background
logotype
image1 image2 image3

Ramazon — xayr va baraka oyi

Muqaddas islom dinining asosiy ulug‘ ruknlaridan biri ro‘za ibodatidir. Ramazon ochlik, tashnalik, nafsni qiynash bilan Alloh taologa qurbat, taqvo hosil qilinadigan buyuk oydir. Alloh taolo bandalari uchun har ikki dunyo saodatini ko‘zlab bu ibodatni islomning ulug‘ farzlari qatoriga qo‘shgan. Ro‘za nafaqat Muhammad (s.a.v)ning ummatlariga, balki avvalgi payg‘ambarlarning ham ummatlariga ham buyurilgandir.

Ramazon ro‘zasi Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng, hijratning ikkinchi yili sha’bon oyida farz qilingan. Ramazon oyi ro‘zasini tutish Qur’oni karim, Sunnati nabaviy va Ijmoi ummat bilan sobit bo‘lgan.

Alloh Taolo Baqara surasining 183-oyatida marhamat qiladi: «Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsangiz».

Ushbu oyati karima bilan dinimizning beshta asosiy ustunlaridan bo‘lgan ramazon ro‘zasi farz bo‘ldi.

Ramazon ro‘zasi farz bo‘lishidan avval ham payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) o‘z ixtiyorlari bilan har oyda uch kun ro‘za tutar, muharram oyining o‘ninchi kunining ro‘zasini ham ado etar edilar. Rasululloh (s.a.v) o‘zlarining muborak hadislarida ro‘za ibodatining farz ekanligini ko‘p takrorlaganlar:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar (s.a.v) dedilar: «Sizlarga muborak ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla uning ro‘zasini tutmoqlikni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochiladi. Unda jahannamning eshiklari yopiladi. Unda shaytonlar kishanband qilinadi. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming oydan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq (juda ko‘p narsadan) mahrum qolibdi» — dedilar. (Nasoiy va Bayhaqiy rivoyati).

Jannat eshilarining lang ochilishidan murod shu oyda toat-ibodatlarning nihoyat darajada ko‘p bo‘lishi, namozxonlarning, ibodatlarning ko‘payishi, taroveh namozlar o‘qilishi sababidan barcha jannatlarning eshiklari ochiladi. Do‘zax eshiklari yopilishidan murod esa bu oyda gunoh va xatolar boshqa oylarga nisbatan keskin kamayadi, har qanday musulmon qalbida iymon uchqunlari uyg‘onganligidan do‘zax eshiklari qulflanadi. Shaytonlarning zanjirband bo‘lishidan murod esa ular bu ulug‘ oyning fazilatlaridan musulmonlarni vasvasa qila olmaydi, chalg‘ita olmaydi, bunga kuchi yetmay qoladi. Kim Allohning shuncha marhamatidan so‘ng ro‘za oyiga bepisand bo‘lsa, juda ko‘p yil davomidagi yaxshiliklardan mahrum qoladi, ko‘p narsa yo‘qotadi. Ro‘za ibodati bandalariga ruhiy g‘izo bo‘ladi. Ovqat tanga ozuqa bo‘lgani kabi ro‘za ham ruhga ozuqa beradi. Kishi ovqat yemasa yashash mumkin bo‘lmaganidek, mo‘minning ruhi ham ro‘zasiz yashay olmaydi.

Ro‘za eng uzun ibodatlardan biri sanaladi. Boshqa ibodatlarning vaqti juda qisqa bo‘ladi. Ro‘za ibodati bizning o‘lkalarda kun eng qisqargan vaqt — qishga to‘g‘ri kelsa, 11-12 soat davom etadi. Kun eng uzun vaqt — yozga to‘g‘ri kelsa, 17-18 soat davom etadi. Bu ro‘za ibodatida riyo bo‘lmaydi. Boshqa ibodatlarda biroz bo‘lsada riyosi bor, namoz o‘qisak hamma ko‘radi. Zakotni yashirib bergan taqdirda ham zakot oluvchi buni biladi. Haj ibodati ham barcha biladigan ibodatdir. Ammo ro‘zani Alloxdan boshqa hech kim bilmaydi. Shuning uchun savobini Allohning o‘zi beradi. Hadisi qudsiyda aytiladi:

Abu Hurayra roziyallohu anhu ushbu hadisi qudsiyni rivoyat qiladilar: Rasululloh (s.a.v) marhamat qiladilar: «Alloh taolo aytadiki: «Har bir yaxshi amal uchun o‘n barobardan yetti yuz barobargacha savob beraman, faqat ro‘za bundan mustasno. U men uchun tutiladi, uning ajrini ham o‘zim beraman.» — degan» (muttafaqun alayh).

Ramazon oyining ro‘zasini iymon bilan, Allohdan savob talab qilib tutuvchi har bir shaxsni qanchalik tabrik etsa, shunchalik oz bo‘lgan oydir. Ro‘za tutuvchi mo‘min-musulmonlar bu muqaddas oy kirganda Alloh taolo musulmonlardan qilgani bilan bir-birlarini tabriklaydilar. Chunki bu muqaddas oy biz uchun yil davomida har kuni o‘qigan besh vaqt namozlarimiz tufayli ham boshqa ibodat va hayr-u sadaqalarimiz tufayli ham kechirilmay qolgan gunohlarimizni mag‘firat qilishini Alloh Taolodan so‘rab olishimiz uchun bir yilda bir bor beriladigan fursat va imkoniyatdir.

Rasululloh (s.a.v): «Kimki ramazon ro‘zasini iymon e’tiqod va Alloxdan savob umid qilib tutsa uning o‘tgan gunohlari kechirilib yuboriladi» — dedilar (Buxoriy rivoyati).

Bu oyni hurmat qilib ro‘zasini mukammal tutgan mo‘minlar ko‘p yutuqlarga ega bo‘ladilar. Ramazoni sharif oylarning sultonidir, chunki bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan, unda bir kecha bo‘lib, bu kechadagi ibodatlar, yaxshi savobli ishlar ming oydan afzal deyilgan. Bu oy Qur’on oyi, taqvo va tavba oyi, rahmat va shafqat oyi, baraka va savob oyi, mag‘firat va do‘zaxdan ozod bo‘ladigan oy, gunohlar yuviladigan oydir. Bu oyning oxiriga yetib tamom bo‘lishi ummatning musibatidir.

Ramazon oyi ro‘zasini tutmoqlik oqil, bolig‘ va boshqa shartlarni o‘zida mujassam qilgan har bir mo‘min-musulmon uchun farzi ayndir. Alloh taolo tomonidan ro‘za ibodatining bandalariga farz qilinishi juda ko‘p hikmatga ega:

Ro‘za tutgan banda, eng avvalo, Allohga taqvo qilgan bo‘ladi, taqvodorligi oshadi. Alloh taolo Qur’onda «Shoyadki, taqvo qilsangiz» — degan.

Ro‘za tutgan kishi Alloh taolo oldidagi qarzini bajaradi. Tutmagan kishining qarzi ko‘payib boraveradi.

Ro‘za Alloh taologa qilinadigan toat-ibodatdir. Ro‘za tutgan banda hadsiz- hisobsiz ajr-u savoblarga ega bo‘ladi. Bu ibodatning mukofoti oxiratda «Rayyon» nomli jannat eshigidan kirish uchun hujjat bo‘ladi.

Ro‘za ulkan odob-axloq maktabidir. Unda mo‘min kishi ko‘pgina xislatlarga ega bo‘ladi. Ro‘za nafs balosiga qarshi jihoddir. Ro‘za tufayli inson o‘zidan man qilingan narsalarga sabr qilishga o‘rganadi. Ro‘za sabr maktabi bo‘lib, kishi ro‘za orqali hayotida duch keladigan mashaqqatlarga chidashga odat qiladi.

Ro‘zaning eng muhim hikmatlaridan biri ro‘za tufayli ro‘zador sog‘lik- salomatligini tiklab oladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Ro‘za tutinglar, sog‘lom bo‘lasizlar», — deganlar.

Ro‘za har xil kasalliklardan halos etish bilan birga kishi badanida to‘planib qolgan turli keraksiz moddalar, yog‘lar, tuzlar va boshqa narsalarni ham ketkazadi. Butun dunyoda hozir eng ko‘p foyda berayotgan davolash usuli ochlik bilan davolanish usuli ekanligini musulmon bo‘lmagan olimlar baralla aytishmoqda. Ochlik va parhez bilan davolash birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Ro‘za tutish orqali mo‘min kishi har qanday omonatga xiyonat qilmaslik va maxfiy hamda oshkora holatlarda ham Alloh taolo uni kuzatib turishini his etishga erishadi.

Ro‘za tutgan kishi o‘z ro‘za ibodati tufayli farishtalar sifati bilan sifatlanadi. Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik, shahvoniy hirsning yo‘qligi, doimo toat-ibodatda, itoatda bo‘lishlik farishtalar sifatidir. Ro‘za tutgan inson erta tong sahardan quyosh botguncha shu farishtalar sifatlari bilan sifatlanib turadi. Ro‘za tutgan kishining irodasi mustahkam bo‘ladi, rahm shavqat sifatlari kuchayadi, sabr bardoshga o‘rganadi, qalbi musaffo bo‘ladi.

Ro‘zaning foydalaridan biri shaytoni la’inga qahr ko‘rsatishdir. La’nati shayton inson bolasini yaxshilikdan qaytarib yomonlikka boshlab turadi. Inson bolasi yomonlikka yursa, shayton alayhilla’na xursand bo‘ladi. Inson bolasi yaxshilikka yursa, Alloh taoloning amrini bajo keltirsa, shaytoni la’in xafa bo‘ladi. Ro‘za ibodatini qilgan inson yomonliklardan qaytishi va Alloh taologa taqvo qilishi bilan shaytonga qahr ko‘rsatadi.

Bundan tashqari siz-u bizlar bilgan bilmagan hikmatlar bor, uni aytib adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Alloh taolo barchalarimizni bu muborak , qutlug‘ oyda ojizlik bilan tutayotgan ro‘zalarimizni qabul aylasin.

Bu oyni g‘animat bilib, komil inson fazilati bilan mohi ramazoni sharifni oxiriga yetkazmoqlikni nasib etsin. Alloh bu muborak kunlarni ro‘za, toat-ibodat, Qur’oni karim tilovati, xatmi Qur’onga some’ bo‘lishlik, kishilar qalbiga xursandchilik solishini nasib etsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, rizqimiz but bo‘lib, kelasi yilgi ramazonga barchamizni salomat yetib borishimizni nasib etsin.

Zakariyo Hafizullayev,
Toshkent shahridagi «Kamoliddin Orif al-Buxoriy» jome’ masjidi imom-xatibi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.