background
logotype
image1 image2 image3

So’zboshi

O'n to‘rt asr muqaddam Alloh Qur'onni nozil qildi. Ezgulikka boshlovchi va donolik timsoli bo‘lgan bu kitob insoniyatni haqiqatga chorlaydi va ushbu salohiyatli vahiy o‘z ichiga olgan qadriyatlarga sodiq qolishga yo‘naltiradi. Nozil bo‘lgan kunidan boshlab Oxirat kunigacha bu oxirgi muqaddas kitob insoniyat uchun yagona yo‘riqnoma bo‘lib qoladi. Allohning kitobi «Holbuki, u (Qur'on barcha) olamlar uchun eslatmadir» («Qalam» surasi, 52-oyat) deb xabar qiladi.

Qur'on vahiy qilinganidan buyon barcha insonlarga har qanday vaqtda osonlik bilan tushuniladigan til va ifodaga ega bo‘lib kelgan. Alloh bu uslub haqida Qur'onda shunday karomat qiladi: «Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo‘ydik ...» («Qamar» surasi, 22-oyat)

Qur'onning adabiy tilidagi mukammallik, uning uslubiy beqiyos xususiyatlari va undagi buyuk donolik bu kitob Parvardigorning kalomi ekanligidan dalolat beruvchi dalillardan biridir.

Jumladan, Qur'on juda ko‘p mo‘jizalarni o‘z ichiga olganki, u Allohning so‘zi ekanligini isbotlaydi. Bunday sifatlardan biri undagi ko‘pdan-ko‘p ilmiy haqiqatlardir. O'n to‘rt asr ilgari Paygambarimiz Muhammad (s.a.v.) ga vahiy qilingan bu kitobda son-sanoqsiz ilmiy va falsafiy ma'lumotlardan namunalar keltirilganki, insoniyat ularni XX va XXI asr texnologiyalari orqaligina kashf qilmoqda.

Albatta, biz Qur'onga faqat ilmiy bir kitob sifatida nazar tashlamasligimiz  kerak, chunki u, birinchi navbatda, ma'naviy va diniy yo‘riqnoma hisoblanadi. Ammo Qur'on oyatlarida juda ham aniq va teran ifoda etilgan ko‘plab ilmiy dalillar faqat XX va XXI asrda erishilgan texnologik yutuqlar yordami bilangina olimlar tomonidan kashf qilindi. Bularga qo‘shimcha kashfiyotlar har kuni qilinmoqda. Oddiygina qilib aytadigan bo‘lsak, ayni paytda o‘quvchiga uqtirilayotgan bu dalillarni Qur'on nozil qilingan paytda bilib olishning imkoni yo‘q edi va bu uning Allohning kalomi ekanligini yanada ko‘proq isbotlaydi.

Qur'on o‘z ichiga olgan ilmiy mo‘jizalarni tushunish uchun biz, avvalo, bu muqaddas kitob vahiy qilingan paytda mavjud bo‘lgan ilmiy bilimlar darajasiga nazar tashlashimiz kerak bo‘ladi. Kimdir Qur'onning qanday mazmunda vahiy qilinganini tushunsa, yana kimdir Islom kitobi aslida qanday gayritabiiy kitob ekanligini aniqroq fahmlaydi. VII asrda, bu ilohiy oyatlar nozil qilingan paytda, Arab qavmlari ko‘plab xurofiy va asossiz tushunchalar bilan to‘lib-toshgan edi. Falak va tabiatni tekshirish uchun texnikaga ega bo‘lmagan bu arablar o‘z ajdodlaridan meros bo‘lib qolgan va isbotlanmagan to‘qima rivoyatlarga ishonishar va bu rivoyatlarga savol nazari bilan qarashmas edi. Misol uchun, boshlari uzra turgan osmonni tog‘lar suyab turadi, deb faraz qilar edilar. Ular Yerni yassi va tog‘lar osmon gumbazini bizdan juda balandda tutib turuvchi ustunlar vazifasini bajaradi deb ishonardilar.

Mana shunday afsona va uydirmalar muhitida Qur'on nozil bo‘ldi. U jaholat o‘rnini ziyo bilan, mantiqsiz farazlar o‘rnini esa yo‘l-yo‘riq va shak-shubhasiz dalillar bilan to‘ldirdi. Qur'on oyatlaridan birida «Alloh osmonlarni, ko‘rib turganingizdek, ustunsiz ko‘tarib qo‘ygan ...» («Ra'd» surasi, 2-oyat) deb xabar beriladi.

Bu oyat tog‘lar suyab turgani uchun osmon balandda turadi, degan aqidani barbod qildi. Qur'on insoniyat tarixining muayyan nuqtasida, hali hech bir insonga ma'lum bo‘lishi dargumon bo‘lgan paytda vahiy qilingan bo‘lib, muhim dalillar bilan to‘la. Astronomiya, fizika yoki biologiyaga oid holat va o‘zgarishlar haqida odamlar juda kam bilimga ega bo‘lgan paytda nozil qilingan Qur'on turli mavzularda shunday asosiy dalillarni o‘z ichiga olganki, bularning barchasi uning Alloh - Olamlar Parvardigori tomonidan vahiy qilinganligidan dalolat beradi. Qur'onda tushuntirilgan va e'tiborga olingan ba'zi mavzular quyidagichadir: koinotning yaratilishi, insonning kichik bir homiladan yaralib to katta odam bo‘lgunicha o‘sib-ulg‘ayishi va mo‘jizakorona rivojlanishi, biz yashaydigan atmosferaning tuzilishi va Yerda hayotning mavjudligini ta'minlab turuvchi nafis muvozanat. Bu masalalarning ba'zilarini to‘liqroq tushunib olish uchun, keling, birgalikda Qur'onda vahiy qilingan bu ilmiy mo‘jizalardan ba'zilariga nazar tashlaylik.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.