background
logotype
image1 image2 image3

Zaiflar va qo‘l ostidagilar – xotin, qul, jonivorlar haqini poymol qilish

Alloh taolo aytadi:

«Allohga bandalik qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onangizga hamda qarindosh-urug‘, yetim va miskinlarga, qarindosh qo‘shni va begona qo‘shniga, yoningizdagi hamrohingizga, yo‘lovchi musofirga va qo‘llaringizdagi qullaringizga yaxshilik qilingiz! Albatta, Alloh mutakabbir va maqtanchoq bo‘lgan kimsalarni sevmaydi» (Niso surasi, 36).

Alloh taolo O‘zini bir, yakka va yolg‘iz deb bilish, ulug‘lash qatorida quyidagilarga yaxshi munosabatda bo‘lishni buyurdi:

Ota-onaga - ularga mehribonlik ila yaxshi munosabatda bo‘lish, qo‘pol muomala qilmaslik, huzurlarida baland ovozda gapirmaslik va qul ho‘jayiniga itoat etganday itoatkor bo‘lishi lozim.

Qarindosh-urug‘larga - ular bilan aloqani mustahkamlash, ularga yaxshi munosabatda bo‘lish lozimligi ham ta'kidlanmoqda.

Yetimlarga - ularga mehr-shafqat ko‘rsatib, boshlarini silash lozim.

Miskinlarga - imkoni bo‘lsa, ularga xayr-ehson qilish, bo‘lmasa, yaxshi so‘z so‘zlash darkor.

Qarindosh qo‘shni - nasabda yoki dinda qarindosh bo‘lgan qo‘shni. Uning ikkita haqi bor. Mabodo ham dinda, ham nasabda qarindosh bo‘lsa, uning uchta haqi bo‘ladi.

Begona qo‘shni - nasabda yoki dinda qarindosh bo‘lmagan qo‘shni.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘shnining haqi xususida shunday deganlar: «Jabroil menga qo‘shni haqida to‘xtovsiz vasiyat qilaverganidan yaqinda qo‘shnini ham merosxo‘r deb atasa kerak, deb o‘yladim» (Muttafaqun alayh).

Hamroh - safardagi yo‘ldosh bo‘lib, uning qo‘shnilik va hamrohlik haqlari bor.

Yo‘lovchi musofir - musofir to ko‘zlagan manziliga yetib olgunicha, unga taom va boshpana berish vojib.

Qo‘llaringizdagi qullaringiz - qul (cho‘ri)larning rizqini yaxshilab, xatolarini afv etish lozim.

Zero, Alloh O‘zining ko‘rsatmalariga amal qilishdan bo‘yin tovlaydigan mutakabbir va U bergan ne'matlar sababli boshqa bandalardan o‘zini ustun qo‘yuvchi maqtanchoq kimsalarni suymas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyodan ketish oldidan, so‘nggi kasallik chog‘larida namoz va qul-cho‘rilarga yaxshi munosabatda bo‘lish haqida vasiyat qilib: «Namoz, namoz (ya'ni, namozga qattiq e'tibor beringlar). Qo‘l ostingizdagilar xususida Allohdan qo‘rqinglar», degan edilar (Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, yaxshi hulq - baxt, yomon hulq esa - ko‘ngilsizlik (baxtsizlik).

Yana bir hadisi sharifda: «Yomon xulqli kishi jannatga kirmaydi», deyilgan  (Termiziy rivoyati).

Abu Mas'ud Badriy aytadilar: «Bir qulimni qamchi bilan urayotgan edim. Ortimdan: «Ey Abu Mas'ud, bilib qo‘y», degan ovoz eshitildi. Fazabdan ovozni anglamay qoldim. Menga yaqin kelgach, qarasam u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanlar. U zot: «Abu Mas'ud, bilib qo‘y, sen bu g‘ulomdan qudratli bo‘lsang, Alloh sendan qudratlidir», dedilar. «Endi bironta ham qulni urmayman, dedim».

Ushbu hadisning boshqa rivoyatida: «U zot sollallohu alayhi vasallamning haybatlaridan qo‘limdan qamchi tushib ketdi», deyilgan. Yana bir rivoyatda: «Yo Rasululloh, u Allohning roziligi uchun ozoddir», degan edim, u zot: «Agar shunday qilmaganingda, shubhasiz, do‘zax olovida kuygan bo‘larding», dedilar», deyilgan (Muslim rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: «Kimki qulini qilmagan ishi uchun jazolab ursa yoki kaltaklasa, uni ozod qilish bilangina shu gunohi yuviladi» (Muslim rivoyati).

Hakim ibn Hizom roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Dunyoda odamlarni azoblaydigan kimsalarni Alloh, albatta, jazolaydi» (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki zulm qilib qamchi ursa, qiyomat kunida undan qasos olinadi» (Bazzor va Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Xizmatkorni necha marta afv etish lozim?» deb so‘rashgan edi, «Har kuni yetmish marotaba», deb javob berdilar (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Kunlardan bir kuni qo‘llarida misvok tutib turgan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xizmatkorini chorladilar. U sustkashlik qilgan edi, u zot: «Agar qasos olish xafvi bo‘lmaganida, ana shu misvok bilan senga ozor bergan bo‘lardim», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhuning qora tanli cho‘risi bor edi. Bir kuni u zot cho‘risiga qamchi ko‘tardilar-da: «Agar qasos bo‘lmaganida, seni, albatta, savalar edim. Lekin seni haqingni to‘la qilib beradigan Zotga sotaman. Allohning roziligi uchun ozodsan», dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim pok qulini badnom qilsa (zinokor deb tuhmat qilsa), unga qiyomat kunida had joriy qilinadi. Magar aytgani rost bo‘lsa (jazolanmaydi)» (Muttafaqun alayh).

Bir hadisi sharifda: «Qulga taomi va kiyimidan beriladi hamda toqati yetmaydigan ishga buyurilmaydi», deyilgan (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qullaringizdan o‘zingizga ma'qul kelganlariga yeydigan narsangizdan yediringlar, kiyadigan narsangizdan kiydiringlar. Ma'qul kelmaganlarini esa sotib yuboringlar, Allohning bandalarini azoblamanglar» (Abu Dovud rivoyati).

Salmon Forsiy roziyallohu anhu Madoin shahrining amiri bo‘lib turgan davrida huzurlariga bir jamoat tashrif buyurdi. U xamir qorib turgan edi. «Cho‘ringizga xamir qordirsangiz bo‘lmaydimi?» deyishgan edi, u zot roziyallohu anhu: «Uni bir ishga jo‘natgan edik. Unga yana bir ishni jamlab qo‘yishni ma'qul topmadik», deb javob berdilar.

Salaflardan biri aytgan ekan: «Qulingni har bir gunohi uchun uraverma-da, xatolarini esingda saqlab yur. Agar Allohga osiylik qilsa, uni ur va senga qilgan itoatsizliklarini eslat».

Fasl

Qul va cho‘rini farzandi yoki ukasidan judo qilish ularga qilingan eng katta yomonlikdir. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Kimda-kim ona bilan bolani bir-biridan judo qilsa, qiyomat kunida Alloh uni suyganidan judo qiladi (Termiziy, Hokim rivoyati).

Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga ikki aka-uka g‘ulomlarimni sotishni buyurdilar. Men ularni boshqa-boshqa kishiga sotdim. Buni u zot sollallohu alayhi vasallamga zikr qilgan edim: «Ikkalasini bitta odamga sot», dedilar» (Ahmad rivoyati).

Qul, cho‘ri va hayvonlarni och qoldirish ham katta zulmdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Qaramog‘idagilarni o‘z holiga tashlab qo‘yish kishining gunohkor bo‘lishiga kifoya qiladi» (Hokim, Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).

Hayvonni qattiq urish yoki qamab qo‘yib, qarovsiz qoldirish yoxud toqatidan ortiqcha narsani yuklash ham katta zulmdir.

«Yerda sudralib yurgan har bir jonivor, osmonda qanot qoqayotgan har bir qush xuddi sizlar kabi (Bizning qo‘l ostimizdagi) jamoalardir» (An'om, 38), oyati tafsirida quyidagilar aytilgan: «Qiyomat kunida insonlar to‘planib turgan vaqtda jami hayvonlarni olib kelib, ular orasida hukm qilinadi. Hattoki shoxli qo‘chqordan shoxsiz qo‘chqorning o‘chi olib beriladi, hattoki mayda chumolidan boshqa bir chumolining qasosi olib beriladi. So‘ng ularga: «Tuproqqa aylaninglar!» deyiladi. Ana shunda kofir: «Qaniydi, men ham tuproqqa aylansam», deydi».

Bu tafsir hayvonlarning o‘zaro, shuningdek, hayvonlar bilan insonlar orasida hukm qilinishi dalildir. Binobarin, inson bironta hayvonni nohaq ursa yoki tashna-och qoldirsa va yo toqatidan tashqari narsani yuklasa, o‘sha hayvon qiyomat kunida undan qasos oladi.

Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharif yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘ladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bir ayol mushuk sababli azobga giriftor bo‘ldi. Uni qamab qo‘ygan edi, o‘lib qoldi va u sababli do‘zaxga kirdi. Uni qamaganiga yarasha yedirib ichirmadi. Uni qo‘yib yubormadi hamki, yerdagi hashorotlardan terib yerdi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bir kishi sigir yetaklab ketayotgan edi. Bir vaqt uning ustiga minib oldi-da, urdi. Shunda sigir: «Biz bu ish uchun emas, yer haydash uchun yaratilmaganmiz», dedi» (Muttafaqun alayh).

Abu Sulaymon Doroniy aytadilar: «Bir marta eshakka minib, ikki-uch marotaba urdim. Shunda eshak boshini ko‘tarib menga qaradi-da: «Ey Abu Sulaymon, bu ish uchun qiyomat kuni qasos olinadi. Xohlasang ko‘p ur, xohlasang kam», dedi. Shundan keyin biron narsani urmayman, dedim».

Ibn Umar roziyallohu anhumo Quraysh yoshlari yonidan o‘tdilar. Ular bir qushni osib qo‘yib, uni mo‘ljalga olishayotgan, qushning egasiga xato ketgan har bir o‘qni berishga kelishishgan edi. Ibn Umarni ko‘rishgach, tarqalib ketishdi. U zot: «Bu ishni kim qildi? Bu ishni qilgan kimsani Alloh la'natlasin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham jonli narsani nishonga olgan kimsani la'natlaganlar», dedilar (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chorva hayvonlarini o‘ldirish uchun saqlab turishdan qaytarganlar (Muttafaqun alayh).

Ilon, chayon, sichqon va quturgan it kabi shariatda o‘ldirishga izn berilgan jonivorlarni o‘ldirayotganda ham, qiynamasdan bir daf'ada o‘ldirish lozim. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar biron narsani o‘ldirsanglar, unga yaxshilik qilinglar. Agar biron jonliqni so‘ysanglar, unga ham yaxshilik qilinglar. So‘yadiganingiz pichog‘ini o‘tkirlab olsin va qurbonligini rohatlantirsin», deganlar (Muslim va boshqalar rivoyati).

Shuningdek, jonivorni yoqib o‘ldirish ham mumkin emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga falonchi va falonchini yoqib yuborishni buyurgan edim. Vaholanki, olov bilan faqat Alloh azoblaydi. Shuning uchun ularni topsangizlar, o‘ldiringlar», deganlar (Buxoriy rivoyati).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarda edik. Bir vaqt kichkina qush ko‘rib qoldik. Uning ikkita jo‘jasi bor edi. Jo‘jalarini olib qo‘ygan edik, tepamizda gir aylanib ucha boshladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, aytdilar: «Kim buni bolasi sababli bezovta qildi? Bolasini unga qaytaringlar», dedilar. So‘ng biz yondirgan chumoli uyasiga ko‘zlari tushib: «Bunga kim o‘t qo‘ydi?» deb so‘radilar. «Biz», degan edik, «Parvardigordan boshqaning olov bilan azoblashga haqqi yo‘q», dedilar» (Abu Dovud rivoyati).

Mazkur hadis olov bilan mayda hashoratlarni ham o‘ldirish mumkin emasligiga hujjatdir.

Fasl

Biror bir jonivorni bekordan-bekorga o‘ldirish makruhdir.

Sharid roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kimki bironta chumchuqni bekordan-bekorga o‘ldirsa, qiyomat kuni u Allohga: «Ey Rabbim, falonchi meni bekordan-bekorga o‘ldirdi, biron-bir maqsad - foyda uchun o‘ldirmadi», deya chug‘urlaydi», deganlarini eshitdim» (Nasoiy, Ibn Hibbon rivoyati).

Qushlarni jo‘ja ochish davrida ovlash ham, hayvonlarni onasi ko‘z o‘ngida so‘yish ham makruhdir.

Ibrohim ibn Adham aytganlarki: «Bir kishi buzoqni onasi oldida so‘ygan edi, Alloh uning qo‘lini quritib qo‘ydi».

Fasl

Qul-cho‘rini ozod qilish fazilati haqida

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bir musulmon qulni ozod qilsa, Alloh uning har bir a'zosi evaziga buning a'zosini, hattoki farji evaziga farjini do‘zaxdan ozod etadi» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi bir musulmon kishi boshqa bir musulmon kishini ozod qilsa, u (qul) uning do‘zaxdan xalos bo‘lishiga to‘lov bo‘ladi. Qulning har bir a'zosi uning a'zosiga badal bo‘ladi. Qaysi bir musulmon kishi ikkita muslima ayolni ozod qilsa, ular uning do‘zaxdan xalos bo‘lishiga to‘lov bo‘ladi. Ularning har bir a'zosi uning a'zosiga kifoya qiladi (badal bo‘ladi). Qaysi bir muslima ayol bir muslima ayolni ozod qilsa, u (cho‘ri) uning do‘zaxdan xalos bo‘lishiga to‘lov bo‘ladi. U (cho‘ri) uning har bir a'zosiga (badal bo‘ladi)» (Termiziy rivoyati).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.