background
logotype
image1 image2 image3

Odam o‘ldirish

Alloh taolo aytadi:

«Kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannam bo‘lib o‘sha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning g‘azabi va la'natiga duchor bo‘lgan, Alloh uning uchun ulug‘ azobni tayyorlab qo‘ygandir» (Niso surasi, 93).

«Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga duo-iltijo qilmaslar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan)biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini)qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kunida uning uchun azob bir necha barobar qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur. Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib yaxshi amallar qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonlik-gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qo‘yur»(Furqon surasi, 68-70).

«Ana o‘sha (qotillik) sababli Biz Bani Isroil zimmasiga (shunday farmonni) bitdik: «Kimki biron jonni (o‘ldirmagan) va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (ya'ni, o‘ldirishdan bosh tortsa yoki o‘limdan qutqarsa), demak, u go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi» (Moida surasi, 32).

Ya'ni, kimki bir odamni qasos olish yoki qilgan jinoyati uchun jazolash kabi sabablarsiz, bekordan-bekorga o‘ldirsa, go‘yo barcha odamlarni o‘ldirgandek bo‘ladi. Chunki uning uchun odamning farqi yo‘q. Shuningdek, kimki boshqa insonni o‘ldirishni harom deb bilsa va bu jinoyatdan qo‘lini tiysa, undan barcha insonlar salomat bo‘lishadi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi gunohdan saqlaninglar!» deb, ularning ichida «Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish», deya zikr etganlar.

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Alloh nazdidagi eng ulkan gunoh qaysi?» deb so‘ragan edim, «Allohga boshqani teng deb bilishing, holbuki, U seni yaratgan», deya javob berdilar. «Bu rostdan ham ulkan gunoh, so‘ng qaysi?» degan edim, «Ovqatingga sherik bo‘lishidan qo‘rqib, farzandingni o‘ldirishing!» dedilar. «Keyin-chi?» deb so‘ragan edim, «Qo‘shningning xotini bilan zino qilishing», deya javob berdilar» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ikki musulmon qilichlari bilan to‘qnashsalar, o‘ldirgan ham, o‘lgan ham do‘zaxda», dedilar. «Yo Rasululloh, bu-ku qotil, biroq maqtulning gunohi nima?» deb so‘rashdi. Shunda u zot: «U ham birodarini o‘ldirishga ishtiyoqmand edi», dedilar (Muttafaqun alayh).

Imom Abu Sulaymon Xitobiy aytadilar: «Bu hukm biron ta'vil sabab bilan emas, balki o‘zaro adovat, tarafkashlik yoki dunyo, obro‘, mansab tufayli urushganlarga taalluqlidir. Biroq, kimda-kim bog‘iylarga qarshi jang qilsa yoki o‘zini yo oilasini mudofaa qilsa, bu tahdidning unga daxli yo‘q. Chunki u o‘zini himoya etish uchun jang qilishga buyurilgan bo‘lib, maqsadi birodarini o‘ldirish emas. Axir u zot sollallohu alayhi vasallam: «U ham birodarini o‘ldirishga haris - ishtiyoqmand edi», deganlar!»

Kimki bog‘iy yoki yo‘lto‘sar musulmonga qarshi jang qilsa, uni o‘ldirishga haris-ishtiyoqmand bo‘lmaydi. Aksincha, o‘zini mudofaa qiladi, xolos. Agar tajovuzkor o‘z ishini to‘xtatsa, unga tegmaydi, ta'qib etmaydi. Hadis bunday kishilar haqida vorid bo‘lmagan, ularning daxli yo‘q. Aksincha, hadisda bunday (shar'iy) sabab bo‘lmay turib, jang qilganlar iroda qilingandir. Vallohu a'lam.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ogoh bo‘linglar, mendan keyin ayrimlaringiz boshqalaringizning bo‘yniga uradigan kofir bo‘lib ketmangiz!» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Modomiki nohaq qon to‘kmas ekan, mo‘min inson dinidagi kenglikda bardavom bo‘laveradi» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhu aytganlarki: «Nohaq qon to‘kish sira qutulib bo‘lmaydigan halokatli ishlardandir» (Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kuni insonlar orasida birinchi bo‘lib qonlar xususida hukm qilinadi» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohga dunyoning zavol topishi musulmon kishining qatl etilishidan ko‘ra yengilroqdir» (Muslim va boshqalar rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Gunohi kabiralar (ushbulardir): Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, biron jonni o‘ldirish va yolg‘on qasam» (Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Biron bir jon mazlum holda o‘ldirilsa, uning qonidan bir qismi Odamning birinchi o‘g‘li bo‘ynida bo‘ladi. Chunki u qotillikni birinchi bo‘lib joriy etgan edi» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki ahdlashgan kishini o‘ldirsa, jannat hidini hidlamaydi. Vaholanki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi» (Buxoriy rivoyati).

Islom davlatida yashaydigan, jiz'ya to‘laydigan g‘ayridin muahid (ahdlashgan) hisoblanadi. Endi ahdlashgan g‘ayridinni o‘ldirishning oqibatida shu bo‘lsa, musulmonni o‘ldirishning oqibati qanday bo‘lar ekan...

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ogoh bo‘linglar, kimda-kim Alloh va Rasulining himoyasidagi ahdlashgan jonni o‘ldirsa, aniqki, u Allohning kafolatini barbod qilibdi. Binobarin, u jannat bo‘yini totmaydi. Vaholanki, uning bo‘yi yetmish yillik masofadan kelib turadi» (Termiziy rivoyati).

Muoviya roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh barcha gunohlarni kechirishi mumkin, ammo bir kishi kofir holida o‘lgan bo‘lsa, yoki bir kishi mo‘minni qasddan o‘ldirsa, bu gunohlarni kechirmaydi» (Nasoiy, Hokim rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, «Kimki bir mo‘minning qatl etilishiga yarimta so‘z bilan yordam bersa, ikki ko‘zi orasiga «Alloh rahmatidan noumid» deb yozilgan holida Allohga yo‘liqadi».

Alloh taolodan ofiyat tilaymiz.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.