background
logotype
image1 image2 image3

Vizantiya imperiyasining g’alabasi

 Hayratlanarli bir bashorat «Rum» surasining dastlabki oyatlarida vahiy qilingan bo‘lib, unda keyingi Rim imperiyasining sharqiy qismi, ya'ni katta mag‘lubiyatga uchragan Vizantiya imperiyasining tez orada g‘alaba qozonishi haqida so‘z yuritiladi.

Alif, Lom, Mim. Rum (qo‘shini Fors qo‘shinidan) mag‘lub bo‘ldi eng past yerda. (Lekin) ular (ya'ni rumliklar) bu mag‘lubiyatlaridan so‘ng, (forslar ustidan) albatta, g‘alaba qilurlar uch-to‘qqiz yil ichida. Oldin ham, keyin ham ish Allohnikidir. O'sha kunda mo‘minlar shodlanurlar. («Rum» surasi, 1-4-oyatlar)

Mazkur oyatlar taxminan 620-yilda, butparast forsiylar 613-614-yillarda nasroniy Vizantiyasini qattiq mag‘lubiyatga uchratgandan deyarli 7 yildan so‘ng nozil qilingan edi.

Darhaqiqat, Vizantiya shunchalik katta zarar ko‘rgan ediki, uning yolg‘iz o‘zi yana g‘olib bo‘lishi u yoqda tursin, hatto omon qolishi mumkin emas edi. 613-yilda Antiohda vizantiyaliklarni mag‘lub qilgach, forsiylar Damashq, Kilikiya, Tarsus, Armaniston va Quddusni ham istilo qildilar. 614-yilda Kuddusning qo‘ldan boy berilishi vizantiyaliklar uchun ayniqsa og‘ir judolik bo‘ldi, chunki Baytul Maqdis ibodatxonasi vayron qilingan va forsiylar nasroniylikning ramzi bo‘lgan «Haqiqiy Xoch»ni qo‘lga kiritgan edilar.187

Bundan tashqari, avarlar, slavyanlar va lombardlar ham Vizantiya imperiyasiga jiddiy tahdid solib turgan edi. Avarlar Konstantinopol devorlarigacha yetib kelgan edilar. Imperator Irakliy armiya xarajatlarini qoplash uchun ibodatxonalardagi oltin va kumushlarni eritib, pul yasashga farmon bergan edi. Bu ham kifoya qilmay, ko‘proq pul yasash maqsadida, bronza haykallari eritilib, quyula boshlandi. Ko‘plab hukmdorlar Irakliyga qarshi bosh ko‘targan va Vizantiya imperiyasi qulash arafasida edi.188 Avvallari Vizantiyaga qarashli bo‘lgan Mesopotamiya, Kilikiya, Falastin, Misr va Armaniston butparast forsiylar tomonidan bosib olingan edi.189

 

Qisqasi, hamma Vizantiya barbod bo‘ladi deb ishonar edi. Ammo mana shunday paytda, «Rum» surasining dastlabki oyatlari nozil bo‘ldi va unda Vizantiyaning «uch-to‘qqiz yil» ichida g‘alaba qozonishi vahiy qilindi. Bashorat qilingan bu g‘alaba shunchalik umid bog‘lab bo‘lmas darajada ediki, Arab mushriklari u hech qachon amalga oshmaydi deb o‘ylar edilar.

Biroq Qur'ondagi boshqa barcha bashoratlar kabi bu ham voqe bo‘ldi. 622-yilda Irakliy forsiylar ustidan qator g‘alabalarni qo‘lga kiritdi va Armanistonni zabt etdi.190 627-yilning dekabrida bu ikki imperiya Bag‘dod yaqinidagi Dajla daryosidan 50 km (31 milya) narida joylashgan Nineviyada hal kiluvchi jangga kirdi. Bu safar ham Vizantiya lashkari forsiylarni tor-mor qildi. Bir necha oydan so‘ng forsiylar Vizantiya bilan tinchlik sulhini tuzishga majbur bo‘ldilar va bu sulhga ko‘ra forsiylar Vizantiyadan tortib olgan yerlarni o‘z egalariga qaytarib berishga majbur bo‘ldilar.191

Imperator Irakliy forsiylar hukmdori Xusrov II ni 630-yilda mag‘lub qilib, Quddusni qayta zabt etgach va Baytul Maqdis ibodatxonasiga «Haqiqiy Xoch»ni qaytarib olgach, Vizantiya to‘liq g‘alabaga erishdi.192

Oxir-oqibat, Alloh tomonidan Qur'onda xabar qilingan «rimliklarning g‘alabasi» «uch-to‘qqiz yil» ichida mo‘‘jizakorona amalga oshdi.

Bu oyatlarda vahiy qilingan boshqa bir mo‘‘jiza o‘sha paytda hech kimsaning bilishi mumkin bo‘lmagan geografik haqiqat, ya'ni rimliklar Yerning eng past hududida mag‘lub qilinishining e'lon qilinganligidir. Arabcha «adnaa al-arz» jumlasi ba'zi Qur'on tafsirlarida «yaqin joyda, yaqin yerda» deb tarjima qilingan. Biroq bu uning asl ma'nodagi emas, balki majoziy ma'nodagi tarjimasidir. «Adnaa» so‘zi, «dani'» (past) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «eng past» degan ma'noni anglatadi. «Arz» so‘zi «dunyo» degan ma'noga ham ega. Shu bois, «adnaa al-arz» «Yerning eng past joyi» ma'nosini beradi.

Ayrim mufassirlar mazkur hududning arablarga yaqinligini nazarda tutgan holda, so‘zning «eng yaqin» degan ma'nosini ishlatishadi. Lekin bu so‘zning asl ma'nosi juda muhim bir geologik dalilni, ya'ni 613-614-yillarda vizantiyaliklar mag‘lub qilingan joylardan biri, Yerning eng past hududi bo‘lgan O'lik dengiz havzasini nazarda tutadi.193


Bu suratda Quddus hamda O’lik dengiz havzasi tasviri keltirilgan. 

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, O'lik dengiz qirg‘oqlari yaqinida joylashgan Quddusdagi mag‘lubiyatda «Haqiqiy Xoch»ning qo‘ldan boy berilishi nasroniy Vizantiyasi uchun berilgan og‘ir zarba edi.

Vizantiyaliklar va forsiylar aslida Suriya, Falastin va Iordaniyaga qarashli yerlarning kesishgan nuqtasida joylashgan O'lik dengiz havzasida jang qilishgan edi. Dengiz sathidan 399 metr pastlikda bo‘lgan O'lik dengiz Yer yuzasining «eng past» joyi hisoblanadi.194

Bu haqiqatni faqatgina zamonaviy o‘lchash uslubi va asboblari tasdiqlay olishi mumkinligini hisobga oladigan bo‘lsak, o‘sha paytda yashab o‘tgan insonlarning hech biri bu haqiqatni tushunib yetgan bo‘lishi mumkin emas. Demak, Qur'onda bu hududning Yer yuzidagi «eng past yer» ekanligi haqida aniq xabar berilgan ekan, u Qur'on Allohning kalomi ekanligini tasdiqlovchi yana bir dalildir.

__________
187. «Heraclius», (Irakliy) Wikipedia; http://en.wikipedia.org/wiki/Heraclius
188. Uorren Tredgould, A History of the Byzantine State and Society (Vizantiya davlati va jamiyati tarixi) (Palo Alto, CA: Stanford University Press: 1997), 287-99. 
189. Yuqoridagi manbadan. 
190. «Heraclius 610-641» (Irakliy); http://fstav.freeservers.com/emperors/heraclius.html
191. Tredgould, A History (Tarix), 287-99. 
192. «Mediterranean Sea From Yarmuk to Poitiers» (Yarmukdan va Poytiergacha O’rtaer dengizi); http://web.genie.it/utenti/i/inanna/livello2-i/mediterraneo-1-i.htm; Maykl MakNeyl, «Crusades IV - The Byzantine Crusades» (Salb yurishlari IV - Vizantiya Salb rohiblari); http://impearls.blogspot.com/2003_12_07_impearls_archive.html; and «Heraclius» (Irakliy) http://en.wikipedia.org/wiki/Heraclius
193. «The Lowest Part on the Face of the Earth» (Ep yuzasining eng past qismi),  www.beconvinced.com/science/QURANLOWEST.htm. 
194. Bernard Reych, f. f. d. , «Dead Sea» (O’lik dengiz), World Book Encyclopedia, 2003, Jorj Vashington universiteti. 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.