background
logotype
image1 image2 image3

Boshliqning qo‘l ostidagilarni aldashi va ularga zulm qilishi

Alloh taolo aytadi:

«Faqat odamlarga zulm qiladigan va yerda nohaq hadlaridan oshadigan kimsalar(ni ayblash va zulmu zo‘ravonliklari uchun jazolash)gagina yo‘l bordir. Ana o‘shalar uchun alamli azob bordir»(Sho‘ro surasi, 42).

«(Ey Muhammad), siz hargiz: «Alloh zolim kimsalarning qilayotgan amallaridan g‘ofil», deb o‘ylamang!» (Ibrohim surasi, 42).

«Zolim kimsalar esa yaqinda qanday oqibatga qarab ketayotganlarini bilib qolurlar» (Shuaro surasi, 227).

Bu tahdid har qanday zolimga taalluqlidir. Ya'ni, zolim kimsalar xunuk, yomon oqibatga - azobga, do‘zaxga qarab ketmoqdalar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bizni aldasa, u bizdan emas» (Muslim rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Zulm qiyomat kuni zulmat bo‘lur» (Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Har biringiz nozir (boshliq) va qo‘l ostingizdagilar xususida mas'uldirsiz» (Muttafaqun alayh).

Abdulloh ibn Mug‘affal roziyallohu anhu aytadilar: «Guvohlik berib aytamanki, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Qaysi bir boshliq yoki hokim qo‘li ostidagilarni aldagan holda bir qorong‘u tunni o‘tkazsa, Alloh unga jannatni harom qiladi», deganlarini eshitdim» (Tabaroniy rivoyati).

Ma'qal ibn Yasor roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Alloh azza va jalla qaysi bandani bir raiyyatga boshliq qilib qo‘ysa va u raiyyatini aldagan holda vafot etsa, Alloh unga jannatni harom qiladi», deganlarini eshitdim» (Muttafaqun alayh).

Boshqa bir rivoyatda: «... u jannat hidini ham hidlamaydi», deyilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki o‘nta odamga amir bo‘lsa, u qiyomat kunida kishanlangan holda keltiriladi. Alal-oqibat, uni adolat xalos etadi yoki jabr-zulm halok qiladi» (Bazzor, Tabaroniy rivoyati).

Ya'ni, odil bo‘lgan bo‘lsa, kishandan najot topadi, zolim bo‘lgan esa, halok bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Amirlarning holiga voy, oriflarning holiga voy, aminlarning holiga voy. Qiyomat kuni kokillaridan Surayyo (yulduzi)ga ilinib, yer bilan osmon orasida muallaq turgan kimsalar: «Bironta ishga ham boshchilik qilmaganimizda edi», deb orzu qiladilar» (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Oisha (roziyallohu anho) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Qiyomat kuni shunday bir soat keladiki, unda odil qozi: «Ikki kishi orasida bir meva xususida bo‘lsa-da, sira hukm chiqarmaganimda edi», deb orzu qiladi», deganlarini eshitdim» (Ahmad, Ibn Hibbon rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilib: «Ey Allohim, kimki ummatimning bironta ishiga boshliq bo‘lib, ularni mashaqqatga qo‘ysa, uni Sen ham mashaqqatga qo‘y. Kimki ummatimning bironta ishiga boshliq bo‘lib, ularga mehribonlik qilsa, unga Sen ham mehribonlik qilgin», der edilar (Muslim, Nasoiy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh kimni musulmonlarning bironta ishiga rahbar qilib qo‘ysa-yu, u musulmonlarning ehtiyojlari, muhtojliklari va faqirliklaridan ko‘z yumsa, Alloh qiyomat kunida uning ehtiyoji, muhtojligi va faqirligidan ko‘z yumadi» (Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mendan so‘ng amirlar bo‘ladi. Kimki ularning huzuriga kirib, yolg‘onlarini tasdiqlasa, zulmlariga yordam bersa, u mendan emas, men ham undan emasman. Va u hovuzga yaqin kelmaydi. Kimki ularning huzuriga kirmasa va zulmlariga yordam bermasa, yolg‘onlarini tasdiqlamasa, u mendan va men ham undanman. Va u hovuzga keladi» (Termiziy rivoyati).

Abu Umoma roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ummatimdan ikki toifasi hargiz shafoatimga noil bo‘lmaydi: «Zolim, adolatsiz rahbar hamda har bir yovuz murtad» (Tabaroniy rivoyati).

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kuni eng qattiq azobga duchor bo‘ladigan do‘zaxiy - payg‘ambarni o‘ldirgan yoki payg‘ambar tomonidan o‘ldirilgan kimsa va haq yo‘ldan adashgan rahbar» (Bazzor rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki odamlarga rahm qilmas ekan, unga Alloh ham rahm qilmaydi» (Tabaroniy).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida: «Mazlumning duosidan qo‘rq. Zero, uning duosi bilan Alloh orasida hijob - to‘siq yo‘qdir», deganlar (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh qiyomat kunida uch toifa odam bilan gaplashmaydi, ularni (gunohlaridan) poklamaydi ham», deb ulardan biri yolg‘onchi podshoh ekanini bayon qilganlar (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlar yaqinda amirlikka qiziqib qolasizlar. Holbuki, u qiyomat kunida nadomatga sabab bo‘ladi» (Buxoriy rivoyati).

Yana bir hadisi sharifda: «Biz bu ishga (amirlikka) uni so‘ragan kishilarni ham, unga qiziqqan kishilarni ham tayinlamaymiz», deyilgan.

Abdurahmon ibn Samura roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Amirlikni so‘rama. Agar unga so‘ramasdan yetishsang, uni qo‘llab-quvvatlaysan. Bordi-yu, unga so‘rab yetishsang, unga suyanib qolasan», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ka'b ibn Ujra roziyallohu anhuga: «Alloh seni ahmoq amirlardan panohida saqlasin», dedilar. «Ahmoq amirlar kimlar?» deb so‘ragan edi, «Mendan keyin keladigan amirlar bo‘lib, ular men ko‘rsatgan yo‘ldan yurmaydilar va mening sunnatimga amal qilmaydilar», deb javob berdilar (Ahmad, Bazzor rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki musulmonlarga qozi bo‘lishni talab qilib, unga erishsa, so‘ng adolati zulmidan ustun kelsa, unga jannat bo‘lur. Bordi-yu, jabr-zulmi adolatidan ustun kelsa, unga do‘zax bo‘lur» (Abu Dovud rivoyati).

Rivoyat qilinadiki, qiyomat kunida voliy (hokim) olib kelinib, jahannam ko‘prigiga qo‘yiladi. So‘ng ko‘prik shunday qattiq silkinadiki, uning har bir bo‘g‘imi o‘rnidan siljib ketadi. Agar u ishlarida Allohga itoat etgan bo‘lsa, ko‘prikdan o‘tib oladi. Agar ishlarida Allohga osiylik qilgan bo‘lsa, ko‘prik parcha-parcha bo‘lib ketadi va u ellik yil miqdoricha jahannam qa'riga qulab tushadi.

Amr ibn Muhojir aytadilar: «Umar ibn Abdulaziz roziyallohu anhu menga: «Agar meni haqdan og‘ganimni ko‘rsang, ikki qo‘ling bilan yoqamdan tutib: «Ey Umar, nima qilyapsan?!» deb ayt», degan edilar».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.