background
logotype
image1 image2 image3

O‘z joniga qasd qilish

Alloh taolo aytadi:

«Bir-birlaringizni (ya'ni, mo‘min-mo‘minni) o‘ldirmangiz» (Niso surasi, 29).

Ya'ni, hindlarning johillariga o‘xshab, o‘zingizni-o‘zingiz o‘ldirmangiz yoki o‘zingizni halokatga tashlamangiz.

Amr ibn Os roziyallohu anhu bu oyatni sovuq (shamollash) xavfi bo‘lganda tayammum qilishga ta'vil etganlari va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bunga e'tiroz bildirmaganlari yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.

Yoki, qatl etilishga sabab bo‘ladigan jinoyatni qilmangiz, degan ma'noda.

Ayrim ulamolar: «O‘zlaringiz»dan murod dindoshlardir. Zero, mo‘minlar bitta jon kabidir, oyat bir-biringizni o‘ldirmangiz, degan ma'noda», deyishgan.

«Albatta Alloh sizlarga mehribon bo‘lgan zotdir».

Ya'ni, sizlarga boshqacha mehribon bo‘lgani bois ayrim ishlarni buyurdi va ayrim ishlardan qaytardi.

«Kim haddan oshib, zo‘ravonlik bilan shunday ishlarni qilsa, Biz uni do‘zaxga kiritajakmiz. Bu Alloh uchun oson bo‘lgan ishdir» (Niso surasi, 29-30).

Ya'ni, kimki Alloh qaytargan ishlarni qilsa, jumladan botil yo‘llar bilan mol yesa yoki nohaq qon to‘ksa, Alloh uni do‘zaxga mahkum qiladi.

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘l(tomiri)ni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: «Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim», dedi» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadul-abad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadul-abad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadul-abad u bilan o‘zini uradi» (Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Sobit ibn Zahhokdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘minni la'natlash uni o‘ldirish bilan barobardir. Kim bir mo‘minni kofirlikda ayblasa, uni o‘ldirgandek bo‘libdi. Kimki o‘zini biron narsa bilan o‘ldirsa, qiyomat kunida o‘sha narsa ila azoblanadi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Bir kishi jarohatining og‘rig‘iga chidolmay, o‘limini tezlatib, qilichining tig‘i bilan o‘zini o‘ldirdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u haqda: «U do‘zax ahlidandir», dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Alloh taolodan bizlarni hidoyatiga yo‘llashini, nafslarimiz yovuzligi va amallarimiz yomonligidan saqlashini so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli, mag‘firatli va rahmli zotdir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.