background
logotype
image1 image2 image3

Salavot fazilati

Ubay ibn Ka’b rivoyat qiladi: “Rasululloh (s.a.v.) tunning uchdan ikki qismi o‘tgach turib: “Ey insonlar, Allohni zikr qiling! Allohni zikr qiling! “Larzaga soluvchi” kelishi aniq. “Ta’qibchi” ham uning ortidan keladi. O‘lim ichidagilar (shiddat va anduh) ila keladi!” der edilar”.

Ubay davom etdi:

– Yo Rasululloh, men sizga ko‘p salavot aytishni istayman.  (Duolarimning qancha qismida) Sizga qancha salavot va salom aytay?

– Istaganingcha, – dedilar.

– To‘rtdan bir (qism)i yetadimi? – dedim.

– Istaganingcha, – dedilar va “agar ko‘paytirolsang, sen uchun xayrliroq”, deb qo‘shib qo‘ydilar.

– Uchdan ikkisi-chi? – deb so‘radim.

– Istaganingcha, – dedilar va “agar ko‘paytirolsang sen uchun xayrliroq”, deb aytdilar.

– (O‘zim haqqimga duo qiladigan) vaqtimni butunlay sizga salavot va salom aytishga ajrataymi? – dedim.

– Bunday bo‘lsa, istagan duoying qabul qilinadi, gunohlaring kechiriladi, – dedilar (Termiziy rivoyati).

Hadisda kelgan “larzaga soluvchi” kalimasi asli “rojifa”dir. Muhaddislar bu bilan Isrofil (a.s.)ning birinchi sur chalishlari nazarda tutilgan bo‘lsa kerak, deyishadi. Birinchi puflashdan keyin barcha o‘ladi. “Ta’qibchi” (asli “rodifa”) esa, Isrofil (a.s.)ning surni ikkinchi bor chalishlari. Shundan keyin barcha tirilib mahsharda hozir bo‘ladi.

Mufassirlar bu iboralarda “Noziyot” surasining 6–7-oyatlariga ishora bo‘lib, birinchi va ikkinchi sur chalinishi nazarda tutilgan, deyishadi. “Keladi” deb kelasi zamonda ifoda qilingan so‘zlar matnda o‘tgan zamonda berilgan. Sodir bo‘lishi aniqligi sababli shunday keltirilgan.

“O‘lim ichidagi”lardan maqsad jon chiqish onida, qabrda va undan keyingi duchor bo‘linadigan anduhli va shiddatli holatlardir.

Hadisda yana Rasululloh (s.a.v.)ga ko‘p salavot aytishning fazilatlari zikr qilingan. Duo qilayotgan paytda kishining o‘zi uchun u yo bu narsani so‘rashdan oldin Rasululloh (s.a.v.)ga salotu salom aytishi, dunyoviy va uxroviy murodlariga erishishida foydali bo‘lishi aytilyapti.

Olimlar manbalarga tayangan holda, salavotni eng maqbul duo deyishgan: “Musulmon dunyo va oxiratga oid talablarini oldin ko‘p salavot aytib, keyin so‘rashi lozim. Istaklari ortidan yana salavot aytish darkor”, deyishgan. Alloh huzurida aniq qabul bo‘ladigan ikki duo (salavot nazarda tutilyapti) orasida qilingan duoning qabul etilishi ehtimolga ancha yaqin.

Duo odobi haqida gap ochilganda bir narsani ta’kidlash zarur: salavot va shaxsiy istaklarimizdan avval Allohni ulug‘lab, U Zotga istig‘for aytish lozim. Ana shundagina duo odobiga to‘la amal qilingan bo‘ladi va so‘raganlarimiz ijobat etiladi, inshaalloh.

Manbalar asosida Shoakmal Shoakbar o‘g‘li tayyorladi.

“Irfon” taqvimining 2013 yil 1-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.