background
logotype
image1 image2 image3

Ramazonda uzrsiz ro‘za tutmaslik

Alloh taolo buyuradiki:

«Ey mo‘minlar, taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi. Endi sizlardan biron kishi xasta yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tutolmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi...»(Baqara surasi, 183-184).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Islom besh narsa asosiga bino qilingan: Allohdan o‘zga iloh yo‘q hamda Muhammad Uning bandasi va elchisidir, deb guvohlik berish, namozni qoyim qilish, zakot berish, Ka'bani haj qilish va ramazonda ro‘za tutish» (Muttafaqun alayh).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim ruxsatsiz va kasal bo‘lmay turib, ramazonda biron kun ro‘za tutmasa, garchi bir umr ro‘za tutsa ham, o‘sha bir kunning qazosini o‘tay olmaydi» (Termiziy rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berib aytgan ekanlarki: «Islom rishtalari (tayanchlari) va din qoidalari uchtadir. Islom asoslari ham ular ustiga barpo bo‘lgan. Ulardan birontasini tark etgan kishi o‘sha ishga kufr keltirgan bo‘lib, qoni haloldir. Ular: Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deb guvohlik berish, farz namozlari va ramazon ro‘zasi» (Abu Ya'lo rivoyati, hasan hadis).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uxlab yotgan edim. Yonimga ikki kishi kelib bilaklarimdan tutdi-da, meni chiqish qiyin bo‘lgan tog‘ oldiga olib borishib, unga chiqing, deyishdi. «Toqatim yetmaydi», degan edim. «Sizga chiqishni oson qilib qo‘yamiz», deyishdi. Men ko‘tarilib tog‘ning tekis joyiga (ustiga) yetganimda kuchli shovqin eshitildi. «Bu qanaqa shovqin?» deb so‘ragan edim, ular: «Bu do‘zaxiylarning faryodi», dedi. So‘ng meni u yerdan olib ketishdi. Bir joyda oyoqlaridan osib qo‘yilgan, lunjlari yirtilib, qon oqib turgan qavmga duch keldim. «Kim ular?» deb so‘ragan edim. «Ular ro‘zalari nihoyasiga yetmay turib iftor qiladigan kimsalardir», deyildi (Ibn Huzayma, Ibn Hibbon rivoyati).

Naxa'iy ramazonning ro‘za tutilmagan har bir kuni uchun uch ming kun ro‘za tutib berishni vojib deb bilganlar.

Said ibn Musayyab: «Har bir kun o‘rniga o‘ttiz kun ro‘za tutib berish vojib» degan bo‘lsalar, Imom Molikning ustozi Robiy'a roziyallohu anhu: «Har bir kun evaziga, o‘n ikki kun ro‘za tutadi», deganlar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.