background
logotype
image1 image2 image3

Kibr va manmanlik bilan kiyimlarini sudrab yurish

Alloh taolo aytadi:

«Odamlardan (mutakabbirlik bilan) yuzingni o‘girmagin va yerda kibru havo bilan yurmagin. Chunki Alloh barcha kibr-havoli, maqtanchoq kimsalarni suymas» (Luqmon surasi, 18).

Ya'ni, Alloh taolo o‘zini boshqalardan ustun qo‘yadigan, hech kimni mensimaydigan, gerdayib yuradigan va maqtanchoq kimsalarni yoqtirmaydi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «To‘piqdan pastga tushgan izor (ishton) olovdadir» (Buxoriy rivoyati).

(Izoh: Bu o‘rinda e'tibor beriladigan muhim jihat shim pochasining to‘piqdan pastga tushirib yurish emas, balki kibr qilmaslikdir. Bir zamonlarda izorni sudrab kiyish kiborlarga xos illat bo‘lgan. Keyinchalik esa, kibr alomatlari ko‘payib ketdi. Hatto, kishilar pochasini to‘pig‘idan balandga ko‘tarib olgani bilan boshqalarga manmanlik qiladigan bo‘ldi. Quyida keltirilayotgan hadislar, xususan, Abu Bakr roziyallohu anhuning Nabiy alayhissalomga izorlari tushib ketayotganidan shikoyat qilganlari va Rasuli akramning: «Siz bu ishni manmanlik bilan qiladiganlardan emassiz», deganlari izorning to‘piqdan pastga tushirmaslikdan asl murod kibr qilmaslik ekanini ochiq ayon qiladi. - Muharrir.)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh izorini takabburlik bilan sudrab yurgan kimsalarga qiyomat kunida qaramaydi» (Buxoriy, Muslim va Molik rivoyati).

Abu Zarr roziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uch marta: «Uch toifa odamlar borki, Alloh qiyomat kunida ularga gapirmaydi, ularga qaramaydi, ularni (gunohlaridan) poklamaydi va ularga alamli azob bo‘ladi», dedilar. Men: «Yo Rasululloh, bu baxtsiz, ziyonkor kimsalar kim?» deb so‘ragan edim: «Kiyimini uzun qilib, yerga sudrab yuruvchi, minnatchi va yolg‘on qasam bilan molini o‘tkazuvchi kimsalar», deya javob berdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bir kishi yangi kiyimlarda o‘zidan mast bo‘lib (g‘ururlanib), sochini tarab, gerdayib yurib ketayotgan edi. To‘satdan Alloh uni yerga yutdirib yubordi. U endi qiyomat kunigacha yer qa'riga kirib ketaveradi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh kiyimini manmanlik bilan sudrab yurgan kimsaga qiyomat kunida qaramaydi» (Molik, Buxoriy va Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Izor, ko‘ylak va sallani uzun qilib, yerga sudrab yurishadi. Kimki biron-bir narsani manmanlik bilan yerga sudrab yursa, Alloh unga qiyomat kunida qaramaydi» (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonning izori boldirining o‘rtasiga tushib turadi. To‘piqqacha bo‘lsa ham zarari yo‘q. To‘piqdan past bo‘lgani esa, olovdadir» (Abu Dovud rivoyati).

Bu hukm shim, ko‘ylak, to‘n va boshqa barcha liboslarga taalluqlidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi uzun izorda namoz o‘qiyotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Borib boshqatdan tahorat ol!» dedilar. U borib boshqatdan tahorat olib keldi. Yana unga: «Borib boshqatdan tahorat ol!» dedilar. Bir kishi u zotga: «Yo Rasululloh, nima uchun unga tahorat olishni buyuryapsiz?» dedi-da, so‘ng jimib qoldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «U uzun izorda namoz o‘qiyotgan edi. Alloh esa uzun kiyimli kishining namozini qabul qilmaydi», dedilar (Abu Dovud rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kimki libosini manmanlik bilan yerga sudrab yursa, Alloh unga qiyomat kunida qaramaydi», deganlarida, Abu Bakr roziyallohu anhu: «Yo Rasululloh, izorim shalvirab qolgan, ushlab yurmasam pastga tushib turadi», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotga: «Siz bu ishni manmanlik bilan qiladiganlardan emassiz», dedilar (Buxoriy rivoyati).

Ey Allohim, bizga go‘zal lutf marhamating ila muomalada bo‘l. Ey rahmlilarning rahmlirog‘i, O‘zing bizga rahm qil.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.