background
logotype
image1 image2 image3

Urug’lantiruvchi shamollar

Qur'onning bir surasida shamollarning «urug‘lantiruvchi»lik xususiyati va buning natijasida yomg‘irning paydo bo‘lishi qayd etilgan:

Biz shamollarni (bulutlarga) «homilador» bo‘lgan holida yubordik, osmondan suv (yomg‘ir) yog‘dirib, sizlarni u bilan sug‘ordik... («Hijr» surasi, 22-oyat)

Bu oyat yomg‘ir shakllanishidagi birinchi bosqich shamol ekanligini ta'kidlamoqda. XX asr boshlarigacha shamol va yomg‘ir o‘rtasida ma'lum bo‘lgan birdan-bir ta'sir shamol bulutlarni haydab keladi, degan tushuncha edi. Biroq zamonaviy meteorologik kashfiyotlar shamolning yomg‘ir paydo bo‘lishidagi «urug‘lantiruvchi»lik rolini ko‘rsatib berdi.

Oldinroq tushuntirib o‘tilganidek, shamolning bu urug‘lantiruvchilik xususiyati quyidagi usulda amalga oshadi:

Okeanlar va dengizlarning yuzasida suvning ko‘piklanishi tufayli ko‘p sonli havo pufakchalari paydo bo‘ladi. Bu pufakchalar yorilgan zahoti bir millimetrning yuzdan bir bo‘lagi diametriga teng minglab mayda zarrachalar havoga otiladi. «Aerozollar» deb ataladigan bu zarralar shamol orqali quruq yerlardan olib kelingan chang bilan aralashadi va atmosferaning yuqori qatlamlariga olib chiqiladi. Shamollar orqali yuqori balandliklarga olib chiqiladigan bu zarralar u yerda suv bug‘i bilan o‘zaro ta'sirlashadi. Suv bug‘i bu zarralar atrofida suyuladi va mayda suv tomchilariga aylanadi. Bu mayda tomchilar avvalo birlashib, bulutlar hosil qiladi, so‘ng Yerga yomg‘ir shaklida tushadi. Eslatib o‘tilganidek, shamollar havoda uchib yurgan suv bug‘larini dengizdan olib kelgan zarralar bilan «urug‘lantiradi» va natijada yomg‘ir bulutlarining paydo bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Agar shamollar bunday xossaga ega bo‘lmaganda edi, atmosfera yuqorisida mayda suv tomchilari hech qachon shakllanmas va yomg‘ir ham bo‘lmas edi.

Bu yerda e'tirof etiladigan eng muhim masala shundaki, shamolning yomg‘ir shakllanishidagi asosiy roli ming yillar avval, Qur'onda, tabiiy hodisalar to‘g‘risida juda kam bilim bo‘lgan bir paytda xabar berilgan edi...

 Quyidagi rasm to‘lqinning paydo bo‘lish bosqichlarini ko‘rsatadi. To‘lqinlar suvning yuzasi yuqorisida esadigan shamollar orqali yuzaga keladi. Shamol bilan suv zarralari doira shaklida harakat qilib qo‘zg‘aladi. Bu harakat tezda birin-ketin to‘lqinlar hosil qiladi va to‘lqinlar tomonidan paydo bo‘ladigan pufakchalar havoda tarqaladi. Bu yomg‘ir paydo bo‘lishidagi dastlabki bosqichdir. Mazkur jarayon oyatda «Biz shamollarni (bulutlarga) «homilador» bo‘lgan holida yubordik, osmondan suv (yomg‘ir) yog‘dirib, sizlarni u bilan sug‘ordik», deb xabar berilgan edi.

Shamollarning urug‘lantiruvchilik sifati haqida oyatda qayd etilgan yana boshqa ma'lumot ularning gullarni changlantirishdagi rolidir. Yer yuzidagi ko‘p o‘simliklar o‘z changlarini turlarning saqlanib qolishini ta'minlash maqsadida shamollar vositasida tarqatadi. Bir qator ochiq urug‘li o‘simliklar, qarag‘ay, palma va shunga o‘xshash daraxtlar hamda gullaydigan urug‘li o‘simliklar va o‘tga o‘xshash o‘simliklarning barchasi shamol orqali to‘liq changlanadi. Shamol o‘simliklardan chang olib, shu turlarning boshqalariga yetkazadi va ularni urug‘lantiradi.

Yaqin-yaqingacha shamolning o‘simliklarni urug‘lantirish qobiliyatiga ega ekanligi noma'lum edi. Biroq o‘simliklarning erkak va urg‘ochi bo‘lishi aniqlangandan keyin, shamolning urug‘lantiruvchilik xususiyati ham kashf qilindi. Bu haqiqat Qur'onda allaqachon ta'kidlab o‘tilgan edi: «... (U) osmovdan suv (yomg‘ir, qor) yog‘dirdi. Bas, Biz u (suv) bilan turli o‘simlik navlarini juft-juft kilib undirib chiqardik.» («Toho» surasi, 53-oyat)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.