background
logotype
image1 image2 image3

Allohning makr-sinovidan xotirjam bo‘lish

Alloh taolo aytadi:

«Qachonki o‘zlariga berilgan narsalar bilan shod turganlarida, ularni to‘satdan (azob bilan)ushladik» (An'om surasi, 44).

Ya'ni, ularga o‘ylamagan taraflaridan azobimiz yetdi.

Hasan Basriy: «Alloh kimning rizqini keng qilib qo‘ygan bo‘lsa-yu, «Alloh menga makr qilyapti», deb bilmas ekan, u aqlsizdir. Kimga rizqini qatra-qatra qilib tor qilib qo‘ygan bo‘lsa-yu, «Alloh menga qarab turibdi», deb bilmas ekan, u ham aqlsizdir», deb so‘ng quyidagi: «Qachonki, o‘zlariga berilgan narsalar bilan shod turganlarida, ularni to‘satdan ushladik. Bas, butunlay noumid - mublis bo‘ldilar», oyatni o‘qigan edilar.

Yana aytdilar: «Ka'baning Rabbiga qasamki, qavmga makr qilishi ularga hojatlarini berishi va so‘ng ularni ushlashidir».

Mublis - falokatga uchragan paytda najot topishdan umidini uzgan kimsa.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Mublis barcha yaxshilikdan umidlarini uzgan kimsa», deganlar.

«Bilinglarki, shubhasiz, Alloh har bir kishi bilan uning qalbi o‘rtasini egallab turur va shubhasiz, sizlar Uning huzuriga to‘planursizlar» (Anfol surasi, 24).

Mujohid aytganlarki: «Buning ma'nosi, Alloh banda bilan uning aqli orasini egallab - to‘sib turadi. Hattoki, banda barmoqlari nima qilayotganini ham bilmay qoladi».

Tabaroniy: «Bu oyat Alloh taoloning bandalar qalbiga ularning o‘zlaridan ko‘ra molikroq ekanini, U agar xohlasa, banda bilan uning qalbi orasini egallab - to‘sib olishini va inson Allohning xohishi bilangina biron narsani idrok etishini xabar qiladi», deydilar.

Sahih hadisda keladi: «Albatta, sizlardan bir kishi jannat ahli amallarini qiladi. Hattoki, u bilan jannat orasida bir ziro' masofa qoladi. Shunda unga kitob (taqdir) yetib keladi-da, do‘zax ahli amalini qiladi va do‘zaxga kiradi» (Muttafaqun alayh).

«Jannat ahlining amalini qiladi», degani, insonlarga shunday ko‘rinadi. Aslida esa u amalning yashirin bir illati bo‘ladi. Agar u rostdan ham solih, maqbul amal bo‘lganida edi, Alloh uni yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘lgan, uning amalini botil qilmagan bo‘lardi. Shuning uchun, oxiri nima bilan tugashini bilmasdan turib, amalning zohiri bilan g‘ururlanmaslik kerak. Chunki amallar xotimasi bilan e'tiborlidir.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘pincha: «Yo‘q, qalblarni o‘zgartiruvchi zotga qasamki», deb ont ichardilar» (Buxoriy rivoyati).

Sahl ibn Sa'd Saidiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bir kishi do‘zax ahli amalini qiladi, holbuki, u jannat ahlidandir. Yana bir kishi jannat ahli amalini qiladi, holbuki, u do‘zax ahlidandir. Darhaqiqat, amallar xotimasi bilan e'tiborlidir» (Buxoriy rivoyati).

Ulamolar aytishganki, yomon xotima botinda gunoh qilishga odatlangan va kezi kelganda gunohi kabira qilishdan ham tap tortmaydigan kimsalarda uchraydi. Ammo kimki zohirda haq yo‘l uzra sobit qadam bo‘lsa va botinda ham gunoh qilishga odatlanmagan bo‘lsa, uning xotimasi yomon bo‘lishini hech qachon eshitmaganmiz, bilmaymiz ham. Buning uchun Allohga hamd bo‘lsin. Endi kimki gunoh ishlarini yaxshi ko‘rsa va gunoh qilib tavba qilmasdan yuraversa, u tavba qilib ulgurmasidan, ajali yetib qolishi mumkin. Mana shunday vaqtda shayton uni vasvasaga soladi va uni dahshat qamrab oladi-da, odamlarga uning badbaxt ekani ma'lum bo‘ladi. Bundan Allohning O‘zi saqlasin. Ayrim kishilar esa butun umri mobaynida haq yo‘lda mustaqim bo‘ladilar-da, ajallari yaqinlashgach, o‘zgarib, haq yo‘ldan og‘ib ketadilar. Bu ham xotimasi yomon, oqibati xunuk bo‘lishiga olib keladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey qablarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni diningda sobit-mustahkam qilgin», deb ko‘p aytardilar. Men: «Ey Rasululloh, sizga va siz keltirgan narsalarga iymon keltirdik. Shunda ham bizdan xavotirlanasizmi?» deb so‘radim. «Ha, chunki qalb Alloh taoloning ikki barmog‘i orasida bo‘lib, uni xohlaganicha o‘zgartiradi», dedilar» (Termiziy rivoyati).

Asarda kelganki, Iblisga makr qilingach, Jabroil va Mikoil yig‘lay boshlashdi. Shunda Alloh taolo ulardan: «Nima uchun yig‘layapsizlar?» deb so‘radi. Ular: «Parvardigoro, makr-sinovingizdan xotirjam bo‘lolmayapmiz», deyishgan edi, Alloh taolo: «Xuddi shunday bo‘lsin, makrimdan xotirjam bo‘lmanglar», dedi.

Ulamolar shunday deydilar: «Agar Alloh taolo gunoh qilishga mukkasidan ketgan bandasiga o‘zi sevgan narsalarini berayotganini ko‘rsang, bilginki, bu U Zot tarafidan bir makr-sinovdir».

Hikoya: Rivoyat qilinadiki, Misrda namoz o‘qish va azon aytish uchun masjidga bog‘lanib qolgan bir kishi bor edi. U ibodatga berilgan, taqvodor edi. Kunlardan bir kuni odatdagidek azon aytish uchun minoraga chiqdi. Minoraning yonginasida zimmiy nasroniyning hovlisi bor edi. U hovliga ko‘z tashladi va nasroniyning qizini ko‘rib qoldi. U chiroyli qiz edi. Kishi o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va azonni tashlab, qizning oldiga tushdi. Qiz undan so‘radi: «Nima yumushing bor?» «Seni xohlayman va senga uylanaman». «Sen musulmonsan, otam meni senga bermaydi». «Nasroniy bo‘laman». «Unday bo‘lsa, mayli...»

U qizga uylanish uchun nasoro diniga kirdi va ularning hovlisida qoldi. Xuddi shu kunning o‘zida hovlidagi bir tepalikka chiqdi-da, yerga yiqilib o‘ldi. U dini bilan muvaffaqiyat qozonmadi, qiz bilan rohatlanmadi ham.

Allohdan makr-sinovi, xunuk oqibat va yomon xotimadan panoh berishini so‘raymiz.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.