background
logotype
image1 image2 image3

Halokat ko'lami

 Jismu jonimizda parokandalik izlarini ko‘ramiz; hech narsadan hech narsa yo‘q kasallikka chalinganday bo‘lamiz; ishimiz yurishmaydi; ko‘zlagan maqsadimizga yetaveramaymiz; duo qilamiz, iltijo qilamiz, lekin qabul, ijobat bo‘li-shiga ishonchimiz yetmaydi...
Nega? Bularning bir sababi, halol va haromni ajratmay, Alloh yeyishni harom qilgan narsalarni bemalol tanovul qilishga odatlanib qolganimizdan emasmikin?

Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Halol luqma yenglar, haromga aslo yaqinlashmanglar, chunki harom luqma qorindan qirq kungacha chiqmaydi”, deganlar. Qarang, bir luqma haromning zarari qirq kungacha tanamizdan ketmas ekan, ruhiyatimizni, axloqimizni buzishda ta’siri qanchaykin? Allohdan qo‘rqqan, taniyu ko‘ngli sof bo‘lishini hamma narsadan a’lo ko‘rgan ota-bobolarimiz og‘ir ocharchilik zamonlarida, kunlari o‘t-o‘lan tomiriga qolganida ham haromdan hazar qilishganini eslaylik.

It qanaqa hayvon?

Taassufki, halol narsalar yetarli bo‘lgan ayni kunlarimizda, o‘zi musulmon bo‘laturib, ba’zilar hech tap tortmay it yo cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilishyapti.
Ba’zilar esa, yanada hadlaridan oshib, bu ha-rom qilingan hayvonlarni boqib-ko‘paytirib, ularning sotuvidan foyda ko‘rish, hoy-havaslarini qondirish yo‘liga o‘tib olgan. Bu ishlari bilan boshqalarning ham gunohga botishiga, turli-tuman xastaliklarga chalinishiga hissa qo‘shishayotganidan xabarlari bormikin? Xabarlari bo‘lganida o‘zini ziyoli hisoblaydigan muhandis bir kimsa azim shaharlarimizdan biridagi don- g‘i ketgan restoranda it go‘shtidan tayyorlangan taom bilan onasini siylaganini do‘stiga aytib maqtanmagan bo‘lardi.
Holbuki, Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Agar sizlardan biringizning idishini it yalasa, uni yetti marta (qatron qilsin) yuvsin”, deb buyurganlar. Zarurat bo‘lmay turib it boqishdan esa, qaytarganlar. Chunki itdan shunday kasalliklar tarqaydiki, bu xastaliklar inson hayoti uchun xavf- li, oxir-oqibatda o‘lim bilan yakunlanishi ham hech gap emas. Buni Islomdan yiroq ovrupalik olimlar e’tirof etishgan.
Olmon faylasufi Gerartfentesmer “Koinot” nomli olmon jurnalida bosilgan it boqishning zararlari haqidagi maqolasida bunday deb yozadi: “Ko‘pchilik it boquvchilar o‘z qo‘llari bilan o‘zlarini halokat chohiga itarayotganlarini bilmaydiganga o‘xshaydilar. Chunki itlarda mavjud sek- tor qurti xavfli kasallikni keltirib chiqaradi va ko‘p hollarda unga chalingan bemorlar o‘lim changaliga tushadi. Yirtqichlardan bo‘ri, chiya-bo‘rilarda, shuningdek, cho‘chqalarda uchraydigan qurtlarning eng xavflisi itlarniki xisoblanadi. Chunki u itlarda ko‘rib bo‘lmas darajada juda kichkina bo‘ladi va qotilligini yashirin tarzda olib boradi. Dastlab itning ichaklarida kichik donachalar shaklida bo‘lgan qurtlar inson tanasiga virusini yuqtirishi bilan butun a’zolarini yemirish payiga tushadi. Qurtlar avval inson yuragi va uning atrofini egallaydi. Ba’zan o‘pka, ichaklar, buyrak, taloq va hatto bosh suyaklar qatigacha o‘rnashib oladi va qaysi a’zoga o‘rnashsa, uni ishdan chiqaradi. Ammo uning nimaligini aniqlashga, mutaxassis ham qiynaladi. Uning birgina belgisi shuki, inson badanida sepkil sifatida ko‘rinadi...”1
Chekka qishloqlarimizdan birida yuz bergan mudhish fojea, ancha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, ha-mon xotiramdan ko‘tarilmaydi. Qo‘qqisdan bir necha xonadon quturish kasaliga yo‘liqadi. Oqibatda ushbu oilalarning yostig‘i quridi, uy hayvonlari qirib-yondirib yuborildi. Hozir u joy xarobazor, qarg‘ish tekkandek, birov yaqiniga yo‘lashga qo‘rqadi... Aniqlanishicha, bir dona daydi itni tutib, so‘yib, go‘shtini o‘sha oilalar o‘rtada bo‘lib olishgan ekan...
Demak, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) itlarni yaqinlatmaslikka, idishlarni yalashiga yo‘l qo‘ymaslikka buyurganlari, zaruratsiz it boqishni taqiqlaganlari zamirida ulug‘ hikmat yotibdi. Bunda ummatlarini ko‘rib bo‘lmas xavfdan ogoh etish sabog‘i bor.

Iflosliklarning timsoli

“U (Alloh) sizlarga faqatgina o‘laksani, qonni, to‘ng‘iz go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atalib so‘yilgan narsalarnigina harom qildi” (Nahl , 115).
To‘ng‘izning turgan-bitgani najosatdir. Unday iflos, qo‘lansa jonivor boshqa yo‘q. Alloh halol qilgan qanchalab ne’mat bor bo‘lgani holda, yemishi najas bo‘lgan cho‘chqani iste’mol qilishga hozir hech muhtojlik bormikin? Qolaversa, Alloh harom etgan narsalarning inson fitratiga yomon oqibat keltiradigan jihatlari ham bor. Buni qachon o‘ylab ko‘ramiz?
Yashirishning hojati yo‘q, biz bilan bir havodan nafas olayotgan ayrim millatdoshlarimiz cho‘chqadan hazar qilishni allaqachon unutib yuborishgan. Cho‘chqa go‘shtini ishlatadigan oshxonalar ko‘payib qoldi, ota-bobosi chin musulmon o‘tgan ba’zi uddaburonlar cho‘chqa boqib, uni sotib, tirikchilik yurgizish payida. Ha, desangiz, daromad keltiradigan ish ekan, deydi. «A» qishlog‘ilik bir tanishim gapirib qoldi: “Bitta bizning qishloqning o‘zida qirq-ellik oila cho‘chqa boqadi. Ko‘chalaridan o‘tib bo‘lmaydi, hovlilariga kirib qolsangiz, badbo‘yligidan nafas ololmay qolasiz. Qishloq oqsoqollari, imomlar cho‘chqaboqarlarga necha marta tanbeh berib ko‘rishdi, foydasi yo‘q, qaytaga daromadiga qiziqib, saflari battar ortib boryapti. Holbuki, jirkanch natijasi tez orada o‘zini ko‘rsatadi...”
Nemis tadqiqotchisi Xayz Xizish Rovfig bundan yarim asr oldin bir tajriba o‘tkazadi. Katta-katta o‘ttizta idishga oq sichqonlarni solib, har xil yemishlar bilan, jumladan, ba’zi idishlardagi sichqonlarni cho‘chqa go‘shti bilan boqdi. Ma’lum vaqt o‘tgach, cho‘chqa go‘shti berib boqilgan oq sichqonlar bir-birini yeyishga tushdi. Bundan tashqari, ko‘pi saraton kasaliga yo‘liqdi. Boshqa yemish yegan jonivorlarda na bir-birini yeyishga moyillik, na kasallikka chalinish alomati kuzatildi. Mazkur olim yana bir qancha tajribalar o‘tkazib, inson salomatligi uchun cho‘chqa go‘shtining zararli ekanini isbot etdi. Unda hayot uchun xavfli trixin mikrobi va bakteriyalar borligini aniqladi.2
Bu kunlarda ko‘pchilik aziyat chekadigan xastaliklardan biri gripp ekanini yaxshi bilamiz. Uning sababini aksariyat odamlar shamollashga, yuquvchanligiga bog‘lashadi. Holbuki, olimlarning aniqlashicha, cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilish oqibatida tanada bir virus o‘rnashib olar, shu virus grippni keltirib chiqarishda asosiy vosita bo‘lar ekan.
Insonni Hazrati Inson qilib turgan tayanch nuqtalaridan biri uning or-nomuslilik hissiyotidir. Yusuf Qarzoviy tadqiqotida cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilgan sari kishida rashk qilish tuyg‘usi yo‘qolib borishini kuzatganini yozadi3. Bu hol inson insonligini boy berib qo‘yayotganidan, tubanlik chog‘iga qulayotganidan darak emasmi? Bu narsalarni bir-birimizga tushuntiraylik. Alloh bizga in’om etgan halol, pokiza, tanu ruhimizga foydali yeguliklar qanchadan-qancha, o‘shalar yeguligimiz bo‘lsin. Alloh harom qilgan narsalarda biz bilgan-bilmagan illat ko‘p. Ulardan hazar qilaylik. Ular tevaragida sodir bo‘lgan noxush voqealardan ibrat olmas ekanmiz, halokat ko‘lami kengayib boraveradi.

1Yusuf Qarzoviy. «Islomda halol va harom», 134—135-betlar.
2Xayz Xizish Rovfig. «Cho‘chqa go‘shti va salomatlik». «Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 3-son, 203—207-betlar. Ushbu maqola ibrat uchun ko‘chirib bosilyapti.
3Yusuf Qarzoviy. «Islomda halol va harom», 47-bet.

Shavkatjon Valiyev

“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 6-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.