background
logotype
image1 image2 image3

Yo'lto'sarlik

Alloh taolo aytadi:

«Albatta, Alloh va payg‘ambariga qarshi urushadigan va yerda buzg‘unchilik qilish harakatida yuradigan kimsalarning jazosi - o‘ldirilish yo dorga osilish yoki oyoq-qo‘llari teskarisiga (ya'ni, o‘ng qo‘l va chap oyoq yoki chap qo‘l va o‘ng oyoq) kesilishi yoxud o‘z yerlaridan surgun qilinishlaridir. Bu jazo ular uchun bu dunyoda rasvolik-sharmandalik bo‘lur. Oxiratda esa ular uchun ulug‘ azob bordir» (Moida surasi, 33).

Vohidiy (rahimahulloh) aytganlarki: «Alloh va payg‘amabariga qarshi urushadiganlar» - ularga itoat etmay, osiylik qiladigan kimsalardir. Senga osiylik qiladigan har bir kishi senga qarshi urushuvchidir. «Yerda buzg‘unchilik qilish harakatida yuradiganlar» - odamlarni o‘ldirib, mol-mulkini talon-taroj qiladigan, o‘g‘irlik qiladigan kimsalardir.

Mo‘minlarga qarshi qo‘liga qurol olgan har bir kimsa Alloh va payg‘ambariga qarshi urushuvchidir. Bu Molik, Avzoiy va Shofe'iylarning so‘zidir.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, «Oyatdagi «yoki» so‘zi ixtiyor uchun kiritilgan bo‘lib, ma'nosi mubohlikni anglatadi. Ya'ni, imom-hukmdor xohlasa qatl ettiradi, xohlasa dorga ostiradi, xohlasa surgun qiladi» (Hasan, Said ibn Musayyab va Mujohidlar shu so‘zni aytishgan).

Atiyyadan qilingan rivoyatda esa: «Yoki» mubohlikni anglatmaydi. Balki u jinoyatlar turiga qarab hukm martabasini anglatadi:

Kimki odam o‘ldirib, molini olsa, u o‘ldiriladi va dorga osiladi.

Kimki molni olsa-yu, odam o‘ldirmasa, uning qo‘li kesiladi.

Kimda-kim qon to‘ksa-yu, mollarga tegmasa, u o‘ldiriladi.

Kimki xafv solib tursa-yu, hech kimni o‘ldirmasa, u surgun qilinadi.

Bu Shofe'iy roziyallohu anhuning mazhabidir».

Shofe'iy roziyallohu anhu yana aytganlarki: «Har bir jinoyatchiga jinoyatiga yarasha jazo beriladi. Ya'ni, kimni o‘ldirish va osish lozim bo‘lsa, uni azoblash makruh bo‘lgani sababli, u avval o‘ldiriladi, so‘ng uch marta osiladi. Keyin tushiriladi.

Kimni faqat o‘ldirish lozim bo‘lsa, u o‘ldiriladi va dafn qilishlari uchun qarindoshlariga beriladi.

Kimniki kesish lozim bo‘lsa, dastlab o‘ng qo‘li kesiladi. Agar qaytib yana o‘g‘rilik qilsa, chap oyog‘i kesiladi. Mabodo, yana qaytib o‘g‘rilik qilsa, chap qo‘li kesiladi. Chunki Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo shunday qilishgan va bironta sahobiy ularga e'tiroz bildirmagan. Chap oyog‘i kesilishining sababi esa, qo‘ldan keyin oyoq kesilganda, chap oyoqni kesishga ittifoq qilingan bo‘lib, bu «teskarisiga» degan oyatning ma'nosidir.

«... yoki o‘z yerlaridan surgan qilinishlaridir».

Ibn Abbos roziyallohu anhu bu hukm haqida shunday deganlar: «Imom: «Uni kim uchratsa, o‘ldirsin», deb qonini to‘kishni halol qiladi. Bu hukm qo‘lga tushirib bo‘lmaydigan jinoyatchilarga taalluqli bo‘lib, qo‘lga tushganlari esa hibsga olinib, qamab qo‘yiladi. Chunki u hibsga olinsa, shaharlarda yurishdan mahrum bo‘ladi va yerdan surgun qilingan hisoblanadi.

Ibn Qutayba ayrim mahbuslar tilidan she'r bitgan ekan:

Biz endi undanmasmiz, dunyo ahli bo‘lsak-da,
Na o‘likmiz, na tirik - faqat dil g‘amin yeymiz.
Zindonbon bir ish bilan oldimizga kirsa gar,
Alam bilan: «Bu dunyodan tashrif buyurdi», deymiz.

Yo‘ltasarlik qilib, odamlar ko‘ngliga qo‘rquv solishning o‘ziyoq gunohi kabiradir. Mol-mulkni talon-taroj qilish, odamlarga jarohat yetkazish, qatl etishni esa aytmasa ham bo‘laveradi.

Allohdan barcha balo-yu ofatlardan omon saqlashini so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, mag‘firatli va rahmli zotdir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.