background
logotype
image1 image2 image3

Yaxshilik qil, dengizga ot

Junayd Bag‘dodiy hazratlari dengiz sohilida kezar ekanlar, bir majusiy ko‘pgina yem-ozuqa olib dengizga, baliqlarga tashlardi. Buni ko‘rgan  Junayd hazratlari:
— Nima qilganing bu? — dedilar.
— Savob umidida baliqlarga yem tashlayapman.
— Sen musulmon emassan-ku, qanaqa savob haqida gapiryapsan? Savobdan umid qilish uchun, avvalo Allohga iymon keltirishing kerak.
— Xo‘p mayli, unda ayt-chi, sen aytayotganing Alloh mening baliqlarga yem tashlayotganimni ko‘ryaptimi?
— Albatta, Uning ko‘rmaydigan, bilmaydigan narsasi yo‘qdir.
— Shu menga yetadi.
Oradan 4-5 yil o‘tdi. Junayd hazratlari Haj ibodati uchun Makkaga ketdilar. Ka’bani tavof qilib turar ekanlar, ro‘paralarida  baliqlarga yem tashlagan majusiy ham tavof qilardi. Hazrati Junayd:
— Bu yerda seni nima ishing bor?
— U (Alloh) meni ko‘rdi.
— Qanday ko‘rdi?
— Sen ketganingdan so‘ng, ichimda bir yorug‘lik, nur porladi. Qarasam, hamma baliqlar og‘zini ochib, shahodat kalimasini aytyapti. Men ham baliqlarga qo‘shilib shahodat kalimasini aytdim. Sening Robbing meni ko‘rdi. U ko‘rgani uchun men shu yerdaman. Senga bir nasihatim bor: yaxshilik qil, dengizga ot — baliq bilar, baliq bilmasa — Xoliq bilar.

Turkchadan Maryam Osiyo tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.