Qur'on va axloq
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
QADARGA ISHONISHNING FOYDASI
Qadarga bo‘lgan ishonch o‘z egasini doimo harakatda bo‘lishga chorlaydi. U o‘z foydasini harakatdan topadi. Bu ishim samarali bo‘lmasa keyingisi samara berar, deb doimo yaxshi umid bilan ish olib boradi. Chunki unga nima taqdir qilingani ma’lum emas, belgilari ham yo‘q.
Qadarga bo‘lgan ishonchning hikmatlaridan yana biri, inson boshiga musibat yetganida qayg‘uni yengillashtirishdir. Shuningdek, hayotida muvaffaqiyatlarga erishgan chog‘ida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi, balki barcha narsani Allohdan deb bilib, musibat yetganda sabr qiladi, yaxshilikka erishganda shukr qiladi.
«Biror musibatni paydo qilmasamizdan oldin u Kitobda bitilgan bo‘lur, aks holda yer yuzida va o‘z shaxslaringizda sizga biror musibat yetmas. Albatta, bu ish Alloh uchun osondir. Toki, ketgan narsaga qayg‘urib, kelgan narsadan xursand bo‘lmasligingiz uchun» («Hadid» surasi, 22-23-oyatlar).
Shu oyatda Alloh aytadiki, insonga biror musibat yetsa, bu avvaldan taqdir qilingan narsadir. Inson buning uchun qayg‘u chekib o‘zini qiynamasligi zarur. Chunki taqdirda bor narsa u xohlasa ham, xohlamasa ham sodir bo‘lishi muqarrar. Shuningdek, unga bir yaxshilik yetsa ham bu taqdirdagi narsa bo‘lib, insonning xohishiga qaramay bo‘lishi muqarrar bir narsadir. Buning uchun inson ortiqcha xursand bo‘lib hovliqmasligi zarur. Qadarga bo‘lgan ishonch kishini shijoatli, qo‘rqmas, saxiy va karamli qiladi. Chunki u kishi ajali va rizqi o‘lchog‘li ekanligiga, dunyodagi barcha ishlar Allohning qo‘lida ekanligiga ishonadi. Shuning uchun ham o‘z xalqini, vatanini va millatini himoya qilishga o‘limdan ham qo‘rqmaydi. U rizq berguvchi Allohning O‘zi, degan e’tiqodda bo‘lgani uchun kambag‘al bo‘lib qolishdan cho‘chimay, beva-bechoralarga, muhtojlarga xayru ehsonlar qiladi. Shunga o‘xshash qadarga bo‘lgan ishonchning har bir kishi va har bir jamiyat uchun manfaatlari behad ko‘pdir.
NAFS HAVASIGA BERILISH
Hayot davomida inson turli rag‘bat va shahvatlar oqimiga duchor bo‘ladi. Bu narsalar insonni birovga zarar qilib bo‘lsa ham, faqat o‘zi haqida o‘ylashga undaydi. Unday kishi qilgan ishlari yomon bo‘lsa bo‘lsin, lekin o‘zi uchun foydali bo‘lishini o‘ylaydi. Islom insonni havoyi-nafsga berilishidan saqlashga qattiq harakat qiladi. Buning uchun inson istaklarini tabiiy tartib bilan, odilona qondirishga yo‘l topadi. Chunki havoyi-nafs insonning tabiiy istaklarini doimo tashvishga solib turadi. Agar inson havoyi-nafs to‘riga tushsa, u insonni tabiiy intizomdan chiqaradi, uning barcha quvvatini faqat bir narsa uchun sarflashga majbur qiladi. Shunday qilib, istaklar orasidagi tenglik buziladi. Ulardan biri ustunga chiqib oladi va boshqalarni chetga suradi. Shuning uchun ham Qur’on havoyi-nafsni «buzg‘unchi» deb sifatlaydi. Aslida esa bu hayotda haqiqiy hukm surishi zarur edi. Alloh shunday deydi:
«Agar haq ularning havoyi nafslariga ergashsa, albatta, osmonlaru yer va ulardagi kimsalar fasodga uchrar edi» («Mo‘’minun» surasi, 71-oyat).
Havoyi-nafsning eng katta zarari, hukmdorlar tarafidan keladi. Aslida ularning vazifasi yer yuzida adolat o‘rnatishdir. Agar ular havoyi-nafslariga berilsalar, kuchlilarga xushomad qilib, kuchsizlarga jabr o‘tkazsalar, yer yuzida fasod paydo bo‘ladi. Tarixda ko‘p marta sodir bo‘lganidek, baxtsizlik va xarobalikka sabab bo‘luvchi qo‘zg‘olonlar kelib chiqadi. Qur’oni Karimda bizga ta’lim berish maqsadida Allohning o‘z payg‘ambari Dovud alayhissalomga aytgan gapi keltiriladi:
«Ey Dovud, albatta, Biz seni yer yuzida xalifa qildik. Bas, odamlar orasida haq ila hukm yurit. Havoi nafsga ergashma! Yana u seni Allohning yo‘lidan adashtirmasin. Albatta, Allohning yo‘lidan adashadiganlarga unutganlari uchun hisob kunida shiddatli azob bordir» («Sod» surasi, 26-oyat).
Havoyi-nafsga ergashish bizni hayotdagi haqiqatlardan uzoqlashtiradi. Hozirgi zamon falsafasining otasi hisoblanmish Frensis Bekon fikricha, haqiqatga erishish uchun, uning yo‘lini to‘sib turgan to‘rt narsadan xalos bo‘lish zarur va shu to‘rt narsaning ichidan ko‘plab xatolar kelib chiqadi. Shulardan biri o‘zidan oldin o‘tganlarga ko‘r-ko‘rona ergashishdir. Qur’on yahudiylarga Muhammad alayhissalomga ergashishlari zarurligini tushuntirish jarayonida, ularning bu narsani qabul qilmasliklarining sababini ham eslatib o‘tgan. U ham bo‘lsa havoyi-nafslari bo‘lib, o‘zlaridan oldin o‘tganlarga ko‘r-ko‘rona ergashishlaridir.
Alloh shunday deydi:
«Agar senga javob bera olmasalar, bas, bilginki, ular faqat havoi nafslariga ergashmoqdalar, xolos. Allohdan bo‘lgan hidoyatsiz, o‘z havoi nafsiga ergashgandan ko‘ra ham gumrohroq kimsa bormi?! Albatta, Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas»(«Qasos» surasi, 50-oyat).
Hayotda havoyi-nafsga berilishning eng asosiy sababi, kishi irodasining zaifligi va ilmining ozligidadir. Havoyi-nafs inson aqlini o‘ziga bo‘ysundirib olsa, u boshqalar kabi idrok qilish, eslash, o‘ylashga qodir bo‘lmay, balki faqat bir narsa atrofida o‘ralashib qoladi. Inson bir narsani yaxshi ko‘rsa, unga ko‘p e’tibor beradi va undan boshqa narsani o‘ylamay qo‘yadi. Shuning uchun ham havoyi-nafs bilan aql o‘rtasida katta farq bor. Aql ishlatilganda ulkan natijalarga erishiladi. havoyi-nafsga berilish esa, insonni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiradi. Qur’on shunday deydi:
«Albatta, ko‘pchilik bilmasdan, hoyu havaslari ila adashtiradilar» («An’om» surasi, 119-oyat).
«Yo‘q!!! Zulm qilganlar ilmsiz ravishda havoyi nafslariga ergashdilar, xolos» («Rum» surasi, 29-oyat).
Qur’on havoyi-nafsni tuzatish yo‘lini ham ko‘rsatgan. Bu esa, butun vujud bilan Allohga yuzlanish va uning buyruqlaridan chiqmaslik bilan bo‘ladi.
«Va, ammo kim Robbisining maqomidan qo‘rqqan va o‘z nafsini havolanib ketishidan qaytargan bo‘lsa. Bas, albatta, jannat o‘rin bo‘ladir» («Annaziat» surasi, 40-41-oyat).
Mana shu Alloh har narsani kuzatib turishiga ishonish va havoyi-nafsga qarshi kurashish, to‘g‘ri yo‘lda sobit qadam bo‘lib, noto‘g‘ri yo‘lga kirmasligimizning kafolatidir.
«Iymon» kitobidan
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.