background
logotype
image1 image2 image3

Qora tuytuklar

XX asr koinotdagi samoviy hodisalar bilan bog‘liq juda ko‘p kashfiyotlarning shohidi bo‘ldi. Yaqinda duch kelingan shunday kashfiyotlardan biri «Qora tuynuk»dir. Bu o‘zining bor energiyasini ishlatib bo‘lgan biror yulduz o‘z-o‘zidan inqirozga uchraganda yuzaga keladi, keyinchalik ular cheksiz zichlik, nol hajm va o‘ta qudratli magnit maydonli qora tuynukka aylanadi. Bu qora tuynuklarni hattoki eng qudratli teleskoplar bilan ham ko‘rishga qodir emasmiz, chunki ularning tortishish kuchi shunchalik kuchliki, hatto yorug‘lik ham ulardan qochib qutula olmaydi. Biroq bunday inqirozga yuz tutgan yulduzni uning o‘z atrofidagi hududlarga ko‘rsatadigan ta'siridan tushunib olsa bo‘ladi. «Voqea» surasida Alloh bu masalaga yulduzlarning tutgan o‘rniga qasamyod qilish orqali diqqatni jalb etadi:

Men yulduzlarning botish joylari bilan qasamyod eturman - bu (qasam) agar bilsangiz, albatta, buyuk qasamdir. («Voqea» surasi, 75-76-oyatlar)

«Qora tuynuk» atamasi birinchi bor 1969 yilda amerikalik fizik Jon Viler tomonidan qo‘llangan. Ilgarilari biz barcha yulduzlarni ko‘ra olamiz, degan tasavvurda edik. Biroq keyingi paytlarda kosmosda biz seza olmaydigan yorug‘liksiz yulduzlarning ham borligi ma'lum bo‘ldi. Chunki inqirozga uchragan bu yulduzlarning yorug‘ligi yo‘qoladi. Yorug‘lik qora tuynuklardan qochib qutula olmaydi, chunki qora tuynuk kichik bir joyda massaning o‘ta yuqori darajada jamlanganligidir. Juda katta tortishish kuchi hatto eng tez bo‘lgan zarralar, ya'ni fotonlarni ham tutib oladi. Misol uchun, massasi Quyoshdan uch marta katta bo‘lgan odatdagi yulduzning yakuniy bosqichi uning yonib ketishi va bor-yo‘g‘i 20 kilometr (12,5 milya) diametrli qora tuynuk bo‘lib ag‘darilishi bilan tugaydi. Qora tuynuklar «qora», ya'ni bevosita kuzatilishdan niqoblangan. Shunday bo‘lsa-da, ular o‘zlarini o‘z tortishish kuchi bilan boshqa samoviy jismlarga ta'sir o‘tkazishi hamda g‘oyat kuchli so‘rishi orqali bilvosita namoyon bo‘ladi. Quyidagi oyat Oxirat kunini tasvirlash bilan birga, qora tuynuklar haqidagi bu ilmiy kashfiyotni ham nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin:

Bas, qachonki, yulduzlar (nurlari) so‘ndirilgach. («Mursalot» surasi, 8-oyat)

Bundan tashqari, massasi katta bo‘lgan yulduzlar kosmosda sezish mumkin bo‘lgan deformatsiyalarga ham sabab bo‘ladi. Biroq qora tuynuklar nafaqat kosmosda deformatsiyalarga sabab bo‘ladi, balki unda tuynuklar ham hosil qiladi. Shuning uchun ham inqirozga uchragan bu yulduzlar qora tuynuklar nomi bilan ma'lum. Yulduzlar to‘g‘risidagi bu haqiqat oyatda nazarda tutilayotgan bo‘lishi mumkin va bu, o‘z navbatida, Qur'on Allohning kalomi ekanligini ko‘rsatuvchi ahamiyatli ma'lumotlardan biridir:

Osmon va Toriq bilan qasamyod etaman. (Ey Muhammad!) Siz Toriq nima ekanini qaerdan ham bilar edingiz?! (U qorong‘ilikni) teshuvchi yulduzdir. («Toriq» surasi, 1-3-oyatlar)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.