background
logotype
image1 image2 image3

Gunohlar va taqdir

Savol: Taqdirimda bor ekanki, gunoh qilyapman. Menda nima ayb?

Javob: 1. Rizq ham taqdirda yozilgan. Nega rizq masalasida taqdirga suyanilmaydi? Ertayu kech tirikchilik deb yugurib-elamiz. Lekin e’tiqodiy amal, ibodatga kelganda, taqdirga suyaniladi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, bu inson Allohga itoat etishga erinadi va taqdirni bahona qiladi.

2. Odamlar ko‘pincha taqdir masalasida Qur’ondagi ba’zi oyatlarni o‘zlariga dalil qilishadi. Holbuki, bu oyatlarning ma’nosi boshqadir. Bandalar Alloh taqdirga yozgani uchun muayyan amalni qilmaydi, balki bandaning nima amal qilishini Alloh oldindan bilgani uchun shu amalni unga taqdir qilib yozdi. Qur’on oyatlarini, hadislarni tushunish uchun faqat zohiriy ma’nosiga qarash kifoya qilmaydi. Ularning sababi nuzuliga, tafsir va hadislarga qarash kerak.

3. Qadar (taqdir) Alloh taolo barcha narsalarni: koinot va undagi hodisalarni azaliy ilmi bilan belgilab qo‘yishidir. Qazo azaldan belgilangan ishlarning vaqti yetganda olamda paydo bo‘lishidir.

Mast shofyor misoli: Bir kishi do‘sti ichgan holda mashinaga o‘tirayotganini ko‘rdi. Uni qaytarmoqchi bo‘lib: “Mast holda haydama. Avariya qilasan, halok bo‘lasan”, dedi. Mast shofyor quloq solmay, mashinaning gazini bosdi. Bir-ikki kilometr yurgach, mashinani daraxtga urib, halok bo‘ldi. Bu halokatga kim aybdor? Oldindan sezib ogohlantirgan do‘stimi yoki mast shofyormi? Albatta, shofyor aybdor. Chunki mashinani u haydadi, do‘sti oldindan aytdi, lekin uni majbur qilgani yo‘q. Gunoh qilayotgan kimsa ham unga o‘z irodasi bilan qo‘l urmoqda. Alloh oldindan gunoh qilishini taqdirda yozgan, lekin majbur qilmagan. Boyagi ogohlantiruvchini halokatda ayblash qanday adolatsizlik bo‘lsa, o‘zining gunohida Allohni ayblash ham shunday adolatsizlikdir.

Xulosa: taqdirning gunoh va savobga tegishli qismida insonga ixtiyor berilgan. Buni juz’iy ixtiyor deyiladi. Bu ishlar va amallardan inson mas’uldir. Taqdirning tug‘ilish, o‘lish, kasalliklar, musibat va shu kabi hodisalarida insonga ixtiyor berilmagan. Inson bulardan mas’ul emas.

“Aqidaviy ahkomlar” kitobidan Sayfiddin Sayfulloh tayyorladi.

“Irfon” taqvimining 2014 yil 2-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.