background
logotype
image1 image2 image3

Qodir bo‘laturib haj qilmaslik

Alloh azza va jalla shunday deydi:

«Va yo‘lga qodir bo‘lgan kishilar zimmasida Alloh uchun mana shu uyni (Ka'bani) haj - ziyorat qilish burchi bordir. Kimda-kim kofir bo‘lsa (ya'ni Ka'bani ziyorat qilish farz ekanini inkor qilsa),bas, albatta, Alloh butun olamlardan behojat bo‘lgan zotdir» (Oli Imron surasi, 97).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlarki: «Kim hajning farzligini inkor qilsa, u aniq kofir bo‘libdi va Alloh undan behojatdir».

Hazrati Umar roziyallohu anhu aytadilar: «Kimning haj qilishga imkoni bo‘laturib haj qilmasa, u yahudiy bo‘lib o‘ladimi yoki nasroniy bo‘libmi, farqi yo‘q» (Abu Bakr Ismoiliy rivoyat qilgan, sahih hadis).

Yana u zot roziyallohu anhu aytgan ekanlarki: «Mana bu shaharlarga odamlarimni yuborishni xohlardim. Toki odamlarim u yerdagi qodir bo‘laturib haj qilmagan kimsalarni topsalar-da, ularga jizya solsalar. Chunki ular musulmon emaslar» (Said ibn Mansur rivoyati, sahih hadis).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Kimning haj qilishga yetadigan mablag‘i bo‘lsa-yu, haj qilmasa, yoki zakot berish vojib bo‘lsa-yu, zakot bermasa, o‘layotgan vaqtida hayotga qaytarilishini so‘raydi», dedilar. Shunda bir kishi: «Ey Ibn Abbos, Allohdan qo‘rq, hayotga qaytarilishni kofirlar so‘raydi», deya e'tiroz bildirdi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Senga u haqda Qur'on (oyati) o‘qib beraman. Alloh taolo:

«Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelib, u: «Parvardigorim, meni ozgina muddatga (hayotda)qoldirsang, men xayr-sadaqa qilib, (ya'ni, haj qilsam) solih (banda)lardan bo‘lsam», deb qolishidan ilgari Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilingiz!» (Munofiqun surasi, 10) degan», deya javob berdilar.

«Zakot qachon vojib bo‘ladi?» deb so‘rashgan edi: «Mol ikki yuz dirhamga yetsa, undan zakot berish vojib bo‘ladi», dedilar. «Haj qachon vojib bo‘ladi?» deb so‘rashgan edi: «Ozuqa va ulovga ega bo‘lganda», deya javob berdilar.

Said ibn Jubayr roziyallohu anhu aytganlar: «Mening badavlat qo‘shnim vafot etdi. U haj qilmagan edi, uning janozasiga qatnashmadim».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.