background
logotype
image1 image2 image3

“Ilm o‘rganmasdan turib ulug‘likka intilgan kishiga hayronman”

Zubayr ibn Abu Bakr aytadilar: «Otam Iroqdan menga yozgan bir maktubida shunday deb nasihat qilgan edi: «Ilm o‘rgan, zero, faqir chog‘ingda u mol, boy vaqtingda jamol – ziynatdir».

Luqmon (a.s.) o‘g‘liga bunday nasihat qilganlar: «Ey o‘g‘lim, sen olimlar bilan  o‘tir. Ularning orasiga kir, chunki Alloh taolo yerni osmon suvi bilan tiriltirgani kabi, qalblarni hikmat nuri bilan tiriltiradi».

Hukamolardan biri aytadi: «Agar olim kishi vafot etsa, uning vafotiga suvdagi baliqlar, osmondagi qushlar yig‘laydi. Uning jismi yo‘q bo‘lsa-da, chiroyli zikri nomi unutilmaydi».

Zuhriy aytadilar: «Ilm mardlikdir. Uni faqat mard erkaklar sevadi».

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Ilm olishda (qiynaldim), bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach, azizu mukarram bo‘ldim».

Ibn Abu Mulayka Ibn Abbos haqida shunday deganlar: «Chiroyda Ibn Abbosdek chiroylisini, so‘zlashda tili ravonini, fatvo berishda ilmlisini ko‘rmaganman».

Abdulloh ibn Muborak aytadilar: «Ilm o‘rganmasdan turib ulug‘likka intilgan kishiga hayronman».

Hakimlardan biri aytadi: «Men ikki kishiga achinganimchalik boshqa hech kimga achinmaganman: ilmni tushunmasdan turib o‘rgangan kishiga, ilmning muhimligini tushunib, uni o‘rganmagan kishiga».

Abu Dardo (r.a.) aytadilar: «Sen olim, yo o‘rganuvchi yoki unga quloq tutuvchi bo‘l. Lekin to‘rtinchisi bo‘lmagilki, halok bo‘lasan».

Tobe’inlardan Ato ibn Abu Raboh aytadilar: «Bir ilm majlisi lahv-behuda majlislardan yetmishtasiga kafforat bo‘ladi».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.