil 2-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.