background
logotype
image1 image2 image3

Zo‘ravonlik, haddan oshish

Alloh taolo deydi:

«Insonlarga zulm qiladigan va yerda nohaq zo‘ravonlik - kibru havo qiladigan kimsalarning - ana o‘shalarning jazosi alamli azobdir» (Sho‘ro surasi, 42).

Ya'ni, insonlarga zulm qiladigan tajovuzkorlar, odamlarning jonlari-yu, mollariga zug‘um o‘tkazadigan zo‘ravonlarning jazosi alamli azobdir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Alloh taolo menga tavoze'li bo‘lishingizni vahiy qildi. Toki bir odam boshqasiga zo‘ravonlik qilmasin, bir odam boshqasidan o‘zini ustun qo‘ymasin» (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh gunoh qilgan kimsaga ham bu dunyoda jazo berib, ham oxiratga nasiba - azob hozirlab qo‘yishi uchun zo‘ravonlik va qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzishdan ko‘ra loyiqroq gunoh yo‘q» (Ibn Moja, Termiziy, Hakim rivoyati).

Asarlarda kelganki, agar bir tog‘ boshqa toqqa zo‘ravonlik qilsa, Alloh o‘sha zo‘ravon tog‘ni mayda-mayda qilib yuboradi.

Qorun ham qavmiga zo‘ravonlik qilgani uchun Alloh uni yerga yutdirib tashladi. Alloh taolo u haqda shunday xabar qilgan:

«Albatta, Qorun o‘zi Muso qavmidan edi. Bas, u (qavmdoshlariga) kibr havo qildi... Bas, Biz(Qorunni) ham, uning hovli-joyini ham Yerga yutdirdik» (Qasos surasi, 76-81).

Ibn Javziy aytganlarki, Qorunning haddan oshishi borasida bir qancha qarashlar bor:

1. U bir fohishaga Muso alayhissalomga tuhmat qilgin, nomini badnom etgin, deb pul beradi. U shunday qiladi. Muso alayhissalom undan aytgan gapiga qasam ichishini talab etadi. U Qorun bilan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan gap-so‘zni xabar qiladi. Qorun shunday qilib haddidan oshgan. Bu gap Ibn Abbosning fikri.

2. U Alloh azza va jallaga kufr keltirib haddidan oshgan. Zahhok shunday degan.

3. Kibr qilib haddidan oshgan. Bu Qatodaning fikri.

4. Kiyimlarini bir qarich uzun qilib sudrab yurgan. Ato Xurosoniy shunday degan.

5. U Fir'avnning xodimi bo‘lgan va Bani Al-Isroilga zulm va tajovuz qilgan. Movardiy shu fikrni bildirgan.

«Bas, Biz o‘zini ham, hovli joyini ham (erga) yutdirdik» oyati karimasining sharhida shunday deyiladi: «Qorun fohishani Muso alayhissalomga tuhmat qilishga buyurgach, Muso alayhissalom darg‘azab bo‘ldilar va Qorunni duoibad qildilar. Shunda Alloh taolo: «Men yerga senga itoat etishni buyurdim. Bas, unga buyur», deb vahiy qildi. Muso alayhissalom: «Ey yer, uni yut», dedi. Yer uni yutib yubordi. Qorun buni ko‘rgach, Muso alayhissalomdan rahm qilishni o‘tinib, yolvora boshladi. U zot: «Ey yer, uni yut», degan edi, oyoqlarini yutib yubordi. Muso alayhissalom Qorunni butunlay yutib yuborgunigacha, «uni yutgin», deb buyuraverdi. Shunda Alloh taolo u zotga vahiy qildi: «Ey Muso, izzatim va ulug‘ligimga qasamki, agar Mendan yordam so‘raganida, unga najot berardim».

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytdilarki, yer uni qa'riga yutib yubordi.

Samura ibn Jundub roziyallohu anhu aytdilarki, u tunu kun bo‘yi barobar yer tagigacha kirib ketaverdi.

Muqotil aytganlarki, Qorun halok bo‘lgach, Bani Isroil: «Muso uning hovlisi va hisob-kitobini o‘ziniki qilib olish uchun halok etdi», deb gap tarqatdi. Alloh uning hovlisi-yu, mol-dunyosini ham yerga yuttirib yubordi.

«So‘ng uning uchun Allohdan o‘zga yordam beradigan biron jamoat bo‘lmadi va uning o‘zi ham g‘oliblardan bo‘lmadi» (Qasos surasi, 81).

Ya'ni, hech kim uni Allohning balosidan qutqarolmadi.

Parvardigoro, gunohlarimiz zulmatini ma'rifat va hidoyating nuri ila nurafshon et. Bizni O‘zing iqbol etgan, Sendan boshqalarga yuz burmaydigan bandalaringdan ayla. Bizni, ota-onamizni va barcha mo‘minlarni mag‘firat qil. Omin.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.