background
logotype
image1 image2 image3

Agar rostgo'y bo'lsangizlar...

Umid qilamizki, aziz o‘quvchilarimiz bu suhbatdan o‘zlari uchun ko‘pgina manfaatlarga ega bo‘lishadi. Chunki ilm ahli bilan kechadigan suhbatlar, yomg‘ir suvlari tashna yerlarni yashnatgani kabi, qalblardagi imonni yashnatadi. Toshkent viloyati Chirchiq shahar bosh imom-xatibi Abdul Azim Ziyouddin o‘g‘li bilan suhbatimiz g‘oyatda mazmunli kechdi. Shaxsan kamina o‘zimni qiziqtirgan ko‘pgina muhim savollarimga javob topdim. Mavzu asosan, yurtimizda dolzarb bo‘lib turgan masala — missionerlik harakati, Injil va xristianlik haqida edi. 

— Hurmatli domla, suhbat avvalida ma’naviyat va ma’rifat haqida qisqacha to‘xtalsak.

— Bismillahir rohmanir rohiym. Alhamdu lillah, vas-solatu vas-salamu ‘ala rosulillah. Ammo ba’d: Assalomu alaykum va roxmatulloxi va barokatuh.
"Ma’naviyat" arabcha so‘z bo‘lib, «xilofi moddiyot»ni, ya’ni, insonning moddiy holatidan tashqari, unda ruhiy holat ham borligini bildiradi. "Ma’rifat" so‘zi ham arabcha bo‘lib, «Idrokush-shay'i ‘ala ma huva alaythi» (har bir narsani o‘z o‘rniga qo‘yish»), ya’ni, o‘sha ruhiy holatga to‘g‘ri va sof ozuqa berishni anglatadi. 
Inson ikki narsadan — modda va ruhdan tashkil topgan. Inson jismi tuproq moddasidan yaratilgani bois, uning ozuqasi ham moddiy narsalardir. Ya’ni, qorni ochsa, taom yeydi, chanqasa, chanqovbosdi ichimlik ichadi, kasal bo‘lsa, davolanadi, charchasa, dam oladi, moddiy ilmlarni o‘rganadi va jinsiy g‘arizasi g‘alayon qilsa, qondiradi va hokazo. Bularni inson aqli bilan topadi. Chunki Alloh taolo insonga ong, fahm-farosat, aqlu zakovat berganki, ular yordamida badaniga nima kerak ekanini biladi va shu bilimi o‘nga jismining ozuqasini topib beradi. Masalan, nimani yeyish va nimani yemaslik kerak, qanday iste’mol qilish lozim, davolanishda qaysi dardga nima davo bo‘ladi va uni qaysi uslubda kabul qilish kerak. Agar bilmasa, do‘xtir-tabiblarga yo bilag‘onlarga murojaat qiladi. Chunki inson har bir ishning o‘z mutaxassisi borligini biladi. Lekin ruhiy ozuqa yer yuzidan topilmaydigan narsadir. Ruh modda emas. Ruhiy ozuqani bilishdai oldin ruh o‘zi nima ekanini bilib olishimiz kerak. O‘tgan payg‘ambarlarga qavmlari ruh nima degan savolni qo‘yishgan. Insoniyatni ilk zamonlaridanoq eng qiziqtirgan narsalardan biri ruh masalasi edi, lekin hech qachon odamzot bu masalada biron-bir aniq bilimga ega bo‘lmagan. Xossatan Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, oldilariga ham yahudiylar kelib: «Ey Muhammad, sen rostdan ham payg‘ambar bo‘lsang, bizga javob ber, ruh nima?» deb so‘rashgan. Bo‘nga javoban Isro surasining 85-: «Ey Muhammad, sizdan ruh haqida so‘raydilar. Ayting: «Ruh faqat Rabbimning ishidandir». Sizlarga esa oz ilm berilgandir» oyati nozil bo‘ladi. Yahudiylar buni eshitib; «Ha, sen to‘g‘ri gapni aytding, avvalgi payg‘ambarlar ham qavmlariga shu javobni aytishgan. Lekin baribir biz senga imon keltirmaymiz, deb chiqib ketishgan. Demak, hatto payg‘ambarlar ham bu masalani bilishga ojiz ekanlar. Endi shu ruh o‘zi qaerdan keldi, degan savolga Qur’on shunday javob beradi: «U(Alloh) insonni (ya’ni, Odamni) dastavval loydan yaratdi... So‘ngra uni (inson qilib)rostlab, ichiga O‘z (dargohidagi, ya’ni, O‘zi yaratgan) ruhidan kiritdi...» (Sajda surasi 7—9-oyatlaridan). Ma’lum bo‘ldiki, ruh Alloh tarafidandir. Uning aslini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. Modomiki ruh Alloh tarafidan ekan, uning ozuqasi ham Alloh tarafidan bo‘lishi tabiiydir. Shu ozuqani U Zot payg‘ambarlari vositasida, ilohiy kitoblar orqali yuborgan.

— Umuman payg‘ambarlar haqida ham so‘z yuritsangiz. 
— Payg‘ambarlar insoniyat orasidagi eng dono, rostgo‘y, aqlli, fahm-farosatli, hayoli, oqko‘ngil, rahm-shafqatli, xullas, butun insoniy fazilatlarga ega bo‘lgan hazrati Inson edilar. Alloh taolo bu zotlarni tanlab, ularga vahiy yuborgan. Vahiyni qabul etib o‘zi amal qilgani nabiy, boshqalarga ham yetkazishga buyurilgani rasuldir. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Har bir ummat ichida ham albatta bir ogohlantirguvchi payg‘ambar o‘tgandir» (Fotir, 24-oyat mazmuni). Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam: «Payg‘ambarlar o‘zaro birodardirlar... va dinlari ham bittadir» (Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar. Ularning yo‘llari bitta bo‘lgan, u ham bo‘lsa, insonlarni Alloh ko‘rsatgan yo‘lga da’vat qilish. Alloh taolo aytadi: «Ey payg‘ambarlar, halol-pok taomlardan yenglar va yaxshi amallar qilinglar! Albatta. Men qilayotgan amallaringizni bilguvchidirman. Shak-shubhasiz, (barchangizning) millatingiz(ya’ni, diningiz) bir millat (ya’ni, Islomdir). Men esa sizlarning Parvardigoringizdirman, bas, Mendangina qo‘rqingiz!» (Muminun, 51—52-oyatlar mazmuni).
Payg‘ambarlar ma’sumdirlar, ya’ni, Alloh ularni gunoh-ma’siyatdan, fisqu fujurdan va barcha razolatlardan saqlagan. Payg‘ambarlarning silsilasi misoli zanjir bo‘lib, bosh xalqasi Odam alayhissalom bo‘lsalar, oxirgi xalqasi Hazrati Muhammaddirlar, sollallohu alayhi va sallam. Alloh taolo insonlarga ilohiy ko‘rsatmalarni shundoq beraversa bo‘lmasmidi, axir insonlarga aql-tafakkur ato etilgan-ku, payg‘ambarlar jo‘natishga hojat bormidi, deyilsa, aytamizki, bir kuni kemada ketayotganlarida Najim Fozildan bir shogirdi: «Ustoz, Alloh payg‘ambar yuborib nima qilardi, ilohiy kitob bersa, o‘zimiz o‘qib amal qilaverardik", deb so‘raganida Najim Fozil kitobdan boshini ko‘tarmay: «Kemaga chiqib nima qilarding, dengizdan o‘zing suzib o‘tib ketaversang bo‘lmasmidi?» deya javob bergan ekan. Payg‘ambarlar o‘z ummatlariga Allohning barcha buyruqlarini — nima qilish keragu nima qilmaslik kerakligini yetkazganlar. Payg‘ambarlarga Alloh taolo oddiy shaxslaring qo‘lidan kelmaydigan ba’zi ishlarni qila olish, ya’ni, mo‘’jiza ko‘rsatishdek ulug‘ fazilatni ato etgan, bu narsa ularning haqiqiy payg‘ambar ekanliklariga dalil bo‘lib kelgan. Barcha payg‘ambarlar Allohning yo‘rig‘ida yurgan kishilarga bu dunyoyu u dunyoda saodatmand bo‘lish bashoratini berishgan. Allohning aytganiga ko‘nmay havoyu nafsiga berilib ketganlarga esa, bu dunyoda xor-zor bo‘lib, u dunyoda azobga duchor bo‘lishlarining xabarini yetkazishgan. Payg‘ambarlar Allohning buyrug‘ini amalga oshirar ekanlar, xalqlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishlari, botil yo‘llardan qaytarib, odil, oliy qonunlarga boshlashlari, xullas, ona go‘dagini tarbiyalaganidek, ularni tarbiyalashlari zarur edi. Islom hamma payg‘ambarlarga imon keltirib, ularni hurmatlashni musulmonlarga farz qilib qo‘ygan.

— So‘zingiz orasida payg‘ambarlar silsilasining oxirgi xalqasi payg‘ambarimiz Muhammaddirlar, sollallohu alayhi va sallam, deb aytib o‘tdingiz. Shunga dalillarni bayon etsangiz.
— Hazrati Muhammadning, sollallohu alayhi va sallam, payg‘ambarliklari muayyan bir xalqa yoki zamon bilan cheklanib qolmay, butun dunyoga va to qiyomatgacha taalluqlidir. Payg‘ambarimiz butun, bashariyatga yuborilganlar va shu bilan vahiy, payg‘ambarlik silsilasi xotimalangan. Alloh taolo bashariyatga yuborgan hidoyat va nurlarning barchasini u kishining vositasi bilan yuborib bo‘ldi. Alloh taolo aytadi: «(Ey mo‘minlar), Muhammad sizlardan biron kishining otasi emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning so‘nggisidir. Alloh barcha narsani Bilguvchi Zotdir» (Ahzob, 40-oyat mazmuni). Buxoriy va Muslim o‘z “Sahih”larida Abu Hurayradan, roziyallohu anhu, rivoyat qilishgan hadisda Payg‘ambarimiz, alayhissalom, shunday deydilar: «Men va mendan avval o‘tgan payg‘ambarlarning misoli bunday: bir kishi imorat bino qildi, uni juda chiroyli va yaxshi qilib qurdi-yu, faqat bir g‘ishtning o‘rni ochiq qoldi. Odamlar uyni kelib ko‘rib, qoyil qolishadi va oxirida: «Hammasi yaxshi bo‘libdi-yu, lekin shu g‘ishtni qo‘yib qo‘yilsa bo‘larkan», deyishadi. Men shu g‘isht misolidaman. Va men payg‘ambarlarning oxirgisiman».
Iso, alayhissalom, o‘zlaridan keyin Muhammadning, sollallohu alayhi va sallam, payg‘ambar bo‘lib kelishlarini bashorat qilganlar; Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda aytadi: «Eslang, Iyso ibn Maryam: "Ey bani Isroil, albatta, men Allohning sizlarga (yuborgan)payg‘ambaridirman. (Men) o‘zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlaguvchi va o‘zimdan keyin keladigan Ahmad*1 ismli bir Payg‘ambar haqida xushxabar berguvchi bo‘lgan holda(yuborildim)", degan edi» (Saf, 6-oyat mazmuni).
Hozirda mavjud "Injil"larda ham payg‘ambarimiz, alayhissalom, haqlarida bir necha bashoratlarni o‘qiymiz:
«15. Agar meni sevsangizlar, amrlarimga amal qilinglar. 56. Men Otamga*2 murojaat qilaman va U toabad*3 sizlar bilan qoladigan boshqa*4 Yupatuvchini*5 yuboradi. 17. Bu Yupatuvchi Haqiqat Ruhidir... 26. O‘sha Yupatuvchi, ya’ni Mening nomimdan Otam yuboradigan Muqaddas Ruhning O‘zi sizlarga hammasini o‘rgatadi, Mening sizlarga aytgan hamma so‘zlarimni U yodingizga tushiradi» (Yuhanno, 14-bob).
«26. Otam huzuridan Men sizlarga yuboradigan Yupatuvchi, ya’ni Otam nazdidan chiquvchi Hakikat Ruhi kelgach, U Men to‘g‘rimda guvohlik beradi. 27. Sizlar ham guvohlik berasizlar, chunki boshdanoq, Men bilan birgasizlar» (Yuhanno, 15-bob).
«7. Ammo sizlarga haqiqatni aytaman, Mening ketishim siz uchun foydalidir. Agar Men ketmasam, Yupatuvchi oldingizga kelmaydi. Agar ketsam, Uni oldingizga yuboraman. 8. U esa kelib, gunoh, adolat va hukm xususida dunyoning xato qilganini fosh kiladi... 13. Muqaddas Haqiqat Ruhi kelgach, U sizlarni butun haqiqat yo‘liga boshlaydi. U O‘zicha gapirmaydi, neki eshitsa, o‘shani so‘zlab beradi, U kelajak haqida sizlarga xabar qiladi...» (Yuhanno, 16-bob).
«22. Muso payg‘ambar ota-bobolarimizga gapirib, degan: «Rabbingiz bo‘lgan Xudovand sizlarga birodarlaringiz orasidan men kabi*6 bir Payg‘ambar zohir qilgay. Butun ishlarda sizlarga nimaiki gapirsa, Unga quloq solinglar. 23. O‘sha Payg‘ambarga quloq solmagan har bir jon o‘z xalqi orasidan qirib tashlangay...» (Havoriylar, 3-bob).
«19. Quddusdagi yahudiylar yuborgan ruhoniylar*7 va levitlar*7 Yahyo payg‘ambarning oldiga borib undan: — Sen kimsan? — deb so‘radilar. Yahyo shahodat berdi: 20. — Men Masih emasman, — deb ochiq tan oldi u, inkor etmadi. 21. Yana undan: — Bo‘lmasa, Ilyos payg‘ambarmisan? — deb so‘radilar. — Yo‘q! — dedi u. Oxirzamon payg‘ambarimisan? — deb savol berdilar. U yana: — Yo‘q! — deb javob berdi»*8 (Yuhanno, 1-bob). Bu yerda ham ma’lum bo‘lib turibdiki, oxirgi payg‘ambar Iso emas, balki Muhammaddirlar, alayhissalom.

— Payg‘ambarimiz Muhammadning, sollallohu alayhi va sallam, avvalgi payg‘ambarlardan qanday afzallik jihatlari bor?
— Sahihligiga ittifoq qilingan hadisda Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, shunday marhamat qiladilar: «Alloh, meni boshqa payg‘ambarlardan olti narsa bilan afzal qildi. Menga javomi’ul kalimni (“hikmatlar xazina”sini) berdi. Bir oylik masofadan dushmanlarimning qalbiga qo‘rquv solish bilan meni quvvatladi. Menga g‘animatlarni (urushda qo‘lga kiritilgan o‘ljalarni) halol qildi. Yer yuzini menga poklovchi va masjid qilib berdi. Men butun insoniyat uchun payg‘ambar bo‘lib keldim va men bilan payg‘ambarlikni yakunladi».
Alloh taolo marhamat qiladi: «(Ey Muhammad, alayhissalom) Darhaqiqat, biz Sizni barcha olamlarga faqat rahmat (ya’ni, Allohning rahmatiga — jannatiga yetaklovchi) qilib yubordik» (Anbiyo, 107-oyat mazmuni). Muhammad, alayhissalom, olib kelgan ta’limotlar, Qur’on barcha olamlarga rahmat-shafqatdir. Ham bu dunyoning rahmat-shafqati, ham u dunyoning rahmat-shafqatidir. Buni fahmlab olish qiyin emas. Islom ta’limotlariga insof nazari bilan qarashning o‘zi kifoya. Butun olamlarga mehr-muhabbat, rahm-shafkat ruhi ulardan balqib turibdi. Xar qanday aqli raso odam darhol payqab oladi. Yana boshqa oyatda Alloh taolo shunday deydi: «(Ey Muhammad, alayhissalom), Biz sizni, shak-shubhasiz, barcha odamlarga (mo‘minlarga jannat haqida) xushxabar eltuvchi, (kofirlarni esa do‘zax azobidan)ogohlantiruvchi holida Payg‘ambar qilib yubordik. Lekin ko‘p odamlar buni bilmaslar»(Saba’, 28-oyat mazmuni). Insoniyat tarixida Muhammadchalik, alayhissalom, qavmi tarafidan sevilgan va hurmatlangan inson o‘tmagan. Tarix kitoblarida bayon qilinishicha, Urva ismli mushrik Kuraysh kofirlariga shunday xikoya qilgan edi: «Men juda ko‘p hukmdorlarni ko‘rganman. Men Sezarning, Kisroning, Negusning saroylarida bo‘lganman. Lekin qasam ichishim mumkinki, Muhammadni ashoblari hurmat qilganlari kabi hurmat-ehtirom qilingan hukmdorni ko‘rmadim. Allohga qasamki, agar u bir narsa buyursa, ular darhol uni bajarishga tashlanishadi, yuvinsa, undan tushayotgan suvni talashib-tortishib olishga oshiqishadi, gapirsa, sukut qilib qotib qolishadi, shu darajadaki, hatto uning ko‘ziga tik qarashga botina olishmaydi».

— Ovrupalik bir insofli olim Qur’on bilan tanishib chiqib, shunday xulosaga kelgan ekan: “Qur’on o‘liklarni tiriltirishdan-da buyukroq mo‘’jizadir”.
— Qur’on haqida ulamolar ta’rifi bunday: «Qur’on Allohning Muhammadga, sollallohu alayhi va sallam, tushirgan, tilovati ibodat hisoblanadigan, ojiz qoldiruvchi kalomidir». Qur’onning mo‘’jizaviyligi haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, bu Kitob o‘zining hidoyati, qonun-qoidalari, uslubi va ma’nolari bilan bashariyatni ojiz qoldirgan, ojiz qoldirib kelmoqda va shunday bo‘lib qoladi. Chunki Qur’on bashariyatning aqli taraqqiy etgan bir paytda shu taraqqiyotga mos bo‘lib tushdi. Hozirda «Qur’on va sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar» nomi bilan atalgan bir necha xalqaro tashkilotlar, ilmiy nashrlar bor. Tibbiyot, kimyo, fizika, astronomiya va boshqa soha olimlari o‘z ilmlari doirasida Qur’on mo‘’jizalarini topdilar va topyapdilar. G‘arbning necha-necha zabardast olimlari shu tufayli Islomni qabul qilgan va hanuz qabul qilmoqdalar. Ilm-fan va texnika rivojlangan davrimizdagi kashfiyotlarning Qur’oni karimda xabari borligi Qur’onning eng katta mo‘’jizalaridandir.
«Toki ularga (ushbu Qur’on rostdan ham Alloh tomonidan nozil qilingan) haq (Kitob) ekanligi aniq ma’lum bo‘lgunicha, albatga, Biz ularga atroflaridagi va o‘z vujudlaridagi (Bizning borligimiz va qudratimizga dalolat qiladigan) oyat-alomatlarimizni ko‘rsatajakmiz. Axir(ularga) Parvardigoringizning barcha narsaga guvoh ekani (ya’ni, Alloh taolo ushbu Qur’onda koinotdagi barcha nar-sani qamrab olib, O‘z hukmini bayon qilayotgani Sizning haq Payg‘ambar ekaningizni isbotlash uchun) yetarli emasmi?!» (Fussilat, 53, mazmuni).
Mana, o‘n to‘rt asrdan oshdiki, bu Kitob mo‘min-musulmonlar uchun ilohiy dasturulamal bo‘lish bilan birga, butun insoniyatni o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Qur’oni karim Alloh taolo huzuridan Payg‘ambarimiz Muhammadga, alayhissalom, nozil bo‘la boshlagan zamonlardayoq bu hayrat — Qur’on chin Ilohiy Kalom ekanini tan olish boshlangan. Ma’lumki, u zamon arab adabiyoti o‘ta rivojlangan edi. Mo‘’jiza qilib, Alloh taolo Payg‘ambarimizga Qur’oni karimni nozil etdi. Qur’onni eshitganda arab so‘z ustalarining eng buyuklari ham unga bosh egdilar. Qur’on qarshisida mashhur shoirlarning ham tili tutilib qoldi.
Mana, bir tarix. O‘sha zamonlarda uch yuz oltmishta arab qabilasi bor edi va ular har yili o‘zaro she’riy musobaqa o‘tkazishib, g‘oliblar aniqlanar edi. Bir mavsumda g‘olib bo‘lgan yettita shoirning she’rlari Ka’ba devoriga osib qo‘yilganida, kichik yoshli Abdulloh ibn Abbos, roziyallohu anhu, Qur’oni karimdagi eng ixcham Kavsar surasini yozib, sakkizinchi qilib ilib qo‘ygan ekan. She’rlarni bir chetdan o‘qib kelgan hay’at a’zolari sakkizinchi qog‘ozdagi satrlarni, ya’ni, «Inna a’toynakal kavsar. Fasolli li robbika vanhar. Inna shani-aka huval abtar» jumlalarini o‘qib: «Haza laysa min qovlil bashar» («Bu so‘zlar, insonning so‘zi emas»), deb yuboradilar.
Ibn Hishom «Siyrati nabaviya» kitobida keltiradi: «Odamlardagi Qur’onni tinglashga bo‘lgan ishtiyoq shu darajada kuchli ediki, hatto Payg‘ambarni inkor etayotgan Quraysh mushriklarining ba’zilari tunlari, yashirincha Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, uylari oldiga kelib, tonggacha Qur’on tilovatiga quloq solib chiqishardi. Bu holat ko‘p marta takrorlangan edi».
Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad, alayhissalom), Albatta, Biz (Qur’on) bilan taqvo egalariga xushxabar berishingiz uchun va sarkash qavmni qo‘rqitishingiz uchun uni Sizning tilingizga oson-engil qilib qo‘ydik» (Maryam, 97-oyat mazmuni). Bu oyatning tasdiqiga aytish mumkinki, bugungi kunda milyonlab musulmonlar eng Buyuk Ilohiy Mo‘’jiza bo‘lmish Qur’onni yoddan bilishadi. Alloh taolo Qur’oni karimni Muhammad, alayhissalom, orqali nozil etdi, Payg‘am-barimiz zimmalaridagi burchni a’lo darajada ado etdilar va u kishining vafotlaridan so‘ng ham Qur’on hidoyati, qonun-qoidalari, uslubi va ma’nolari bilan mudom barhayotdir. Mana, o‘n besh asr bo‘lyaptiki, Qur’oni karimning biror harfi ham o‘zgarmasdan turibdi. Alloh taolo aytadi: «Albatta, bu Eslatmani (ya’ni, Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va, shubhasiz, O‘zimiz uni saqlaguvchimiz» (Hijr, 9-oyat mazmuni).
Avvalgi ilohiy kitoblarning asl nusxalari yo‘qolib ketgani holda, Qur’oni karimning asl nusxasi hanuz saqlanib kelmoqda va dunyoda chop etilgan jamiki Qur’on nusxalarini asl nusxaga solishtirsak, biror harfida ham farq, yo‘qligiga guvoh bo‘lamiz. Bunga misol qilib hazrati Usmon, roziyallohu anhu, tomonlaridan jam qildirilgan, hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan Qur’oni karimning asl nusxalaridan birini ham keltirishimiz mumkin.

— Suhbatimiz Qur’oni karim va avvalgi ilohiy kitoblar munosabatiga kelib taqaldi.
— Qadimgi diniy kitoblarga insonlarning ham qo‘li tekkani sabab, ularga aqlga va xaqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bir qancha so‘zlar sizib kirgan. Bu qo‘shimchalar inson e’tiqodini buzadigan darajadadir. Hatto ularning ba’zilari xulqiy buzuqliklardan iboratdir. Lekin Qur’on bunday so‘zlardan mutlaqo pok. Unda birorta ham aqlga zid yoki tajribada xato bo‘lib chiqqan narsa yo‘q. Insonni adashtiradigan joyi yo‘q. Yana Qur’oni karim avvalgi kitoblardan farqli ravishda ichki ixtiloflardan batamom holidir. Shu o‘rinda uzoq yillar davomida xristian ruhoniyi bo‘lib xizmat qilgan va Allohning hidoyati ila (1999 yili) Islomga kirgan rusiyalik mashhur davlat arbobi, falsafa fanlari doktori, professor Ali Vyacheslav Polosinning «Pryamoy put k Bogu» (Allohga eltadigan to‘g‘ri yo‘l) kitobidan bir parcha keltiraman: "Men birinchi marta Qur’oni karimni ochib, "Ularga ayt..." degan so‘zga ko‘zim tushganida va Qudratli Yaratuvchi haqidagi tarannumlarni o‘qiganimda, bu so‘zlar darhaqiqat eng qudratli zot Allohning so‘zlari ekanini tushundim. Alloh Qur’onning egasi, Muhammad esa uning elchisidir. Har narsaga Qodir Zot insoniy oyoq-qo‘llarga ham, qush qanotlariga ham... har xil shubhali alomatu bashoratlarga ham, O‘zining So‘zlariga insoniy aralashuvlarga ham, "ilohlashtirishlar"ning turli ko‘rinishlariga ham aslo muhtoj emasdir. Chunki u Qudratlidir, U butun dunyoni osongina yaratgandir, U O‘z irodasini odamlarga qanday xohlasa, shunday, qachon xohlasa, ushanda va O‘zi kimni tanlasa, o‘sha elchisi orqali yetkazishga qodir Zotdir. Bugun Islomni turli bo‘lmag‘ur ayblarni yopishtirish va har xil asossiz tuhmatlar uyushtirish bilan inkor etgan va inkor etayotgan kishilarga qarata esa, Alloh taoloning O‘zi bunday deydi: “Axir ular Qur’on haqida fikr yuritmaydilarmi?! Agar u Allohdan boshqa birov tomonidan bo‘lsa edi, unda ko‘p ziddiyatlarni topgan bo‘lar edilar-ku?!” (Niso, 82-oyat mazmuni). Qur’on oyatlarida ziddiyatlar yo‘q, ularda keyinchalik qo‘shib qo‘yilgan qistirmalar ham yo‘q, Alloh so‘zlarining boshlanishi ham, oxiri ham ularda ochiq ko‘rinib turadi, ular Iso va ungacha kelgan boshqa payg‘ambarlarning, alayhimussalom, so‘zlarini eslatadi va izohlaydi, ular Yer yuzidagi barcha xalqlarga oddiy oila va turmushdan tortib, to davlat qurilmalarigacha yakkaxudolikning ijtimoiy doktrinasini e’lon kiladi. Bu Kitobni o‘qib chiqqach, men shuni tushundimki, xristianlikdagi Iso, kelajakda keladi, deb bashorat bergan haqiqiy xristianlik ko‘rsatmasi ayni shu muqaddas Qur’oni karimdir*9.
Bir so‘z bilan aytganda, Qur’on nozil bo‘lganidan keyin insoniyatning boshqa ilohiy kitobga extiyoji qolmadi.

— Qur’oni karim avvalgi ilohiy kitoblarning davomchisi sifatida qanday o‘rin tutadi?
— Musoga, alayhissalom, nozil etilgan Tavrot kitobining muddati Iso, alayhissalom, payg‘ambar bo‘lib kelishlari bilan tugagan. Isoga, alayhissalom, nozil etilgan Injil kitobiga amal qilish muddati esa Muhammad, sollallohu alayhi va sallam, payg‘ambar bo‘lib kelishlari bilan tugadi. Muhammadga, sollallohu alayhi va sallam, nozil etilgan Qur’oni karimga bu dunyoda amal qilish muddati qiyomatgachadir. Alloh taolo Kur’onni avvalgi ilohiy kitoblarni:
a) tasdiqlovchi: «Sizga esa (ey Muhammad, alayhissalom), Biz o‘zidan oldingi Kitob(larni)tasdiqlaguvchi...»
b) guvoh: «va u (Kitoblar) ustida guvoh bo‘lgan bu Kitobni haqqirost nozil qildik...»(Moida, 48, mazmuni);
v) ajratuvchi: «(Endi esa haq bilan nohaqni) Ajratguvchini (Qur’onni) nozil qildi» (Oli Imron, 4, mazmuni);
g) mufassal bayon qilguvchi: «...(unga) imon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi Hidoyat va Rahmat (bo‘lgan bir Kitobdir)», deb aytadi(Yusuf, 111, mazmuni).

— Yaqinda qo‘limga xristian missionerlari tomonidap o‘zbek tilida tarqatilgan «Haqiqat! Ha, faqat Haqiqat!» degan risola tushib qoldi. U yerda: «Injil Qur’onning «xato»larini to‘g‘rilaydi» degan g‘oya ilgari surilibdi...
— Bu quruq da’vodir. Haqiqat bu da’voning aksichadir. Ma’lumki, aytilgan so‘z ilmiy yoki amaliy suratda isbotlanmaguncha hech bir kuchga ega bo‘lmaydi. «...Bu ularning xom hayollaridir.(Ey Muhammad, alayhissalom) ayting: «Agar rostguy bo‘lsangizlar, hujjatlaringizni keltiringiz!» (Baqara, 111, mazmuni). Insonlar tomonidan buzuq "tuzatishlar" kiritilgan hozirda mavjud Tavrot va Injillarda payg‘ambarlar qattiq tuhmatga uchraganlar. Qur’on esa u kitoblardagi xatolarni to‘g‘rilagan. Mana, bir necha misol:
«31. ...Bir kuni Lutning katta qizi kichigiga dedi: — Otamiz qari, yer yuzidagi odatga ko‘ra biz nikohga olinishimiz uchun mamlakatda biron erkak qolmagan. 32. Kel, otamizga sharob ichirib, u bilan yotamiz, toki otamizdan nasl saqlaylik. 33. O‘sha kechasi qizlar otalariga sharob ichirdilar. Katta qiz otasining yotog‘iga kirib, u bilan yotdi. U esa qizining qachon yotib, qachon turganini bilmadi. 34. Ertasiga katta qiz singlisiga: — Men o‘tgan kecha otam bilan yotdim. Bu kecha unga yana sharob ichiramiz, bu gal sen uning yotog‘iga kirib u bilan yot, toki otamizdan nasl saqlaylik, — dedi. 35. Qizlar o‘sha kechasi ham otalariga sharob ichirdilar. Kichik qiz borib, otasi bilan yotdi. Otasi esa qizining qachon yotib, qachon turganini bilmadi. 36. Shunday qilib, Lutning ikkala qizi ham otalaridan xomilador bo‘ldilar... (Tavrotdan «Ibtido» kitobi, 19-bob).
Insonlar ichidagi eng madaniyatli, yuksak axloq sohiblari bo‘lgan payg‘ambarlardan biriga bo‘layotgan tuhmatni qarang! Axir, Lut payg‘ambar o‘z qizlari bilan zino qiladigan aroqxo‘r shaxs bo‘lganmilar? Astag‘firulloh!!!
Endi Qur’oni karim Lug, alayhissalom, haqlarida nima deganiga quloq tutamiz: «Yana Biz Lutga hikmat va ilm ato etdik va unga nopokliklar qiluvchi bo‘lgan qishloq (ahli)dan najot berdik. Darhaqiqat, ular yomon buzuq qavm edilar. Va Biz uni (Lutni) O‘z rahmat — jannatimizga doxil qildik. Shak-shubhasiz, u solihlardandir» (Anbiyo, 74— 75, mazmuni)«...va Lutni (ham Biz hidoyat qildik) va barchalarini butun olamlardan afzal qildik» (An’om, 86, mazmuni).
Injilda Iso payg‘ambar onalari Maryamga qo‘pol so‘zlar bilan muomala qilganlari bayon qilinadi: «3. ...Sharob tugab qolgach, Isoning onasi Unga: — Ularda sharob qolmabdi, — dedi. 4. Iso unga: — Mening ishimga aralashma, ayol. Mening vaqt-soatim hali yetgani yo‘q, — dedi..-»(Yuhanno, 2-bob). Go‘yo onalarini hurmatsizlik bilan «ayol» deb chaqiryaptilar. Boshqa joyda «ayol» deb bir fohishaga murojaat qiladilar: «3. Shu orada ulamolar bilan farziylar bir ayolni Isoning oldiga keltirishdi, uni zino qilayotganida ushlab olishgan edi. 4. — Ustoz! — deyishdi ayolni o‘rtaga qo‘yib. — Bu ayol zino qilayotganida ushlandi... 10. Iso o‘rnidan turdi-da, ayoldan boshqani ko‘rmay: — Ey ayol! — dedi, — seni ayblovchilar qani? Hech kim seni mahkum qilmadimi? 11. — Hech kim, Hazrat! — deb javob berdi ayol. (Yuhanno, 8-bob).
Nahotki Allohiing sodiq payg‘ambarlaridan biri bo‘lgan Iso, alayhissalom, mo‘’tabar onalariga xuddi fohishaga muomala qilgandek murojaat qilgan bo‘lsalar? Bunday tuhmatni ham Qur’on o‘nglaydi va Iso alayhissalomning tillaridan shunday deydi: «Shuningdek, (Alloh) meni onamga itoatli mehribon qildn va meni sitamkor badbaxt qilmadi» (Maryam, 32-oyat mazmuni). Shu bilan birga, xristianlar tomonidan shunday hurmatsizlik bilan tilga olinayotgan Isoning, alayhissalom, onalarini Qur’oni karim: «Farishtalar Maryamga: «Yo Maryam, albatga, Alloh seni (ayollar orasidan) tanlab oldi va (barcha gunohlardan)pokladi hamda seni butun olamlarning ayollaridan afzal qildi» (Oli Imron, 42-oyat mazmuni) deb, u zotni butun dunyo ayollarining eng yaxshisi sanadi. Allohu akbar!
Yoki boshqa bir oyatda bayon qilinadiki: «Masih ibn Maryam faqat bir payg‘ambar bo‘lib, undan ilgari ham ko‘p payg‘ambarlar o‘tgandar. Uning onasi esa siddiqa — Allohga haqqirosg imon keltirgan ayoldir» (Moida, 75-oyat mazmuni). 
Injilda bayon qilinishicha, Iso Masih xochga mixlangan ko‘yi: «34. — Elohi, Elohi, lamo shavaqtani? — deb faryod qildi. Bu so‘zning tar-jimasi: «Tangrim, Tangrim, nega meni tashlab qo‘yding?» demakdir. (Mark, 15-bob). Xristianlar aytishsin: Iso agar Xudoning o‘g‘li yoki yana aytishlaricha, «xudo» bo‘lsalar, qanday qilib bunday g‘alati, o‘zining «iloh»ligiga xos bo‘lmagan ojizona, g‘arib so‘zlarini aytdilar? Axir u kishi, xristianlar da’vosicha, yeru osmonning «egasi», kamchilik va nuqsonlardan holi «iloh» emasmi?! Xristianlikdagi bunday nomaqbul, buyuk payg‘ambar Isoning, alayhissalom, shaxsiyatlariga nomunosib e’tiqodni Qur’oni karim kelib to‘g‘riladi, tushuntirdi:
«Yana kofirliklari va Maryam xususida ulug‘ bo‘xton qilganliklari sababli hamda Allohning payg‘ambari bo‘lgan al-Masih Iso ibn Maryamni «Bizlar o‘ldirganmiz», degan so‘zlari sababli (Biz ularni la’natladik). Holbuki, ular (Isoni) o‘ldirganlari ham, osganlari ham yo‘q. Faqat ular uchun (boshqa birov Isoga) o‘xshatib qo‘yildi, xolos. Albatta, (Iso) haqida talashib-tortishgan kimsalar uning (o‘ldirilgan-o‘ldirilmagani) haqida faqat shubhada qolganlar. U haqda hech qanday bilimlari yo‘q, faqat gumonlarga beriladilar, xolos. Uni o‘ldirmaganlari aniqdir. Balki uni Alloh O‘z huzuriga ko‘targandir. Alloh qudrat va hikmat Egasi bo‘lgan Zotdir» (Niso, 156-159, mazmuni).
Payg‘ambarlarga bo‘lgan shunga o‘xshash tuhmatu bo‘htonlarni Injilning bir necha joylarida uchratishimiz mumkin.

— Ushbu xatolar asrlar davomida, tarjima jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolarmikan yoki atayin kiritilganmikan?
— Agar Tavrot va Injilning o‘rischa, o‘zbekcha va inglizcha nusxalarini o‘qisak, yuqorida zikri o‘tgan tuhmatlar hammasida bir xil ekanini ko‘ramiz. Bularni tarjimadagi xatolar desak, unda quyidagilarni nima deb ataymiz:
«22. Hali tun o‘tmay, Yoqub o‘rnidan turdi-da, ikki xotini bilan ikki cho‘risini hamda o‘n bir bolasini olib, Yabbuk daryosining kechuvidan o‘tdi. 23. Ularni va o‘zida bor bo‘lgan narsalarini ham daryodan o‘tkazdi. 24. Oxirida yakka o‘zi qoldi va bir Zot tong otguncha u bilan kurashdi. 25. U Yoqubni yenga olmagach, uning son bo‘g‘iniga urdi va soni bo‘g‘inidan chiqib ketdi. 26. U Zot: — Meni qo‘yib yubor, mana tong otdi, — dedi. Lekin Yoqub Unga: — Meni duo qilmaguningcha Seni qo‘yib yubormayman! — dedi. 27. O‘sha Zot: — Oting nima? — deb so‘radi. U: — Otim Yoqub, — dedi. 28 O‘sha Zot: — Bundan buyon seni Yoqub emas, balki Isroil*10 deydilar. Chunki sen Xudo hamda odamlar bilan kurashib g‘olib chiqding, — dedi...»(Tavrotdan «Ibtido», 32-bob).
Guyo Yoqub, alayhissalom, Xudo bilan «kurashibdilar». Injildagi bu «oyat»larni o‘qigan aqlli oddiy bir inson ham ular kurakda turmaydigan gaplar ekanini biladi.

— Xristiallariing avlodlari ichkilikka ruju’ qo‘yishlari ilohiy kitoblari bunga ruxsat berganidanmi? Ular vinoni muqaddas ichimlik deb e’tiqod qilishadi, bunga biron asos bormi?
— Bu ishlari haddan oshishdir. Injilda aziz havoriy Pavelning: “23. Bundan keyin faqatgina suv ichma, balki oshqozoning uchun, tez-tez yuz beradigan kasalliklaringning oldini olish uchun ozgina sharob ham ichgin...” (Timofeyga birinchi maktub, 6-bob), degan so‘zi xristianlar uchun ichkilikxo‘rlikka berilgan ruxsatga aylanib ketdi. Holbuki, havoriy: «19. Bashariy tabiatning ishlari ma’lum, chunonchi: fahshbozlik, harom-harishlik, fisq-fujur, 20. butparastlik, jodugarlik, dushmanlik, janjalkashlik, rashk-g‘azab, manmanlik, ixtilofchilik, bid’atchilik, 21. hasad, qotillik, ichkilikbozlik, aysh-ishrat va shularga o‘xshash ishlar. Sizlarni oldin ogohlantirgan edim, yana ogohlantirayapman: bu kabi ishlarni qiluvchilar Xudo Shohligidan bebahra bo‘ladilar»(Galatiyaliklarga, 5-bob) deya ichkilikxo‘rlikdan qaytargan edi! Inson qanchalik zaif, shaytonlar qanchalar makkor! Bu «ozgina sharob ham ichgin» so‘zi amalda vinoyu aroq dengizlariga aylanib ketdi, u dengizlarda ko‘pgina xristian xalqlari cho‘kib ketdilar va ketmoqdalar. Qur’on esa, insoniyatni bu balodan qaytarib, shunday nido qiladi: «Ey mo‘minlar, aroq (mast qiladigan ichkilik ichish), qimor (o‘ynash), tiklab qo‘yilgan butlar (ya’ni, ularga sig‘inish) va cho‘plar(ya’ni, cho‘plar bilan folbinlik qilish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, ularning har biridan uzoq bo‘lingiz, shoyad najot topsangiz! Aroq, qimor sababli shayton o‘rtalaringizga buzg‘u adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar!» (Moida, 90—91, mazmuni).

— Missionerlar tarqatayotgan kitoblar, ularda yozilgan narsalar haqida nima deysiz?
— O‘sha kitoblarni o‘qigan odam Alloh taolo, u Zotning payg‘ambarlari haqida juda ham fosid, buzuq, aqidalarga duch keladi. Aqlli inson ularni qabul qila olmaydi. Masalan, «Muqaddas Kitob suratlarda» nomli kitobning 14-betidagi «Birinchi odamlarning yaratilishi» bobida: «26. Yana Xudo: «O‘z suratimizga ko‘ra, O‘zimizga o‘xshash odamni yarataylik...» 27. Shunday qilib, Xudo odamni O‘z suratida, ilohiy suratda yaratdi...» (Ibtido, 1-bob) degan so‘zlar bor. Naxot Xudo shu insonga o‘xshasa?! Inson bir zaif mavjudot bo‘lsa, bechora ba’zida kasal bo‘lib turadi, qorni ochadi, chanqaydi, charchasa uxlaydi va hokazo. Doimo nimagadir muhtoj bo‘ladi... Qur’oni karim esa, Allohning zoti xususida shunday xabar beradi: «Biron narsa U Zotga o‘xshash emasdir. U Eshitguvchi va Ko‘rib turguvchidir» (Sho‘ro, 11, mazmuni). Imom Qurtubiy bu oyatni shunday sharhlaydilar: «Albatta, Alloh ulug‘ligi, kibriyosi, mulku saltanati, go‘zal ismlariyu oliy sifatlari ila buyukdir. Maxluqotlaridan biron narsa unga o‘xshash emasdir va U ulardan biron narsaga o‘xshash emasdir».

— Afsuski, keyingi paytlarda haq dinni tashlab, boshqa dinlarga kirayotgailar uchramoqda. Bunday ayanchli hodisalarning sababi nimada ekan?
— Ha, afsuski, shunday hodisalardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Buning ko‘p sabablari bor, albatta. Birinchidan, missionerlar dinlaridagi majburiyatlarni berkitib, xristian dinini oson ko‘rsatadilar. «Sen Isoga ergashsang, Iso sening najotkoring bo‘ladi. U sening gunohlaringni o‘z bo‘yniga olib, do‘zaxda uch kun azoblanib chiqqan», deb ularning qo‘ynilarini puch yong‘oqqa to‘ldiradilar. Bir kuni, yarim-yalang‘och, zamonaviy kiyingan bir ayol, qo‘lida Injil bilan ko‘chada da’vat qilib yurgan ekan. Men undan: «Siz nimaga da’vat qilasiz?» deb so‘radim. Shunda u: «Injil Xudoning kitobi, unga amal qilib hayot kechirish kerak», deya gapira ketdi. Men: «Siz o‘zingiz Injilga amal qilasizmi? Injil sizga boshyalang yurishga ruxsat beradimi?» deb so‘radim. U: «Ha, albatta», dedi. Shunda qo‘lidagi Injilni so‘rab oldim-da, 444-betini ochib, ushbu jumlalarni o‘qidim: «5. Yana boshini yopmay ibodat qilgan yoki bashorat qilgan har bir xotin o‘z boshini sharmanda qiladi. Bunday xotin sochlarini qirgan xotin bilan tengdir. 6. Agar xotin boshini yopishni istamasa, unda sochlarini ham qirqsin. Lekin agar xotinga sochlarini qirqish yoki qirish uyat bo‘lsa, boshini yopsin» (Birinchi Korinfliklarga, 11-bob).
Ayol lom-mim deya olmay bir oz turdi-da, juftakni rostlab qoldi.
Boshqa bir sababi moddiy manfaatdir. Bir vaqtlar nasroniylikka kirgan bir onaxon bilan suhbatlashganman. Onaxondan:
— Xristian dinini qabul qilishintizga nima turtki bo‘ldi? — deb so‘ragan edim. U:
— Bir kuni xristian da’vatchilari uyimga kelishib, dinlariga kirishimni taqlif etishdi. «Men musulmonman! Bu mening ota-bobomdan qolgan dinim», desam, ular: «Biz sizga yordam beramiz», deya pensiyam yetmay, bir necha oydan beri to‘lolmay yurganim uy-joy solig‘ini to‘lab berishdi. Tekinga chiroyli-chiroyli kitoblar hadya qilishdi, — deb bayon qildi. So‘ng menga savol berdi:
— Nima uchun musulmoncha kitoblar kam, bo‘lsa ham qimmat?..
Yana bir sababi, sovet zamonida yoshlarimizning aksarida ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘ldi, ular millatimiz tarixidan, diniy aqidalarimizdan juda yiroqlashdilar. Hatgo begonalashdilar. Din deganda sof islomiyatni emas, qandaydir xurofotu urf-odatlarini tushunadilar. Tabiiyki, u xurofot urf-odatlar yoqmaganidan dinni yomon ko‘ra boshlashdi. Ming yillar davomida shakllanib kelgan islomiy madaniyatimizdan ayrilish yoshlarning millatimizga yot e’tiqodlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketishlarida namoyon bo‘lyapti.

— Muhammad, alayhissalom: «Payg‘ambarlar o‘zaro birodardirlar, yo‘llari ham bittadir», deb marhamat qilgallar. Barcha payg‘ambarlar yakka Xudoga da’vat qilganlari holda, nima uchun xristianlar uch xudolik g‘oyasini ilgari surishadi?
— To‘g‘ri, barcha payg‘ambarlar yolg‘iz Allohga ibodat qilishga, unga hech narsani sherik qilmaslikka chaqirishgan. «(Ey Muhammad, alayhissalom) Biz sizdan ilgari yuborgan har bir payg‘ambarga ham: «Hech qanday iloh yo‘q, Yolg‘iz Mengina bordirman, bas, Mengagina ibodat qilinglar», deb vahiy yuborgandirmiz» (Anbiyo, 25, mazmuni).
Biz hozirgi Injilning o‘zida ham, Isoning, alayhissalom, yolg‘iz Allohga ibodat qilishga chaqirgan so‘zlarini, xristianlarning uch xudolik da’volarini botilga chiqarganini ko‘ramiz: «1. Shu gaplardan keyin Iso, alayhissalom, ko‘zlarini osmonga tikib, dedi... 3. «Abadiy hayot esa, Seni — tanho Haq, Xudoni hamda sen yuborgan Iso Masihni tanib bilishdan iboratdir...» (Yuhanno, 17-bob); ''
«28. Ulamolardan biri ...Isoning oldiga kelib: — Butun ilohiy amrlarning eng muhimi qaysi biri? - deb so‘radi. 29. Iso unga javob berib dedi: — Butun amrlarning eng muhimi shu: «Tingla, ey Isroil! Robbimiz bo‘lgan Xudovand Yagona Xudovanddir... 32. — Yaxshi gapirding, Ustoz, — dedi ulamo Isoga. — Xudo yagona, Undan boshqa xudo yo‘q, deb to‘g‘ri aytding...» (Mark, 12-bob).
Biz xristianlarga Allohning ushbu oyatini eslatamiz: «Ey ahli Kitob (yahudiy va xristianlar),(Isoni, alayhissalom, xudo deyish bilan) diningizda haddingizdan oshmangiz! Alloh sha’niga esa faqat haq gapni aytingiz! Albatta, al-Masih Iso ibn Maryam faqat Allohning payg‘ambari va Uning Maryamga tashlagan So‘zi hamda Uning tomonidan bo‘lgan ruh (sohibidir), xolos. Bas, Alloh va Uning payg‘ambarlariga imon keltiringiz!(Xudo) uchta (ya’ni, Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh) demangiz! (Bunday botil e’tiqoddan)to‘xtangiz, shunda o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lur. Xech shak-shubhasiz, Alloh Yakka-Yagonadir. U farzandlik bo‘lish (aybidan) Pok bo‘lgan Zotdir...» (Niso, 171, mazmuni).

— Hozirgi Injilda keyingi zamon odamlari kiritgan so‘zlar to‘lib-toshib yotgani holda, uni "Muqaddas Xushxabar" ya’ni, ilohiy kitob deb atash qanday bo‘larkin?
— Yuhanno bayon etgan Injil bunday xotimalanadi: «25. Iso bajargan boshqa bir talay ishlar ham bor. Bular birma-bir yozib chiqilganida edi, yozilgan kitoblar olamga ham sig‘mas edi, deb o‘ylayman».
Xulosa kabi aytilgan bu so‘zlar, uni rivoyat qilayotgan kishi o‘zidagi ko‘pgina ma’lumotlardan qaysi birini tanlashni xohishiga ko‘ra o‘zi hal etgan bir odamdir. U, Iso, alayhissalom, haqlarida ungacha kelgan ma’lumotlar jiddiy qisqartirilganini ham tan olmoqda. To‘g‘ri e’tiqodli kishi nazari bilan qaralsa, inson nomidan gapi-rilayotgan jamiki so‘zlar, garchi u inson juda ulug‘ va avliyo zot bo‘lsa ham, u so‘zlarni Xudoning bayonotlari sirasiga emas, balki insonning diniy va ma’rifiy qarashlari sirasiga kiritish kerak. Agar xristianlar Yangi ahdni Xudoning bayonotlari tarzida qabul qilishar ekan, undan havoriyning Xudoning buyrug‘iga yoki Isoning ta’limotiga asoslanmay, o‘zicha aytgan so‘zlarini chiqarib tashlashlari va solih kishilarning rivoyatlari deb chop qilishlari kerak edi. Demak, butun Yangi ahdni "Muqaddas bayonotlar kitobi" emas, faqat "Rivoyatlar kitobi" deb qabul qilish kerak.

— Bugungi kunda yer yuzida bironta ham Injilning asl nusxasi yo‘q deb eshitdim...
— Biz musulmonlar, Alloh taolo Isoga, alayhissalom, Injil nomli kitob nozil qilganiga imon ksltiramiz, busiz imonimiz butun bo‘lmaydi, Lekin o‘sha ilohiy kitobning asli hozir yo‘q. Hozir xristianlar e’tiqod qiladigan va amal qiladigan asos Injil to‘rttadir:
1. Matto bayon etgan Muqaddas xushxabar. Bu Injil eng qadimgi Injillardan hisoblanadi. U Isodan, alayhissalom, to‘rt yil keyin, ibroniy (yahudiy) tilida yozilgan. Ammo o‘sha nusxa ham yo‘q. Hozir bori uning tarjimasidir. Tarjimoni va qaysi matndan tarjima qilingani ham ma’lum emas. Buning ustiga, bu Injilning muallifi Matto Isoning, alayhissalom, havoriylaridan bo‘lmagan. Keyinroq, uni xoin Yahudoning o‘rniga saylashgan edi. Shunday tarixga ega bo‘lgan yozuvni oddiy ishonchli kitob deyish ham qiyin.
2. Mark bayon etgan Muqaddas xushxabar. Bu Injil yunon tilida Isodan, alayhissalom, yigirma uch yil keyin yozilgani aniq. Ammo kim yozgani aniq emas. Ba’zi xristian olimlari: «Uni Pyotr yozgan», boshqalari esa: «Uni Pyotrning o‘limidan keyin Mark yozgan», deydilar. Bu Injilni nima deyish mumkin? Yigirma uch yildan so‘ng, Iso Masih, gapirmagan tilda yozilgan, kim yozgani noma’lum kitob muqaddas kitob bo‘la oladimi?!
3. Luka bayon etgan Muqaddas xushxabar. Bu kitob Isodan, alayhissalom, yigirma yil keyin yozilgan. Luka U zotning emas, balki Polning shogirdi bo‘lgan. Pol ham Isoni, alayhissalom, ko‘rgan emas. Buning ustiga, Pol yahudiy bo‘lib, hiyla bilan xristianlikka qarshi buzg‘unchiliklar qilgan. Shunday odamning shogirdi yozgan kitobni muqaddas kitob deyish mumkinmi?!
4. Yuhanno bayon etgan Muqaddas xushxabar. Bu Injil Isodan, alayhissalom, o‘ttiz ikki yil keyin yozilgan. Ba’zi xristian toifalari: «Uni Isoning, alayhissalom, shogirdlaridan Yuhanno ibn Zabdiy yozgan», deydilar. Besh yuzta taniqli xristian olimlari ishtirokida yozilgan Britaniya entsiklopediyasi bu kitobni «qalbaki kitob» degan ekan. Izohning hojati bo‘lmasa kerak!

— Ba’zi «ziyolilar» Injil va Tavrot ilohiy kitoblar, ularni o‘qib manaviyatni boyitsa bo‘ladi deyishadi, siz bunga nima deysiz?
— To‘g‘ri, Tavrot, Injil va Zabur nomida ilohiy kitoblar tushirilgan, lekin u asl matnlar qani? Ular yo‘q. Borlarini esa, buzib, boshqatdan yozib chiqishgan. Bordiyu o‘sha asl Tavrot, Injil va Zaburlar saqlanib qolganida ham, oxirgi haq Kitob (Qur’on) tushishi bilan ularning muddati tugadi. Hazrati Umar, roziyallohu anhu, Tavrotdan xabarlar yozilgan varaq topib, Rasulullohga, alayhissalom: «Yo Rasululloh, mana bu yerda ham yaxshi gaplar bor ekan», deganlarida, Payg‘ambarimiz, alayhissalom: «Agar Muso tirilib kelganida menga ergashib, Qur’onga amal qilgan bo‘lar edi», deb javob berganlar.

— Hurmatli domla, suhbatingiz uchun tashakkur, Alloh, sizdan rozi bo‘lsin. «Hidoyat» va uning o‘quvchilari haqiga duo qilsangiz.
— Barchamizga Alloh, taolo foydali ilm, pokiza rizq va qabul bo‘lguvchi amallar bersin, O‘zi rozi bo‘ladigan bandalaridan qilsin. So‘zim oxirida ushbu oyatlarni keltirsam: «Eslang, (ey Muhammad, alayhissalom) Alloh: «Ey Iso ibn Maryam, sen odamlarga: «Allohni qo‘yib, meni va onamni xudo kilib olinglar» deb aytdingmi?» deganida, (Iso) aytdi: «Ey Pok Parvardigor, haqqim bo‘lmagan narsani aytish men uchun durust emas-ku. Agar aytgan bo‘lganimda Sen albatta bilar eding. Zotan, Sen dilimdagi bor narsani bilursan. Ammo men Sening huzuringdagi hech narsani bilmasman. Faqat Sen O‘zing g‘ayb ilmlarining Bilguvchisisan. Men ularga faqat O‘zing menga amr qilgan gapnigina aytdim: «Parvardigorim va Parvardigoringiz bo‘lmish Allohga ibodat qilingiz!» Va oralarida bo‘lgan muddatimda ularning ustida guvoh bo‘lib turdim. Meni O‘z huzuringga chorlaganingdan keyin esa, Sen O‘zing ularning ustida Kuzatuvchi bo‘lding. Sen O‘zing hamma narsaga Guvohdirsan. Agar ularni azoblasang, ular Sening (ojiz)bandalaring. Agar ularni mag‘firat qilsang, albatta, Sen O‘zing qudrat, hikmat Egasidirsan» (Moida, 116—118-oyatlar mazmuni).

Yusuf Ahmad yozib oldi.
“ Этот адрес электронной почты защищен от спам-ботов. У вас должен быть включен JavaScript для просмотра. ” jurnalining 2002-yil, 9,10-sonlaridan olindi.

 


*1 «Ahmad». «Muhammad» bir o‘zakdan olingan.
*2 Aslida «Robbimga».
*3 «Toabad», ya’ni, qiyomatgacha.
*4 Ya’ni, «Mendan boshqa».
*5 Shu o‘rinda bir oz izoh berib o‘tsak. "Yupatuvchi" so‘zi o‘rischa Injilda «Uteshitel» deb tarjima qilingan. Bu so‘z yunon tilidagi «perakletos» so‘zining tarjimasidir. Ba’zilar bu so‘zni «himoyachi», «Yordamchi», “O‘gitchi” deb ham tarjima qilish mumkin, deydilar. Boshqalar esa, «Parakletos» aslida, «periklutos» (maqtalgan) so‘zining buzilgan shaklidir, deydilar. "Muhammad" ismi ham so‘z sifatida "maqtalgan" ma’nosini beradi. Binobarin, "'periklutos" so‘zining to‘g‘ri tarjimasi Payg‘ambarimiz ismlarining aynan ifodasidir. Bundan yanada aniq isbot bo‘ladiki, Iso, alayhissalom, xabar bergan oxirgi payg‘ambar, shak-shubhasiz, Muhammaddirlar, alayhissalom. Yana bir hayratga solarli ma’lumot: "Muhammad" deb ism qo‘yish arablarda oldin umuman bo‘lmagan, Payg‘ambarimizning onalari Omina xomiladorlik vaqtlarida tushlarida aynan shu ismni qo‘yish ayon qilingan.
*6 «Men qalbi»dan murod, Muhammad, alayhissalom, har xususiyatda Muso payg‘ambar kabidirlar. (Ahmad Diydod. «Injil bashorati», «Hidoyat». 2001, 4,5,6-sonlar.)
*7 Yahudiy din arboblari.
*8 Ahmad Diydod, o‘sha asar.
*9 Ali Vyacheslav Polosin. "Pryamoy put k Bogu". Moskva, nauch. izdat. tsentr “Ladomir”, 2000 g. str. 16-17.

*10 Isroil: «Xudo kurashadi» va “Xudo bilan kurashgan” ma’nolarida. (Injildagi izoh.) Aslida, «Isroil» Yoqubning, alayhissalom, laqablari, ibroniy tilida “Isro” — Abd, «il» — Alloh, ya’ni, «Abdulloh» — Allohning quli demakdir (Tafsiri Nasafiy, Baqara, 40-oyat tafsiridan). 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.