background
logotype
image1 image2 image3

Sehr

Sehrgar, shak-shubhasiz, kofirdir. Alloh taolo aytadi:

«Balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar» (Baqara surasi, 102).

Mal'un shaytonning odamlarga sehr o‘rgatishdan ko‘zlagan birdan-bir maqsadi - ularni mushrikka aylantirish.

Alloh taolo Horut va Morut haqida xabar berib shunday deydi:

«Holbuki, u farishtalar: «Biz faqatgina fitnamiz (ya'ni, odamlarni aldab imtihon qilish uchun yuborilganmiz), bas, (biz aytgan narsalarni qilib) kofir bo‘lib qolma», demasdan turib hech kimga hech narsa o‘rgatmas edilar. - Va o‘shalardan (Horut va Morutdan) er-xotinning orasini buzadigan narsalarni o‘rganadilar. (Lekin) ular (yahudiylar) Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkaza olmaydilar. Ular o‘zlariga hech foydasiz, bil'aks zararli narsalarni o‘rganadilar. Axir(Allohning Kitobi o‘rniga sehrni) almashgan kimsalarga oxiratda hech qanday nasiba yo‘q ekanini bilgan edilar-ku» (Baqara surasi, 102).

Ko‘plab gumroh kimsalarning sehrga aralashib yurganiga guvoh bo‘lasiz. Ular sehrni faqatgina harom deb o‘ylaydilar va uning kufr ekanini his qilmaydilar. Bu hol ayniqsa, er-xotin orasidagi munosabatlarda - issiq-sovuq va shu kabi narsalarni qilishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ular bu ishlarida aksariyat qismi shirk va kufr bo‘lgan so‘zlarni qo‘llaydilar.

Sehrgarning jazosi - o‘lim. Chunki u Allohga kufr keltirgan yoki shunga yaqinroq ish qilgan bo‘ladi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halokat qiluvchi gunohlardan saqlaninglar», deb ulardan biri sehr ekanligini bayon qilganlar (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Har bir banda Alloh taolodan qo‘rqishi va dunyo-yu oxiratini kuydirib yuboradigan buningdek ishlardan saqlanishi lozim.

Jundab roziyallohu anhu aytgan edilar: «Sehrgarning jazosi - qilich bilan chopib tashlash».

Bajola ibn Ubda aytadi: «Umar roziyallohu anhudan vafot etishlaridan bir yil oldin maktub oldik. Unda, «Sehrgar erkagu sehrgar ayolning har birini o‘ldiringlar», deyilgan edi (Ahmad, Abu Dovud rivoyati).

Vahb ibn Munabbah aytadilar: «Alloh azza va jalla: «Mendan o‘zga iloh yo‘q. Sehr qilgan va sehr qildirgan, fol ochgan va fol ochdirgan, shumlangan va shumlantirgan kimsalar Mendan emas» deydi», deb ayrim kitoblarda o‘qidim».

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Folbin sehrgardir, sehrgar esa kofirdir», deganlar.

Abu Muso roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Uch toifa odam jannatga kirmaydi: «Mast qiluvchi narsaga odatlanib qolgan kimsa, qarindosh-urug‘lar bilan aloqani uzgan kimsa va sehrni tasdiqlovchi kimsa» (Ahmad, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: «Albatta, dam solish (afsun o‘qish), tumor taqish va issiq-sovuq qilish shirkdir» (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Kimki tumor yoki munchoq taqib, bu ko‘z tegishidan saqlaydi, deb e'tiqod qilsa shirk keltirgan bo‘ladi.

Issiq-sovuq Alloh taolo bitgan taqdirga ta'sir etadi, deb e'tiqod qilishadi. Bu esa shirkdir.

Xitobiy roziyallohu anhu aytadilr: «Agar Qur'on yoki Alloh taoloning ismlari bilan dam solsa, bu mubohdir. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga dam solib: «Sizlarni Allohning to‘liq kalimalari ila har bir shaytonu hasharotdan va har bir yomon ko‘zdan O‘z panohida saqlashini so‘rayman», der edilar» (Hokim rivoyati).

Alloh panoh so‘ralguvchi zot, suyanishga loyiq zot ham Udir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.