background
logotype
image1 image2 image3

La'nat aytish

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonni so‘kish fosiqlik, o‘ldirish esa kufrdir» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘minni la'natlash uni o‘ldirish bilan barobardir» (Muttafaqun alayh).

Abu Dardodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «La'natlovchilar qiyomat kunida shafoatchi ham, guvoh ham bo‘lmaydilar» (Muslim rivoyati).

Imom Muslim rivoyat qilgan boshqa bir hadisda: «Siddiq kishi la'natlovchi bo‘lishi durust emas», deyilgan.

Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘min ta'na qiluvchi, la'nat aytuvchi, axloqsiz va behayo so‘zlovchi bo‘lmaydi» (Termiziy rivoyati).

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar banda biron narsani la'natlasa, la'nat osmonga ko‘tariladi. Biroq osmon eshiklari uning qarshisida yopiladi. So‘ng yerga qaytadi. Biroq uning qarshisida yer eshiklari ham yopiladi. Keyin o‘ngga-so‘lga yuradi. Agar biron imkon (qo‘nimgoh) topmasa, mabodo la'natlangan kishi munosib bo‘lsa, unga qaytadi. Munosib bo‘lmasa, aytgan odamga qaytadi» (Abu Dovud rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tuyasini la'natlagan ayolni tuyasidan mahrum qilish bilan jazolaganlar.

Imron ibn Husayn roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarda edilar. Bir vaqt ansoriy ayollardan biri achchiqlanib, minib kelayotgan tuyasini la'natladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni eshitdilar-da: «Ustidagi narsalarni olib, o‘zini qo‘yib yuboringlar. Zero, u mal'un-la'natlangandir», dedilar. O‘sha tuya odamlar orasida yurgani-yu, unga hech kim tegmaganini men hozir ham ko‘rib turgandekman» (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kishi birodarining or-nomusiga tajovuz qilishi eng katta sudxo‘rlikdir» (Bazzor rivoyati).

Amr ibn Qays aytgan ekanlar: «Agar kishi uloviga minsa, ulovi: «Ey Allohim, uni menga mehribon hamroh qilgin», deydi. Agar uni la'natlasa: «Alloh va rasuliga osiy bo‘lganlarimizga Alloh azza va jallaning la'nati bo‘lsin», deydi.

Fasl

Muayyan, ma'lum bir shaxsni nomlamay, gunohkorlarni la'natlash joizligi xususida

Alloh taolo aytadi:

«Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la'nati bo‘lur» (Hud surasi, 18).

«So‘ngra Allohga tazarru bilan iltijo qilaylik-da, yolg‘onchilarni Alloh la'nat qilishini so‘raylik»(Oli Imron surasi, 61).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ribo yeyuvchini, yediruvchini, kotibini va guvohlarini la'natlaganlar» (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh halol qiluvchini ham, halollatuvchini ham la'natladi», dedilar (Ibn Moja rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soch ulovchi va ulatuvchi, badaniga naqsh soluvchi va soldiruvchi ayollarni la'natlaganlar (Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Biron bir dardsiz-uzrsiz soch ulovchi va ulatuvchi, qosh teruvchi va terdiruvchi, badaniga naqsh soluvchi va soldiruvchi ayollar la'natlangan», deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzini yuluvchi, yoqasini yirtuvchi va o‘ziga o‘lim tilovchi ayollarni la'natlaganlar (Ibn Moja, Ibn Hibbon rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Otasini so‘kkan kimsa mal'undir. Onasini so‘kkan kimsa mal'undir. Allohdan boshqaga atab jonliq so‘ygan kimsa mal'undir. Yer chegaralarini o‘zgartirgan kimsa mal'undir. Hayvonga yaqinlik qilgan kimsa mal'undir. Lut qavmi amalini qilgan kimsa ham mal'undir», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Nabiy aytganlar: «Ota-onasiga oq bo‘lgan kimsani Alloh la'natladi» (Tabaroniy, Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Xotinining orqasiga yaqinlik qilgan kimsa mal'undir», dedilar (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dod solib yig‘lovchi va uni tinglovchi ayolni la'natlaganlar (Abu Dovud rivoyati).

O‘g‘ri ham la'natlangandir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh o‘g‘rini la'natlagandir: u bitta tuxumni o‘g‘irlaydi-da, qo‘li kesiladi, arqon o‘g‘irlaydi-da, qo‘li kesiladi», deganlar.

Oisha roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sahobalarimni so‘kmanglar. Sahobalarimni so‘kkan kimsani Alloh la'natlasin», dedilar» (Tabaroniy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga taqlid qiladigan erkaklarni va erkaklarga o‘zlarini o‘xshatadigan ayollarni hamda sahroga yolg‘iz safar qilgan kishini la'natlaganlar» (Ahmad rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini ayollarga o‘xshatadigan erkaklarni va o‘zlarini erkaklarga o‘xshatadigan ayollarni la'natlaganlar» (Buxoriy va boshqalar rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollar kiyimini kiyadigan erkakni va erkaklar kiyimini kiyadigan ayolni la'natlaganlar» (Abu Dovud rivoyati).

Huzayfa ibn Usayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonlarga yo‘llarida ozor beradigan kimsaga ularning la'nati vojib bo‘ladi», deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki birodariga temir parchasi bilan ishora qilsa, to (bu harakatidan) to‘xtamagunicha, farishtalar unga la'nat aytib turishadi. Garchi u ota bir yoki ona bir akasi bo‘lsa ham», deganlar (Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: «Ribo yeyuvchi va yediruvchi (agar uning ribo ekanini bilishsa), guvohlari, badaniga naqsh soluvchi va soldiruvchi ayollar, zakotini bermaydigan kimsa, hijratdan keyin a'robiylikka qaytgan kimsalar qiyomat kuni Muhammad sollallohu alayhi vasallam tilida la'natlanurlar» (Ibn Huzayma rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonlar himoyasi bir xil bo‘lib, ularning eng oddiyi ham bunga harakat qila oladi. Kimki bir musulmonni yordamsiz tashlab qo‘ysa, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la'nati bo‘lur. Qiyomat kunida Alloh undan na farz, na nafl ibodatlarini qabul qilur. Va yana kimki otasidan boshqa kimsani «otam» deb iddao qilsa yoki xo‘jayinidan boshqa kimsaga o‘zini mansub deb bilsa, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la'nati bo‘lur, qiyomat kunida Alloh undan na farz, na nafl ibodatlarini qabul qilur» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yuziga tamg‘a bosilgan eshak yonidan o‘taturib: «Uning yuziga tamg‘a bosgan kimsani Alloh la'natlasin», dedilar» (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzga tamg‘a bosadigan kimsani la'natlaganlar (Tabaroniy rivoyati).

Erining to‘shagini tark etgan holda tunaydigan ayol qaytmagunicha la'natlanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Er xotinini to‘shagiga chorlagan vaqtda (xotini) kelmasa va eri undan norozi bo‘lib tunasa, to tong otguncha farishtalar u ayolni la'natlaydilar» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ayol uyidan chiqsa-yu, eri norozi bo‘lsa, to uyiga qaytgunicha, osmondagi barcha farishtalar va insu jindan tashqari u yonidan o‘tgan har bir narsa unga la'nat aytib turadi» (Tabaroniy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlardan ilgari o‘tgan Bani Isroil qavmida biron kishi xato ish qilsa, boshqa biri uni koyib, bu ishdan qaytarardi. Ertasiga esa, kechagina uning xato qilganini ko‘rmaganday, u bilan birga o‘tirar, yeb-ichar edi. Alloh taolo ularning bu ishini ko‘rgach, ayrimlarining qalblarini ayrimlari tufayli muhrladi hamda ularni Dovud va Iso ibn Maryam tilida la'natladi. Ular osiylik qilganlari va hadlaridan oshganlari sababli shu balolarga duchor bo‘ldilar. Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, yaxshilikka buyurasizlar, yomonlikdan qaytarasizlar, xatokorning qo‘lidan tutib, haqqa, albatta, yo‘llaysizlar. Bo‘lmasa, Alloh, albatta, ayrimlaringiz qalblarini ayrimlaringiz tufayli muhrlaydi va ularni la'natlagandek, sizlarni ham la'natlaydi» (Tabaroniy rivoyati).

Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha qurayshlik o‘tirgan uyga kirdilar-da, eshikning ikki kesakisidan tutib turib: «Uyda faqat qurayshliklar bormi?» deb so‘radilar. Ular: «Yo‘q, singlimizning o‘g‘li ham bor», deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Qavm singlisining o‘g‘li ham ulardandir», dedilar va davom etdilar: «Albatta, bu ish rahm-shafqat so‘rashganda rahm-shafqat ko‘rsatar, hukmda adolat qilar va taqsimotda to‘g‘ri, halol taqsimlar ekan, Quraysh qo‘lida bo‘ladi. Kimki buni qilmas ekan, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la'nati bo‘lur» (Tabaroniy rivoyati).

Urva ibn Zubayrdan rivoyat qilinadi: Zubayr roziyallohu anhu bir o‘g‘rini uchratib qoldi va uni shafoatiga oldi. Undan: «Imomga (boshliqqa) olib borguncha shafoatingizga oldingizmi?» deb so‘rashgan edi, u zot: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, (imomga) yetgan vaqtda shafoat qiluvchini ham, shafoat qildiruvchini ham Alloh la'natlaydi», deya javob berdilar (Tabaroniy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biron hukm borasida pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la'natlaganlar» (Termiziy, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Mazkur hadisi sharifning yana bir rivoyatida: «Ular orasini kelishtiruvchi - dallolni ham la'natlaganlar», deyilgan.

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ayol va qizi orasini jamlagan (ya'ni, ikkalasini ham nikohiga olgan) kimsa mal'undir», dedilar (Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Oldimga Jabroil kelib: «Ey Muhammad, albatta, Alloh xamrni, uning siquvchisini, siqdiruvchisini, ichuvchisini, ko‘tarib keluvchisini, ko‘tarib keltiruvchisini, sotuvchisini, sotib oluvchisini, quyuvchisi va quydiruvchisini la'natlagandir», dedi» (Ahmad, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Abu Juhayfa roziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam it daromadi va qon daromadidan qaytardilar. Badaniga naqsh soluvchi va naqsh solingan ayollardan hamda foiz yeyuvchi va yediruvchi kimsalardan qaytardilar hamda musavvirlarni la'natladilar» (Buxoriy rivoyati).

Ilmni yashirgan kimsa ham mal'undir.

«Biz nozil qilgan hujjatlar va hidoyatdan iborat (Muhammad alayhissalom haq payg‘ambar ekani haqidagi) narsalarni odamlarga Kitobda (Tavrotda) ravshan qilib berganimizdan keyin yashiradigan kimsalarni, shubhasiz, Alloh la'natlagay va la'natlovchi zotlar (farishtalar va mo‘minlar) la'natlagaylar» (Baqara surasi, 159).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga taqlid qiladigan erkaklarni va erkaklarga taqlid qiladigan ayollarni, «turmush qurmay o‘taman», deydigan zohid erkaklarni va shunday zohid ayollarni hamda yolg‘iz musofirni la'natladilar. Bu (ya'ni, yolg‘iz musofirni la'natlaganlari) sahobalarga yoqmadi. Bu ularning yuzlaridan bilinib turardi. Rasululloh keyin: «Yolg‘iz o‘zi uxlovchi ham (mal'undir)», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).

Fasl

Gunohlardan saqlangan musulmonni la'natlash haromligiga musulmonlar «ijmo'» qilishgan. Biroq qoralangan sifat egalarini la'natlash joiz. Masalan, «Alloh zolimlarni la'natlasin», «Alloh kofirlarni la'natlasin», «Alloh nasoro-yu yahudlarni la'natlasin», deyish mumkin.

O‘g‘ri, zolim, zinokor, sudxo‘r yoki yahudiy bo‘lgan muayyan bir insonni la'natlash, hadislar zohiriga binoan harom emas. Imom Fazzoliy rahimahulloh hazratlari esa buning haromligiga ishora qilganlar va Abu Lahab, Abu Jahl, Fir'avn, Homon kabi kofir holida o‘lgani ma'lum kimsalarnigina la'natlash joiz deb bilganlar. «Chunki la'natlash - Alloh rahmatidan chetlanish deganidir. Biz fosiq yoki kofirning xotimasi qanday bo‘lishini esa bilmaymiz, deydilar.

Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam la'natlagan muayyan kimsalarni la'natlash joiz. Chunki u zot sollallohu alayhi vasallam ularning kofir holida o‘lishlarini aniq bilganlar. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohim, Alloh va Rasuliga osiylik qilgan Ra'l, Zakvon va Usayya (yoki Asiyya) qabilalarini la'natlagin», deganlar (Muslim rivoyati).

Biror kishini duoibad qilish ham qariyib la'natlash bilan barobardir. Hattoki, zolimni «Alloh jismini sog‘ qilmasin» «Alloh salomat qilmasin» kabi so‘zlar bilan duoibad qilish durust emas. Bularning barchasi qoralangandir.

Shuningdek, jonli-yu jonsiz barcha mavjudotni la'natlash ham nojoiz.

Ayrim ulamolar aytganlarki: «Kimda-kim la'natga munosib bo‘lmagan kishini la'natlasa, darhol so‘zini qaytarib olsin...»

Fasl

Amri ma'ruf-nahiy munkar qiluvchi va har bir nasihatgo‘y qarshisidagi kishiga: «Holingga voy bo‘lsin» «Ey holi zaif», «Ey loqayd», «Ey o‘ziga zolim» kabi so‘zlarni aytsa joiz. Bunda faqat yolg‘onga o‘tib ketmasligi va rost bo‘lsa-da, qo‘pol, behayo so‘z so‘zlamasligi darkor. Odob berish, yomon xulqlardan qaytarish va so‘z ta'sirchan bo‘lishi uchun yuqorida zikr qilingan jumlalarni so‘zlash mumkin, xolos. Vallohu a'lam.

Ey Allohim, qalblarimizni o‘zingdan boshqaga bog‘lanib qolishdan pokla, bizni O‘zing yaxshi ko‘rgan va O‘zingni yaxshi ko‘rgan qavmdan qil. Bizni, ota-onamizni va barcha musulmonlarni mag‘firat ayla.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.