background
logotype
image1 image2 image3

Mehnat ham ibodat, qachonki...

O‘zgalarga muhtoj bo‘lmaslik uchun mehnat qilish insonning fazilatidir.

Anas ibn Molik (r.a.)dan rivoyat qilinishicha, Tabukdan qaytayotgan Janobimiz (s.a.v.) o‘zlarini qarshi olgan Sa’d bin Mu’oz (r.a.)ga dedilar:

– Ey Mu’oz, qo‘llaringdagi nimaning izi?

Sa’d bin Mu’oz (r.a.) javob berdilar:

– Yo Rasululloh, ketmon chopib, oilamni boqayapman. Bu izlar o‘shandan...

Shunda Rasululloh (s.a.v.) hazrati Mu’oz (r.a.)ning qo‘llarini o‘pib:

– Bu qo‘llarni jahannam otashi kuydirmaydi, – dedilar...

Kunlarning birida yosh yigitning erta sahardan ishga ketayotganini sahobiylardan ba’zilari yoqtirmay gapirishdi. Ular orasida bo‘lgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qildilar:

– Unday demanglar! Agar u ishga birovga muhtoj bo‘lmaslik, ota-onasi va oilasi ahlini zoriqtirmaslik uchun ketayotgan bo‘lsa, har qadami ibodat. Lekin agar niyati qo‘lga kiritadigan puli bilan maqtanish, kayf surish bo‘lsa, uning sherigi shaytondir.

Yuqoridagi rivoyatlardan ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishining yaxshi niyat bilan mehnat qilishi ibodat.

“Mehnat qilish ham ibodat ekan, namozga nima hojat”, degan tushuncha xato, bunday deyish bilan kishining imoni ketadi. Zotan, mehnatning ibodat hisoblanishi namozlarni to‘kis ado etish, haromdan qochish bilan bo‘ladi. Luqmasining halol bo‘lishini istagan kishi quyidagi besh narsaga diqqat qilishi lozim:

1. Rizq topish harakatida ekan, Alloh taolo farz qilgan ibodatlarni tark etmaslik;

2. Daromad, foyda topish uchun kishilarni ranjitmaslik;

3. Ishga kirisharkan, o‘zi va oilasi nomusini himoyalashni niyat qilish;

4. Ish davomida o‘zini haddan ortiq charchatmaslik;

5. Mehnatni faqat rizq topish sabablaridan deb bilish. Chunki kishiga rizqni qilayotgan mehnati emas, Alloh taolo beradi.

“Irfon” taqvimining 2010 yil, 2-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.