background
logotype
image1 image2 image3

Harakatdagi tog’lar

Oyatlarning birida, bizga tog‘larning ko‘rinib turganidek harakatsiz emas, balki muttasil harakatda ekanligi to‘g‘risida xabar beriladi:

Siz tog‘larni ko‘rib qotib turuvchi, deb o‘ilarsiz. Holbuki, ular ham xuddi bulutlar yurgandek yurarlar. («Naml» surasi, 88-oyat)

Tog‘larning harakati ular joylashgan Yer qobig‘ining harakatlari orqali ro‘y beradi. Yerning qobig‘i, zichroq bo‘lgan mantiya qatlami ustida «suzib yuradi». XX asr boshida, tarihda birinchi marta, nemis olimi Alfred Vegener Yerning materiklari Yer paydo bo‘lgan vaqtda bir-biriga yopishgan bo‘lganligi, lekin keyinroq turli tomonlarga «oqib» ketganligi, ya'ni ular bir-biridan uzoqlashishi sababli ajralib ketganligi to‘g‘risida o‘z fikrini bayon qildi.

Geologlar Vegener vafotidan 50 yil so‘ng, 1980 yillardagina uning haq ekanligini tushunib yetishdi. 1915 yilda chop etilgan maqolada Vegener Yer yuzidagi quruqliklar taxminan 500 million yil avval birga bo‘lganligini va Pangeya nomli bu katta quruqlik Janubiy Qutbda joylashganligini ma'lum qilgan edi.

Taxminan 180 million yil avval Pangeya ikki qismga bo‘linadi va turli tomonlarga qarab yo‘naladi. Bu ulkan materiklardan biri Gondvana bo‘lgan va u Afrika, Avstraliya, Antarktida va Hindistonni o‘z ichiga olgan. Ikkinchisi esa Lavraziya bo‘lib, u Yevropa, Shimoliy Amerika va (Hindistondan tashqari) Osiyodan iborat bo‘lgan. Bu ajralishdan so‘ng, keyingi 150 million yil ichida Gondvana va Lavraziya kichikroq qismlarga bo‘linib ketgan.

Pangeya bo‘linishidan so‘ng paydo bo‘lgan bu materiklar har yili bir necha santimetr Yer yuzasida muttasil siljiydi va shu bilan birga quruqliklar va dengizlar o‘rtasidagi o‘zaro nisbatni o‘zgartirib turadi.

XX asrning boshida olib borilgan geologik tadqiqotlar natijasida kashf qilingan Yer qobig‘ining bu harakati olimlar tomonidan quyidagicha izohlanadi:

Qobiq va mantiyaning yuqori qismi qalinligi taxminan 100 km bo‘lgan plitalar deb nomlanuvchi segmentga bo‘linadi. Asosan, oltita va bir necha kichik plitalar bor. Plita tektonikasi deb ataladigan nazariyaga ko‘ra, bu plitalar Yer usti bo‘ylab materiklar va okean tubini o‘zlari bilan birga siljitib yuradi. Materiklar yiliga 1-5 sm me'yorda harakat qiladi deb belgilangan. Plitalar siljishni davom ettirib, Yerning geografiyasiga sekinlik bilan o‘zgarish kiritib boradi. Har yili, misol uchun, Atlantika okeani sezilar-sezilmas darajada kengayib bormoqda.30

Bu yerda muhim bir fikrni aytib o‘tish maqsadga muvofiq: Alloh Qur'ondagi oyatda tog‘larning harakatini siljish deb nazarda tutmoqda. Bugungi kunda, zamonaviy olimlar ham bu harakatga nisbatan «materiklarning siljishi» degan atamani ishlatishmoqda.31

Materiklarning siljishi Qur'on nozil qilingan paytda kuzatishning imkoni bo‘lmagan hol edi va Alloh buni qanday tushunish kerakligini aniq ko‘rsatib berdi: «Siz tog‘larni ko‘rib qotib turuvchi deb o‘ylarsiz.»Keyin U tog‘larni bulutlar kabi suzib yurishi haqidagi haqiqatni ma'lum qiladi. Xabar berilganidek, bizning e'tiborimiz tog‘lar mahkamlab qo‘yilgan qatlamning siljishiga qaratiladi.

Ilm-fan tomonidan yaqinda kashf qilingan bu ilmiy faktning VII asrda, koinot va tabiat haqidagi tushunchalar irim-sirimlar hamda afsonalarga asoslangan bir paytda vahiy qilinganligi, shubhasiz, juda katta mo‘jizadir. Bu - Qur'on Allohning so‘zi ekanligini inkor qilib bo‘lmas isbotlardan yana biridir.

_______________
30. Shiits, Gardner va Haue, General Science (Umumiy fan), 305. 
31. Powers of Nature (Tabiatning qudrati), (Vashington: National Geographic Society: 1978), 12-13. 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.