background
logotype
image1 image2 image3

Juma namozini tark etishga odatlanish

Alloh taolo buyuradi:

«Ey mo‘minlar, qachon jum'a kunidagi namozga chorlansa (ya'ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga (ya'ni, jum'a namozini ado qilish uchun) shoshib boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangizlar mana shu (ya'ni, Allohning zikriga - jum'a namozini o‘qishga shoshilish)o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir» (Jum'a surasi, 9).

Hafsa (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Jumaga borish har bir balog‘atga yetgan kishiga vojibdir» (Nasoiy rivoyati).

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jumaga bormaydigan kimsaga qarata: «Bir kishiga odamlarga namoz o‘qib berishni buyurib, keyin jumaga kelmaydigan kishilarning uylarini yoqib yuborishni xohlardim», dedilar» (Muslim rivoyati).

Abu Hurayra va Ibn Umar roziyallohu anhulardan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Yo odamlar jumani tark etishdan to‘xtaydilar, yoki Alloh ularning qalbini muhrlab qo‘yadi. So‘ng ular g‘ofillardan bo‘lib qolurlar» (Muslim rivoyati).

Abu Ja'd Zamriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki beparvolik bilan uchta jumani tark etsa, Alloh uning qalbini muhrlab qo‘yadi» (Termiziy, Ibn Huzayma, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlarki: «Kimda-kim uchta jumani tark etsa, Islomni orqasiga uloqtirgan bo‘ladi» (Abu Ya'lo rivoyati).

Allohdan O‘zi suygan va rozi bo‘lgan narsalarga muvaffaq qilishini so‘raymiz. Albatta, U saxiy, marhamatli zotdir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.