background
logotype
image1 image2 image3

Ibodat qilish bemor sog’ayishini tezlashtiradi

Parvardigoringiz: «Menga duo qilingiz. Men sizlar uchun (duolaringizni) mustajob qilay!» - dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar. («G'ofir» surasi, 60-oyat)

«Duo, tilak bildirish, so‘rash, yordam izlash» ma'nolarini anglatuvchi ibodat insonning o‘z tobeligini bilgan holda Allohga samimiyat bilan murojaat qilishi va Undan, hamma narsaga Qodir, Mehribon va Rahmli Zotdan yordam izlashidir. Inson o‘zining tobeligini eng chuqur his qiladigan va o‘zini Allohga yaqinroq tutadigan paytlarga misol qilib keltirish mumkin bo‘lgan holatlardan biri bu kasallikdir. Kasallik Allohning donoligi bilan ixtiro qilingan va faqat Uning xohish-irodasi bilan amalga oshadigan sinov hamda bu dunyoning boqiy emas, foniy, o‘tkinchi ekanligini odamlarga eslatuvchi ogohlantirish, shuningdek, bemor va itoatkor uchun oxiratda to‘lanadigan tovon manbaidir.

Imonsizlar, aksincha, sog‘ayishga shifokorlar, dori-darmonlar yoki zamonaviy fan erishgan ilg‘or texnologiyalar orqali yo‘l topishi mumkin deb tasavvur qilishadi. Ular hech qachon sog‘lom bo‘lgan paytlarida ularning jismoniy tizimini ishlatib qo‘ygan yoki kasal bo‘lganlarida sog‘aytiruvchi dori-darmon va shifokorlarni yaratib qo‘ygan Alloh ekanini bir zum bo‘lsa ham mulohaza qilib ko‘rmaydilar. Ular shifokor va dori-darmonlar kifoya qilmayapti degan fikrga kelgandan so‘nggina faqat Allohga ko‘pdan-ko‘p iltijo qila boshlaydilar. Bunday vaziyatlarda faqat Alloh ularning qiyinchiligini forig‘ qila olishini anglab yetgach, Undan madad izlaydilar. Alloh bu ruhiy holatni oyatlarning birida quyidagicha vahiy qilgan:

Insonga zarar yetganda, yotgan holda yo utirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi. Undan zararini ketkazganimizda esa, go‘yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchi (tajovuzkor) larga o'z qilmishlari ziynatli (chiroyli) qilib qo‘yildi. («Yunus» surasi, 12-oyat)

Vaholanki sog‘lom, g‘am-tashvishsiz yoki boshqa qiyinchiliklarsiz hayot kechirayotgan paytda ham, inson Allohga, U yaratib qo‘ygan qulayliklar, sog‘lik va boshqa barcha ne'matlar uchun toat-ibodat qilishi va shukronalar aytishi lozim.

Ibodat qilishning muhim jihatlaridan biri quyidagicha: Ovoz chiqarib ibodat qilishga qo‘shimcha ravishda inson o‘zining amallari bilan ham ibodat qilishga harakat qilishi lozim. Sa'y-harakat bilan ibodat qilish ma'lum bir niyatga erishish uchun qo‘ldan kelgan hamma narsani qilish demakdir. Misol uchun, ibodat qilishga qo‘shimcha ravishda, bemor odam mutaxassis shifokorlarga ko‘rinishi, foyda beradigan dori-darmonlardan foydalanishi va agar zarur bo‘lsa, kasalxona muolajasini olishi yoki boshqa maxsus davo shakllarini qo‘llashi ham mumkin. Chunki Alloh bu dunyoda sodir bo‘ladigan barcha narsani ma'lum sabablarga bog‘lagan. Dunyodagi va koinotdagi barcha narsalar shu sabablarga muvofiq ravishda sodir bo‘ladi. Shu bois, har bir kishi shu sabablarga ko‘ra barcha zaruriy choralarni ko‘rmog‘i va kamtarlik, itoatkorlik hamda sabr bilan ularning natijalarini chiqaradigan zot Alloh ekanligini yodda tutgan holda Undan oqibatni kutmog‘i lozim.

Imon va ibodatning bemorlarga ijobiy ta'siri va bularning davolashni tezlatishi shifokorlarning e'tiborini jalb qilgan va ular tomonidan tavsiya qilingan masaladir. Mashhur Newsweek jurnalining 2003 yil 10 noyabr soni dinning sog‘ayishga bo‘lgan ta'sirini «Xudo va salomatlik: Din yaxshi shifomi? Nima uchun fan ishonishni boshlamoqda?» sarlavhasi ostida uning muqova hikoyasi sifatida olib chiqdi. Bu maqolaning ma'lum qilishicha, Allohga imon keltirish odamlarning ruhiy holatini ko‘targan va ularning osonroqtuzalishlariga yordam bergan hamda fan ham diniy e'tiqodli odamlarning osonroq va tezroq tuzalishiga ishona boshlagan. Newsweekning o‘tkazgan izlanishlariga ko‘ra, 72% amerikaliklar ibodat qilish kishini davolay olishiga va ibodatning bemor tuzalishini tezlatishiga ishonishlarini aytishgan. Buyuk Britaniya va AQShda olib borilgan tadqiqotlar ham ibodat bemorning kasallik alomatlarini kamaytiradi va tuzalish jarayonini tezlashtiradi deb xulosa chiqargan.

Michigan universitetida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, ruhiy tushkunlik va stress taqvodor odamlarda eng kam kuzatilgan. Chikago shtatining Rash universitetidagi izlanishlarga ko‘ra, sig‘inadigan va muntazam ibodat qiladigan odamlar orasidagi barvaqt o‘lish nisbati diniy maslaksiz odamlarga qaraganda 25% kamroq ekan. Angiokardiografiyani boshidan o‘tkazgan 750 ta odam ustida Dyuk universiteti olib borgan boshqa bir izlanish «ibodatning sog‘aytiruvchilik qudrati»ni ilmiy jihatdan isbotladi. Ibodat qilgan yuragi xasta bemorlar orasida, ular operatsiya qilingandan keyin bir yil ichida, o‘lish nisbati 30% ga kamayganligi aniqlandi.

Qur'onda qayd etilgan ibodatlardan namunalar quyidagilardir:

Ayyubning esa Rabbiga nido qilib: «(Ey Rabbim!) Menga musibat yetdi, O'zing rahmlilarning rahmlirog‘idirsan», - deb iltijo qilgan paytini (eslang!). Bas, Biz uni (ya'ni duosini) ijobat qilib, undagi zahmatni ketkazdik hamda o‘z huzurimizdan mehribonlik ko‘rsatib, barcha ibodat qiluvchilarga eslatma bo‘lsin, deb (Ayyubga) oilasini va ular bilan qo‘shib, yana ularning barobarida ahlu avlod ato etdik. («Anbiyo» surasi, 83-84-oyatlar)

Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘i zulmatlar ichra: «Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan poqdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim», - deb nido qilgan paytini (eslang!) Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz. («Anbiyo» surasi, 87-88-oyatlar)

Zakariyoning: «Ey, Rabbim, meni yolg‘iz tashlab qo‘yma (merosxo‘r farzand ato et!), Sen (O'zing) vorislarning yaxshirog‘idirsan», - deb nido qilgan paytini (eslang!). Bas, Biz uni (duosini) ijobat qildik va unga Yahyoni ato etdik hamda jufti (haloli)ni o‘nglab (tug‘adigan qilib) qo‘ydik. Darhaqiqat, ular (mazkur payg‘ambarlar) yaxshi ishlarni qilishga shoshar va Bizga rag‘bat va qo‘rquv bilan duo qilar edilar hamda Bizga itoat etuvchi edilar. («Anbiyo» surasi, 89-90-oyatlar) Qasamki, Nuh (qavmidan shikoyat etib,) Bizga nido (iltijo) qildi. Bas, (Biz) naqadar yaxshi ijobat qiluvchidirmiz! («Soffot» surasi, 75-oyat)

Yuqorida aytib o‘tilganidek, ibodat faqatgina kasallikni yoki boshqa muammolarni hal etish uchun qilinmasligi kerak. Samimiyat bilan e'tiqod qiluvchi har doim Allohga ibodat qilishi va Undan kelgan har qanday narsani qabul qilishi shart. Toat-ibodatning manfaatlari to‘g‘risida Qur'onning ko‘p oyatlarida vahiy qilinishi va ularning ilmiy jihatdan e'tirof etilayotganligi Qur'onning mo‘jizaviy tabiatini yana bir bor oshkor qiladi.

Sizdan (ey, Muhammad!), bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar. («Baqara» surasi, 186-oyat)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.