background
logotype
image1 image2 image3

Agar payg‘ambar uyimizga kelsalar...

Bu voqeadan beri kancha vaqt o‘tganini aniq eslolmayman. Yetti yoki sakkiz yil bo‘ldi chamasi. Galdagi o‘tirishimizda bitta do‘stimiz kassetaga yozib olingan she’rni qo‘yib eshittirdi. She’r rostdan ham juda ta’sirli edi. Audio tasmada uni o‘qigan kishini men yillar davomida muallifi o‘zi bo‘lsa kerak, deb o‘ylab keldim. Oradan bir necha yil o‘tib, xayr uchun ham sharr uchun ham bir xilda asqotadigan internet kashf etilgach, uning vositasida mazkur she’rni yana ko‘p bora eshitdim. Musulmonchilikka xizmat bo‘lsin degan niyatda ochilgan ellikka yaqin saytda bu she’rning inglizchada ham mo‘minlar e’tiboriga havola etilganining guvohi bo‘ldim. Muallifi xususida gap ketganda esa kimdir bilmayman desa, yana birov kimdan birinchi bor eshitgan bo‘lsa o‘shaning nomini aytar edi. Mana oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay she’r kimga tegishli, muallifi asli qaerlik ekanini haligacha bilolganim yo‘q. Ammo she’r haligacha internet tarmog‘i orqali juda ko‘pchilikka borib ulashayotganidan xabarim bor.

«Payg‘ambar bizga kelsa...» deb boshlanardi bu she’r. Muallifni nima qiziqtirayotgani esa keyingi misralarda oydinlashadi. Agar bir kun payg‘ambar uyingizga tashrif buyursa... Atigi bir necha kungagina. Qo‘qqisdan eshigingizni taqqilatsa nabiy. Qiziq, ne kechardi holingiz?.. Shu shaklda diqqatingizni jalb etadigan she’r payg‘ambar tashrif buyursa, qay ko‘yga tushishimizni taxmin qilishda davom etadi: Xo‘sh, ne qilgan bo‘lardik bizlar, Uni qarshi olishga shoshgan bo‘larmidik, yoki hayotimizning bir bo‘lagiga aylangan, qimmatbaho ashyolarimizni yashirishga urinib, kechikib ocharmidik eshikni? Payg‘ambar uyimizda bo‘lgan paytida ham yermidik hamma vaqt yegan taomlarimizni? Hamma vaqt aytadigan gaplarimizni aytar, kezadigan joylarimizda sayr etishga yana davom etarmi edik? Bizga dunyoning jozibasidan tinmay bahs etadigan do‘stlarimizni yo‘qlagan bo‘larmidik yana? Yoki asl yuzimiz ochilib qolishidan qo‘rqib, hadik bilan yasharmidik? Keyin bir necha kun o‘tib uyimizni tark etsa Nabiy, jonimiz achisharmidi yoki bo‘lmasa, xayriyat qutuldik, degan bo‘larmidik hech uyalmasdan?

Muallif garchi savol bilan murojaat etayotgan bo‘lsa-da, holimiz ne kechishini juda yaxshi tasavvur qilayotgani so‘zlaridan shundoq sezilib turardi. Misralardan shu narsa anglashilardiki, she’rdan maqsad holimizni so‘rashgina emas, balki bugungi holimiz bilan musulmonning asl qiyofasi o‘rtasidagi farqni ko‘rsatishdan ham iborat bo‘lib, payg‘ambar qarshisiga chiqa oladigan yuzimiz yo‘q ekanini bilib qo‘yishimiz istanilmoqda edi.

Ilk bor eshitganimda meni o‘ziga hamfikr etolgan misralar edi bular. Yashayotgan hayotim payg‘ambarimiz hayotiga to‘la mos tushmasligini juda yaxshi bilar edim chunki. Rasulullohning hayotida bo‘lgan bir qancha narsalar mening hayotimda yo‘q edi, buni bilardim. Uyimda Payg‘ambarning uyida bo‘lmagan juda ko‘p ashyolar mavjud ekanini ham inkor etolmasdim. Shu holatimda Rasululloh kelsa hijolatdan zo‘r bazo‘r nafas olishimni, uyatdan yuzlarim qizarib, dunyo menga tor kelishini tasavvur etishim oson edi. Men yashayotgan va yashashashim kerak bo‘lgan hayot o‘rtasida juda katta farq borligi uchun bunday o‘yga borishim juda tabiiy hol edi o‘shanda. Ammo taqvodorliklariga xavas bilan qaraydiganim boshqa kishilar ham «Payg‘ambar bizga kelsa» degan jumla karshisida yerga qarab o‘y surar holatda ekanliklari meni chuqur o‘yga toldirdi. Hatto ularning ba’zilari Payg‘ambarimiz uyimizga kirib biron so‘z aytishi tura tursin, ichkariga nazar tashlashi bilanoq kirmasdan teskari qaytardi, deb ishonar edilar.

Nahot men xavas bilan qaragan, uylari Rasulullohning nurli xonadoniga biroz bo‘lsa-da o‘xshashiga ishonganim kishilar shunday o‘yda bo‘lsalar? Agar ular shunchalik umidsiz bo‘lsalar bu mavzu qarshisida men qanday qilib Payg‘ambar uyimga tashrif buyurishiga hatto kelgan taqdirida ham undan dakki eshitmasligimga umid qila olarmidim? Uning o‘zi tugul boshqalar ham yashashimni ko‘rib dakki berishga jazm eta olayotgan holatim bilan-a? Kimdir uyimdagi ashyolarni butlarga o‘xshatib, yana kimdir esa boshqa bir vaziyatimni ko‘rib tanbeh berayotgan bo‘lsa. Bir tomondan ular haq deyman o‘zimga o‘zim. Bu kreslolar qaerdan kelib qoldi o‘zi, bu stol-stullar, qimmatbaxo mebellar... Payg‘ambarimizning uyida yo‘q edi-ku ular! Shunday ekan ularni uyimizga keltirish bilan biz bid’atlarni ham boshlab kelmayapmizmi? Vaholanki hadisda «Barcha bid’atlar zalolattir», deyilgan, zalolat esa jahannamga yetaklashi tayin. Ammo shu o‘rinda yana bir o‘y tinchimni buzib, o‘ylashga majbur etadi, ya’ni bunday ashyolar payg‘ambarimizning uyida bo‘lmagani rost, ammo ularga qarata Rasululloh «butlar» degan ta’rifni hech ishlatgan edimi? Rasululloh(S.A.V) Ka’badagi butlarni yer bilan bir qilgan ishini uyimizga kelib qolsa yana takrorlarmidi rostdan ham?

Boshqa birovlar esa shaxsimizga, aniqroq qilib aytsak ko‘rinishimizga qarab bizni ayblaydi. Soqol, salla - to‘nimiz yo‘q bo‘lsa holimizga voy demakdir. Rasulullohning soqol qo‘ygani va soqolning fitratdan ekanligini aytgani rostdir, ammo soqol qo‘ymaslik unga qarshi isyon ko‘tarish degani emas-ku! Hatto masalaga haddan tashqari jiddiy yondashib, soqolni iymon bilan teng qo‘yadigan kitoblar ham bor. Natijada soqoli bo‘lmagani yoki soqoli falon kishinikidan qisqa bo‘lganligi uchungina iymonidan shubhaga tushgan kishilarni ham ko‘rdi bu ko‘zlarim. Yana xuddi shu ko‘zlarim bilan hijobni paranjidan farqsiz deb tushunadigan kishilarga va kitoblarga ham shohid bo‘ldim va binoan alayh har-xil dashnomlarga chidab, hijob bilan Universitetlarda taxsil olib yurgan ba’zi mastura singillarimiz ularning nazarida gunohkor sanalishini angladim. Sunnatga uyg‘un hayot tarzini faqat o‘zlari tushungan shakldagina to‘g‘ri bo‘lishiga ishongan ba’zilarining ta’sirida, ayrim musulmon oilalarda ayanchli voqealar ro‘y berayotganiga ham guvox bo‘lganman.

Rasululloh(S.A.V) kelsa uyalmaydigan bir uyim bo‘lsin degan o‘y bilan xonadonini Hazrat Payg‘ambarni sira xushnud etmaydigan janjal makoniga aylantirganlar yana xayolimga tinchlik bermasdi. Sunnatga mos hayot tarzi tushunchasi oldiga «menimcha» shartini qo‘ymay turib, xotini va bolalari bilan tortishuvga borgan, natijada esa farzandlarini sunnatning dushmaniga aylantirib qo‘yganlarni eslasam battar jonim achishardi. Hijobni paranjidan farqsiz deb tushungan ba’zi ayollar esa, ma’lum vaqt o‘tgach, tazyiq va yov qarashlardan qutulish maqsadida yopinishni ham butunlay tark etganlariga befarq bo‘la olish mumkinmi axir? Shu bilan birga, ba’zi murshidlar ayrim sunnat amallarga majburlashlari oqibatida muridlarining bugun farzlarni ham ado etmaydigan holga tushirib ko‘yganlarini bilaman. Bunga o‘xshagan misollar sanasam ado bo‘lmaydi. Ko‘rganlarim, bilganlarim, eshitganlarim «Payg‘ambar bizga kelsa» deb atalsa-da, «Payg‘ambar sizga kelsa» mazmunida bitilgan yukoridagi she’r jo‘rligida yagona manzarani gavdalantirardi ko‘z o‘ngimda. Ko‘rayotganigizdek natija to‘g‘ri chiqmayapti, demak qaerdadir xatoga yo‘l qo‘yilgani aniq, ammo qaerda? Nima edi bu xatolik?..

90-yillar o‘rtalarida shu kabi savollar girdobida gangib yurgan paytimda, qadari iloxiy bu sirning tagiga yetishimga imkon berdi va o‘qigan kitoblarim ichidan jalol+jamol=kamol formulasini, ya’ni dinda jalol-jamol munosabatini to‘g‘ri qo‘ya bilish juda muhim ekanligini angladim. Shu bilan birga qo‘rquv-umid, tanbeh-mujda, hikmat-rahmat ...kabi juda ko‘p o‘rinlarda mezonni to‘g‘ri tutish naqadar zarur ekaniga iqror bo‘ldim. Bu nuqtai nazardan yondashib, biz kundalik hayotimizda uchrayotgan turli xil karashlar sunnatning keng yo‘lini kishilarga tor bitta tuynuk qilib ko‘rsatayotganini fahmlab yetdim va tuynukdan o‘tolmayotganlar esa sunnatga xilof yashayotganlar deb ko‘rsatilayotganini angladim. Qanchalik noto‘g‘ri edi bu ta’rif!

Chunki sunnat yo‘li ular o‘ylayotgan tuynukdangina iborat emasdi. Jild-jild xadis kitoblari vositasida kunimizgacha yetib kelgan sunnat yo‘li aslida turli fitratdagi kishilar o‘zlariga mos hayot kechirishlari uchun imkon beradigan nurli va keng bitta yo‘l ekanini tushundim. Misol uchun payg‘ambarimizdan «Eng fazilatli amal kaysinisi?» deb so‘ralganida u kishi so‘ragan kishilarning ehtiyoj va iste’dodlarini hisobga olib turlicha javoblar berganlar. Navqiron bir sahobaga «Olloh yo‘lida jahd ko‘rsatish», deb javob bersalar, ota-onasi qaramogida bo‘lgan boshqa biriga «Ota-onaga yaxshilik qilish», shaklida javob qaytarganlar. Keksa yoshdagi bir ayolga esa namozdan keyin qilinadigan tasbihot fazilatli amal sifatida talqin etiladi. Yana bir o‘rinda esa Rasululloh(S.A.V) ummati uchun namuna mavqeidagi qizi Fotimaning uyiga rangli va naqshli bir parda tutgani uchun kirmagani holda, xuddi shunday bezakli boshqa xonadonlarga qadam ranjida etishda ikkilanmagan. Hatto qiziga «U pardani falon kishilarning uyiga yubor», degan shaklda ko‘rsatma berganlar. U parda sening uchun butdir, olib chiqib yoq, deb buyurmaganlar. Shu kabi juda ko‘p o‘rinlarda Rasululloh(S.A.V) bay’at etgan kishilarga itoatni anglatar ekan, «kuchlaringiz yetgan nisbatta» degan shartni qo‘shganlar va bunga karab ashobi «Olloh Rasuli bizga o‘zimizdan ko‘ra ham shafqatlirokdir» deyishdan o‘zini tiyolmagan.

Olimlar sunnat yo‘lini ta’rif etisharkan «minhaj» ya’ni «keng yo‘l» ta’rifini ishlatganlar. Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz juda kam kishilargina yura oladigan tor bir yo‘lakni ko‘rsatmaganlar insoniyatga. Endi esa yuqoridagi she’rga kaytsak. Uni eshitarkan xayolimizda «rahmatan lil-a’lamin» bo‘lgan payg‘ambar o‘rniga, uylarimizga kelganda nafrat ko‘zi bilan qaraydigan va kirar-kirmasdan xonadonda taftish ishlarini boshlab yuboradigan, mehmon bo‘lgan vaqti davomida esa nima ish qilayotganimizni tinmay so‘rab surishtiradigan, yeb-ichgan narsalarimiz tugul har kelib-ketgan bilan qiziqadigan, hatto uylarimizni butxonalarga o‘xshatib kerak bo‘lsa ayrim buyumlarimizni otib irg‘itadigan bitta payg‘ambar suvrati chiziladi. Qarshisida xato qilishdan qo‘rqib turiladigan, xuddi biror xatomizni ko‘rib qolsa darrov qalbimizni og‘ritadigan payg‘ambar suvrati...

Yo‘q, u eshikni taqqilatgani zamon bizning qalbimizga xuzursizlik bag‘ishlaydigan bir zot emas. Yoki qo‘liga xipchin olib yuradigan, tili pichoq kabi keskin ham emas. Aksincha «qo‘lidan va tilidan hech kimga zarar bermaydigan» insonlarning eng mukammal o‘rnagidir u. «Payg‘ambar bizga kelsa» deb boshlanadigan she’rdagi tasvirlar bilan, hadislar yordamida va mo‘’tabar kitoblar vositasida taniganim Payg‘ambar orasida shunchalik katta farq mavjud bo‘lib, bu narsa meni hayrat ko‘chasiga yetaklash bilan birga ayrim o‘rinlarda achchig‘imni keltiradigan darajada edi. Unda bir paytning o‘zida «rahmat payg‘ambari» «g‘azab payg‘ambari»ga aylangan, rahmat manzaralari esa kasvat rangiga bo‘yalgandek edi nazarimda.

Axir ustiga ortiqcha yuk yuklangan tuyaning ko‘z yoshlarini muborak qo‘llari bilan artgan hamda egasiga biroz shafqatli bo‘lish kerakligini o‘rgatgan u emasmidi? O‘ziga bitta bo‘taloq hadya etilganida Hazrat Oyshaga «Olloh rafiqdir va U rifqni (yumshoqlikni) yoqtiradi. Rifq biror narsaning ichiga kirdimi bas, uni go‘zallashtiradi», degan shaklda tarbiya bergan payg‘ambar (S.A.V) qanday qilib bizga qo‘pol munosabatda bo‘lishi mumkin? «Mukofotning kattaligi, baloning kattaligiga ko‘radir», degan u nabiy, oxir zamonning og‘ir yuki ostida qolgan biz sho‘rliklarga qamchi bilan savalar darajada muomala ko‘rsatishini tasavvur qilib bo‘ladimi?...

Vaholanki, bu kabi Rasuli Akramning qanday «rahmat payg‘ambari» bo‘lganligini ko‘rsatadigan minglab misollar bor hadis va siyar kitoblarda. Qolaversa Janobi Haqning «Biz Seni faqatgina olamlarga rahmat bo‘lsin deya yubordik» oyati jalilasining o‘ziyoq o‘rnak olishimiz uchun bizga kifoya qiladi.

Yoshligining o‘n yilini payg‘ambar xuzurida o‘tkazgan Anas bin Molik hayotiga e’tibor bering. U bolalik qilib xato qilganida, aytilgan ishni bajarmay esidan chiqarib qo‘yganida bo‘lsin, o‘ynab qolib ketganida yoki boshqa nojo‘ya hatti–harakatlari natijasida bo‘lsin o‘n yillik uzun muddat davomida Rasulullohdan (S.A.V) biror marta «Attang!» so‘zini eshitmagan edi. 
Bir kuni Rasululloh (s.a.v) Anas ibn Molik (r.a.) ga shunday nasihat qildilar: «Qalbingda hech kimsaga nisbatan yomon fikrda bo‘lmasdan yashashga kuching yetsa shunday yasha. Bu mening sunnatimdir. Kim mening sunnatimni hayotga tatbiq qilsa meni sevgan bo‘ladi. Meni sevgan men bilan jannatda birga bo‘ladi».

Uning risolat panohida voyaga yetgan Hazrat Ali ta’rif etadigan Payg‘ambar esa quyidagicha: «Har doim yuzlari kulib turar, tabiati o‘ta muloyim edi. Juda kechirimli, qahri ham qattiq emasdi. Hech kim bilan tortishmas, kimsaga bakirib-chakirmas, yomon biror so‘z so‘ylamasdi. Birovni ayblamas va qurumsoq yoki qizg‘anchiq ham emasdi. Yoqtirmagan narsalariga e’tibor bermas va hech kimni umidsizlikka tushirib ko‘ymasdi. O‘zini behalovat qilgan narsalarni sezdirmas edi va hech kimning yuziga aybini aytmasdi, orqasidan ham gapirmasdi. Birovning aybini izlash bilan mashg‘ul bo‘lmasdi, hech kimga uning uchun xayrli hamda savobli bo‘lmagan so‘zni aytmasdi. Yumshoqlik va sabrni o‘zida jo etolgan bo‘lib, hech narsa uning jaxlini chikarmas edi.»

Hazrat Ali bu so‘zlarini Rasululloh (S.A.V) bilan birga kechirgan o‘ttiz yildan oshiq vaqt davomida ko‘rganlari asosida aytgan bo‘lsa, Payg‘ambar(S.A.V) bilan o‘n yil oila hayoti kechirgan Hazrat Oysha esa uni shunday ta’rif etadi: «Insonlarning eng go‘zal axloqlisi edi. Hech yomon so‘z aytmas, bo‘lmag‘ur ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmasdi. Bozorda baqirib–chaqirmas va yomonlikka yomonlik bilan javob berishga urinmas edi. Faqat kechirimlilik qilardi. Insonlarning eng nozik tabiati, go‘zal xulqlisi va xushmuomalasi edi ul zot. Olloh yo‘lida jihod qilishning tashqarisida biror xizmatkor yoki joriya, umuman hech kimga qo‘l ko‘targan emaslar.»

Shunday edi bizning payg‘ambarimiz. Rahmat Payg‘ambari. Endi ushbu zot kelib bizning holimizni parishon kilishini, qo‘pol so‘zlar bilan ranjida etishini tasavvur qila olasizmi? Nazarimda bunday o‘ylaydigan kishilardagi bo‘shlik sahobalar hayotini yaxshi bilmasliklari natijasida yuzaga kelgan. Ular sahobalarni tug‘ilishidanoq mukammal, hech noto‘g‘ri ish qilmagan farishtalar kabi tasavvur qilsalar deb o‘ylasalar kerak. Shunday bo‘lgach Payg‘ambar nimaga ham baqirib-chaqirsin, kimga qo‘pollik qilsin, kimdan xafa bo‘lsin axir?..

Vaholanki unday bo‘lmagan. To‘g‘ri, o‘z vaqtida Olloh va uning rasulining(S.A.V) yonini olib butun dunyoga qarshi urushishga ham tayyor turgan, islom yo‘lining «saffi avvali» bo‘lish kabi muazzam bir mavqe egallagan kishilar sanalishadi ular. Ammo bu ularning hech qachon xato ish qilmaganliklarini anglatmaydi. Agar ular xato qilishmaganda xatolardan boshimiz chiqmayotgan bizlarga yo‘l ko‘rsatadigan o‘rnak insonlar bo‘la olisharmidi?

Sahobalar orasida johiliyat davrida ham Abu Bakr(R.A) kabi o‘zlariga dog‘ yuqtirmagan kimsalar bo‘lgan, biroq bundaylarining soni barmoq bilan sanarli darajada oz edi. Ularning aksari johiliyatning eng chuqur botqoqliklaridan chiqib kelib Islomni topgan kishilar sanalishadi. Islomdan oldingi Umar bilan Islomdan keyingi Umar fikrimizga eng yorqin misoldir. Qizini tiriklayin ko‘mgan Umar, Makkaning eng ko‘p ichuvchilari orasida bo‘lgan Umar, jahli chiqqan paytda hech kimning ko‘z yoshiga qarab o‘tirmagan Umar Islom bilan sharaflangandan so‘ng tubdan o‘zgargan edi.

Umar yoki Hamza kabi sahobalar arokxo‘rlarning davrasini tark etib islomni tanlashlari, bugungi kunda ushbu illatdan qutula olmayotganlar uchun naqadar go‘zal o‘rnakdir. Ularga musulmonchilikni tanlash uchun iroda insoni bo‘lishning darsini beribgina qolmay, mumtoz insonga aylanishlari uchun hali ham fursat borligini ma’nan shivirlaydilar va shu shaklda shaytonning ayyorlik bilan qurgan umidsizlik tuzog‘iga tushishlaridan ularni saqlab qolgan bo‘ladilar. Boshka tarafdan esa biz kabilarga sarxush bo‘lib yurganlar ruhida ham bir Umar, shoshqaloq bir kishining ruhida esa Abu Zar, umri shu damda zeb-ziynatlarga burkanib o‘tayotgan erkatoy birisining ruhida bir Mus’ab urugi hayotga yo‘l topolmayotgan bo‘lishi mumkinligini dars beradi.

Sahobalarni hech xato qilmaydigan insonlar deb o‘ylash bilan Rasululloh(S.A.V) qo‘li bilan yuzaga kelgan mo‘’jizaviy o‘zgarishlardan ham ko‘z yumgan bo‘lamiz va bugungi kunda Rasululloh(S.A.V) keltirgan nur oydinligi ichida shu kabi o‘zgarishlar amalga oshishini ta’minlaydigan darslardan benasib qolgan bo‘lamiz.Biz uchun yana bir guzal o‘rnak shubhasiz Uxud jangida ro‘y bergan edi. Jangda Rasulullohning (S.A.V) ko‘rsatmasiga xilof tarzda qilingan ishlar natijasida amakisi Hamza, bayroqdori Mus’ab singari bir nechta mashhur sahobalarning shahid bo‘lishlariga, o‘zi esa yuzidan yaralanib, tishi singan bo‘lishiga qaramay, Janobi Haqning Qur’on orkali buyurgan amriga bo‘ysungan holda aybdorlarga bir og‘iz ham yomon so‘z aytmagan edi. Agar Rasululloh(S.A.V) shunday kilmaganida va jaxl ustida ularga qattiq munosabatda bo‘lganida edi Qur’onda aytilgani kabi atrofidagilar bir-bir tarqab ketgan bo‘lishardi. Unday qilolmasdi ham, chunki U RAHMAT PAYG‘AMBARI EDI, YIQILGANLARNING DO‘STI EDI, AKSINCHA ULARNI YIQITGAN SHAYTONNING EMAS. Uning faqatgina shu xislatiga qarab ham musulmon bo‘lganlar bor edi atrofida. Uni o‘ldirish uchun uchi zaharli qilich bilan masjidga kelgan, ammo Masjidi Nabaviydan chiqmay turib musulmon bo‘lgan Umayr bin Vahbning qalbiga kirgan sir shundan iborat emasmidi? Hunaynda qatl etish rejasi bilan mashg‘ul bo‘lgan Shayba bin Usmon uning tabassumli yuzini ko‘rishi bilan, hamda muborak qo‘llari ko‘ksiga kelib tekkan zahotiyoq butunlay boshqa bir insonga aylanib qolmaganmidi?

Yuqoridagi she’rda «Sunnatga uyg‘un yashamoq» shiori ostida kamchiliklar tilga olinar ekan muvozanatni saqlay olmaslik bilan galdagi xatoga yo‘l qo‘yiladi. Muvozanatni buzmaslik uchun ifrat va tafritga tushmaslik shartdir. Qudsiy Nabiy (S.A.V) «Oson qilib ko‘rsating, qiyinlashtirmang», der ekan muvozanatni saqlashga chaqiradi bizni. Demak osonni qiyin qilib ko‘rsatganlar ham, osonlikni su’istemol qilganlar ham bu amrni bajara olishmagan demakdir. Shayton bu o‘rinda loqayd insonlarga su’istemol qilish yo‘lini, ruhi taslimiyatga moyil bo‘lganlarga esa qiyinlashtirish usulini to‘g‘ri kilib ko‘rsatish bilan navbatdagi tuzog‘ini qo‘yadi. Shaytonga aldanmaslik uchun esa Rasuli Akramning (S.A.V) «Xayrul-umuru avsatuxa» (Ishlarning xayrlisi o‘rtachasidir) so‘zi bizga yana bir darslik vazifasini o‘taydi. Bunga amal qilmagan kishilar o‘zlarini qiyinchiliklarga duchor qilib yo‘lni adashtirgan nasorolarga o‘xshab qolishlari extimoldan holi emas. Vaholanki Payg‘ambarimiz ummatiga loqaydlik qilib yahudiylarga o‘xshab qolmaslik bilan birga, nasoroga o‘xshab yurib bo‘lmas yo‘lga hammani zo‘rlamaslikni ham dars berganlar.

To‘g‘ri usul oxir zamon insoniga oxir zamonga oid hadislar nuktai nazaridan yondashishda deb o‘ylayman. Bir marta «Birodarlarimni sog‘indim» degan edi Rasuli Akram va buni eshitgan sahobalar «Biz sening birodarlaring emasmizmi yo Rasululloh» deb so‘raganlarida «Sizlar mening do‘stlarimsizlar, birodarlarim oxir zamonning og‘ir imtihonlariga duch kelgan paytda ham Islomni tark etmagan mo‘minlardir» deb javob bergan edi. Yana bir gal saxobalariga «Sizlar shunday zamonda yashayapsizlarki, buyurilganning o‘ndan birini tark etgan kishi halok bo‘ladi, ammo shunday vaqt keladiki, buyurilganning o‘ndan birini bajargan ham najotga erishadi» degan so‘zlar ham oxir zamon Payg‘ambariga tegishlidir...

Endi o‘ylab ko‘ring-chi, Payg‘ambar uyingizga kelsa yuqoridagi she’r tasviri sizda ro‘y berishi mumkinmidi? Undan og‘ir so‘zlar eshitishdan qo‘rqar va hatto kelmasligini istar yoxud tezroq ketishini orzu etib yasharmidingiz? Yoki bo‘lmasa, «Yo Rasululloh, sizning oramizda yo‘qligingiz bizni shu ko‘yga tushirdi, endi hech ketmang yonimizdan», deya yolvorgan bo‘larmidingiz? Menimcha, hammamiz uni rahmat payg‘ambari deb bilar va xato-yu gunohimizga ikrorlik hissi ichida eshikka qarab yugurgan bo‘lardik. Xanzala (R.A) shunday qilgan edi darvoke. Chunki u Payg‘ambarni(S.A.V) Hazrat Ali va Hazrat Oysha ta’rif etgan shaklda bilar edi. Shunday deb bilar edi chunki uni shundayligini ko‘rgan va shu shaklda tasavvuriga muhrlab ko‘ygan edi. «Men bir gunoh ish qildim», deb qarshisiga chiqib holini bayon etgan Abu Yosar ham uni shunday deb bilar edi. Agar biz Rasulullohni (S.A.V.) tanib, sahobalari ta’riflagani kabi tasavvur qilolganimizda edi, o‘ylaymanki nafaqat unga balki o‘zimizga bo‘lgan qarashimiz ham butunlay o‘zgargan bo‘lardi. Yashagan hayotimiz ham aynan shuning natijasida boshqacha ko‘rinish olgan bo‘lardi...

Qani edi, Payg‘ambar bizning uyimizga ham kelsa...

Metin Karabasho'g'li


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.