background
logotype
image1 image2 image3

Tog’larning ahamiyati

 Qur'on diqqatni tog‘larning juda muhim geologik funktsiyalariga tortadi:

Yer ularni (odamlarni) tebratmasligi uchun unda mustahkam turuvchi tog‘larni (paydo) qildik ...(«Anbiyo» surasi, 31-oyat)

Oyatda xabar berilishicha, tog‘lar Yerdagi silkinishlarning oldini olish funktsiyasini bajaradi. Qur'on nozil qilingan paytda bu chin haqiqatni hech kim bilmas edi. Bu haqiqat olib borilgan zamonaviy geologik tadqiqotlar natijasida yaqindagina ochildi.

Ilgarilari tog‘lar Yer yuzasida qad ko‘targan bo‘rtmalar xolos, deb tushunilar edi. Ammo olimlar uning aslo bunday emasligi va tog‘ ildizi nomini olgan qismlar pastga qarab tog‘larning balandligidan 10-15 barobar ko‘proq kirib ketganligini kashf qilishdi. Mana shu xususiyati bilan tog‘lar chodirni mustahkam tutib turuvchi mix yoki qoziqqa o‘xshash rolni ijro etadi. Misol uchun, cho‘qqisi Yer yuzasidan taxminan 9 km baland bo‘lgan Everest tog‘ining 125 km (77,7 milya)dan chuqurroq ildizi bor.25

Tog‘lar Yer qobig‘ini tashkil etuvchi juda katta tektonik plitalarning ko‘chishi va to‘qnashuvi natijasida hosil bo‘ladi. Ikkita tektonik plita to‘qnashganda ulardan kuchlirog‘i bosh-qasining tagiga sirg‘alib kiradi, tepada qolgani esa qayriladi va tepaliklar hamda tog‘lar shaklini oladi. Pastda qolgan qatlam yer tagiga kirib borishda davom etadi va pastga qarab chuqur uzaytma yasaydi. Pirovardida, oldinroq aytib o‘tganimizdagidek, tog‘lar Yer yuzida ko‘rinib turuvchi qismi kabi pastga tomon cho‘zilgan katta qismga ega bo‘ladi.

Ilmiy bir manbada tog‘larning strukturasi quyidagidek tasvirlanadi:

Quruqliklar, tog‘ tizmalariga o‘xshab qanchalik qalin bo‘lsa, o‘sha yerdagi qobiq shunchalik mantiyaga cho‘kadi.26

Jahonga mapghur suv osti geologi professor Siaveda tog‘larda ularni yuzadagi qismga mahkam tutib turuvchi ildizsimon poya borligiga qarata quyidagicha izoh beradi:

Tog‘larning yer yuzasi ostida chuqur ildizlari bo‘ladi. (Frank Press va Reymond Siver, Earth (Yer), 3-nashri [San-Frantsisko: W.H.Freeman & Company: 1982], 413.)

 

 

 

Sxematik kesma. Tog‘larning qoziqqa o‘xshab yerni o‘yib kirgan chuqur ildizlari mavjud. (Andre Keylluks va J. Mudi Styuart. Anatomy of the Earth (Yer anatomiyasi). [McGraw-Hill Companies: 1968], 220.)

 

 

 

Boshqa bir rasm, chuqur ildizlari borligi tufayli, tog‘larning shaklan qanchalik qoziqsimon ekanligini ko‘rsatadi. (Eduard J. Tarbuk va Fredrik K. Lutgens. Earth Science (Yer haqidagi fan). [AQSh: Macmillan USA: 1993], 158.)

Kontinental tog‘lar va okean tog‘lari o‘rtasidagi asosiy farq ularning materiallaridadir ... Lekin har ikkala tog‘dagi umumiy maxraj ularda tog‘larni tutib turuvchi ildizlarning borligidir. Kontinental tog‘lar misolida, tog‘ning yengil - past zichlikdagi materiali yer qa'riga tomon ildizdek botgan bo‘ladi. Okean tog‘lari misolida, u yerda ham ildiz sifatida tog‘larni tutib turadigan yengil materiallari bor. Shunday qilib, ildizlarning vazifasi, Arximed qonunlariga ko‘ra, tog‘larni tutib turishdan iborat.27

Shuningdek, ko‘plab AQSh universitetlarida darslik sifatida foydalanilayotgan, AQSh Milliy Fanlar akademiyasi sobiq prezidenti doktor Frank Press muallifligi ostidagi Earth (Yer) nomli kitob tog‘lar qoziqqa o‘xshash va ular Yer yuzasining ostida chuqur ko‘milgan deb ma'lumot beradi.28

Boshqa oyatlarda tog‘larning bu roli «qoziqlar» ga taqqoslanib ta'kidlanadi:

Biz Yerni to‘shak qilib qo‘ymadikmi?! Tog‘larni esa (Yerni tutib turuvchi) qoziqlar qilib qo‘ymadikmi?! («Naba'» surasi, 6-7-oyatlar)

Yana bir oyatda esa Alloh «Tog‘larni esa (Yerga) o‘rnashtirdi» («Noziot» surasi, 32-oyat) deb vahiy qiladi. Bu oyatdagi «arsaahaa» so‘zi «ildizli qilindi, o‘rnatildi, yerga mixlab qo‘yildi» kabi ma'nolarni anglatadi. Shunga o‘xshab, tog‘lar yuza qatlamigacha cho‘ziladi va yuza ustidagi hamda ostidagi chiziqlarni birlashtirib, ularni bir-biriga mixlaydi. Yerning qobig‘ini mustahkamlash orqali ular magma qatlami yoki qatlamlarning o‘zlari o‘rtasidagi har qanday sirpanishlar oldini oladi. Qisqasi, tog‘lar yog‘och taxtalarni birga ushlab turuvchi mixlarga taqqoslanishi mumkin. Tog‘larning mahkamlovchilik ta'siri ilmiy adabiyotlarda izostaziya deb yuritiladi. Izostaziya deganda, mantiya qatlami orqali yuzaga keladigan yuqoriga yo‘nalgan kuch va Yerning qobig‘i orqali yuzaga keladigan pastga yo‘nalgan kuch o‘rtasidagi muvozanatlik holati tushuniladi. Tog‘lar yemirilishi, tuproq yo‘qotishi yoki muzliklarning erishi natijasida o‘z massasini yo‘qotar ekan, ular yana bu yo‘qotilgan massa o‘rnini muzliklar paydo bo‘lishi, vulqon portlashlari yoki tuproq paydo bo‘lishi bilan to‘ldiradi. Shu tarzda, agar tog‘lar yengillashib qolsa, yer ostidagi suyuqliklarda hosil bo‘ladigan katta kuch ularni yuqoriga qarab itaradi. Yoki aksincha, agar tog‘lar og‘irlashib ketsa, ular mantiyaga tomon yerning tortishish kuchi ta'sirida bosiladi. Bu ikki kuch o‘rtasidagi muvozanat izostaziya orqali yuzaga keladi. Ilmiy bir manbada tog‘larning muvozanat saqlash xususiyati quyidagicha yoritilgan:

1985 yilda G. B. Eyri Yerning qobig‘ini suv ustida suzib yurgan yog‘och solga o‘xshatish mumkinligi to‘g‘risidagi farazni o‘rtaga tashladi. Yog‘ochning qalin bo‘laklari suv yuzasida yupqa bo‘laklarga nisbatan balandroqda suzadi va shunga o‘xshab Yer qobig‘ining qalin bo‘laklari yuqori zichlikdagi suyukdik yoki plastik tuproqosti qatlami ustida suzadi. Eyrining aytishicha, tog‘larda tekislikda uchramaydigan pastroq zichlikdagi tog‘ jinsli chuqur ildizlar mavjud. Eyri o‘z asarini nashr qilgandan so‘ng to‘rt yil o‘tgach, J. H. Pratt boshqa bir muqobil gipotezani taklif kildi ... Bu gipotezaga ko‘ra, tog‘lar ostidagi qalin jinsli ustunlar o‘zlarining juda uzunligi bois, tekisliklar ostidagi kaltaroq jinsli ustunlarga nisbatan pastroq zichlikda bo‘lishi kerak. Eyri hamda Prattlarning har ikkala gipotezasida, yuzaning nosimmetrikliklari qobiqning katta kismlari (tog‘lar va tekisliklar) ostida joylashgan jinslarning zichligidagi farkdar orqali muvozanatga kelishini ko‘zda tutadi. Bu MUVOZANAT holati IZOSTAZIYA tushunchasi kabi ta'riflanadi.29

Bugungi kunda bilamizki, Yer yuzasining tog‘ jinsli qatlami chuqur yoriqlar tomonidan sinadi va erigan lava uzra suzuvchi tektonik plitalarga bo‘linadi. Yer o‘z o‘qi atrofida juda tez aylanishi bois, agar tog‘larning mahkamlovchilik ta'siri bo‘lmaganda edi, bu plitalar siljib ko‘char edi. Bunday sharoitda, Yer yuzasida tuproq to‘planmagan, tuproqda suv yig‘ilmagan, biror o‘simlik o‘smagan va biror yo‘l yoki uylar qurilmagan bo‘lar edi. Qisqasi, Yerda hayotning bo‘lishiga imkoniyat tug‘ilmagan bo‘lar edi. Biroq Allohning marhamati bilan tog‘lar mixlardek faoliyat ko‘rsatadi va katta darajada Yer yuzasining harakatini to‘xtatib turadi.

Zamonaviy geologik va seysmik tadqiqotlar orqali kashf qilingan tog‘larning muhim roli Qur'oni Karimda ko‘p asrlar muqaddam Allohning yaratishida buyuk donolik yotishiga misol qilib vahiy qilingan edi.

... (U) sizlarni tebratmasligi uchun Yerda mustahkam turuvchi tog‘larni barpo qildi ... («Luqmon» surasi, 10-oyat)

_______________
25. Prof. Zig‘loul Rag‘ib El-Naggar, «The Miraculous Qur’an» (Mo‘‘jizaviy Qur’on);  www.wamy.co.uk/announcements3.html
26. Karolin Shiits, Robert Gardner va Samuel F. Houe, General Science (Umumiy fan), (Nyuton, MA: Allyn and Bacon Inc. , 1985), 305. 
27.  www.beconvinced.com/science/quranmountain.htm
28. Frank Press va Raymond Siver, Earth (Ep), 3-nashri (San-Frantsisko: W. H. Freeman & Company, 1982). 
29. M. J. Selbi, Earth’s Changing Surface (Yerning o‘zgaruvchan yuzasi), (Oksford: Clarendon Press: 1985), 32. 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.