background
logotype
image1 image2 image3

Muallif: Imom G'azzoliy
Hajmi: 221 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
 Saqlab olish
Online o'qish

BUYUK HAQIQATNI ANGLASH

Inson ezgu va haq so‘zni yaxshi ko‘radi, shirin so‘zning gadosi. Ayniqsa, bu foniy dunyoning bebaqoligini anglagan kishi o‘zini buyuk savol-javob kuniga tayyorlab boradi. O’sha kuni tiliga biror kalima kelmay, sharmanda bo‘lishidan qo‘rqadi. Har kuni nafsini tergaydi, gunohkorligini, bandaligini eslab turadi. Allohning kalomini qalbiga muhrlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarini o‘z turmush tarzi uchun dasturul-amal qilib oladi.

Hozirgi kunning o‘quvchisi, Qur’oni karimning bir necha ma’no tarjimalari va tafsirlaridan, hadisi sharif va uiing sharhlaridan bahramand bo‘lib kelmoqda. Va aynan ana shu mo‘‘tabar manbalar har bir inson hayoti uchun nihoyatda muhimligi har lahzada sezilib turibdi. Har kim bu bebaho xazinadagi ma’naviy javharlar bilan umr mazmunini bezash harakatida yuribdi. Kimlardir birgina oyatning mohiyatini dil-dildan anglab, hech qanday taruddudga tushmay, poklangan holda peshonasini sajdaga qo‘ydi. Albatta Alloh hidoyat bergan kimsani hech kim adashtira olmaydi va ayni choqda Yaratgan Zot adashtirib qo‘ygan kimsani hech bir banda hidoyat yo‘liga sola olmaydi. Hidoyat ham, rizq ham Uning izmida...

Allohning ilohligini anglash uchun qalbni g‘aflat uyqusidan uyg‘otib, bir marta qabr ziyoratiga borish kifoyadir, ehtimol.

Allohning buyuk qudratini anglash uchun odam umr bo‘yi kitob o‘qigan olim bo‘lish shart emas. Inson o‘z nafsiga nazar solishi, ko‘zgudagi aksiga boqib, shu bir juft ko‘z albatta ertaga qabrda qurtlarga eng birinchi yem bo‘ladigan a’zo ekanini xotirlashi yetarlidir, ehtimol.

Allohning har narsaga qodirligini anglash uchun yillab umrini zoe ketkazish shart emas. Qo‘lga kirgan zirapcha yoki yerning bir silkinishi, birgina oyat ma’nosiga yoki osmon dalasida sochilib yotgan yulduzlarga aql ko‘zi bilan bir qarash kifoyadir, ehtimol.

Nima bo‘lganda ham Alloh hidoyat nasib qilgan aql egalari uchun bu olamda belgi-alomatlar ko‘p...

Eng asosiysi albatta Allohning kalomi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari. Shuningdek, maqom e’tiboridan bu ikki tabarruk manba orasidan joy olgan hadisi qudsiylar ham borki, ulardan boxabarlik har kim uchun foydalidir. Ushbu rabboniy hadislar o‘qilganda odam o‘zini taftish qilishga tushadi, chuqur o‘yga toladi. «Ey iymon keltirganlar, nima uchun bajarmagan narsalaringizni gapirasizlar? Qanchadan-qancha gaplarni gapirdingiz-da, ularning xilofini bajarasiz. Qanchadan-qancha narsalardan man qilasiz-da, o‘zingiz undan to‘xtamaysiz. Qanchadan-qancha narsaga buyurasiz-da, o‘zingiz uni bajarmaysiz». Bu satrlarni beparvo, loqayd o‘qish mumkinmi?

«Ey Odam farzandi, so‘zing muloyim, amaling qabih bo‘lsa, unda munofiqlarning raisisan».

Ilm-ma’rifatning qadr-qiymati juda muhim. Olimning ilmiga amal qilishi undan muhimroq. Shu ma’noda hadisi qudsiyda aytiladi: «Ey Odam farzandi! Amalsiz ilm xuddi yomg‘irsiz chaqmoqqa va momaqaldiroqqa o‘xshaydi. Ilmsiz amal xuddi mevasiz daraxtga o‘xshaydi. Amalsiz olim xuddi o‘qsiz kamonga o‘xshaydi». Har bir olim zoti bu buyuk haqiqatni anglashi lozim emasmi?

Bu dunyoda halol bilan haromning farqiga bormay yurgan g‘aflat bandalariga «Ey Odam farzandi! Bilgin, albatta halol narsa qatra-qatra bo‘lib keladi. Harom narsa esa sel kabi keladi. Sen boylikka xursand bo‘lma, chunki u abadiy emas», degan haqiqat sadosi ta’sir qilmasligi mumkinmi?

Xullas, ushbu qirqta hadisi qudsiyda jamul-jam bo‘lgan ma’nolar zukko va ma’rifattalab o‘quvchini aslo befarq qoldirmaydi, deb o‘ylayman.

Abdulhay ABDULLAYEV, 
filologiya fanlari nomzodi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.