background
logotype
image1 image2 image3

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ulug‘ ruhlik, to‘liq aqllik kishilarning aytishlaricha, har odam o‘zida bor yaxshiliklaridan, undagi ilm-hunar fazilatlaridan boshqalarga foyda yetkudek, keyingilar ibrat olg‘udek bir asar yozib qoldirishi, albatta, unga lozimdir.

Men, Ali Sog‘uniy, yoshlik-yigitlik kunlarimdan boshlaboq arabiy, forsiy tillarini to‘liq ravishda o‘zlashtirdim. Zamonning menga ko‘rsatgan to‘sqinliklariga qaramay, Tangri yordamida keng ko‘lamda diniy, tibbiy, ayniqsa, tarixiy ma'lumotlarga ega bo‘ldim. Arabcha, forsiychalarni yozish-so‘zlashgina emas, balki, bu ikki tilda kitob yozish, she'r aytish qobiliyati menda bo‘lsa ham, o‘z turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq ko‘rdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladilar.

Yuqorida oqillar tilidan aytilgan so‘zga qarab, o‘zimda topilgan fazilatlardan tarix ilmini tanlab oldim, chunki shu hozirgi davrimiz 1966 yilda, o‘z Vatanlarida turib g‘arib bo‘lgan xalqimiz uchun, tarix ilmi baliqqa suv o‘rnida bo‘lishi ko‘pdan beri menga sezilmish edi. O'tmishdagi tarixini unitib, endigi tarixini tuymagan bir millat, qorong‘uda qolgan qo‘lida tayog‘i yo‘q ko‘r kishi kabi qayoqqa oyoq qo‘yishini bilmaganligidan dushman yetakchisi keynidan ketishga majbur bo‘ladi. Ochiq fikrli, sezgir Vatan o‘g‘illari tarixning qanday zarur ekanligini mening shu so‘zlarimdan ilhom olib, chuqur tushunishlari kerak.

Endi, Vatanim meni suymas ekan, men uni sevganligimdan, ulusim meni tanimas ekan, men uni taniganligimdan, Vatan ustida bo‘layotgan tarixiy o‘zgarishlarni va ham buning kelajakdagi yaxshi-yomon natijalarini ko‘rsatib, Vatan bolalariga ulgu (namuna) bo‘lgudek, boshqalar bundan ibrat olgudek tarixiy bir asar yozishga kirishdim. Biroq, men yolgizgina islomparast emas edim, balki yaralishimdayoq insonparast edim. Xalqqa qaysi yo‘lliq yaxshilik qila olgayman deb, yoshlik-yigitlik davrlarimni g‘am-g‘ussa kunlari bilan o‘tkazdim. Endi esa soch-soqolim oqarib, qariligim yetdi. Yoshim saksonga erishib, ichki-tashqi kuchlarim orqaga chekindi, qarilik yuki ostida bukula turib, oldimizda ko‘rina boshlagan halokat chuquri yaqinlashayotganiga chidayolmay, kelajak bo‘g‘in nasllarimiz g‘amxo‘rligi uchun, har yoqlama qiyinchiliklar bo‘lsa ham, shu tarixni yozishga boshladim. Qalamim tilidan dardlik so‘zlarim qonlik ko‘z yoshima qo‘shilib, bu kitob varaqlari yuziga to‘kilmish edi. Shuning uchun buning otini «TURKISTON KAYG'USI» qo‘ydim.

Men bu asarimni, bundagi tarixiy so‘zlarimni hozirgi O'zbekiston atalgan o‘z Vatanim ulug‘ Turkiston nomiga yozishim kerak edi. Biroq bu yerlarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi kunlardagi eng og‘ir hodisalar, dahshatli voqealar, tubsiz dengiz kabi tuganmas doston bo‘lg‘onliqdan vaqtincha bo‘lsa ham ularni qo‘yaturib, shu kunlarda ajdarho og‘ziga kelib, bizdan ham ilgariroq yutilish oldida turgan Sharqiy Turkiston ustidan yozmoqni ortiqroq ko‘rdim. Chunki bu yerda 1931 yildan 1946 yilgacha bo‘lib o‘tgan ulug‘ tarixiy voqealarga o‘zim boshchilik qilib emgakim (mehnatim) singgan, ko‘zim ko‘rgan edi. Boshqa vijdonsizlar kabi tarix yuzini qoralashdan saqlanib, o‘tgan hodisalarda bo‘lgan voqealarni hech yoqqa burmasdan, bo‘lganicha to‘g‘ri yozishni o‘zimga lozim tutdim. Lekin, bu ikki o‘lkaning

tarixi, siyosiy hollari bir-birlariga qattiq bog‘langan edi va ham butun dunyoga maydon o‘qigan sovet hokimiyatining, 1917 yili qurilgan kunidan boshla 1931 yilgacha o‘tgan dahshat vahshatlik kunlarni xirmondan bir dona, balki dengizdan bir qatra bo‘lsa ham, yozib o‘tmoqni tarixiy vazifam deb bildim. Shuning uchun cheksiz qudratli ulug‘ Tangriga sig‘ingan holda Sharqiy Turkistonga o‘tkunimcha ko‘rganlarimni, qilgan ishlarimni bayon qilmoqchi bo‘lib so‘zga kirishdim. Davomini o'qish

Turkiston qayg'usi 



Muallif: Alixonto'ra Sog'uniy
Hajmi: 540 Kb
Fayl tipi: pdf, zip

 Saqlab olish 

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.