background
logotype
image1 image2 image3

Erkaklarning tilla taqishlari va ipak kiyishlari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki dunyoda ipak kiysa, oxiratda kiymaydi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Bu hukm barcha erkaklarga taalluqli. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Tilla va ipak kiyish ummatimning erkaklariga harom, ayollarga esa halol qilindi» (Termiziy rivoyati).

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni tilla va kumush idishda ichish va yeyishdan, ipak va diyboj (kimxob) kiyish va unga o‘tirishdan qaytardilar» (Buxoriy rivoyati).

Qaysi erkak ipak kiyishni halol deb bilsa, u kofirdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam esa faqatgina qichima, qo‘tir yoki boshqa kasali bor odamlarga va dushman bilan olishayotgan jangchilarga ipak kiyishga ruxsat berganlar. Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Zubayr va Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhumo qichima bo‘lganlari sababli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga ipak kiyishga ruxsat berdilar» (Muttafaqun alayh).

Biroq erkaklarning ziynat uchun ipak kiyishlari haromligiga musulmonlar ijmo' qilishgan. Tarkibining ko‘p qismini ipak tashkil etgan kiyimlar ham haromdir.

Shuningdek, erkaklarga tilla buyumlardan foydalanish ham haromdir. Binobarin, tilla uzuk, tilla ayil, tilla dastali qilich ishlatish ham mumkin emas. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir kishining qo‘lida tilla uzukni ko‘rib, uni yechib olib: «Sizlardan bir kishi do‘zaxdan bir bo‘lak cho‘qqa intiladi-da, uni qo‘liga taqib oladi», deganlar (Muslim rivoyati).

Zar jiyakli, tilla bilan oro berilgan liboslarni kiyish ham erkaklar uchun haromdir.

Ulamolar yosh bolaning tilla va ipak kiyishi joiz-nojoizligi xususida ixtilof qilishgan. Bir toifa ulamolar bunga ruxsat bergan bo‘lsalar, qolganlari joiz emas, deb bilganlar va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisini hujjat qilib keltirganlar: «Bu ikkisi (ya'ni, tilla va ipak) erkak ummatimga haromdir» (Abu Dovud rivoyati).

Hadisi sharifdagi hukm yosh bolalarga ham taalluqli. Bu Imom Ahmad va boshqa ulamolarning fikridir.

Allohdan O‘zi suygan va rozi bo‘lgan narsalarga muvaffaq etishini so‘ramiz. Albatta, U saxiy, marhamatli zotdir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.