background
logotype
image1 image2 image3

Alloh sabrlilar bilan birgadir!

Sabr - mashaqqatlarga chidash, iymon taqozo qilgan ishlarni amalga oshirish, Allohning hukmiga rozi bo‘lishdir.
Hadisi shariflarda sabr uch qismdan iboratligi  bayon qilingan:
1.    Toat va ibodatlarda sabrli bo‘lish.
2.    Gunohlardan saqlanishda sabrli bo‘lish.
3.    Musibat va qiyinchiliklarga sabr qilish.
Sabr haqida hazrat Abu Hurayra (r.a.) shunday deganlar: “Kimga sabr qilish ne’mati ato qilingan bo‘lsa, u hech qachon savobdan mahrum qolmaydi”. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “... Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur”(Zumar,10) deb marhamat qilgan.
Ibodatlarni mukammal ado etishda, barcha gunohlardan saqlanishda, Alloh tomonidan imtihon va mashaqqatlarga bardosh berishda iroda va qat’iyat bilan nafsni jilovlay olish sabrdir. Sabr imonnning yarmi bo‘lib, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir. Zotan, “Albatta, Alloh sabrlilar bilan birgadir” deb marhamat qilgan.
Darvoqe’, hayotda banda doimo sinovda bo‘ladi. Goh yaxshi holatlar bilan, goho mashaqqat va qiyinchiliklar bilan. Bularning barchasida doimo sabrli bo‘lish talab etiladi. Sabrning oliy darajasi fojea sodir bo‘lgan musibat yetgan paytdagi ilk daqiqalardagi sabrdir.
Anas ibn Molik (r.a.)dan rivoyat qilinadi. Nabiy (s.a.v.) qabr oldida yig‘lab o‘tirgan ayolning yonidan o‘tayotib, “Allohdan qo‘rq va sabr qil!” dedilar. U ayol: “Nari tur! Mening kabi senga musibat yetmagan!” dedi. Ayol u zotni tanimagan edi. U ayolga: “(Sen gaplashgan zot) Payg‘ambar (s.a.v.) edilar”, deyildi. U ayol o‘sha zahotiyoq on hazratning eshiklari oldiga keldi va yetib borib eshiklari oldida qo‘riqchilarni ko‘rmadi va u zotga: “Sizni tanimabman”, dedi. Shunda u zot: “Albatta sabr birinchi zarbadadir”,  dedilar. Faqatgina u ayoldan yo‘qotgan narsasi uchun sabr qilib, Alloh huzuridagi savobga erishib qolishni talab qildilar xolos. Albatta haqiqiy sabr avvalgi daf’ada haqiqiy bo‘lishini ham uqtirdilar.
Musulmon kattayu kichik musibatlarga, og‘ir bemorliklarga ham, tikon kirishiga ham sabr qilmog‘i gunohlariga kafforat bo‘lishi aytilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonga qay bir musibat: horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikon kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qiladi», dedilar». Imom Buxoriy va Imom Muslim  rivoyat qilgan.
Boshqa hadisi sharifda esa,  mo‘min-musulmon banda uchun bemorlikka sabr qilish jannatga erishishga sabab bo‘lishi ta’kidlanadi.
 Ato roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Ibn Abbos menga: «Senga jannat ahlidan bo‘lgan bir ayolni ko‘rsataymi?» dedi. «Ha», dedim. «Manavi qora xotin. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Meni tutqanoq tutadi, avratlarim ochilib ketadi, Allohga mening haqimda duo qiling», dedi. «Agar istasang, sabr qilsang senga jannat bo‘ladi. Agar istasang, Allohga sen uchun ofiyat so‘rab duo qilaman», dedilar u zot. «Sabr qilaman. Ammo ochilib ketishim bor. Allohga mening ochilib ketmasligimni so‘rab duo qiling», dedi ayol. Bas, u zot uning uchun duo qildilar». 
Demak, inson hayoti davomida, har qanday sharoitda ham sabr va qanoat bilan yashashi zarur. Sabr barcha fazilatlarning asosidir. Shuning uchun ham, Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarning asosiy sifatlaridan biri sabr ekanini qayta-qayta ta’kidlaydi. Ulamolarimiz fazilatlarni bir butun jasadga o‘xshatishsa,  sabr esa o‘sha jasadning boshidir deydilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ning sahobalaridan ikki kishi uchrashib qolsalar, “Val asri” surasini bir-birlariga o‘qib bermasdan tarqalmas ekanlar. Unda “bir-birlarini sabrga chaqirganlar ikki dunyo baxti saodatiga musharraf bo‘lishlarini bayon qilingan.”
Allohning muhabbatini qozonish,uning suyukli bandasiga aylanish inson uchun eng ulkan baxt emasmi? Xo‘sh, Allohning muhabbatiga nima bilan erishish, Uning roziligini qanday topish va jannat degan oliy ne’matga nima bilan erishish mumkin deyilsa, unga javob kuyidagi Alloh taoloning oyatidir. “Alloh sabrlilarni sevadi”.
Alloh taolo barchamizni O‘zining muhabbatiga sazovor aylasin.   

Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent shahridagi “Novza” jome’ masjidi imom-xatibi

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.