background
logotype
image1 image2 image3

Minodagi va'z

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning 1411-hijriy sananing haj mavsumida, Minoda butun olam hojilari sharafiga uyushtirilgan ziyofatda so‘zlagan ma’ruzasi.

Bismillahir rohmanir rohim.

Qodir bo‘lgan bandalariga Ka’batullohni (Xonai Ka’bani) haj qilishlikni farz etgan Alloh subhonu va taologa hamd-sanolar bo‘lsin.
Ushbu haj arkonlari (qoidalari) va uni ado etish yo‘llarini biz ummatlariga mukammal bayon etgan sayyidimiz Muhammad alayhissalotu vasallamga Parvardigorning salovat va salomlari bo‘lsin.

Harami sharifning hurmatli xodimlari!
Muhtaram birodarlar!
Allohning Ka’basini ziyorat qilish uchun kelgan aziz hojilar!
Bu muqaddas joylarda, shunday saodatli kunda hozir bo‘lgan qadrdon jamoalar huzurida so‘zga chiqishni men o‘zim uchun baxt va sharaf deb bilaman.
Muhtaram jamoa! Biz muqaddas joylarda ziyorat asnosida haj arkonlarini ado etib yurarkanmiz harami sharifning kengaytirilganligini ko‘rib juda xursand bo‘ldik. Bu Saudiya hukumatining va harami sharifning xodimlari (janobi qirolning) shaxsan Ka’bai mu’azamaga yetarli darajada e’tibor berayotganliklarining dalilidir. Alloh taologa bo‘lgan bu e’tiqod, bu mukarram joylarda istiqomat qilayotgan xalqlar tegrasidan har qanday baloni daf qiladi, inshoalloh. Chunki Parvardigor ko‘ruvchi va biluvchidir.
Bu yutuqlar Alloh taolo shariatining nufuzini hayotga tadbiq qilish oqibatidir. Alloh bu fazli karami bilan esa bandalarga oxirat qanday yaxshi ekanligi, uning tadorigini ko‘rgan bandalari baxtiyor insonlar bo‘lishligini ko‘rsatib turibdi. Agar musulmonlar Alloh taolo shariatini amalda mahkam tutsalar butun olam xalqlarining peshvosi bo‘lishlari va qachonki o‘z shariatini tark etsalar, unga xilof ish tutsalar, ham taraqqiyot, ham ma’naviyatda ortda qolgan, jaholat qa’ridagi xalqlarga aylanishga tarix shohiddir.
Saudiya Arabistonidagi bu obdonchiliklar, bu farovonchiliklar bu ellarda Islomning nufuzi qay darajada ekanligini ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun boshqa Islom davlatlariga ham ikki dunyo saodatiga erishmoq uchun amalda o‘z xalqlarining hayotida Alloh shariatini tadbiq qilishlari lozim bo‘ladi. Bu muqaddas maqomda turib qolgan Islom davlatlarini har xil hayot ishlarida Allohning kitobi va payg‘ambarimizning sunnatlariga ish yuzasida amal qilishga shoshilishga da’vat qilaman.
Shuningdek, ulug‘ olimlarimizning bu sohada shijaot bilan izchil harakat qilishlariga umid qilaman. Toki yumshoqlik, muloyimlik, xushta’b so‘zlar va hikmatomuz da’vat qilishlari bilan Allohning amrini ro‘yobga chiqarsalar. Zora shunda kuch-g‘ayrat va mas’uliyat bilan Allohning amriga da’vat qiluvchilar sababidan musulmonlar va Islom kalimasi zafar qozonsa.
Ma’lumki, hojilar birov piyoda va birov ulovga minib, dunyoning hamma burchaklaridan o‘zlari uchun ruhan mafaatli bo‘lgan joylarni ko‘rishga kelishadi. Ushbu hajning manfaatlaridan biri o‘zaro tanishish va butun olamda musulmonlar xamkorligini yo‘lga qo‘yishdir. Toki butun dunyo musulmonlari jipslashsin. Allohning yo‘lini va roziligini topish, o‘zaro diniy, moddiy, ma’naviy aloqalarini kuchaytirish, o‘zaro qardoshlik va do‘stlikni mustahkamlash adadi yana ko‘paysin. Toki insonlar Allohning dini arkonlarini mahkam tutsinlar. Ajralmasinlar, yaxshilik, taqvodorlik yo‘lida hamjihat bo‘lsinlar!
Muhtaram dindosh birodarlar! Biz hozirgi kunda saflarimizni birlashtirishga juda-juda muhtojmiz. Chunki dinimiz dushmanlari hamma tarafdan hujum qilish uchun fursat poylab turibdi. Agar musulmonlar birlashsalar, hech qachon yengilmasliklarini ular Islom tarixidan biladilar. "Badr" jangidan to shu kungacha qadar musulmonlar faqat o‘z ichlaridagi ixtiloflari tufayligina mag‘lub bo‘lishdi.
Bu saodatli damlarda so‘zlash fursatidan foydalanib, barcha dindosh birodarlarimizni musulmonlar saflarini jipslashtirib, ixtiloflarini bartaraf etishga chaqiraman! Ichki gina-qudratlarini unutib, Islom quvvati yo‘lida hamjihatlik qilishga, bir-birimizga kechirimli bo‘lishga da’vat etaman!
Harami sharif xodimlari, sizlar musulmonlarning saflarini birlashtirishdek barakali ishda eng afzaldursizlar... Bu Islomiy ulug‘ g‘oya yo‘lida bor imkoniyatu kuch-g‘ayratlaringizni yana ham ko‘proq sarf etishingizni istardim.
Muhtaram harami sharif xodimi janob Faxd ibn Abdulaziz, Siz ikkinchi marotaba Movarounnahr hojilariga o‘z mablag‘ingiz hisobidan fisabililloh xizmat ko‘rsatmoqdasiz. Bu xizmatlaringiz o‘z dindosh birodarlaringizning moddiy va ma’naviy ahvolini tushunganingizdandir. Sizning bizga ko‘rsatgan mehribonchiligingiz va inoyatingiz 70 yildan ziyod bu muqaddas joylarga poyqadamlari yetolmay turgan diyorimizdagi jabrdiyda birodarlaringiz ko‘rgan mashaqqatlariyu tortgan zahmatlarini unutdirib yubordi!..
Alloh taolo sizlarga Islom hurmati uchun qilayotgan bu xizmatlaringiz evaziga faqat yaxshilikni, faqat ajrini ravo ko‘rgan bo‘lsin.
Vas-salomu ‘alaykum va rahmatullohi va barokatuh!

“Shoyadki taqvodor bo‘lsak” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.