background
logotype
image1 image2 image3

Yolg'on qasam ichish

Alloh taolo aytadi:

«Allohga bergan ahd-paymon va qasamlarini ozgina qiymatga sotib yuboradigan kimsalar uchun oxiratda hech qanday nasiba yo‘qdir. Qiyomat kunida Alloh ularga gapirmaydi, ularga (rahmat nazari bilan) boqmaydi va ularni (gunohlaridan) poklamaydi. Ular uchun alamli azob bordir» (Oli Imron surasi, 77).

Vohidiy (rahmatullohi alayh) aytadilar: «Mazkur oyat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga yer talashib kelgan ikki kishi xususida nozil bo‘lgan. Da'vogarlardan biri qasam ichmoqchi bo‘lganida, Alloh bu oyatni nozil qilgan va u qasam ichishdan bosh tortib, sherigining haqqi borligiga iqror bo‘lgan edi».

Ash'as roziyallohu anhu aytadilar: «Allohga qasamki, bu oyat men xususimda nozil bo‘lgan. Bir yahudiy bilan oramizda yer bor edi. U mening yerimni o‘ziniki deb da'vo qildi. Uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga boshlab bordim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan: «Daliling bormi?» deb so‘ragan edilar, «Yo‘q», dedim. Yahudiyga: «Qasam ich», degan edilar, men: «Yo Rasululloh, u agar qasam ichsa, mening molim ketadi-ku», dedim. Shunda Alloh azza va jalla: «Allohga bergan ahd-paymon va qasamlarini ozgina qiymatga sotib yuboradigan kimsalar...» deb boshlanuvchi oyatni nozil qildi» (Ahmad, Buxoriy, Muslim rivoyati).

Buxoriy va Muslimlar rivoyat qilishgan hadisda: «Kimki musulmon kishining moli xususida nohaq qasam ichsa, Allohga yo‘liqqanida U zot undan darg‘azab bo‘ladi», deyilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki (yolg‘on) qasam ichib musulmon kishining haqini o‘ziniki qilib olsa, batahqiq, Alloh unga do‘zaxni vojib qilib, jannatni harom qiladi», dedilar. «Yo Alloh, arzimagan narsa bo‘lsa hammi?» deb so‘rashgan edi, «Butaning bir novdasi bo‘lsa ham», deb javob berdilar (Muttafaqun alayh).

Hafs ibn Maysaraga: «Bu hadis naqadar shiddatli bo‘lmasa?!» deyishgan edi, u kishi: «Alloh taoloning kitobida: «Alloh bergan ahd-paymon va qasamlarini ozgina qiymatga sotib yuboradigan kimsalar...» degan oyat bor emasmi?» dedilar.

Abu Zarr roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch toifa odamga qiyomat kuni Alloh gapirmas, (rahmat) nazari bilan boqmas, ularni (gunohlaridan) poklamas va ular uchun alamli azob bo‘lur», dedilar. «Yo Rasululloh, kim ular - ziyonkor bechoralar?» degan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zni uch bora takrorladilar-da: «Kiyimini uzunligidan yerga sudrab yuruvchi kimsa, yolg‘on qasam bilan molini o‘tqazuvchi, minnat qiluvchi kishi», deya javob berdilar» (Ahmad, Muslim va boshqalar rivoyati).

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Gunohi kabiralar - Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va yolg‘on qasam ichish», dedilar» (Buxoriy, Nasoiy, Termiziy rivoyati).

Yolg‘on qasam o‘z sohibini bu dunyoda gunohga, u dunyoda esa do‘zaxga botiradi.

Fasl

Alloh azza va jalladan boshqa narsa bilan qasam ichish ham gunohi kabira hisoblanadi. Masalan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, farishtalar, Ka'ba, osmon, suv, hayot, omonat, jon, bosh va shu kabi narsalar bilan qasam ichish mumkin emas.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh sizlarni otalaringiz bilan qasam ichishdan qaytaradi. Kimki qasam ichmoqchi bo‘lsa, Alloh nomi bilan qasam ichsin yoki jim bo‘lsin», degan (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Boshqa bir sahih hadisda esa: «Bas, kimki qasam ichmoqchi bo‘lsa, faqat Alloh nomi bilan qasam ichsin yoki sukut saqlasin», deyilgan.

Abdurahmon ibn Samura roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tog‘utlar bilan ham, ota-bobolaringiz bilan ham qasam ichmanglar», dedilar» (Muslim rivoyati).

Tog‘utlar - shayton va but-sanamlar.

Burayda roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda-kim omonat bilan qasam ichsa, u bizdan emas», dedilar» (Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki qasam ichib: «Men Islomdan begonaman», desa va u agar yolg‘on gapirgan bo‘lsa ham, rost gapirgan bo‘lsa ham, aytganidekdir. Agar gapi rost bo‘lsa, u Islomga sira salomat holida qaytmaydi», dedilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhu bir kishining: «Ka'baga qasamki», deganini eshitib qolib: «Allohdan boshqaning nomi bilan qasam ichma. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim Allohdan boshqaning nomi bilan qasam ichsa, kufr yoki shirk keltiribdi», deganlarini eshitganman», dedilar.

Ayrim ulamolar mazkur hadisdagi: «Kufr yoki shirk keltiribdi» jumlasini mubolag‘a deb tafsir qilishgan. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: «Riyoning ozginasi ham shirkdir» hadisi shariflariga monanddir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki qasam ichib turib: «Lot va Uzzoga qasamki» deb yuborsa, u darhol: «La ilaha illalloh» desin», deganlar. (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ayrim sahobalar Islomga endi kirgan vaqtlarida, tillari o‘rganib qolgani uchun shunday qasam ichib yuborar edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularga o‘zlari bilmagan holda aytib yuborgan so‘zlariga kafforat bo‘lishi uchun darhol: «La ilaha illaloh», deyishni buyurar edilar. Tafviq Allohdan.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.