background
logotype
image1 image2 image3

Ummat dardi

Bir solih kishi boynikiga ziyofatga chaqirildi, da’vatga ijobat etib, mehmonga bordi. Lekin yeguliklarga qo‘l cho‘zmay o‘tiraverdi. Hayron bo‘lgan mezbon nihoyat:

– Dasturxondagi barcha ne’matlar halol, shubhalanmay, bemalol yeb o‘tiring, – dedi.

Solih kishi javob berdi:

– Mening bir necha bolalarim bor. Ular uyda och o‘tirgani holda, mening bu yerda turfa taomlar yeyishim muruvvatdan bo‘lmas.

Bu gapdan so‘ng uning oilasiga darhol yeguliklar jo‘natildi. Shundan keyingina mehmon ovqatlana boshladi.

Qissadan hissa:

Qiyomat kunida Haq taolo Habibi (s.a.v.)ni jannatga da’vat etadi. Har turli ne’matlar ila bezangan jannat ham u zot (s.a.v.)ga intizor. Ammo gunohkor ummatlar qiyinchilik va zahmat ichra. Shu onda Habibulloh (s.a.v.) ular uchun Allohdan mag‘firat so‘rab, yolvoradilar:

– Parvardigorim! Ummatimning gunohkorlarini jahannamga tashlama!

Shunda Haq taolodan xitob bo‘ladiki:

– Jannatimni Siz uchun bino qildim. Gunohkor ummatlaringizni Sizning shafoatingiz ila jannatga kiritamanki, bu rahmatimning kengligi va huzurimda qimmatingiz qay darajada yuksak ekanligi ifodasidir!

“Irfon” taqvimining 2010 yil, 2-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.