background
logotype
image1 image2 image3

Qur’oni karim qissalaridan: Shanba kuni sinalganlar

 Qadimda Iyla nomli qishloq bo‘lib, uning aholisi baliq ovlash bilan tirikchilik qilishardi. Mana shu qishloqda Bani Isroil sulolasidan bo‘lgan bir qavm istiqomat qilar edi. Bani Isroil avlodlari ota-bobolari kabi shanba kunini muqaddas hisoblashar va shu kunni faqat ibodat uchun bag‘ishlashib, boshqa hech bir dunyoviy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmas edilar.

Ularga shanba kuni o‘t yoqish harom etilgani kabi baliq ovlash ham harom qilingan edi.

Bu qishloqda shu kunning hurmatini bajo keltirmasdan, taqiqlangan ishlarni qiladigan kishilarni qo‘rqitib turuvchi maxsus yozuv bo‘lardi.

Qishloq aholisining ba'zilari baliq ovlab sotish orqali, ba'zilari esa anbar savdo-sotig‘i bilan tirikchilik o‘tkazishardi. Alloh taolo qishloq aholisining rizqini ulug‘ qilib bergan edi. So‘ng Alloh taolo u qishloq ahlini qishloq yaqinidagi dengiz sohilida imtihon qilishni xohladi. U yerda ikkita katta oq tosh bo‘lib, baliqlar ular ustiga shanba kechasi va kunduzi chiqishardi. Chunki ular shu kunigina ovchilar to‘rlaridan omonda bo‘lishar, odamlar ko‘rsalar ham ularga qo‘llarini cho‘zmas edilar.

Shanba kuni oxirlagach, eminlik vaqti tugaganini fahmlagan baliqlar tezlik bilan suvga sho‘ng‘ib, dengizga qaytishar va qirg‘oqdan uzoqlashib ketishar edi.

Shunday qilib bu qishloq ahliga shanba kuni baliq ovlashni iloji yo‘q edi.

Bu holat to baliqchilar asabiga qattiq ta'sir qilguncha davom etib turaverdi.

Oxiri ovchilar bir-birlariga qarab: «Baliqlarning aqli borga o‘xshaydi, bo‘lmasa ularni ovlash harom qilingan kuni ko‘rinishib, boshqa kuni g‘oyib bo‘lisharmidi. Yoki dengizning tagida vaqtni bildirib turadigan soat bormikin? Axir baliqlar qanday qilib aynan shanba kuni bu yerga kelishadi?!» - deyishdi.

Bu sirli hol qishloqlik ovchilarni ko‘p hayratda qoldirardi. Ajablanarlisi shunda ediki, baliqlar xato qilib qo‘yib, haftaning boshqa kunida, ya'ni ovlash mumkin bo‘lgan kunda chiqishmas edi.

Qishloq aholisining ahvoli o‘zgara boshladi, zarar kun sari ko‘paya bordi. Chunki ular ovga chiqqan kunlari to‘rlariga baliq tushmay, quruq holda qaytishardilar. Bir kuni qishloq oqsoqollari to‘planishib, ov uchun boshqa biron yangi joy topishni maslahat qildilar.

Bozor oqsoqoli esa: «Bozorimiz juda huvillab qoldi, mayda-chuyda baliqlardan boshqa hech vaqo yo‘q. Bu holda ish yurgizib bo‘lmaydi,» - deb og‘ir ahvolini tushuntirdi.

Shunda ovchilarning boshligi turib: «To‘rlarimiz dengizdan sho‘r suv bilan to‘lib chiqyapti. Baliqlardan esa asar yo‘q. Agar qishga shu tarzda kirilsa unda bolalarimizni qanday boqamiz?» - deb tashvish bildirdi.

Shu payt boshqa bir boshliq turib aytdi:

«Baliqlar qachonki bizdan g‘azablansalar shunday qilishlari mumkin, chunki ular ov qilish harom qilingan kuni chiqishib, haftaning boshqa kunlari g‘oyib bo‘lishmoqda, bu bilan baliqlar bizni mazax qilmoqdalar.»

Noroziliklar ko‘paydi, lekin oqibatda yig‘ilganlarning ra'ylari turlicha bo‘ldi. Bu gaplarni eshitib o‘tirgan mo‘‘minlar: «Alloh taolo shu yo‘l bilan bizni imtihon qilmoqda. Agar biz sabr qilib, o‘zimiz uchun halol deb hisoblangan kunda ovlashni davom ettiraversak, shoyadki Alloh taolo boshimizdan baloni ko‘tarib, yana rizqimizni avvalgidek qilib bersa», - dedilar.

Shu payt muxoliflar guruhidagilar aytishdi: «Axir bu taslim bo‘lmoqlik-ku. Baliqlar bizga ko‘p hiyla-nayrang ko‘rsatishmoqda. Biz ularning mazax qilishlariga qarab turmaymiz». Shunda mo‘‘minlardan biri turib so‘radi: «Xo‘sh, nima qilmoqchisizlar?» Muxoliflar: «Ko‘ramiz, hali», - deyishib tarqalishdi. Shunday qilib, qishloq ahli bir fikrga kelisholmadi.

Ertasi kuni muxoliflarda tundagi dengiz qa'ridan ham qorong‘u bo‘lgan qora niyat paydo bo‘ldi. Ular o‘zaro:

«Baliqlar bizga shunchalik ko‘p hiyla-nayrang qilganlarida nima uchun biz jim turamiz, biz ham to‘rlarni dengizga shanba kuni tashlaylik-da, baliqlar bilan ular limmo-lim to‘lib qolgandan keyin, yakshanba kuni ularni tortib olamiz. Qarabsizki, bu bilan shariatimiz talablariga ham xilof ish qilmagan bo‘lamiz, shu bilan birga o‘zimizni ham ochlikdan qutqargan bo‘lamiz».

Ulardan yana biri turib aytdi: «Hammaga ayonki, qishlog‘imiz dengizning tutash orolchalaridan iborat bo‘lib, unda ariqlar ham ko‘p. Mana shu ariqlar baliqlar bilan to‘lishini kutamiz, so‘ng yo‘lini to‘sib tashlaymiz. Yakshanba kuni esa to‘rlarni tashlab, bemalol ovlab olaveramiz». Shu payt oralaridan boshqa bir kishi turib e'tirozli ohangda ho‘mrayib dedi: «Axir bu shariatga hiyla qilish yoki uni o‘yinchoq qilish-ku. Agar shunday qilgudek bo‘lsak boshimizga qanday musibat tushushini bilasizlarmi?».

Johillar birgina mana shu oqilona fikrni ham darhol rad qildilar va «bizga hech qanday musibat yetmaydi», - deb aytdilar.

Nihoyat, shanba kuni ham keldi. Muxoliflar o‘zlarining hiylalarini amalga oshirib, to‘rlari baliqlar bilan to‘lgach, ularni yakshanba kuni dengizdan tortib chiqarishdi. Bu bilan ular ovni o‘zlaricha go‘yoki yakshanba kuni qilgandek bo‘lishdi. Qishloq ahli bu voqeani juda katta to‘yu tomosha bilan nishonladi, to tonggacha bazm qurishib, erkagu ayollar ashula va raqs bilan tunni o‘tkazdilar.

Kelasi kun mo‘‘minlar nima hodisa yuz berganini kuzata boshladilar va hayron bo‘lib: «Bu baliqlarni sizlar qaerdan oldingizlar?» - deb so‘rashdi. Muxoliflar: «Biz o‘z mehnatimiz va aqlu zakovatimiz bilan ularni dengizdan ovlab qo‘lga kiritdik», - dedilar. Mo'minlar: «Shanba kuni ov qildinglarmi?» - deb so‘rashdi.

Ular: «Yo‘q, biz ularni yakshanba kuni ovladik», - dedilar. Mo'minlar taajublanib: «Bu shubhali ish ko‘rinadi, axir biz ham sizlar kabi yakshanba kuni baliq oviga chiqdik, lekin quruq qaytdik-ku, dengizda hech baliq yo‘q edi. Buncha baliqni qaerdan tutdingizlar?» - deyishdi. Shunda muxoliflar ularning ustidan kulgan bo‘lib: «Albatta dengizdan-da, bo‘lmasa baliq quruqlikda bo‘larmidi?» - deyishdi.

Mo'minlar bu yerda bir sir borligini sezdilar va uning haqiqatini bilishga qaror qildilar. Shanba kunidan boshlab tunni bedorlik bilan o‘tkazdilar. Ertasi yakshanba kuni ularning hiylalari fosh bo‘ldi. Bu qilmishlari xalq orasida yoyilib, sharmanda bo‘ldilar.

Mo'minlar ularga: «Bu qilmishlaring shariatga nisbatan hiyla-nayrang va uni masxara qilmoqlikdir. Bu qilmishlaring uchun sizlarga qattiq azob yog‘ilg‘usidir. Vaqtni g‘animat bilib, tezroq Allohga qaytinglar va qilgan gunohlaring uchun tavba qilib, undan kechirim so‘ranglar.»

Biroq ularning qalblari ham, aqllari ham toshdek qotib qolgan edi. Mo'minlarning qilgan nasihatlariga quloq solishmadi. O'zlariga aytilgan haqqoniy so‘zlarga kibru havo bilan javob qaytarib, o‘zlari xohlagancha ov qilishlari mumkinligini, baliqlarga esa yo‘l bermasliklarini ta'kidladilar.

Shunday qilib qishloq ahli uch qismga bo‘lindi.

Birinchi qismi yaxshilikka chaqirib, shariat bilan o‘ynashishdan qaytaruvchi mo‘‘minlar guruhi edi. Ikkinchi guruh esa shariatga hiyla-nayrang qiluvchi muxoliflar edi. Uchinchi toifa odamlar esa betaraf kimsalar edi.

Mana shu tarzda qishloq ahli o‘zaro tortishuv ichida qoldi. Mo'minlar ozchilikni tashkil etardi. Muxoliflar esa ko‘p edi. O'rtadagi bahs-tortishuv avjiga chiqib, har bir guruh o‘zining haq ekanligini isbotlashga rosa uringach, kuchlar teng kelib qoldi. So‘ng bir oz tinchlandilar. Shunda janjalga qo‘shilmay turgan guruh vakillari mo‘‘minlarga qarab aytishdi: «Alloh taolo qattiq azobga duchor qilmoqchi bo‘lib turgan odamlarga nasihat qilib o‘tirishlaringdan ne foyda?» Mo'minlar javob berishdi: «Biz bu bilan bo‘ynimizdagi qarzni ado etib, buyurilgan ishni bajardik. Shuningdek, ular o‘zlari qilayotgan gunohlari uchun tavba qilishsin va o‘z xatolari sababli g‘arq bo‘lib ketayotgan gunoh botqog‘idan qutilsinlar, deb nasihat qilmoqdamiz».

Betaraf guruhdagilar: «Qo‘yaveringlar, ular azobga mustahiqdirlar, ammo nasihatga loyiq emaslar», - dedilar.

Nihoyat, muxoliflar mo‘‘minlarga: «Qishloqni bizga tashlab chiqib ketinglar», - deb aytishdi.

Mo'minlar: «Bu qishloq faqat sizlarniki emas, balki u bizniki hamdir. Biz undan chiqib hech qaerga ketmaymiz», dedilar. Tortishuv qaytadan avjga chiqdi. Oxiri ular qishloqni ikkiga ajratib turuvchi devor qurishga kelishishdi. Shunday qilib, qishloq ikkiga bo‘linadigan bo‘ldi.

Birinchi kichik qismi mo‘‘minlarga, ikkinchi katta qismi esa muxoliflarga berildi. Devor kundan kunga balandroq ko‘tarilib bordi. Borgan sari muxoliflarning molu dunyosi to‘lib-toshib, ular ko‘rkam qasrlarga va tilla javohirlarga ega bo‘lib bordilar.

Mo'minlar ularni shariatni hurmat etishga va Allohning amrini bajarishga targ‘ib qilishdan charchamadilar. Lekin ular o‘z nafsu havolariga berilib mo‘‘minlarning nasihatiga quloq solishmadi. Ular ochiq oydin Allohga, shariatga va haqiqatga xilof ishlarida davom etaverdilar.

Alloh taologa muxoliflarning bu holatlari o‘ta xunuk ko‘rindi, natijada ularga g‘azab bilan: «Maymunga aylaninglar!» - dedi. Ularning ayollari ham, erkaklari ham, insonlik holatidagi zebu ziynatlari egnilarida saqlangan holda bir zumda maymunga aylanib qoldilar.

Shunday qilib, Alloh taolo o‘z amri bilan muxoliflarni maymunga aylantirdi. Insondan maymunga aylanish - juda dahshatli hodisa bo‘ldi. Zero, ular insonlik hurmati, hurriyati va izzatidan mahrum bo‘lib, maymunlikdek masxara va past hayvonga aylanib qolgan edilar.

Bu maymunlar boshqa maymunlar kabi his-tuyg‘uga ega emas, gapirib o‘z g‘am-tashvishlarini bayon qilay desa gapira olmas va mo‘‘minlar tomonidagi qarindosh-urug‘lari va qo‘ni-qo‘shnilarining oyoqlariga suykalishib, bo‘lgan voqeani tushuntirib bermoqchi bo‘lar edilar.

Bu holatni ko‘rgan mo‘‘minlarni dahshat bosdi va ularning qasrlariga shoshilib borib, ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, qasrlaru ko‘chalar afsus-nadomatlar bilan uvillashayotgan, yuzlarini, sochlarini yulayotgan maymunlar bilan limmo-lim to‘la edi. Bu bag‘oyat mudhish manzara edi.

Mo'mindar ne hodisa bo‘lganini darhol anglab yetdilar. Muxoliflarning esa o‘z holatlaridan paydo bo‘lgan qo‘rqinch tufayli yuraklari pora-pora edi. Ular mo‘‘minlardan yordam so‘rab, iltijo qilib yig‘lar edilar.

Mo'minlar esa oliy insonlik hurmatidan ajralib, aqlsiz hayvoniy hayotga o‘tib qolgan maymunlarning iztirob va alamlarini his etsalar-da, biroq ularning alamlarini yengillashtirgudek biron ish qilishga qodir emas edilar.

Oxir - oqibatda mo‘‘minlar qishloqni maymunlarga tashlab, boshqa yerga ko‘chib ketishga qaror qildilar.

A. Mansurov tarjimasi.

«Islom nuri» gazetasining 2002 yil, 21-22-sonlaridan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.